Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mamlakatimiz sarhadlarining daxlsizligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligi, jamiyatimizning barqaror taraqqiyoti yo‘lida o‘ziga xos qalqon bo‘luvchi Qurolli Kuchlarimiz, shu jumladan milliy armiyamizning o‘z o‘rni va roli bor.
Qurolli Kuchlarimizni hozirgi zamon talablari asosida yangilash va modernizatsiya qilish, professional armiya darajasiga olib chiqish, bu borada yetakchi tajribalarni tegishli tartibda o‘rganish va armiyamizga tatbiq etish asnosida Vatani va xalqiga sodiq, o‘z burchi va qasamiga sadoqatli, zamonaviy va ixcham, mobil va professional, yuksak jangovarlik va ma’naviy yetuklik xislatlariga ega milliy armiyamizni shakllantirish davlatimizning doimiy e’tiboridagi masala bo‘lib kelmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida ta’kidlaganidek, askar va serjantlarimiz, ofitser va generallarimizning azm-u shijoati, el-yurtga sadoqati tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti ta’minlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda.
DAVLATIMIZ RAHBARINING bayram tabrigidan keyingi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib borayotgani, barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib, milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabi rolini o‘tayotganini anglash mumkin.
Haqiqatan ham, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi, Vatanimiz qalqoni bo‘lmish Qurolli Kuchlarimiz, shu jumladan milliy armiyamizda ham keng qamrovda va shiddatli tarzda olib borilmoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, so‘nggi 8 yil davomida mamlakatimiz mudofaa tizimi faoliyatini takomillashtirish, armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi, shu bilan birga harbiy-ma’muriy sektorlar tuzildi. Armiyamizdagi qo‘shin turlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda harakatlar olib borish hamda hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi, shuningdek Qurolli Kuchlarimizda eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir bo‘lgan bo‘linmalar tashkil etildi. Qo‘shinlarning jangovar hamda ruhiy tayyorgarlik darajasi ancha o‘sdi va uni muttasil oshirib borish bo‘yicha doimiy ish olib borilmoqda.
Keyingi yillarda “Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir” degan ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, bugungi kunda fuqarolarimiz armiyaning har tomonlama yordami va ko‘magini hayotning barcha sohalarida amalda his etayotganini sohada amalga oshirib kelinayotgan ulkan ishlarning samarasi sifatida talqin etish mumkin.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari o‘z faoliyatini to‘laqonli tarzda olib borishi uchun, avvalo uning huquqiy asosi ham pishiq va puxta qilib yaratilgan bo‘lishi lozim. 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi Qurolli Kuchlarimiz faoliyatining huquqiy asosini yanada mustahkamladi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangilangan Konstitutsiyamizning 27-bobi Mudofaa va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning 152- va 153-moddalarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mamlakatimizning davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilishi, O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga egaligi hamda Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanishi bayon etilgan.
SHUNDAN KELIB CHIQQAN HOLDA, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olindi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlarimiz qo‘mondonlik tarkibi, joylardagi hokimiyat idoralari va xalqimiz bilan birgalikda bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilayotgani e’tiborga molik. Bu borada amalga oshirilgan ishlardan biri sifatida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini oshirishda davlat va jamoat tuzilmalarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda faoliyat olib borishining yo‘lga qo‘yilganligi, armiyamiz qudratini oshirish faqat davlatimiz va Qurolli Kuchlarimizning vazifasi emas, balki butun jamoatchiligimizning mas’uliyatli vazifasi ekanligi tobora ayon bo‘lib bormoqda. Bu borada belgilab olingan vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlarimiz qo‘mondonlik tarkibi joylardagi mahalliy hokimiyat idoralari va keng jamoatchilik bilan birgalikda bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilayotganini e’tirof etishimiz zarur.
“Harbiy okruglarga, harbiy-ma’muriy sektorlarga men qo‘ygan eng katta vazifa – xalq bilan armiya birligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash haqida bo‘ldi. Bunda sizlar yetakchi, har bir harakatingiz bilan yoshlarga namuna bo‘lasiz, deb ishonaman”, degan edi davlatimiz rahbari. Muhtaram Prezidentimizning ushbu so‘zlaridan ham inson qadrini ulug‘lash tamoyili Qurolli Kuchlarimiz tizimida ham namoyon bo‘layotganligi, harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va yashash sharoitlari yaratilayotganini anglash mumkin. Bu borada amalga oshirilgan amaliy ishlar sirasiga so‘nggi 8 yilda 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan ta’minlanganini hamda harbiy xizmatchilar xizmat muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin ish va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlanishi ham doimiy e’tiborda bo‘lib kelayotganini alohida qayd etib o‘tish joizdir.
Ta’kidlash joizki, oxirgi sakkiz yilda harbiy sohaning barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi ham, qo‘shinlarning tayyorgarlik darajasi ham o‘zgardi. Harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning sharoitlari yaxshilandi. Bunday ishlar butun Qurolli Kuchlarimiz tizimida izchil davom ettirilib, jangovar bo‘linmalar imkoniyatlari kengaytirilmoqda, shu bilan birga davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimi ham amaliyotga joriy qilinmoqda.
Ma’lumki, zamonaviy bosqichda har qanday tuzilma va tashkilot moddiy jihatdan yetarli darajada ta’minlangan bo‘lsa-da, ammo unda samarali boshqaruv mexanizmlari joriy etilmagan bo‘lsa, mazkur tuzilmaning faoliyati muvaffaqiyat keltirmaydi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida ham ushbu zamonaviy yondashuvdan kelib chiqqan holda, 2022-yil yanvarida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish milliy markazi ish boshlaganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Mudofaa vazirligida barpo etilgan ushbu markazning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi arafasida ishga tushirilgani Vatanimiz himoyachilariga chin ma’noda bayram tuhfasi bo‘ldi. Qo‘shinlar boshqaruvining eng zamonaviy shakllarini mujassam etgan, barcha kuch tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borishga ixtisoslashgan mazkur majmua yuqori texnologik imkoniyatlari bilan yurtimiz havo sarhadlarini, o‘quv muassasalari va poligonlardagi mashg‘ulotlar jarayonini real vaqtda kuzatish, bo‘linmalarning harakatini uzluksiz aloqa tizimlari orqali nazorat qilishni ta’minlaydi. Shuningdek, Mudofaani boshqarish milliy markazida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda harbiy-ma’muriy sektorlarning ishtiroki, qo‘shinlarning kundalik va jangovar faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar to‘planib, tizimli monitoring olib boriladi.
SHU O‘RINDA O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Sh. Mirziyoyevning “Harbiy ilmsiz harbiy bilim bo‘lmaydi”, degan purma’no so‘zlaridan kelgusida milliy armiyamizning ham jangovar, ham ma’nan yetuk bo‘lib shakllanishi uchun avvalo harbiy ilmni rivojlantirish, zamonaviy harbiy ilmni egallagan malakali kadrlar, professor-o‘qituvchilar jamoasini shakllantirish, so‘ngra esa mazkur malakali mutaxassislar va ilm jamoasi yosh kadrlarni tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatishlari lozimligini anglash mumkin. Ta’kidlash joizki, bundan 10–12 yillar ilgari harbiy ilmga bo‘lgan e’tiborning sustligi, sohada zamonaviy ilmiy tadqiqotlar olib borilishiga rag‘batning yo‘qligi tufayli respublikamiz oliy harbiy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyat 20 foizga qadar tushib ketgan edi. So‘nggi yillarda sohada olib borilgan o‘zgarishlar harbiy ilm sohasining ham rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdiki, natijada bugungi kunda mamlakatimiz oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi ilmiy salohiyatga ega malakali kadrlar, professor-o‘qituvchilarning nufuzi birmuncha o‘sib, 70 foizga yetdi.
Harbiy xizmatchilar, shu jumladan komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyamizni yanada rivojlantirishning eng muhim sharti ekanligini inobatga olgan holda, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida yangicha tizim yo‘lga qo‘yilganini namuna sifatida alohida ko‘rsatib o‘tish joizdir. Unga ko‘ra, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
BUGUNGI KUNDA milliy armiyamizning kuch-qudrati va salohiyati ortib bormoqda, harbiy xizmatchilarimiz esa o‘zining yuksak kasbiy tayyorgarligi bilan alohida e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Bir necha rivojlangan armiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarida harbiy xizmatchilarimizning munosib ishtiroki buning yaqqol isbotidir. Shuningdek, 2024-yil davomida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va mutaxassislari turli xalqaro harbiy musobaqalarda faol qatnashib, bir qator faxrli o‘rinlarni egalladi. Pokistonda VII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida 1-o‘rin; Rossiyada “Sayan yurishi” musobaqasida 3-o‘rin; Turkiyada “Eng ilg‘or mergan” musobaqasida 1-o‘rin; Harbiy-kasbiy tayyorgarlik xalqaro olimpiadasida 1-o‘rin; Koreyada “Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida 1-o‘rin; Koreyada I xalqaro merganlar musobaqasida 2-o‘rin; Buyuk Britaniyada “Kembriya patruli” musobaqasida 2-o‘rin; MDHga a’zo davlatlar armiyalari o‘rtasida “O‘q otish sporti” musobaqasida 1-o‘rin; MDHga a’zo davlatlar armiyalari o‘rtasida “Harbiy sport kompleksi ko‘pkurashi” musobaqasida 2-o‘rin kabi yutuqlar va zafarli yurishlar ana shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib borayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma’naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shundan kelib chiqib, milliy armiyamizning jangovar shayligi va salohiyatini yanada oshirish, armiyamizni chin ma’noda zamonaviy armiyalar qatoriga olib chiqish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar va chora-tadbirlarning belgilab olinishi ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash zarur.
BIRINCHIDAN, malakali harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy ta’limda ilg‘or uslublarni ommalashtirish masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Harbiy o‘qituvchi va mutaxassislarning malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar akademiyasini yetakchi harbiy ilm-fan dargohiga aylantirish zaruriyati tobora namoyon bo‘lib bormoqda. Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasi negizida ish boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mudofaa va harbiy xavfsizlik muammolarini o‘rganish ilmiy-tadqiqot instituti kelgusida harbiy ilmiy faoliyat olib borishning ilg‘or markazlaridan biriga aylanmog‘i lozim.
IKKINCHIDAN, Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-yarog‘ hamda harbiy texnika bilan ta’minlash, mavjudlarini modernizatsiya qilish ham harbiy qurilish sohasidagi eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishi lozim. Ushbu maqsadda Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha konseptual dastur qabul qilish va uning asosida butun Qurolli Kuchlar tizimini modernizatsiya qilish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etadi.
UCHINCHIDAN, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi faoliyatini ham sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqish, shuningdek havo hujumidan mudofaa tizimiga ham zamonaviy tajribalarni tatbiq etish masalasi e’tiborga molik.
TO‘RTINCHIDAN, jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish, harbiy xizmatchilarning psixologik tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi lozim.
BESHINCHIDAN, Qurolli Kuchlarimiz, shu jumladan armiyamiz qo‘mondonlik tarkibini zamonaviy operatsiyalarni mukammal rejalashtirish, qo‘shinlarni oqilona boshqarish, mavjud kuch va vositalarni samarali qo‘llash bo‘yicha malakasini muttasil oshirib borish zarurligini ham ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Bu borada rahbarlik va qo‘mondonlik lavozimlariga istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish, ularni bu lavozimlarga bosqichma-bosqich tayyorlash hamda tanlov asosida tayinlash bo‘yicha ham tizimli ish olib borish muhim.
OLTINCHIDAN, Qurolli Kuchlarimiz harbiy xizmatchilari va faxriylarini ijtimoiy hamda huquqiy jihatdan himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga doir ishlarni izchil davom ettirish lozim.
XULOSA O‘RNIDA TA’KIDLASH JOIZKI, istiqlol davrida O‘zbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yosh davlatimizning o‘ta og‘ir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlar mamlakatimiz mustaqilligi, xalqning tinch hayoti va farovonligini ta’minlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qildi.
Kelgusida Qurolli Kuchlarimiz, shu jumladan milliy armiyamiz faoliyatini ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganish, ilg‘or xorij tajribasini tegishli tartibda tatbiq etish hamda milliy armiyamiz faoliyatini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalarni ilgari surish keng jamoatchilik, shu jumladan ilmiy doira vakillari oldida turgan sharafli ishlardan biri bo‘lishi lozim.
Rustam RASHIDOV, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, harbiy fanlar doktori (DSc)