Yakshanba, Iyun 1, 2025
HomeyangiliklarMUNOSIB RAG‘BAT YUKSAK MEHNATLARGA RUHLANTIRADI

MUNOSIB RAG‘BAT YUKSAK MEHNATLARGA RUHLANTIRADI

Bugungi kunda jahon axborot makonida keskin kurash kechayotgani, axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan bir qatorda mafkuraviy tahdidlar ham ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bunday sharoitda mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash, yosh avlodni ma’naviy barkamol va vatanparvar etib tarbiyalash, shuningdek harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.

2024-yilda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan bir qator huquqiy hujjatlar asosida qo‘shinlarda ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi ishlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish maqsadida yozuvchi va shoirlar, olimlar, fan va san’at arboblari ishtirokida 33 mingga yaqin ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir tashkil etildi. Bunday tashabbuslar orqali nafaqat Qurolli Kuchlar safidagi harbiylar, balki yosh avlodning ham vatanparvarlik tuyg‘usi yuksaltirilmoqda.

Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq ,“Jizzax tajribasi” asosida mamlakat bo‘ylab “Jasorat maktabi” harbiy-o‘quv yig‘inlari o‘tkazilib, mazkur yig‘inlarga jami 5,5 mingdan ziyod uyushmagan va profilaktik hisobda turgan yosh jalb qilindi.

Shuningdek, yil davomida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va soha faxriylarining ijtimoiy himoyasi e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, harbiylarning 839 nafar farzandi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda o‘qishga kirdi, harbiy xizmatchilarning 850 nafar rafiqasi va 315 nafar harbiy pensioner ish bilan ta’minlandi.

Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun harbiylar, ularning oilalari va faxriylarimiz yuz-ko‘zlarida chuqur ishonch va minnatdorlik hissi balqib turibdi.

Ko‘rsatilayotgan e’tibor va uning natijasi milliy armiyamizning har jabhasida aks-sado bermoqda. Qurolli Kuchlar akademiyasi misolida aytadigan bo‘lsak, harbiy ta’lim muassasasi jamoasi harbiy kadrlarning jismoniy tayyorgarligi va g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetini oshirish, IT va zamonaviy texnologiyalarini qo‘llay oladigan, tezkor qaror qabul qilish qobiliyatiga ega ofitserlarni tayyorlash borasida qator tadbirlarni amalga oshirdi. O‘tgan yili turli tahdid va xavflarni hamkorlikda bartaraf etish maqsadida kuch tuzilmalari bilan birgalikda harbiy ta’lim muassasalarining kursant va tinglovchilari o‘rtasida
9 marotaba ikki pog‘onali qo‘shma qo‘mondonlik o‘quvi hamda
2 marta strategik harbiy-ish o‘yinlari o‘tkazildi.

Bunda ofitserlarning jangni rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish, Qurolli Kuchlar tizimini raqamlashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiylar va yoshlarning g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetini oshirish, ularni maktabdan boshlab harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi qator vazifalar parallel ravishda hamjihatlikda olib borildi.

Akademiya tomonidan mamlakatimizning operativ-strategik bo‘linishidan kelib chiqib, real sharoitlarga moslashgan operativ-taktik vazifalar ishlab chiqildi. Kursant va tinglovchilar dunyoqarashini kengaytirish maqsadida “Xavfsizlik asoslari. Xavf va tahdidlar, Milliy manfaatlar”, “Sun’iy intellekt va uning harbiy sohada qo‘llanilishi” kabi fakultativ kurslar yo‘lga qo‘yildi.

Akademiya jamoasi davlatimiz rahbarining mamlakatimiz taraqqiyoti uning mudofaasiga uzviy bog‘liqligi haqidagi xulosalari va qo‘ygan topshiriqlarni to‘laqonli bajarish yo‘lida kuch-g‘ayrat bilan odimlamoqda.

Hozirgi zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi kurash vositalari keng qo‘llanilmoqda. Globallashuv va gibrid urushlar kechayotgan jarayonda IT va axborot texnologiyalari, dronlar va ularga qarshi kurashish sir-asrorlarini chuqur o‘rganish maqsad qilinib, xorijlik hamkorlar bilan barpo etilgan kiberxavfsizlik, dasturlash laboratoriyalarida maxsus o‘quv kurslari dasturlari bo‘yicha mustahkam aloqalar o‘rnatilmoqda.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tibbiyot muassasasi hisoblanadi. U nafaqat Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibi, balki ularning oila a’zolari hamda faxriylar uchun ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ushbu muassasa faoliyati nafaqat harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, balki armiyaning umumiy jangovar tayyorgarligi va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga ham bevosita bog‘liq. Chunki sog‘lom va jismonan baquvvat harbiylar mamlakat xavfsizligining ishonchli kafolatidir.

Bugungi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali respublikamizdagi eng zamonaviy, keng qamrovli diagnostika va davolash imkoniyatlariga ega bo‘lgan tibbiyot maskanlaridan biriga aylandi. O‘tgan yilning o‘zida bu yerda 4 mingga yaqin jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, ulardan 46 foizi yuqori texnologik operatsiyalardir. Aorto-koronar shuntlash, yurak klapanlarini protezlash, yurak toj tomirlarini stentlash, tos-chanoq va tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash amaliyotlari shular jumlasidandir.

O‘tgan yili og‘ir jarohat olgan yoki kasallikka chalingan harbiy xizmatchilarni tezroq oyoqqa qo‘yish, xizmati va oilasiga qaytarish maqsadida eng zamonaviy reabilitatsiya markazi ishga tushdi.

Davlatimiz tomonidan nafaqat gospitallarni zamonaviy tibbiy texnika bilan ta’minlash, balki u yerda faoliyat olib boruvchi shifokorlarning salohiyatini oshirishga ham katta e’tibor qaratilyapti.

Bugungi kunda armiyamiz faqatgina moddiy-texnika bazasi bilan emas, balki strategik rejalashtirish, operativ boshqaruv va jangovar tayyorgarlik tizimi jihatidan ham jahon talablariga mos ravishda takomillashib bormoqda. Qurolli Kuchlarimiz qo‘shin turlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib, harbiy amaliy mashg‘ulotlar doirasida yangi taktik usullar samarali o‘zlashtirilmoqda. Bu esa armiyamizning jangovar salohiyatini keskin oshirish bilan birga, har qanday tahdid va xavf-xatarlarga qarshi munosib javob qaytarish imkoniyatini yanada mustahkamlaydi.

Xabaringiz bor, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib maosh, ijtimoiy kafolatlar va ta’minot bilan ta’minlash davlatimiz mudofaa siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun zamonaviy turarjoy majmualari barpo etilishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimining takomillashtirilishi, bolalarining sifatli ta’lim olishiga sharoit yaratilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, harbiylarning ma’naviy va jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish, ularni uzluksiz ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda. Bunday chora-tadbirlar harbiy xizmat nufuzini oshirish, armiya saflariga yuqori malaka va intizomga ega kadrlarni jalb etish hamda mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Kuni kecha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ham bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasini ko‘rish mumkin.

Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi.

Shuningdek, ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.

Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik bo‘yicha har oylik pul kompensatsiyasi to‘lovlari belgilandi.

Hatto oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshirilishi qarorda belgilab qo‘yildi.

Davlat tomonidan harbiy xizmatchilarga berilayotgan bu kabi ijtimoiy kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari ularning jangovar ruhiyatini mustahkamlash, xizmatga bo‘lgan sadoqatini oshirish va armiyaning umumiy mudofaa qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida mehnat qilayotgan fidoyi va vatanparvar yurt himoyachilarimiz berilayotgan bu kabi e’tibor va rag‘batdan yanada kuch olib, yelkalaridagi yuksak mas’uliyatni teranroq his etishi shubhasiz.

Kichik serjant Husan BULTAKOV

– Biz harbiylar sharafli va mas’uliyatli xizmat burchimizni ado etish davomida davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan bizga bildirilayotgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rliklarni hamisha his etib, undan bahramand bo‘lib kelmoqdamiz. Prezidentimizning harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi qarori bizni yanada ruhlantirdi.

Xususan, turarjoy ijarasi uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorining 20 foizga, oila a’zolari 3 kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshirilgani, harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining
35 foizi miqdoriga yetkazilgani bizni mamnun etdi. Bu kabi g‘amxo‘rlik va imtiyozlarni bizga nisbatan bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor namunasi deb bilaman. Ishonchga, Vatan himoyachisi nomiga doim munosib bo‘lishga bor kuch va bilimimni safarbar qilib, barchasiga munosib xizmatlarim bilan javob qaytaraman.

Qurolli Kuchlarda o‘tkazilgan islohotlar tufayli bugun milliy armiyamiz tom ma’nodagi professional armiya darajasiga yetdi. Uning tarkibida o‘z kasbining haqiqiy fidoyilari xizmat qilyapti. Ana shunday mard, fidoyi, barkamol yoshlar safida ekanim menga cheksiz faxr, iftixor baxsh etadi.

Kichik serjant Husan BULTAKOVning rafiqasi Ra’no BULTAKOVA

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevraldagi qarorini katta hayajon bilan o‘qidim. Ta’kidlashni istardimki, biz – harbiylarning oilalariga e’tibor va g‘amxo‘rlik yildan yilga oshib, ko‘rsatilayotgan yordam qamrovi kengayib bormoqda. Turmush o‘rtog‘im xizmat taqozosi bilan yurtimizning turli garnizonlarida faoliyat olib bordi. Shu bois men ham har xil shart-sharoitlarda yashab, harbiycha hayotning past-u balandliklari, o‘ziga xos qiyinchiliklari bilan yaxshi tanishman.

Oila bekasi sifatida, avvalo, Vatanni himoya qilishdek eng sharafli, el-u yurt ardog‘idagi, davlatimiz rahbariyati e’tiboridagi kasbni tanlagan inson bilan hayot yo‘limni bog‘laganimdan, unga yelkadosh bo‘layotganimdan faxrlanaman. Farovon turmush kechirishimiz uchun qilinayotgan sa’y-harakatlardan minnatdormiz.

 

Polkovnik Otabek YULDASHEV,

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining

axborot siyosati masalalari bo‘yicha

maslahatchisi – matbuot kotibi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine