Sizni ko‘rib qolganim zab ish bo‘ldi-da, aka. O‘tgan safar yaxshi gurunglasha olmagandik. Tushunaman, ish ko‘p. Bu zamonda kim ham bekorchi bo‘lardi?! Hamma band. Menmi? Jizzaxdan qaytyapman. Haa, xizmat safari bilan kelgandim.
“Forish” tog‘ dala-o‘quv maydoniga hech borganmisiz? Ajoyib joy-da u yer! Tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Havosini aytmaysizmi, musaffo va toza. Dil quvnaydi. Ayniqsa, tongni qushlarning ovozi bilan qarshi olasiz. Moviy gumbazda to‘p-to‘p bo‘lib suzib yurgan bulutlar o‘yinqaroq, istasa, quyoshning yuzini to‘sib oladi yoki yomg‘ir bilan yerni ayovsiz savalaydi. Lekin bahori o‘zgacha. Hamma joy yashnab ketadi. Qishmi? U ham qattiq keladi. Aytyapman-ku, tog‘li hudud deb.
Ana shu joyda bir hafta bo‘ldim. Aka, u yerdaligimda bir harbiy xizmatchi bilan tanishib qoldim. Tengqurim ekan. Yuragi keng, bilimli. Albatta, ko‘p kitob o‘qigan. Vaqtni boshqaradigan odamlar bo‘ladi-ku, o‘shalarday intizomli, bir so‘zli. Armiyaga kelganida 21 yoshda bo‘lgan. Hozir Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlarning birida bosh serjant lavozimida faoliyat olib boryapti…
Tog‘lar orasida bir buloq bor. Yer qa’ridan chiqib keladi. Suvini ichsangiz, qaymoqdek tomog‘ingizdan yumshoq o‘tadi. Ko‘plar u chashmani shifobaxsh deb hisoblaydi. Qisqasi, Olim Toshqorayev bilan ikkimiz buloq yonidagi tosh ustida o‘tirib, gurunglashdik.
– Odamzod hech narsa yemasa, bir necha kun yashay oladi, – dedi u qo‘lidagi suvni tepaga ko‘tarib, – ammo suvsiz ko‘pga bormaydi. Tanasi bardosh bermas ekan.
U dumaloq ko‘zlarini biroz qisib, ingichka lablarini mahkam tishladi. Yutinganida kekirdagi bir qimirlab oldi.
– Inson tanasining taxminan oltmish foizini suv tashkil etadi, deyishadi-ku, – dedim beparvo. Biroq ko‘zlarimni undan uzmasdim.
Bilasiz-ku, suhbatdoshlarimni sinchkovlik bilan o‘rganishga harakat qilaman. Har bir gap-so‘ziga ahamiyat qaratib, o‘zini tutishini eslab qolishga urinaman. Siznimi?! Ming afsuslar bo‘lsinki, hozircha yo‘q. Hamon kuzatuvimdasiz.
Olimmi? U gaplarimni eshitmagandek jim o‘tirardi.
– Asab tizimi, miya hujayralarining yaxshi ishlashi, yurak urishi, o‘pka, terining qurishi va nam bo‘lishi, tomirlardagi qonning normal holda oqishi… bularning hammasi suv bilan bevosita bog‘liq, – dedim gapimni davom ettirib. Chunki bu kabi ma’lumotlarni bilmasak, endi uyat bo‘lar, aka. Aytgancha, siz ham eshitgansiz-ku, to‘g‘rimi?
Yelkalarimni keng qo‘yib yubordim. Keyin o‘tirganimdan uvusha boshlagan oyoqlarimni ham uzatib oldim.
– Musobaqalarda ishtirok etish uchun ko‘plab davlatlarda bo‘ldim, – dedi u xira ovozda. – Tabiiyki, musobaqalardan keyin chanqovim kuchayardi. To‘g‘ri, o‘sha mamlakat suvidan ichardim. Ammo chanqog‘im sira ham bosilmas edi.
U buloqdan hovuchlab suv olib, uzoq simirdi. So‘ng nam qo‘llari bilan peshonasini shoshmay artdi. Shunda quyoshdan qoraygan yuziga qon yugurgandek bo‘ldi. Chehrasi birdan ochildi. Vujudi daf’atan kuchga to‘ldi. Gavdalari rostlanib, ko‘zlari qayta chaqnay boshladi.
– O‘sha chanqoqni faqat o‘zimizdagi suv bosa oladi xolos, – dedi Olim.
Uning harakati menga bolalarning maqtanishiga o‘xshab ko‘rindi.
– Hamma suv ham bir suv, – dedim kulimsirab. – Birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydi. Faqat joydan kelib chiqib, suvning ta’mi o‘zgarishi mumkin xolos.
Toshqorayev indamadi. Lekin lablarida siniq tabassum qotib qoldi. Keyin yuzini tirishtirib oldi. Sezdim, nimadandir qattiq jahli chiqayotgandi.
– Ta’mi o‘zgaradi, deng… – dedi Olim tilga kirib. Ammo hamon o‘sha-o‘sha ko‘rinishda turibdi.
Bizdan bir necha chaqirim narida harbiy xizmatchilar o‘qotar qurollardan nishonlarni mo‘ljalga olayotgan edi. Ular bosayotgan tepki zarbidan avtomat stvolidan otilib chiqayotgan o‘qlar ovozi quloqqa kelib og‘ir urilyapti.
– Quroldan uzgan o‘qim hech qachon nishon markaziga tegmagan, – dedim mavzuni shu tomonga burib. – Buni aytishga ham odam uyaladi-da. Axir biz ham shu sohadamiz.
– O‘qni nishonga tekkizishni-ku, o‘rgansa bo‘ladi, – dedi u xira ovozda. Ko‘zlarini to‘g‘riga qadab olgandi, – biroq biz o‘ylagan muhabbatni har qancha harakat qilmang, o‘zgalar ko‘ngliga joylab bo‘lmaydi.
Tepamizdan nar kaklikning sayragan ovozi eshitildi. Ikkimiz ham uning tovushiga quloq osdik. Keyin:
– Ishqi borlar qalbi tiriklar sanaladi, – dedim irshayib. – Sevishni bilmasangiz, yashashning mazmunini anglamabsiz.
Toshqorayev o‘zini zo‘rlab jilmaydi. So‘ng:
– Fikrlaringiz har doim bir-biriga zidmi? – dedi.
Ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek sergak tortdim. Kishi to‘shakda uzoq vaqt yotib qolsa-yu, keyin oyoqqa turganida tanasi qanday qaqshaydi, vujudimda ana shunday og‘riqni his qilayotgandim. Chuqur-chuqur nafas olaman-u, bo‘g‘zimdan nariga o‘tmasdi. O‘pkam achishadi. Go‘yo kimningdir qo‘li tomog‘imga chunonam chirmashib olganki, uning uzun-uzun barmoqlari orasidan hali-beri chiqib kela olmasligimni bilardim.
Churq etmay, boshimni xam qilib, o‘tiraverdim. O‘zimni aybdordek his qilyapman. Ichimdan zil ketgandim, aka. Chilparchin bo‘lgan xayollarimni tartibga keltirolmay, adoyi tamom bo‘la boshladim. Ishoning, hatto qochib ham ketgim keldi. Shunday paytda biror kim telefon qilib, so‘ramaydi. To‘g‘ri, kimga ham kerakman? Ammo miyangizdan o‘tayotganini tilingizga chiqarmasangiz ham bo‘lardi…
Keyinmi? Ikkimiz turib, amaliy mashg‘ulotlar olib borayotgan haligi harbiy xizmatchilar oldiga yo‘l oldik. Olim shoshmay, biroq ishonch bilan qadam tashlaydi. Chap tomondan borar ekanman, har zamonda unga ko‘z qirimni tashlab qo‘yaman. O‘rtabo‘y, bug‘doyrang, ozg‘indan kelgan, qo‘llari baquvvat. Tanasini ayamaydi shekilli, bo‘yin tomirlari bo‘rtib chiqqan…
– Hech qachon stvoldan o‘q chiqishini kutma, – dedi Olim merganlik miltig‘idan nishonni ko‘zlayotgan harbiyga. – Nafasni olib, chiqarayotganingda tepkini bos! Ortiqcha shovqinga sira ham ahamiyat berma! Tanang miltiq bilan o‘zaro bog‘lansin. Bu o‘ta muhim. Hamisha esda saqla!
U menga ko‘z tashlab qo‘ydi. So‘ng “O‘t och!” komandasidan keyin yigitlar “qars-qurs” qilib o‘q uzdi. Shunda uzoqdan ikkita kaklikning chiyillab tepalik yonboshiga qarab uchib ketganini ko‘rdim.
Bilasiz, odamlarni ko‘p ham maqtayvermayman. Kimningdir kamchiligini ko‘rsam, shartta yuziga aytaman. Yutug‘idan esa qalbim ravshan tortadi. Tabiatim shunaqa. Biroq Olim… u menga mukammaldek ko‘rindi. To‘g‘ri-da, manaman degan musobaqalarda o‘zini ko‘rsatib, raqibini dog‘da qoldirgan. Kuchli mergan. Takrorlanmas shijoat sohibi. Hatto rekordlar o‘rnatgan. Qo‘ysangiz-chi, aka! Nega sizni alday? Aldaganim yo‘q. Yaqinda “Mardlik” ordenini qo‘lga kiritdi. O‘zim guvoh, rasmlarini ko‘rdim. Munosib ko‘rilgan-da. Mendami? Urvoq ham yo‘q. Faqat mana shu qalamga egaman xolos. U ham ba’zida yaxshi yozmayapti. To‘g‘ri aytasiz, charxlashim kerakka o‘xshadi.
Biroz chalg‘idim, a?
Olim katta-katta qadam tashlab oldimga keldi. Uning chehrasi sokin ko‘ldek mavjlanib turardi. Ko‘zlari ham porlayapti.
– Bugun egizak qizlarimning tug‘ilgan kuni, – dedi u samimiy jilmayib. – Mehmonlar qatorida sizni ham ko‘rsak, xursand bo‘lardik.
Uning ozg‘in yuzi, qop-qora ko‘zlarida baxt balqib turganini ko‘rdim.
Ikkimiz qo‘l berib xo‘shlashdik. Keyin Olim nari keta turib, joyida taqqa to‘xtadi. Keyin u shaxt bilan ortiga qaytdi.
– O‘qingiz nishonga bexato tegishini xohlaysizmi? – dedi u.
Toshqorayevning chehrasida bezovtalik, allaqanday og‘riq bor edi.
– Kim ham istamaydi buni? – dedim. Ammo uning nigohiga bardosh berolmasdim. Shuning uchun undan ko‘zlarimni olib qochdim.
– Unda buloqlaringizdan chiqayotgan suvni boshqasi bilan hech qachon taqqoslamang! – dedi Olim. Uning ovozida jahl bor edi. – Ta’mini ham o‘zgasidan izlamang! O‘qqa keladigan bo‘lsak, keyingi safar albatta merganlarning muhim sirini jon deb o‘rgataman. Qolganini uyda, dasturxon boshida gaplashamiz. Boring, kutamiz.
Yo‘q, bormadim. Borolmasdim ham. Keyinmi? Mushtlarimni mahkam qisib, bo‘zarib, loqayd tikilib turgan tog‘larga beparvo qaradim. Ichimda esa alam va og‘riq isyon ko‘tarardi. Ana shu dard bilan yotoq tomon qadam tashladim. Ortimda o‘sha quduq, uning tepasida tog‘ cho‘qqilari qora ko‘lankaga aylanib, ularning ortidagi osmon tobora olisga chekinaverdi.
Butun vujudim bezgak tutgandek titraydi. Xayolimni band qilgan o‘ylardan qutula olmasdim. Nimaga bo‘lardi? Qachonlardir quduqlarim “gapirishi”dan qattiq qo‘rqayotgandim. Qo‘ysangiz-chi, aka, kimni aldayapsiz? Har kimda o‘shandayin quduqlar bor! Ehtiyot bo‘ling, deyman-da! Mayli, yana ko‘rishamiz!
Kapitan Shohrux SAIDOV,
“Vatanparvar”