Juma, May 30, 2025
Homemaqolalar“U KUNLARNI ESLASAM, O‘PKAM TO‘LIB KETADI...”

“U KUNLARNI ESLASAM, O‘PKAM TO‘LIB KETADI…”

Odatda insonga tilak bildirilganda “umri uzoq, tani sog‘, rizqi butun bo‘lsin”, deyiladi. Uzoq umr esa 100 yosh orasi bilan o‘lchanadi. Shunday ulug‘ yoshni qarshilayotgan insonlarning ziyoratida bo‘lish, ularning duosini olishga oshiqish bizning odatlarimizga xos. Ular ulug‘ yoshga kirgani uchun emas, shuncha vaqt davomida hayot sinovlariga bardosh bergani, bir asr tarixga guvoh bo‘lgani uchun hikoyalarini eshitish juda maroqli.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida umrguzaronlik qilib kelayotgan Hasanboy ota ham shu yil 100 bilan yuzlashdi. Qahramonimiz bilan suhbatlashish maqsadida u kishi yashayotgan manzilga yetib bordik. Otaning uy peshtoqiga “Bu xonadonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xolmatov Hasanboy istiqomat qiladi” degan lavha osig‘liq turardi…

“Yerni Oshni damlagandek damlagandim”

– Ota-onam dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Eshakka omoch qo‘shib yer haydashni boshlaganimda, chamasi, 10 yoshlarda edim, – deydi Hasanboy ota Xolmatov. – Juda maroqli mashg‘ulot edi. Ekin uchun yer tayyor, endi urug‘ni qadasak bo‘lgani… ammo otamning bir sinovi ham bor ediki, undan o‘tish uchun ko‘proq ter to‘kishimga to‘g‘ri kelardi. Tuxumdek kattalikdagi toshni qo‘liga olgan otam uch-to‘rt quloch balandlikka otardi. Qaytib tushgan tosh haydalgan yerga botmasdi. Yerni qayta haydashimni aytardi. Bu hol bir necha marotaba takrorlangandan keyingina tosh yerga botardi. Shunda otam “Yerni oshni damlagandek damlabsan”, derdi. “Damlangan” yerga ekilgan oq jo‘xorining hosili juda ham yaxshi bo‘lardi…

Tomorqamizning bir qismini oftob tig‘ida uch oy kuydirardik. Sentabr oyida esa kuydirilgan yerga uch bargli sabzi ekardik. Hozirgidek qizil va sariq emas, u vaqtlarda oq sabzi ekilardi. Kichkina joydan ham tonnalab hosil olinardi. Noyabr oyining oxirlarida qirg‘izistonlik kirakash yigitlar tuyalarda kelib, yetishtirgan hosilimizni Andijondan Marg‘ilonga yetkazib berardi. Men ham o‘sha paytlarda otamga ergashib bozorga borardim.

U davrlar bolalikning shirin xotiralari sifatida esimda qolgan. Hech qachon unutmayman. Ayniqsa, onamning biz uchun pishirgan taomlari, otamning bizga bergan o‘gitlarini doim qo‘msayman. Ularning gashti boshqacha edi.

 Frontga yo‘l

– Yoshim 18 ga yetganida meni ham armiya safiga chaqirtirishdi. Qisqa muddatli tayyorgarlikdan keyin 1943-yilning dekabr oyida bizni front chizig‘iga olib ketayotgan eshelonga dushman samolyotlari tomonidan hujum uyushtirildi. Kimdir u tomonga yashiringan, kimdir so‘l tomonga. Biz ko‘pchilik bo‘lib yonimizdagi o‘rmon tomon yugurdik. Barcha millat va davlatdan urushga safarbar qilingan norg‘ul yigitlar o‘z tillarida “Ona!” deya baqirgancha yugurardi. Urush biz uchun shu tariqa boshlangandi.

Frontda tankka qarshi to‘plarga snaryad yetkazuvchi vazifasida bo‘ldim. Bitta to‘pni o‘qlash, mo‘ljalga olish va otish vazifasini 5 kishi bajarar edi. Men jamoaning 5-a’zosi edim. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan 150-200 metrcha chamasi uzoqlikda joylashtirilgan snaryadlarning og‘irligi 15 kilogrammni tashkil qilar, bitta qutida 3 dona to‘p o‘qi bo‘lib, uning og‘irligi 45 kilogramm edi. Ikki qo‘lim bilan ikkita qutini tortib, orqa kuragimda esa yana bitta qutini opichlab kelaman. Umumiy hisobda 135 kilogramm vazndagi yukni to‘pga yetkazib beraman. Vazifamizning og‘ir tomoni shunda ediki, tinim yo‘q edi. To‘xtab qolishning oqibati og‘ir bo‘lishini barchamiz yaxshi bilardik.

Bir safar snaryadlar joylashgan joyga borganimda to‘p ustiga dushman o‘qi kelib tushdi. Jamoadan bitta men tirik qoldim… U kunlarni eslasam, o‘pkam to‘lib ketadi.

G‘alabani Berlinda kutib oldik. Hamma xursand. Shunda ko‘pchilik jangchilar devorga ismi va manzilini yozayotganiga ko‘zim tushdi. Men ham yozmoqchi bo‘ldim, ammo bo‘sh joy qolmagan edi. Shunda quroldosh do‘stimizning yelkasiga chiqib, teparoqdan bo‘sh joy topdim-da, ismim, manzilim va millatimni yozdim. Oradan yillar o‘tib, 1972-yili Berlinga borganimizda yozganimning yarmi o‘chib ketganini, ammo “Hasanboy, Andijon” degan jumlalar hali ham devorning tepa qismida borligidan xursand bo‘ldim. Yana bir bora o‘sha kunlarni xotirlagandik.

Uyga qaytish

– Urush tugagan bo‘lishiga qaramasdan, bizni 1950-yili uyimizga qaytarishgan. O‘shanda opam men uchun bir qizni ko‘z ostiga olib yurgan ekan. Qaytishim bilan to‘y qilib, o‘sha qizga uylanganman. Men 26 yoshga to‘lganimda katta o‘g‘lim dunyoga kelgan. Birin-ketin 9 farzandli bo‘ldik. Ikkisining umri qisqa ekan, peshonamizga bitmadi. Qolgan barchasini uyli-joyli qildik. Urushdan keyingi hayotim va faoliyatimni Bekobod shahrida o‘tkazdim. Bu orada metall, g‘isht zavodlari va Sirdaryo GRESda ishladim.

“O‘zimga xiyonat qilmadim”

– Ortda qolgan umrimga qarab turib shuni angladimki, har qanday holatda ham halol va poklikka intilish kerak ekan. Negaki, umr baribir o‘tar ekan. Uni to‘xtatishning imkoni yo‘q. Ammo yoshing o‘tib, vijdoning oldida hisob berayotganingda ko‘ngil og‘riydigan amallarni qilmaganing xotirjamlik bag‘ishlar ekan. Halovat topar ekansan.

Bir umr oylikka qarab yashadim. Oilam shunga qanoat qildi. Rahbarlik lavozimlarida ishlaganimda ham, uni suiiste’mol qilmadim. Eng asosiysi, o‘zimga xiyonat qilmadim.

 O‘zbek ofitserlari

– Bekobod shaharchasining o‘zida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 600 dan ortiq edi. Bugun esa 2 nafar qolibmiz. “Uch avlod uchrashuvi”, “Ochiq eshiklar kuni” va harbiylar bilan turli uchrashuvlar chog‘ida harbiy qismlarga boramiz. Bugungi kun sharoitlarini ko‘rib, to‘g‘risi, ko‘zimga yosh keladi. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor… Dorilamon kunlarning qadriga yetish kerak. Tinchlikni qadrlash kerak.

Uchrashuvlarda yoshlar urush haqida ko‘proq gapirishimizni so‘raydi. Ammo u kunlarni ko‘rish u yoqda tursin, eslashning o‘zi insonni ruhiy azoblaydi. Shuning uchun o‘sib kelayotgan bolalarimizga doim ta’kidlaymanki, urushning nomi o‘chsin, hech qachon urush bo‘lmasin! Jang maydonida o‘tgan har daqiqaning o‘tishi shunchalar qiyinki, bir soniyadan keyin nima bo‘lishini aytish qiyin. Topishdan ko‘ra yo‘qotishlar ko‘p bo‘lgan. Yangi kiyim kiymadik, qornimiz to‘yib ovqat yemadik…

Bugungi kunlarning shukronasini qilish kerak. Faqat yaxshi yashash, o‘qish va intilish kerak. Bugungi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bizda bo‘lgan emas. Hatto tasavvur ham qilolmaganmiz. Shu Vatanni sevish kerak, uni ko‘z qorachig‘iday asrash kerak.

 

Sherzod SHARIPOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine