Sizdan jangchi chiqadimi? Shu haqda hech o‘ylab ko‘rmaganmisiz? Bu masalaga jiddiy qarash kerak, aka. Sovuqqon bo‘lmang. Ruhingizni chiniqtiring. O‘shanda siz eng zo‘ri bo‘lasiz. Chunki har bir qalbda bir botir bor, deyishadi. Ajab emas, yillar davomida jismingizda orom olib kelayotgan “jangchi” daf’atan hayqirsa.
Xullas, bu mavzuda keyinchalik ham gurunglashamiz. Qolaversa, men sizga ishonaman. Albatta, o‘z-o‘zingizni kashf etasiz.
Yaqinda AQShning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida “Eng ilg‘or jangchi – 2025” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda bizning vakillar ham qatnashdi. Ha, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari – kichik serjant Alishoh Abdullayev va III darajali serjant Shohrux Jovkashevdan iborat juftlik.
Bahslar bir necha kun davom etdi. Harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlarida musobaqaga kirishdi. Bu shart o‘z ichiga 6 ta mashqni qamrab olgan. Shuningdek, jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish va tunda
15 kilometr masofaga oriyentirlash shartlarida mahoratlarini amalda ko‘rsatdi.
15 kilogramm yukni ko‘targan holda 20 kilometr masofaga marsh yugurishda kimning irodasi mustahkam, kim mahoratli ekani yuzaga chiqdi. Jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida
500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar shay holatga keltirish kabi vazifalar ham o‘zbek o‘g‘lonlarining ajdodlariga munosib voris ekanini namoyon etishga xizmat qildi. Qatnashchilarning merganlik mahorati esa turli usul va sharoitlarda o‘q otish shartida baholandi. Tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar ham jamoamiz tomonidan ishonch bilan bajarildi.
– Musobaqada 20 ta jamoa ishtirok etdi, – deydi kichik serjant Alishoh Abdullayev. – Ta’kidlash kerakki, har bir qatnashchi bahslarga jiddiy hozirlik ko‘rgani ilk shartlardayoq namoyon bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, bor salohiyatimizni ishga solib, munosib kurash olib bordik. Albatta, bunda ustoz va komandirlarimiz ko‘magida egallagan harbiy bilim va ko‘nikmalar qo‘l keldi. Men ana shu musobaqalarda bir xulosaga keldim: kim o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lishni istasa, unda o‘rganishdan, izlanishdan va eng asosiysi, xato qilishdan qo‘rqmasligi kerak. Chunki yangi bilimlarni egallamay, uni nazariy yoki amaliy jihatdan qo‘llamay turib, tajriba orttira olmaysiz. Va yana har kimning ichida bir jangchi bor. Faqat uni vaqtida “uyg‘ota” olish kerak, xolos. Dengiz ortidagi bahslarda esa ichimizdagi o‘sha “jangchi”larni kashf etib, hayqirtirdik. Bundan keyin bu shijoatning so‘nishiga aslo yo‘l qo‘ymayman. Bir soniya bo‘lsinki, o‘rganishdan to‘xtamayman. Chunki gardanimda Vatanimning tinchligini asrashdek ulug‘vor mas’uliyat bor. Demak, bizning xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q.
Aytdim-ku, inson o‘ziga, kuch va imkoniyatlariga to‘liq ishonsa, yo‘lda uchragan turli to‘siq va qiyinchiliklarga bardosh bera olsa, qaytmasa, u albatta muvaffaqiyat qozonadi. Bunga misol qilib, “Eng ilg‘or jangchi” musobaqasini keltirish mumkin.
Bir o‘ylab ko‘ring, o‘zga muhit, o‘zga sharoitda olib borilgan bellashuvlarda ishtirok etish kishini ruhini qanchalar sinovdan o‘tkazadi. Chunki odam bir joyga moslashishiga bir necha kun kerak bo‘ladi. Ammo harbiy xizmatchilarimizga atigi ikki kun vaqt berilgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, qalbi yurtning dardida fig‘on urgan azamatlar egallagan bilimlariga ishonib, bildirilgan ishonchni oqlash uchun qiyinchiliklarga e’tibor qaratmadi. Olg‘a yurdi. To‘siqlarni matonat bilan yengib o‘tdi. Dengiz ortidagi raqiblarini o‘z yurtida, o‘z qurollari imkoniyatlaridan tezkor foydalanib, mag‘lub etdi. Berilgan shartlarni kutilganidan-da, a’lo darajada bajardi. Boisi ularning tomirida dunyoni lol qoldirgan bobolarimiz qoni oqmoqda. Nigohlarida ularning qat’iyati ufurib turibdi.
– Bilasizmi, har bir ustoz uchun o‘z shogirdlarining muvaffaqiyatlarini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak, – deydi III darajali serjant Abdurasul Tuyg‘unov. – Bugun men ham ana shu hislar qurshovidaman. Chunki mehnatlarimiz besamar ketmadi. Ikki nafar safdoshim, izdoshim va eng muhimi shogirdlarim musobaqada g‘alaba qozonib qaytdi. Ushbu bahslarda men ham 2023-yilda ishtirok etganman. O‘shanda shaxsan o‘zim bir qancha shartlarda rekordlar o‘rnatgan edim. Bugun esa u natijalarni shogirdlarim yangiladi. O‘zi umuman, harbiylarimiz mazkur bahslarda yangidan yangi rekordlarni qayd etib kelyapti. Lekin shartlar murakkab. Hamma ham ularni birdek bajara olmaydi. Kerak bo‘lsa, yillar davomida tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Biroq Vatan sha’ni va obro‘yini or bilan yuksaltirib, safdoshlarimiz ana shu kurashlarda bir necha yildan buyon birinchilikni qo‘ldan bermay kelyapti. Demak, harbiy xizmatchilarimiz jangovar shayligi, jismoniy imkoniyati va ruhiy chidamliligi bu musobaqada har safar o‘zbek o‘g‘lonlari sharaflanib, e’tirof etiladi.
Ta’kidlash kerakki, harbiy xizmatchilarimiz “Eng ilg‘or jangchi” musobaqasida 5 yildan buyon ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Bu yutuqlar zamirida esa hukumatimiz tomonidan barcha sohalar singari milliy armiyamizning kuch-qudratini yanada oshirish, saflardagi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar yotibdi.
– Jangchiga berilgan vazifa qanday sharoit va muhitda bo‘lmasin, yuqori darajada bajarilishi kerak, – deydi III darajali serjant Shohrux Jovkashev. – Chunki u shunga o‘rgatiladi va o‘qitiladi. Bunda bahonalar ketmaydi. Ayrimlar hayajonga berildim, deydi. Men bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki undaylar qo‘rquv ta’siriga tushib qolgan bo‘ladi. Shuning uchun biz kundalik mashg‘ulotlarda ruhiy quvvatni oshirish, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga jiddiy ahamiyat qaratamiz. Natija esa hozircha yomon emas. Va bundan keyin ham o‘zimdagi ana shu darajani ushlab qolishga astoydil harakat qilaman. Musobaqa xususida to‘xtaladigan bo‘lsam, shartlar haqiqiy vaqt mezonlari asosida olib borildi. Shuning uchun tana a’zolari bilan birga aqlni ham birlashtirish kerak edi va biz shunday qildik. Marraga borish, nishonlarni tezkor yo‘q qilish, tunda harakatlanish, xullas, har bir jarayonda nafaqat jismoniy imkoniyatlar sinovdan o‘tadi, balki bilimingiz ham vaziyatni o‘nglash uchun qo‘l keladi. Alaloqibat, maydondagi raqiblaringiz ustidan qadam-baqadam g‘alaba qozona boshlaysiz. Qisqasi, mazkur nufuzli musobaqada Yangi O‘zbekistonning milliy armiyasi kuch-qudratini yana bir bor amalda isbotladim.
Darvoqe, harbiy jangchilarimiz ushbu musobaqada AQSh Milliy gvardiyasining maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan o‘zaro kuch sinashdi. Demak, bahslar naqadar og‘ir kechganini to‘liq anglashingiz uchun shu yetar-a? Aytmoqchimanki, raqiblar oddiy emas, balki professional bo‘lgan. Biroq shunga qaramay, harbiylarimiz ularning ustidan zafar quchib keldi.
O‘zbekiston jamoasining musobaqadagi natijalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yigitlarning haqiqiy mahorat egasi ekaniga guvoh bo‘lamiz:
Jamoaviy bahslarda vakillarimiz 15 kilogramm yuk bilan
20 kilometr masofani 1 soat-u 50 daqiqa ichida bosib o‘tdi. Shuningdek, yakka tartibdagi bellashuvlarda III darajali serjant Shohrux Jovkashev
3 kilometr-u 219 metr masofaga 11 daqiqa-yu 18 soniyada yetib keldi. Kichik serjant Alishoh Abdullayev esa 250 metr masofada joylashgan majmuaviy mashqlardagi to‘siqlarni 1 daqiqa-yu
18 soniyada yengib o‘tib, 5 kilogramm og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirdi. Bu esa barchani hayratda qoldirdi. Qisqasi, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordlarini yangiladi. Yakunda g‘oliblar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Chunki ushbu bellashuvlarda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, takrorlanmas natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Bu fikrlar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Eng ilg‘or jangchi”larni tantanali kutib olish tadbirida ham alohida ta’kidlandi. Marosimda harbiylar yutug‘i mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, deya e’tirof etildi. Umuman olganda, mard va jasur o‘g‘lonlarimiz Yangi O‘zbekistonning harbiy xizmatchilari nimalarga qodir ekanini amalda ko‘rsata oldi. Va davlatimiz, xalqimiz bildirgan yuksak ishonchni a’lo darajada oqladi.
Darvoqe, so‘zim boshida har bir insonning ichida bir jangchi bor, degan edim. Esingizdami? Unda yaxshi. Demak, tinchlikka qalqon o‘g‘lonlar o‘sha “jangchi”larni to‘g‘ri yo‘lga solib, ularni yanada rivojlantirib kelmoqda. Natijada xalqaro maydonda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda takror va takror davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland hilpirayapti. Siz-chi, qachon “jangchi”ni ishga solib, zafarlar keltirasiz?
Kapitan Shohrux SAIDOV,
“Vatanparvar”