Juma, May 30, 2025
HomeyangiliklarPARASHYUT BILAN SAKRASHDA XATOGA O‘RIN YO‘Q!

PARASHYUT BILAN SAKRASHDA XATOGA O‘RIN YO‘Q!

Osmon cheksiz imkoniyatlar kengligidir. Unga qadam qo‘yish uchun jasorat, puxta tayyorgarlik va eng muhimi, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish shart. Parashyut bilan amaliy sakrash nafaqat adrenalin va hayajon manbai, balki mukammal tayyorgarlik va mas’uliyat hamdir.

Shu kunlarda Mudofaa vazirligi havo-desant bo‘linmalari harbiy xizmatchilari Toshkent harbiy okrugidagi “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasida parashyut bilan amaliy sakrash mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

Desantchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda, dastlab ularning yer tayyorgarligi va parashyutlarining soz holatda ekanligi tekshirildi. Xususan, harbiy xizmatchilar havoda bajaradigan xatti-harakatlarini yerda turgan holatda qayta-qayta takrorlab, parashyutining soz holati yo‘riqchilar yordamida bir necha bosqichda ko‘zdan kechirildi. Chunki mashg‘ulotlarda ta’kidlanganidek, parashyut bilan sakrashda ikkinchi marta xato qilishning imkoni yo‘q.

Mohir desantchining mohirligi uning nafaqat sohani professional o‘zlashtirgani, balki psixologik tayyorgarligiga ham bog‘liqdir. Chunki har qanday sakrash hayajon va tajriba uyg‘unligida kechadi.

Shuningdek, desant parashyut bilan amaliy sakrashdan oldin to‘rt bosqichli – “Parashyut kiyish chizig‘i”, “Guruh komandiri tekshiruv chizig‘i”, “Vzvod komandiri tekshiruv chizig‘i”, “Havo-desant ofitseri tekshiruv chizig‘i” kabi nazoratlardan o‘tadi va shundan so‘ng “uchoq”qa tomon ruxsat beriladi.

Parashyut bilan sakrash tashqaridan qaraganchalik jo‘n va oson ish emas. Buning uchun professional murabbiylar rahbarligida maxsus tayyorgarliklardan o‘tish, mashg‘ulotlar davomida muhim texnikalarni o‘zlashtirish lozim. Bunda har bir desantchi parashyutni o‘zining ajralmas qismiga aylantirishi, tana holatini to‘g‘ri ushlay bilishi, yerga ilk tushish malakasini mukammal o‘zlashtirishi shart. Shu kabi nazorat tekshiruvlari, qolaversa bungacha bo‘lgan yerdagi mashqlarda har jihatdan chiniqqan desantchilar start chizig‘ida vertolyot tomon harakatlanib, so‘ngra havoga ko‘tarildi. Harbiy xizmatchilar bo‘linmasi va o‘zlariga yuklatilgan jangovar vazifadan kelib chiqib, 600 va 1 200 metrgacha bo‘lgan balandlikdan parashyutlar bilan sakradi.

Shu o‘rinda bir ma’lumot. Birgina “yerga qo‘nish” texnikasining o‘zi desantchining bu boradagi mahoratini yaqqol belgilay oladi. Ya’ni desantchi doim qo‘nish lahzalarida tizzalarni yengil bukkan holda, tanasini jarayonga moslashtirishi, qo‘l va oyoq harakatlarini muvofiqlashtirib borishi zarur.

Har bir sakrash – yangi bir sinov. Buni to‘g‘ri tayyorgarlik va muhim qoidalarga amal qilish bilan muvaffaqiyatga aylantirish mumkin.

Yuksak mahoratlarini namoyish qilgan o‘g‘lonlar berilgan vazifalarni a’lo darajada bajarib, belgilangan amaliy mashqlarni muvaffaqiyatli yakunladi.

 

Kapitan Bobur ELMURODOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine