Juma, May 30, 2025
HomeyangiliklarJAMIYATNING ISHONCHLI POYDEVORI

JAMIYATNING ISHONCHLI POYDEVORI

Qurolli Kuchlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy armiyamiz salohiyatini yuksaltirish bilan birga bu tizimda faoliyat yuritayotgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish borasida ham o‘z aksini topmoqda.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini alohida qayd etish mumkin.

Bu borada davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining o‘ttiz uch yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham to‘xtalib, jumladan shunday degan edi: “Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish, albatta, qudratli ijobiy kuchga ega bo‘ladi”.

Shu ma’noda hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar tufayli harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ish bilan ta’minlanib, yanada ko‘proq qulayliklarga ega bo‘lmoqda. Ularning jamiyatdagi mavqeyini har tomonlama mustahkamlash borasida sayyor qabul tadbirlari muhim vositalardan biri hisoblanadi.

Toshkent viloyati hududida joylashgan harbiy qismda kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolari uchun tashkil etilgan keng qamrovli sayyor qabulda murojaatchilarning muammolari atroflicha o‘rganildi.

Xususan, mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev qabulida o‘ndan ortiq murojaat tinglanib, ularning deyarli barchasi ijobiy yechim topdi. Murojaatlar asosan uy-joy, ish o‘rnini ko‘chirish, oilaviy muammolarni bartaraf etish, tibbiy ko‘mak ko‘rsatish masalalari bo‘yicha bo‘ldi. Bu borada Mudofaa vazirligining tegishli boshqarma boshliqlari va mas’ul ofitserlariga topshiriqlar yuklatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo‘shinlari, IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondonliklari o‘rinbosarlari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va fuqarolar murojaatlari tinglandi. Mutaxassislar ko‘rsatmalari va takliflari bo‘yicha ularning har biri ijobiy yechim topishi kafolatlandi.

– Bugungi sayyor qabul tadbirining barcha kuch tuzilmalari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi ishtirokida bir joyda tashkillashtirilishi milliy armiyamiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlarning harbiy tayyorgarligini oshirishga yanada ko‘proq xizmat qiladi, – deydi polkovnik Xudayar Kalandarov. – Chunki biror muammo girdobiga tushib qolgan harbiy xizmatchidan jangovarlik, burchiga sadoqat kutish mantiqsizlik. Jamiyatning har bir qatlamida muammolar uchrab turadi. Shu jumladan, milliy armiyamizda ham. Bu kabi sayyor qabul tadbirlari ana shu muammolarga barham berishda eng to‘g‘ri yo‘ldir.  Bugun yuzdan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi va mutaxassislar tomonidan ularni ijobiy hal etilishi uchun ko‘rsatmalar berildi. Qisqa qilib aytganda, qabulga kelgan Vatan himoyachilari uyiga, xizmat vazifasini bajarishga ishonch bilan qaytdi.

 

Asror RO‘ZIBOYEV,

“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine