Juma, May 30, 2025
Homemaqolalar“ONAJON, BU MA’RUFNING QUSHI”

“ONAJON, BU MA’RUFNING QUSHI”

Toshkentdan Qashqadaryoga kelishda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumaniga tegishli ko‘chalardan biriga kiraverishda yo‘l chetida o‘rnatilgan peshtaxtada yozilgan bitiklar doim xayolimni olardi. “Bu ko‘cha yurtimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida jonini fido qilgan mard va jasur Vatan himoyachisi, “Jasorat” medali sohibi katta serjant Ma’ruf Rajabov nomi bilan ataladi”.

Bu so‘zlar yuragi bor har qanday insonning ko‘nglida Vatan ozodligi, tinchligi qanchalar qimmatli ekanini anglashga undaydi. Bu safar peshtaxta oldidan shunchaki o‘tib ketolmadim. Suratda muhrlanib qolgan o‘tkir nigohlar nimalardir so‘zlardi. Bus-butun jasoratdan iborat bo‘lgan bu yigitning taqdiri, hayoti meni judayam qiziqtirdi. Yuragimni timdalab turgan tushuniksiz tuyg‘ularga, balki, shu yo‘sin taskin berarman, degan xayolda qahramonimiz yashagan xonadonga yo‘l oldim. Ostonada tuproqdek xokisor bir onaxon kutib oldi.

–  Keling, bolam, sizga qanday yordamim tegadi? O‘g‘lim uyda yo‘q edi.

Kelishimning muddaosini tushuntirdim. Ko‘zlarimga siniq nigohda termildi-da, uyiga taklif qildi.

Onaizor shunday hikoya qildi:

– Ma’rufjonni boshqacha yaxshi ko‘rar edim, ko‘zlari tip-tiniq, tabassumidan ko‘nglim yorishardi. Aslida bir farzandni ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydi, lekin u boshqacha edi. Boshqa bolalarga o‘xshamas, go‘yo hayotni ertaroq tushunib yetgan-u, bizning ko‘nglimizga qarab yashayotgandek edi. Tabiatni sevar, borliq bilan tillashardi. Bir necha bor kuzatganman, yaproqlarga quloq tutgancha ularga nimalardir pichirlayotganini. “Hoy bola, kimga gapiryapsan?” desam, cho‘chib ketardi. “Jim” deb imo qilardi. “Har maysa, har yaproq bir hikmat so‘zlarkan, ona, ularning tili, vazifalari bor ekan, kitobda o‘qidim. Katta bo‘lsam, hammasining tilini o‘rganaman. Ularning dardlariga quloq solaman. Keyin gullar so‘lib qolmaydi, daraxtlar qurib qolmaydi, ona”, degan edi bir safar. Uning kattalardek so‘zlashidan hamma hayratda qolardi. Na yoshlik kezlari, na yigitlik chog‘lari bo‘lsin, ortidan yomon gap eshitmadim. Maktabdan ham doim menga maqtov olib kelardi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham og‘zidan bol tomib maqtardi. Ko‘z tegdimi, bilmadim…

Bir kuni uyimizga bir qanoti yarador qirg‘iy bolasini ko‘tarib keldi. Avvalboshda qo‘rqdim, qushning kasali bor bo‘lsa-chi, deb o‘ylab, urushib berdim:

– Qayerdan topgan bo‘lsang, o‘sha yerga tashlab kel!

Yig‘lab yubordi.

– O‘lib qoladi, ona, buning ham joni bor, onasi bor, davolab, keyin uchirib yuboraman. Dalaning daydi itlari unga tashlanib yemoqchi bo‘layotgan ekan, ulardan qutqarib uyga olib keldim, – dedi.

Ko‘zlariga cho‘kib qolgan iltijodan nima deyishimni bilmay qoldim. Ma’rufjonning talabini rad qilishning imkoni yo‘q edi. Bolaginamning bir qushning himoyachisi bo‘lganini ko‘rib, ertaga yurtining, tuprog‘ining ham qo‘riqchisi bo‘lishi ko‘z oldimda gavdalandi (adashmagan ekanman). Ko‘nglini sindirib qo‘yishdan qo‘rqardim. Xullas, qushni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab ulg‘aytirdi, o‘zi yemagan ovqatlarni berib boqdi. Yelkasidan yerga qo‘ymasdi. Maktabidan kelishi bilan qush jon-jahdi bilan uchib, Ma’rufjonning qo‘llariga qo‘nardi. “Hoy bola, bu bir qush bo‘lsa, bir kuni ko‘zingni o‘yib olmasin”, deb koyirdim. “Onajon, bu oddiy qush emas, bu Ma’rufning qushi”, deya jilmayardi.

Bir safar o‘g‘lim maktabga ketgach, qush ham uchib ketdi. Shu bo‘yi qaytmadi, izlamagan yeri qolmadi bolamning, kasal ham bo‘lib qoldi. O‘rganib qolgan ekan. Rosa qiynaldi bolam bechora. So‘ng taqdirga tan berdi, lekin kap-katta yigit bo‘lib qolgan kezlar ham o‘sha qushini kutardi.

Ma’rufjonda harbiylikdan ko‘ra ijodkorlikka muhabbati kuchliroq deb o‘ylaganman avvalboshda. Katta o‘g‘lim harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirganidan so‘ng qiziqib ketdi chamamda. Akasi uyga keldi deguncha kiyimlarini katta qilib kiyib olardi, qo‘llarini boshiga qo‘yib, “Vatanimga xizmat qilaman! Vatanimga xizmat qilaman!” deya zavqqa to‘lib yugurib yurardi. Hech kun yo‘qki mendan keyin uyg‘ongan bo‘lsa, saharlab turib, maktabimizning stadioniga yugurib kelib, akasidan o‘rgangan mashqlarini takrorlardi.

Anavi ko‘rinib turgan turnik ham Ma’rufjondan esdalik.

Bolam maktabni a’lo baholarga tugatgandan so‘ng Samarqanddagi Pedagogika va jismoniy tarbiya bilim yurtiga o‘qishga kirdi. U dargohda ham ustozlar e’tiborida bo‘ldi, bir necha bor tashakkurnomalar olgan oliygoh ma’muriyatidan.

Ufqning ko‘zlari qizarib, quyoshning tafti so‘nib, kunbotar mahallar so‘riga joy tashlab, otasiga choy damlab turgandim Ma’rufjon kelib qoldi. “Onang o‘rgilsin, kel, bolam”, deb qosh-ko‘zlaridan o‘pdim. Qarasam, sochlari olingan. “Ha, bolam, askarlardek bo‘lib olibsan?” “Men ketyapman”. “Qayoqqa, bolam?” deb so‘rasam, yuragim dukullab, harbiy xizmatga ekanini aytdi. O‘qishing bor-ku, bolam, desam, qaytib kelib bitiraman, dedi. Keyin bilsam, o‘zi da’vogar bo‘lib Vatanimga xizmat qilay, deb ariza yozib ketgan ekan. Tongda uyg‘onib, otasidan, mendan duo oldi, kuzatgani chiqaylik, desam, unamadi.

Kunim qursin, shu ketishda qaytib kelmadi.

Onaxon jim qoladi shu yerda. Na men qolgan tafsilotlar haqida so‘ray olaman, na onaxonning o‘zi aytib beradi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshlari Ma’rufjonning suratiga chakillab tomib turibdi. Suratni bag‘riga bosgancha “Qahramon bolam”, deb oh-u fig‘onidan yer-u samo larzaga keladi.  Boshqa gapirolmaydi.

Hech odamga bunday judolik o‘tida kuyish nasib qilmasin. “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin”, deb duo qilardi otam. Endi anglagandek bo‘lyapman xalqimiz ichida duoga aylanib ketgan bu iborani. Bugungi dorilamon kunlarni orzu qilgan ota-bobolarimiz boshidan ne-ne musibatlar o‘tmagan deysiz. Ikkinchi jahon urushida ham qanchadan qancha onalarning oh-u faryodi ko‘kni titratgan. Bugungi yorug‘ kunlarga kelguncha millionlab qahramon yigitlarimiz dushmanlar o‘qiga ko‘ksini qalqon qilmadi, deysiz.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning bir she’rida shunday misralar bor:

Bir kuni

bir alvon

zamon bo‘ladi,

Zamin uzra

omon-omon bo‘ladi.

O‘n yilmi,

Yuz yilmi o‘tib oradan,

urushlar, nizolar ketib oradan,

To‘plar adirlarda bug‘doy o‘radi,

Tanklar dalalarda paxta teradi.

She’rda aytilgan dorilamon kunlarga yetib, ko‘ksimizga endigina tegib turgan shamolning taftidan baxtiyor chog‘larda Vatanimiz tinchligiga daxl qilmoqchi bo‘lgan bir guruh terrorchi g‘alamislar yurtimiz sarhadlarini buzib kirmoqchi bo‘ladi. Bundan xabar topgan milliy armiyamiz posbonlari muqaddas tuprog‘imizga terrorchi to‘dalar kirib kelishining oldini olish uchun o‘z ko‘ksini qalqon qiladi. Ana shunday mard, jasur o‘g‘lonlar orasida Ma’ruf Rajabov ham bor edi. U jangovar harakatlarda yuksak vatanparvarlik va jasorat ko‘rsatib, dushmanlarga qarshi mardonavor kurashdi. Ammo jangda og‘ir yaralanib, qahramonlarcha halok bo‘ldi. Bugunimizni shu mo‘jazgina she’rga joylab qo‘ygan shoirimizning orzulari bus-butunligicha ro‘yobga chiqdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu orzularning ro‘yobi yo‘lida Ma’ruf Rajabovdek qahramonlarning xizmati hech qachon unutilmaydi.

Onaxon bilan xayrlashib, yo‘lga tushaman. Ko‘z oldimda jang maydoni, Vatan tinchligi yo‘lida jonfido qilgan posbonlarimiz qad rostlaydi. Ularning ko‘zlaridagi olov hanuz barhayot, hanuz Vatanimiz chegaralarida boshini baland ko‘tarib, mardona turibdi.

 

Muhammadali G‘AFFOROV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine