Xudoybergan Devonov ilk marta rasmga oladigan qutini Xivada – Oqmasjid qishlog‘i atrofida yashovchi nemis mennonitlari jamoasi vakili Vilgelm Penner qo‘lida ko‘rgan edi. Xalq uni Panorbuva deb atardi. Afsuski, inson suratini yaratish, jonlantirish “gunohi kabir” hisoblangan zamonda bu ixtiroga yaqinlashish o‘zini kamida mahkamada – qozi va mirshab qistovida ko‘rish bilan barobar edi.
Keksayib borayotgan Panorbuvaning shu sababdan “urug‘likka” ham shogirdi yo‘q edi. Xudoybergan va suratchi cholning uyi orasi bir necha chaqirim bo‘lsa-da, ammo bo‘lg‘usi fotograf va fotoapparat orasi anchayin olis edi.
BOLALIK. Qay bir kuni bozordagi savdogar 9-10 yoshli Xudoyberganni arab, fors, turk, rus millatiga mansub kishilar bilan suhbatlashtirdi. Bola to‘rt tilda ham biyron so‘zlar edi. Olomon uning qobiliyatidan hayratga tushar, “Buni qara-ya, shu jussada shuncha qobiliyat!” degan pichirlar bisyor edi.
Yana bir voqea musiqa asboblari sotiladigan rastada sodir bo‘ldi. O‘ndan ortiq musiqa asbobini navbatma-navbat chalib ko‘rsatayotgan o‘spiringa qarab: “Bu bolaga Xudo yuqtirgan ekan”, deb shivirlaydi odamlar…
U Oqmasjid ko‘chalarida yurar ekan, Panorbuvaning fotoapparat uskunalarini tozalayotganini ko‘rib qoladi. Sekin yaqinlashib, unga nemis tilida murojaat qiladi:
– Odamlarning gapi rostmi? Sehr bilan odamlarni xuddi o‘ziday chiza olar ekansiz-a?
Panorbuva uning nemis tilida gapirayotganidan biroz hayratlanadi.
– Bu sehr emas, ilm-fan kashfiyoti… Nemis tilini bilasanmi?
– Yaqinda o‘rgandim. Mengayam shu ishingizni o‘rgata olasizmi?
Panorbuva bolaning niyati jiddiyligini sezadi:
– Shu kungacha hech kim mendan buni iltimos qilmagandi. “Gunohga botish”dan qo‘rqmaysanmi? Avval otangdan so‘rab kel, tag‘in kaltak yeb yurma…
– Ularga tushuntiraman.
– Ko‘rib turibsan, yosh emasman. Qachondir shu hujrada o‘ligimni topishadi. O‘lish-ku, mayli… ammo mana bu apparatlarni, bu yerdagi ilmni (u ko‘rsatkich barmog‘ini boshiga o‘qtaladi) qarovsiz tashlab ketishdan qo‘rqaman. Kelaver, eshigim sen uchun doim ochiq…
Kadrda bo‘lajak ustoz-shogird qo‘l siqishadi. Shundan keyin Xudoybergan uchun Panorbuvaning kulbasi ikkinchi uyga aylanadi.
MULOHAZA. Bu aql bilan oddiy rasmlar ishlab bo‘lmasdi. Masalan, otlar tasvirini olaylik. Mustamlakachilarning qing‘ir rejalari sabab xalq otdan uzoqlashtirildi. Ot bilan bog‘liq neki bo‘lsa, barisi bosim ostida qoldi. Yaqin besh yillikda xalqining ko‘p yillik yilqichilik tajribasi, ilmi, qadimiy jang mahorati so‘ndirilishi kerak edi.
Xivalik chorvador qizil askarlarga qarata hayqirmoqda:
– Biz otlar bilan yonma-yon yashaganmiz. Otam 90 dayam ot minar edi. Men otdaman, ullarim ot ustida. Buni taqiqlashga haqqing yo‘q!..
Qizil askarlar baribir sayisxonadan otlarni olib ketmoqda. Chorvadorning bolalari tulpor bo‘yniga yopishib olgan. O‘rtada qizillar bilan ur-yiqit boshlangan…
Shu voqeadan sal avval yosh Xudoybergan ko‘ngli sezganday qorabayir, ahaltaka, yovmit otlarining suratlarini olgan edi.
Chindan ham Xiva hukmdori saroyi otxonasida qorabayir, yovmit, ahaltaka zotiga mansub 15 mingdan 45 minggacha jangchi ot saqlanar edi. Qizillar barini yo‘q qildi. Ulardan shu xotiralar qoldi.
Yana Turkistonga birinchi traktorning olib kelinishi, Xiva xoni Asfandiyorxonning foytunda kelishi tasviri…
U o‘z ishining chinakam hujjatli ustasi edi. Ushbular bitilgan kaftdek yorliq ham buni tasdiqlaydi.
– Shahodatnoma. Ushbuni ko‘rsatuvchi o‘rtoq Xudoybergan Devonov haqiqatdan O‘zbek Goskinoning Xorazm shu’basida osori atiqalar va Xorazm okrugida har xil manzaralarni kartinaga oluvchi fotorassom – “operator” vazifasida turadir. Muhr. Imzo…
XON SAROYI. 1890-YILLAR. Qizil askarlardan biri saroyi hovlisida Nurmuhammad nozirning bilagidan ushlab, chetga tortadi. Mulozim ruschalab deydi:
– Xudoybergan sizning o‘g‘lingizmi?
– Ha, nimaydi, – hayratlanib tikiladi nozir.
– U Oqmasjidda yashovchi Penner degan nemisning uyiga serqatnov bo‘lib qoldi. Bundan qozining ham xabari bor. Obro‘li odamsiz, keyin bizdan gina qilib yurmang deymanda.
Nurmuhammad nozir vaziyatni darrov fahmladi. “Panorbuvanikiga borib yuribdimi hali…”
Ertasi kuni ota o‘g‘lining izidan ergashdi. Panorbuva Xudoyberganni ichkari xonaga boshlab, unga surat qanday paydo bo‘lish qonuniyatlari haqida dars o‘tdi.
Nurmuhammad nozir shaxt bilan eshikni ochib, ichkari kirdi. Qorong‘i xona birdan yorishdi. Ustoz-shogird qo‘lga tushganday bir lahza qotib qoldi.
– Davom etavering, – dedi nozir. O‘zi esa burchakdagi kursiga o‘tirib, jarayonni kuzatadi. Panorbuva “Zot” fotoapparati qarshisiga Xudoyberganni o‘tkazar ekan, unga topshiriq beradi:
– Endi o‘rganganlaringni shoshmasdan bajar. Bizni suratga ol.
Nurmuhammad nozir gap qo‘shdi:
– Ko‘pdan beri kelyaptimi, Panorbuva?
Panorbuva:
– Ikki oycha bo‘ldi. O‘ta qobiliyatli bola. Yo‘q demasangiz, shu hunarni oxirigacha o‘rgatsam. Biror shogird chiqarmadim. Buyog‘i qarichilik…
Xudoybergan otasiga qattiq yolvorish bilan qaradi. Nozir ma’noli sukut bilan tashqariladi. Buni rozilik alomati deb tushunadilar.
Bir kuni Panorbuva bisotidagi hamma fotoapparat va anjomlarini yosh shogirdiga sovg‘a qiladi.
– Men ularni haqiqiy egasiga berayotganimdan xursandman. Buyog‘iga o‘zing tarix yarat. Xudo bergan iste’dodingni ezgulik uchun sarfla. Senga oson bo‘lmaydi. Turkistonni dunyoga yoyish sening yelkangga tushdi.
MULLA OXUND MAHKAMASI. Nurmuhammad Devonovni Xiva qozikaloni Salim Oxun so‘roq qilmoqda.
Qozikalon Salim Oxun:
– Taqsirim, siz bir ziyoli kishisiz. O‘g‘lingiz ko‘cha-ko‘yda surat solib yurganmish. Buning shariatda qanday gunoh ekanini yaxshi bilasiz. Erta-indin bu gap xonning qulog‘iga yetsa…
Nurmuhammad devon:
– Muhtaram qozi, sizday adolat peshvosi yangi kashflar Turkiston eli uchun ziyon emas, manfaatli bo‘lishini yaxshi anglaydi, deb o‘ylayman. Islohotlar Turkistonga suv va havoday zarur. Bu yurishda Ovro‘paga yetmog‘imiz asrlarga cho‘zilaverar. Yaqin besh yil ichida xonlikda ovro‘pacha shifoxona, birinchi paxta tozalash zavodi, pochta, telegraf va zamonaviy xastaxonalar kirib keldi. Bunga ham boshda shariat qarshi edi-ku…
Qozikalon Salim Oxun:
– Shunaqa deng. Oqmasjiddagi ko‘chmanchi nemislarning xufiyona g‘oyalari nahot sizni cho‘chitmasa…
Nurmuhammad devon:
– Meni g‘oyasizlik, tobora razolatga botayotganimiz ko‘proq cho‘chitadi…
Qozikalon Salim Oxun:
– O‘sha apparatning ichida biror badgumonlik yashiring‘on bo‘lmasin tag‘in… Kimsan Nurmuhammad nozirning o‘g‘li shariatga nomaqbul ishlar bilan shug‘ullanib yurganmush, degan xabar sizga obro‘mi? Shoyadki, bunday nojo‘ya ishlar qilinadurg‘on xonaga farishtalar ham kirmas…
Nurmuhammad nozirning biroz jahli chiqadi.
– Muhtaram qozi, Yaratgan taqdirimga birgina o‘g‘il bitmish. U bir boshqa olam, ilmga qiziqqon. Agar yo‘liga shariatni pesh qilaversam, uzog‘i bilan mulla bo‘ladi-da.
Qozikaloni Salim Oxun:
– Mullalik yomonmi, taqsirim?
Nurmuhammad devon:
– Keling, bir to‘xtamg‘a kelsak. Bilasiz, hovlimiz keng. Xudoybergan bir kichik xonada surat bilan ishlayversa. O‘sha xonaga farishtaning kirgisi kelmasa, ana, yana to‘qqizta xona bor… Buyog‘i bir gap bo‘lar…
Qozikaloni Salim Oxun:
– Men ogohlantirdim, nozir. Xohishingiz…
1895-YIL. XON SAROYI. Qizillar Nurmuhammad nozir va Xudoyberganni Muhammad Rahimxon II Feruz huzuriga olib boradi. Yangilik tarafdori, qiziquvchan xon Xudoyberganni yoniga chorlaydi. “Hozir ikkisiyam zindonga ketadi” deb o‘ylab o‘tirgan mulozimlarning o‘y-xayollari birdan tarqab ketadi. Xon Xudoybergandan o‘zini suratga olib qo‘yishini so‘raydi. Yosh yigitchaning mahoratini ko‘rgan xon uni bag‘riga bosadi. Shu-shu, shariat peshvolari ta’qibi oqsab qoladi…
Xudoybergan Devonov bundan keyin xon zarbxonasida muhrkon usta bo‘lib ishlaydi. 1907-yil oxirlarida Xiva xonining o‘ng qo‘l vaziri Islom Xo‘ja boshliq bir guruh kishilar bilan Peterburg safariga otlanadi. U yerdan Xorazmga “Pate” kinoapparati, grammofon va fotoapparatlar olib qaytadi.
Bu haqda u o‘z tarjimayi holida shunday yozadi:
“1908-yilda Maskovga borib, Pyotr Yahum degan boydan kinoapparat sotib oldim. Bir oy uning xususiy laboratoriyasida pul to‘lab o‘rgandim. Kino o‘ynataturgan apparat va materiallarni sotib olib, Xivaga keltirdim”.
Shundan so‘ng u “Ishchi ayollar”, “Sho‘rko‘l” kabi qator kinosyujetlar, “Chig‘ir”, “Kustar usulda bo‘z to‘qish”, “Xivada xalq shodiyonalari”, “Suv yo‘llarini tozalash”, “Paxta terimi”, “Birinchi traktor” kabi ayrim hujjatli lavhalarni yaratadi.
Urganch, Xiva, Toshsoqa, Toshhovuz, Xo‘jayli, To‘rtko‘l singari shahar va tumanlarni kezgan usta-operator diqqatga sazovor joylarni, aholining dehqonchilik ishlarini tasmalarda muhrlaydi. Xiva shahrining me’moriy obidalari, xalq sayillari, dorbozlar va masxarabozlarning tomoshalari, xonlikda yashagan o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq millatiga mansub kishilarning madaniy va maishiy-etnografik hayoti manzaralari uning ijodida bosh mavzularga aylanadi.
Xudoybergan Devonov tergov materialida otasiga qarashli yer-suv to‘g‘risida so‘zlab, shunday deydi:
“Mening o‘zim dastlab baqqollik do‘konini ochib, savdo bilan shug‘ullandim, ammo savdo bilan o‘ralashib qolmay, soatsozlik qilib, hunarmandlik bilan mashg‘ul bo‘ldim. Otam 1918-yili vafot etdi. Men otamdan qolgan yerni dehqonlarga ijaraga berib, ulardan daromad olib turdim. 1927-yilda esa barcha yer-suv-u mol-mulkimni sho‘ro hokimiyati foydasiga topshirdim”.
JADIDLAR BILAN YONMA-YON…
58 yoshli fotosuratchi 1937-yilda hibsga olinib, Yangiyo‘ldagi siyosiy mahkumlar lageriga yuboriladi. Unga NKVD tomonidan aksilinqilobchi tashkilot rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Davlat Rizayevning topshirig‘i asosida Angliya razvedkasi foydasiga josuslik qilgani, Xorazmda bosmachilik harakatini tashkil qilgani, bosmachilar yetakchisi Junaidxon bilan shaxsan aloqada bo‘lgani kabi ayblar qo‘yiladi.
1938-yil 5-sentabrda, atigi 20 daqiqa davom etgan sudda Xudoybergan Devonov O‘zbekiston SSRni SSSRdan ajratib olib, burjua davlatini barpo etish maqsadini qo‘ygan aksilinqilobiy, millatchilik, qo‘zg‘olonchilik, terrorchilik va diversiya-zararkunandachilik tashkiloti bilan aloqa o‘rnatganlikda, tumanma-tuman kezib, ingliz razvedkasi uchun josuslik ma’lumotlarini to‘plaganlikda aybdor deb topilib, oliy jazo – o‘limga mahkum qilinadi. Mol-mulki esa davlat foydasiga musodara qilinadi. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi.
Buni qarangki, bu mudhish voqeadan bir oy o‘tib, Cho‘lpon va Fitrat ham ayni o‘sha yerda otib tashlangan edi.
USTOZ-SHOGIRDLIK
Xudoybergan Devonov va Vilgelm Penner munosabatlari kamdan kam uchraydigan chin ustoz-shogirdlik maqomidadir. Vilgelm Penner o‘z hunarini – tirikchilik manbalaridan birini yashirishga urinmaydigan, raqobat orttirishdan cho‘chimaydigan mard va oliyjanob inson edi. U Xudoyberganda foto san’atiga qiziqish uyg‘otib, unga suratga olish va oynaga tushirilgan tasvirni qorong‘i xonada fotodorilar yordamida yuzaga chiqarishning murakkab jarayonini qunt bilan o‘rgatdi. Hatto unga “Zot” rusumli fotoapparatini sovg‘a qildi. Xudoybergan uning daldasi bilan shu fotoapparatda surat olishga quvona-quvona kirishdi.
Shu boisdan Xudoyberganning shaxsiy hayot pozitsiyasi, qiyinchiliklar va tashvishlar bilan yuzma-yuz kelishi, bir vaqtda Pennerning ustoz sifatidagi saboqlari va maslahatlarining uning qalbida qanday chuqur iz qoldirgani muhim ahamiyat kasb etadi. Penner bilan bo‘lgan ustoz-shogird munosabati orqali u nafaqat o‘z san’atini, balki butun xalqning tarixi va madaniy merosini muhim tarixiy hikoyaga aylantira oldi.
Xullas, Xudoybergan Devonov o‘z zamonasidan 100 yil ildamlab ketgan shaxs edi. Birinchi o‘zbek fotografi, kinosanoat asoschisi obyektivi orqali Turkiston atalmish qadim o‘lka nafas oldi, jonlandi. Uning asarlarida nafaqat insonlar, balki butun bir davr muhiti aks etdi. Ustozi unga yevropacha texnika va vizual san’at usullarini o‘rgatdi. Ular o‘rtasidagi samimiy muloqot, innovatsiya va an’ananing birlashuvi bugungi kunga kelib Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo san’atining shiddat bilan odimlashiga zamin yaratdi.
Kapitan Bobur ELMURODOV,
“Vatanparvar”