Turonda Shayboniylar hokimiyat tepasiga kelgan davrdan boshlab butun 16-yuzyillik mobaynida faol tashqi siyosat olib borishga harakat qildilar. Hukmronliklarining dastlabki davridayoq ular bilan oldinma-keyin Eronda Safaviylar, Hindistonda Boburiylar hukmronligining o‘rnatilishi natijasida mintaqada uch siyosiy kuchning manfaatlari to‘qnashdi. Manfaatlar kesishgan asosiy nuqta siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Xuroson edi.
Shayboniylarning Hirot va Balxga egalik qilish borasidagi harakatlari ham bu kurashning markazida turdi. Bu masalani hal qilishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishda Shayboniylar va safaviylar faollik ko‘rsatdi. Tarixiy manbalarda Shayboniylar “Yashilbosh”, Safaviylar esa “Qizilboshlar” deb atalgan. Chunki Shayx Haydar davridan boshlab safaviy shayxlarining muridlari boshlariga 12 qizil yo‘llik matodan salla o‘rab yurgan. Bundan maqsad Shayx Haydar muridlari orasidagi birlikni yanada kuchaytirish bo‘lgan. Muhammadxon Shayboniy esa qizilboshlilarga qarshi o‘laroq yashil salla o‘ragani uchun unga “Yashilbosh” laqabi berilgan.
Shayboniylar ham, Safaviylar ham musulmon sulolalar bo‘lsa-da, Shayboniylar islom dinining sunniylik, Safaviylar esa shialik oqimiga e’tiqod qilgan. Bu esa ular o‘rtasida faqat hudud uchun kurash ketmay, diniy ziddiyatlar vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Butun 16-yuzyillik davomida Xurosonni nazorat qilishda Muhammadxon Shayboniy, Ubaydullaxon va Abdullaxon II davrida Shayboniylar ustun turgan. Qolgan paytlarda Safaviylar tashabbusni qo‘lga olishga erishgan. Xuroson uchun kurashda Safaviylar yo‘liga g‘ov bo‘ladigan bir to‘siq bor edi. U ham bo‘lsa, ularning shimoli-g‘arbidagi qo‘shnilari va ashaddiy raqiblari Usmonlilar saltanati hisoblangan. Safaviylarning ikki tomondan bosimga uchrashidan Shayboniylar ustalik bilan foydalanib kelgan.
MUHAMMADXON SHAYBONIY 1507-yili Xurosonning katta qismini egallagach, davlatining chegaralari Safaviy davlati chegaralariga tutashdi. Bu davlatlarning chegaralari tutashgach, ular o‘rtasida siyosiy aloqalar ham boshlanib, bir-birlariga maktublar jo‘natdi. Birinchi bo‘lib Muhammadxon Shayboniy maktub yo‘lladi. Ammo bu maktub saqlanib qolmagan. Maktub mazmunini esa Shoh Ismoilning javob maktubi orqali bilishimiz mumkin. Bu maktubning asosiy maqsadi Muhammadxon Shayboniyning Xuroson yurishidagi muvaffaqiyatlarini va Shoh Ismoil saroyidan Badiuzzamon mirzoning panoh topganidan noroziligini bildirish maqsadida yuborgan. Shoh Ismoil Safaviy 1508-yilning 30-iyulida bu maktubga javob yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ilk maktubida qo‘lga kiritgan yerlari ajdodlaridan unga o‘tganini, shu sababli maqsadi bu yerlarda farovonlik va adolatni ta’minlash ekanini aytadi. Bu maktubi orqali Muhammadxon Shayboniy ochiqchasiga Xuroson uning mulki ekanini bildirib, Ismoil Safaviyning bu o‘lkaga bo‘lgan da’volaridan voz kechishini talab qiladi. Bundan tashqari, Muhammadxon Shayboniy o‘zi hukmronlik qilayotgan hududlarda masjid, madrasa va boshqa imoratlarni ta’mirlash maqsadida Shoh Ismoildan mohir muhandis va ustalarni yuborishni va haj ziyoratini qulaylashtirish uchun Makka va Madinaga boradigan yo‘llarni tartibga keltirishni ham talab qiladi.
Shoh Ismoil javob maktubida, avvalo, xonning maktubini qabul qilgani va xonning istaklaridan voqif bo‘lganini ma’lum qilish bilan boshlab, ikki o‘lka orasida kelib-ketayotgan yo‘lovchilardan Muhammadxon Shayboniyning unga nisbatan dushmanona kayfiyatda ekanini eshitganini yozadi. Bu ma’lumotlarga ishonmasa-da, xonga o‘tmishdagi do‘stliklarini eslatib, ayni bir Allohga va Payg‘ambarga e’tiqod qilishlarini qo‘shimcha qiladi.
Shohning bunday bosiqlik bilan javob maktubini yozishdan maqsadi ayni damda Muhammadxon Shayboniy bilan urushga kirishni istamayotganida edi. Chunki bu vaqtda Shoh Ismoil Eron hududini to‘liq birlashtirish va ko‘chmanchi turkman qabilalarini o‘ziga bo‘ysundirish bilan band edi.
SHOH ISMOIL maktubi davomida maqsadi islom dini dushmanlariga qarshi kurashish ekanini ta’kidlab, bu kurashda Muhammadxon Shayboniyni o‘ziga ittifoqchi bo‘lishini taklif qiladi. Ammo maktubda Shoh Ismoil shialikka bo‘lgan e’tiqodini ham qayd etadi. U Ali va uning oilasiga bo‘lgan muhabbatini ushbu jumlalarda keltiradi:
Sharqdan g‘arbga qadar har yerda imomlar bo‘lsa,
Biz uchun Ali va oilasi yetarlidir.
Bu maktubda yana Ismoil Safaviy yo‘lovchi va savdogarlarning o‘zbeklarning dushmanona harakatlar qilayotgani haqidagi fitna va fasodlarga ishonmaganini va tez orada bu fitnachilarni yo‘q qilib, eski do‘stlik rishtalarini davom ettirishini ham ta’kidlaydi.
Muhammadxon Shayboniy Hirotni egallaganidan so‘ng Xuroson hududlarini o‘ziga bo‘ysundirish uchun kurashni davom ettirishi o‘rtadagi munosabatlarni keskinlashtiradi. Ayniqsa, o‘zbeklar tomonidan Safaviylar tasarrufi doirasida bo‘lgan Kirmon talon-toroj qilingach, Ismoil Safaviy Xuroson uchun qurolli kurashga kirishadi. Xon va shoh o‘rtasidagi bir-birlariga maktub yuborish ham to‘xtamaydi. Ammo maktublar mazmuni o‘zgarib, endi bir-birlariga tahdid va po‘pisa ko‘rinishiga o‘tadi. Muhammadxon Shayboniy Ismoil Safaviyga quyidagi baytni o‘z ichiga olgan maktub yuboradi:
Bizning xarob Iroq mulkiga tamohimiz yo‘qdur,
Makka va Madinani qo‘lga olgandan so‘ng bir ahamiyati yo‘qdur.
Ammo Muhammadxon Shayboniyning bu maktubi ham bizgacha yetib kelmagan.
Bu maktubga javoban Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyga bu baytli maktubni yuboradi:
Har kim Alining quli bo‘lmasa,
Yuz marta Makka va Madinani qo‘lga kiritsa ham ahamiyati yo‘qdur.
Ismoil Safaviy bu maktubini elchisi Qozi Ziyovuddin Nurulloh orqali yuboradi. Shoh Ismoil ushbu maktubida Mashhaddagi Imom Rizoning maqbarasini ziyorat qilish istagini bildirib, bunga hech kim monelik qilolmasligini urg‘ulaydi.
Ikki o‘rtada yozilgan maktublarning oxirgisini Muhammadxon Shayboniy yozadi. Bu maktub 1510-yilda yozilgan bo‘lib, maktubda Ismoil Safaviyni Eron hududlarining dorug‘asi deb ataydi. Shu sababli Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyga qarshi harakatlar qilmasligini va sunniylik mazhabini qabul qilishini ochiqchasiga talab qiladi. Hukmronlik otadan o‘g‘ilga meros ekanini aytib, Turkiston, Xuroson va hatto Eron unga ajdodlaridan meros qolganini va bu hududlarga Muhammadxon Shayboniy haqli ekanini ta’kidlaydi. Agar Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyning istaklarini bajo keltirmasa, jiyani Ubaydulla Bahodirxonni amir va askarlar bilan Safaviylar yurtiga jo‘natishini va bu davlatni tugatishini, agar Ubaydulla Bahodirxon muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, o‘g‘li Temur Sultonni, agar u ham buni uddalay olmasa, shaxsan o‘zi Safaviylarni yo‘q qilishini ma’lum qiladi. Muhammadxon Shayboniy bu maktubni yetkazish uchun Kamoliddin Muhammadxon Obivardiyni tayinlaydi. Bu elchi orqali Muhammadxon Shayboniy Safaviy saroyidan panoh topgan temuriy sultonlarni ham unga topshirishini talab qiladi.
1510-YILNING KUZIDA Shoh Ismoil katta qo‘shin bilan Xuroson yurishiga otlandi. Ismoil Safaviy dastlab Tabrizdan Rayga keldi va bu yerdan Shayboniylar qo‘l ostida bo‘lgan Damg‘on viloyatiga yo‘naldi. Damg‘on hokimi bo‘lgan Muhammadxon Shayboniyning kuyovi Ahmad Sulton Ismoil Safaviyning katta qo‘shin bilan kelayotgani xabarini eshitgach, qal’ani tark etib, Hirotga – Muhammadxon Shayboniy huzuriga ketadi. Bu vaqtda Muhammadxon Shayboniy isyonchi hazoralarni o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida ularga qarshi yurish qilgan va ulardan mag‘lubiyatga uchrab Hirotda qo‘nim topgan edi. Bundan tashqari, qish fasli yaqinlashgani sababli ham qo‘l ostidagi qo‘shinni tarqatib yuborgan va Hirotda kam sonli qo‘shin qolgan edi. Kuyovi Ahmad Sulton Shoh Ismoilning katta qo‘shin bilan kelayotgani haqidagi xabarni aytgach, Turkistonga xabarchilar yuborib, Temur Sulton va Ubaydulla Bahodirxonni o‘z qo‘shinlari bilan Marvga kelishini buyuradi va o‘zi ham Marvga otlanadi.
Muhammadxon Shayboniy Marvga kelgach, qal’a devorlari va burchlarini ta’mirlashni buyurdi. Shoh Ismoil Muhammadxon Shayboniyning Hirotdan Marvga ketganini eshitgach, Mashhaddan Saraxs orqali Marvga kelib, Marvni qamal qilishni boshlaydi. Ikki o‘rtadagi dastlabki jang Marv yaqinidagi Tohirobod qishlog‘ida ro‘y beradi. Shoh Ismoil Dono Muhammad boshchiligidagi qizilbosh qo‘shinining manqiloy(qo‘shinning bosh qismida joylashgan alohida harbiy bo‘linma)ni yuboradi. Muhammadxon Shayboniy ham qizilboshlarning manqiloy qismi yetib kelganini eshitgach, Jonvafobiy do‘rmon va Qanbarbiyni o‘zbek qo‘shinining bir qismiga bosh qilib, qizilboshlarga qarshi jo‘natadi. Tohirobodda bo‘lgan jangda qizilbosh sardori Dono Muhammad o‘ldiriladi va dastlabki jangda o‘zbeklarning qo‘li baland keldi.
SHOH ISMOIL boshchiligidagi qizilbosh qo‘shini qancha harakat qilmasin, Marv mustahkam qal’a bo‘lgani uchun uni egallay olmaydi. Shoh Ismoil butun Turon hududidan Muhammadxon Shayboniyga yordam uchun Temur sulton, Ubaydullaxon, Ko‘chkinchixon o‘g‘illari Abu Said sulton, Abdulla sulton, Abdulatif sultonlar bilan, Sevinchxo‘ja sulton esa Baroqxon laqabli Navro‘z Ahmad sulton va Keldi Muhammad sulton kabi o‘g‘illari bilan katta qo‘shin to‘plab kelayotgani xabarini oladi. Agar bir necha kun ichida Muhammadxon Shayboniyni mag‘lub etmasa, boshqa bunday imkoniyat bo‘lmasligini anglaydi. Shundan so‘ng Ismoil Safaviy qo‘shinini yolg‘ondan chekingandek ko‘rsatib, Marvdan uch farsax uzoqlikdagi Mahmudiy qishlog‘ida pistirmada kutib turadi. Muhammadxon Shayboniy amirlari bilan mashvarat o‘tkazadi. Amirlardan Qambarbek va Jonvafo mirzo yana 2-3 kun kutish va Ubaydullaxon va Temur Sultonlar kelib qo‘shilgach, shahardan chiqib Safaviylarga hujum qilishni maslahat beradi. Lekin bu maslahat Muhammadxon Shayboniyga ma’qul kelmaydi.
Muhammadxon Shayboniyning Mo‘g‘ulxonim nomi bilan mashhur bo‘lgan xotini Oyishabegim esa Muhammadxon Shayboniy Ismoil Safaviyni jangga chorlagani, lekin Ismoil Safaviy jang qilish uchun Marvga kelganida qo‘rqoqlardek qal’aga yashiringani, agar jang qilmasa, Muhammadxon Shayboniy qo‘rqoq hukmdor sifatida nom qoldirishini ta’kidlaydi. Muhammadxon Shayboniy qal’ada bir kun kutgach, ertasi kun qizilbosh qo‘shinini ta’qib qilishni boshlaydi va Siyahob anhoridan o‘tgach, Shoh Ismoil qoldirgan 300 nafar qizilbosh askari anhorning ko‘prigini buzib yubordi.
Mahmudiy qishlog‘ida o‘zbeklar va qizilboshlar yuzlashdi. Har ikki tarafdan surnay va karnay ovozlari ko‘tarildi, burg‘u va suron sadolari baland osmon cho‘qqisidan o‘tdi. Qizilboshlar uzun nayzalari bilan, o‘zbeklar esa qonichar o‘qlarni kamon ipiga qo‘yib, jangga kirishdi. Qizilbosh qo‘shini jangga shay holatda Muhammadxon Shayboniy va uning qo‘shinini kutib oldi va ikki o‘rtada qattiq jang boshlanadi. Shoh Ismoil uch-to‘rt ming otliq sara qo‘rchilardan iborat soqchi qo‘shinini tuyalar qatoridan yasagan pistirmada yashirib qo‘yib, o‘zi esa lashkar qalbidan joy oldi. Muhammadxon Shayboniy qo‘shini qanotlarini Jon Vafobiy va Qanbarbiy bilan mustahkamladi. O‘zbeklar qo‘shini kamon, nayza, qilich kabi qurollar bilan qurollangan bo‘lsa, qizilbosh qo‘shinida zambarak va to‘fang (miltiq)lar ham bo‘lgan.
SAFAVIYLAR o‘zbeklar qo‘shini saflarini buzishda va qo‘shin ichida qo‘rquv uyg‘otishda zambaraklardan foydalangan. Qizilboshlar o‘zbeklarning shijoat bilan jang qilayotganini ko‘rib, yana hiyla yo‘liga o‘tdi. Qizilbosh qo‘shini o‘zini yengilgandek ko‘rsatib, ortga chekinadi. O‘zbeklar esa g‘alaba qozonganiga ishonib, o‘lja yig‘ishga kirishadi. Shoh Ismoil esa o‘zbeklarning o‘lja yig‘ish bilan band bo‘lganini ko‘rgach, tuyalar ortiga yashirgan otliq qo‘shinlarini jangga kirgizadi. Natijada bu jangda Muhammadxon Shayboniy mag‘lubiyatga uchrab, uning qo‘shini tarqalib ketib, chekinishni boshlaydi. Qo‘shinning katta qismi jang davomida o‘ldiriladi, bir qismi esa Mahmudiy anhorida cho‘kib o‘ladi. Muhammadxon Shayboniy ham o‘lgan askarlari jasadlari va otlarning ostida qolib halok bo‘ladi.
Shoh Ismoil Hirot shahrini qo‘lga olgach, sunniy aholiga tazyiq kuchayib, aholini shialikka o‘tkazish ishlari boshlandi. Kim shialikni qabul qilmasa, qattiq jazolandi. Hatto Hirot shayxulislomi Sayiddin Ahmad ibn Qutbiddin Yahyo ibn Muhammadxon ibn Mas’ud at-Taftazoniy shialikni qabul qilmagani uchun Shoh Ismoil tomonidan qatl etildi. Sayiddin Ahmad Taftazoniy tafsir, hadis va fiqh ilmida davrining yagona shayxullohi bo‘lib, Sulton Husayn Mirzo davrida Xurosonda o‘ttiz yilga yaqin shayxulislomlik qilgan.
Abdullajon USMONOV,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi