Yakshanba, Iyun 1, 2025
HomemaqolalarYUNON YOZUVCHISI SAMARQAND VA BUXORODA

YUNON YOZUVCHISI SAMARQAND VA BUXORODA

Men o‘zimni sehrli ertaklar shahrida, “Ming bir kecha”dagi shaharda his qilyapman.

…Men yana bir necha kun hali Samarqand jamolidan to‘yish va farzni ado etish uchun qolaman. So‘ng Buxoro! Oh! Naqadar mo‘jiza u yerdagi Dunyo!

…Oh! Til va lug‘at ojiz. Bu shaharni ko‘rishim bilan she’rlarim menga ma’nosiz, ta’msiz va rangsiz tuyuldi.

…shahar o‘zining sharqona jozibasi bilan Quddusni dog‘da qoldiradi. Bu yer Sharqning yuragi.

 

1929-yil 11-mart kuni taniqli yunon yozuvchisi Nikos Kazandzakis Uzoq Sharq va Sibirga safaridan keyin Moskvaga qaytadi. U yerda Turkistonga borish uchun ruxsat so‘raydi. Bir haftada ham hukumatdan javob ololmagan yozuvchi sayyoh ko‘hna tamaddun beshigi – Turonzaminga ijozatsiz borishga qaror qiladi. Va yo‘lga chiqadi.

Toshkentga yetib kelgan Nikosdan hech kim hujjat talab qilmaydi. U bundan buyog‘iga xavf yo‘qligiga umid qilib, bolaligidagi orzusi Samarqand, Buxoro, Marv sari oshiqadi.

Yuqoridagi iqtiboslar ana shu sayohat davomida yozilgan maktublardan olingan. Bu maktublarni o‘qir ekansiz, ko‘rkam va latofatli Turkiston ko‘z o‘ngingizda yaqqol namoyon bo‘ladi. Cho‘lpon she’rlari ta’mini sezasiz.

Yana shu narsa ayon bo‘ladiki, bolsheviklar hukmronligining ilk davrlari, ya’ni XX asr boshlarida Turkiston haqida bitilgan xotira va esdaliklarning mustamlakachilar tomonidan naqadar tuban niyat va qarashlar bilan yozilganini anglaysiz.

Krit orolida tug‘ilgan yunon farzandi, Afrika, Osiyo va Yevropaning bir qator mamlakatlarini kezib chiqqan mashhur adib Nikos Kazandzakisning sermahsul ijodi kishini hayratga soladi. U adabiyotning ko‘p janrlarida ijod qilgan. Nikos Kazandzakis drama, she’riyat, romannavislik, publitsistika, nasrning o‘ziga xos turlari: tarixiy esselar, sarguzasht qissalar, hikoyalar, shuningdek teatr va kino uchun ssenariylar, bolalar uchun o‘quv kitoblari bilan ham o‘z davrida katta shuhrat qozondi. Ssenariylarining eng mashhurlari “Muhammad alayhissalom” va “Budda”dir.

Endi bundan roppa-rosa
96 yil burungi aynan mart oyidagi  Samarqand va Buxoroga Nikos Kazandzakis ko‘zlari bilan boqing.

Uning muhabbat va shavqi sizga ham yuqadi shubhasiz.

Nikos KAZANDZAKIS

SAMARQAND – SHARQNING YURAGI

Turkiston. 1929-yil 26-mart

Biz Toshkentga yetib keldik. Endi Samarqand tomon oshiqmoqdamiz. Hech kim mendan hujjat talab qilmadi, demak, boshqa hech qanday xavf yo‘qligiga umid qilsam bo‘ladi. Ertaga peshinga qarab men Iskandar va Amir Temurning mashhur shahriga qadam qo‘yaman. Men bundan behad baxtiyorman, ammo bir vaqtning o‘zida afsusdaman, chunki siz men bilan birga emassiz. Men o‘z olmalari bilan mashhur Toshkentdan keyingi birinchi bekatda bir necha daqiqa tushib qoldim. Hamma yoq qorong‘i edi. Ammo men u yerda mo‘jizaviy olmalarni ko‘rdim. Qo‘llarimga sig‘ganicha olganimda poyezd qo‘zg‘algan edi. Men yugurdim. Unga osilib chiqib oldim. Ajoyib olmalar, men yangitdan his qildim, bir kun kelib o‘lsam, qabrim uzra turganingizda hayotimning eng katta quvonchlaridan biri mevalar bo‘lganini unutmang. Va ulardan menga ko‘proq olib keling. Qachonki men ulardan to‘yib, so‘ng “ta’til”ga chiqay.

 * * *

Aziz do‘stim!

Men Turkistonga ijozatsiz kirib keldim, chunki Samarqand-u Buxoroni ko‘rish mening orzum edi. Bolaligimdan buyon bu shaharlar meni o‘ziga tortadi. Men buni o‘zimga farz deb bildim va bo‘ynimdan soqit qilish uchun men u yerlarni ziyorat qilishga majbur edim.

Qanchalik ko‘p sayohat qilsam, shunchalik sayohat uchun faqatgina hurlik ehtiyoji zarurligini ko‘p his qilardim. Ruhim va yuragimni qayg‘uga g‘arq qilgan barcha hislarni yengish va ulardan o‘zimni xalos etishga qodir emasman. Ularga yo‘liqqan paytim esa faqatgina yorug‘ kunlar sari intilardim.

O‘rusiya endi ortda qoldi. Menga u tomondan endi biror tahdid xavf solmaydi. Men ham uni orzu qilmayman. Hammasi tugadi. Bu xuddi mo‘jizaga o‘xshardi. Behad mamnunman. Volga daryosi ikki kiprigim orasidagi katta Vena kabi oqadi. U hali-hanuz ko‘z o‘ngimda. Men buni inkor etmayman, u mening qonimga aylandi. Agar biror narsani orzu qilsam, men O‘rusiya bilan, yana Falastin, Ispaniya, Sinay cho‘qqisi, yunon orollari, xullas, ko‘rganlarimning barchasi bilan birga bir narsani orzu qilmoqdaman, chunki biz bir tan-u bir jonmiz. Sirena bo‘lsa, non va moyga o‘xshaydi. Va u meni boqadi. Men undan mamnunman, chunki tez-tez yuragimni otashin tizim kabi his qilaman.

Tun edi. Biz Toshkentga keldik, ammo men u yerda to‘xtamadim, chunki men Samarqand sari oshiqardim.

Ertaga peshinda men u yerda bo‘laman. Buyuk Iskandar, Temur, u sevgan ayol Bibixonim… Men mashhur masjidlarni ziyorat qilishni intizorlik bilan kutardim. Ana endi yo‘lda ketayotib, men nihoyat Sharqqa qadam qo‘yganimni his qildim. Qorlar erib borar, Amudaryo va Orol asta-sekin muzlardan xalos bo‘lar edi. So‘ngra Qozog‘istonning bepoyon cho‘llari yastanib yotar, keyin ikki teva, tomlari kosaga o‘xshagan uylar, xilma-xil rangli kiyim kiygan erkak va ayollar, so‘ng qishloqlarda bo‘y cho‘zgan minoralar bo‘m-bo‘sh olmazorlar va hozir xazon bilan qoplangan, bir necha kundan so‘ng sabza uradigan o‘simliklar bilan qoplanadigan Zamin va Quyosh.

Ozodlik, yorug‘lik, sokinlik. Osiyo yuragida yana bir yoqimli bahor hukmron. Oldinda Samarqand kutmoqda, uzoqroqda Buxoro va yana ilgariroqda hozir biz Marv deb ataydigan, bir asr oldin samum shamoli ko‘mib tashlagan juda eski shahar xarobalari…

Men sizga yozayotgan paytda vagon ichida oldimdagi mo‘jazgina stolchada bir uyum Toshkentning mashhur olmalari turibdi.

Siz men hozir yonimda bo‘lishini juda istagan yagona insonsiz.

Samarqand. 1929-yil 27-mart

Men o‘zimni sehrli ertaklar shahrida, “Ming bir kecha”dagi shaharda his qilyapman. Tongda xonamning deraza pardasini ko‘tardim. Tashqarida yalangliklar, qiyg‘os gullagan bodomlar! Quyosh, harorat, taft, ko‘kara boshlagan daraxtlar, bog‘lar… Rangli yo‘l-yo‘l chopon kiygan musulmonlar, guldor kiyim kiygan musulmonlar… Men tush ko‘rgan haqiqiy Sharq! O‘sha o‘rkachli tuyalar, ajoyib eshaklar…

Kun yarim bo‘ldi, men bu ajabtovur bozorda tentirashdan to‘ymayman. Musulmonlar, gulga burkangan olomon, mo‘g‘ulmonand qiyofalar, ayollar esa zulmat paranjilarida peshtoqi ko‘m-ko‘k va sirlangan gulli naqshlar bilan mohirona bezalgan, Yerevandagi obidaga o‘xshab ketadigan bebaho xarobalar atrofida jamuljam.

Temur maqbarasi va Bibixonim qabri shaharning qoq o‘rtasida, bozor yaqinida joylashgan onda-sonda madrasa va masjid minoralari va sirlangan gumbazlar ko‘zga tashlanadi. Uning atrofida yo‘l-yo‘l va guldor uvada kiygan odamlarning gaplari ohangidan hayotdan noroziliklari sezilib turar edi. Atrof loyqa, gullagan bodomning xushbo‘y hidi va shu bilan birga ko‘lmak suvlarning badbo‘y hidi hamma yoqda anqib turadi.

Havo juda issiq… Men kamzulsiz yurardim. Xo‘ja Murodov degan savdogar meni uyiga boshlab, boshpana berdi. Uyi paxsadan qilingan bo‘lib, salqingina edi. Oyoq ostiga behad go‘zal gilamlar tashlangan, to‘rt tomondagi simqafaslarda bedanalar saqlanar edi. Ichkarida eski sandiqlar, arabiy xurmachalar bor edi. Ayollar meni ko‘rib, ichkariga kirib ketdi. Xo‘ja bir sandiqni ochib, Iskandar rasmi tushirilib zarb qilingan tangalarni ko‘rsatdi. Men undan bir qadimiy so‘zana va Bibixonim qabrining sirlangan parchasini sotib oldim, shu bilan birga zardo‘zi do‘ppilar ham xarid qildim.

* * *

Baxt va shodlik hamrohligida men Mirzo Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor kabi ko‘m-ko‘k naqshindor sopol parchalari bilan bezalgan madrasalar bilan o‘ralgan Registon maydoni va mashhur Samarqand bozorida sayr qildim. Ularning orqasida buyuk Temur maqbarasi va u jonidan ortiq ko‘rgan Bibixonim qurdirgan Sharqning eng go‘zal masjidi. Men zar bilan tikilgan o‘zbek kallapo‘shini boshimga kiyib, uzum va qovun bilan tamaddi qildim. Masjidlar hovlisining qiyg‘os gullagan bodomlari ostida sayr qildim.

Bahor, havo issiq. Minglab musulmonlar ko‘chalarni to‘ldirib, boshlarida har xil rang va shaklda eski-tuski sallalardan o‘rab olgan edi. Odamlarning g‘ala-g‘ovuri va gullagan bog‘larning rohatbaxsh hidi, men aminmanki, bu kun hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri bo‘lib qoladi. Men yana bir necha kun hali Samarqand jamolidan to‘yish va farzni ado etish uchun qolaman. So‘ng Buxoro! Oh! Naqadar mo‘jiza u yerdagi Dunyo! O‘z oyog‘ingda yo‘l yurishing, ikki ko‘zing bilan ko‘rishing qanday baxt shu paytda!

Poyezdda men “Sarguzashtlar”-imning ikki to‘plamini yo‘qotib, so‘ng yo‘l-yo‘lakay imkoni boricha to‘ldirishga harakat qildim. Ammo men ularni unutibman, esimga to‘laligicha kelmayapti. Men Osiyoning yuragida g‘arq bo‘lib, baxtdan o‘zimni yo‘qotayozgan edim va balki, o‘shanda uni yo‘qotgandirman. Menga hozirgina telefon qilib yo‘qotilgan qismlarning topilgani va ertaga Samarqandga yuborilajagini aytdi.

Oh! Til va lug‘at ojiz. Bu shaharni ko‘rishim bilan she’rlarim menga ma’nosiz, ta’msiz va rangsiz tuyuldi.

Men qanday qilib katta gumbazli Bibixonim masjidi minorasini bayon eta olay?!

Qanday qilib faqat so‘zlar bilangina bugun bozorda ko‘rgan, bo‘yniga son-sanoqsiz va har birining uchida oltin zirak bo‘lgan taqinchoqlar osilgan, kiprik va tirnoqlari bo‘yalgan, qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan, nigohi tahlikali tus olgan qizaloqni, hatto shu Sharqning sodda ruhiyatini, shu yetti yoshli qiz qiyofasini qanday bayon aylay?!

 Samarqand. 1929-yil 28-mart

…Men kun bo‘yi masjidlar va Chorsuda kezib yurdim. Ko‘chalarda qovun va uzum yeb, boshimga paddo‘z kallapo‘sh kiyib, barcha ko‘rgan manzaralarimdan xursand bo‘ldim.

Quddusdagi Umar masjidi juda go‘zal, chunki u bus-butun saqlangan. Bu yerda bo‘lsa, ko‘pgina masjidlar bor. Ammo xarob ahvolda. Hali unda, hali bunda, chala ko‘k gumbazlar, sarg‘aygan ustunlar ko‘zga tashlanadi. Ba’zida minoralar ham Yerevandagiga o‘xshab qiyshayib qolgan… Ammo shahar o‘zining sharqona jozibasi bilan Quddusni dog‘da qoldiradi. Bu yer Sharqning yuragi. Bu yerdagi aholi qiyofasi, rang-barang kiyimlari, kallapo‘sh-u oq, sariq va ko‘k sallalari, gondolalardek (nasroniy dindorlar poyabzali) tikilgan poyabzallar bir fors miniatyuralarida ko‘radigan tasvirlarning xuddi o‘zginasi. Siz men bilan bo‘lishingizni naqadar orzu qilmoqdaman hozir!

 Buxoro

Men Buxoroga yetib kelganimda kech tushgan edi. Vokzalni ayollar ko‘rib, esdan og‘ib qolmasliklari uchun uni shahardan
13 kilometr narida quribdilar. Kunning jazirama harorati pasayib, yoqimligina shabada esib turardi. Bir zumdan so‘ng Buxoro shahrining qoq markaziga borib qoldim. Aholi gavjum, musulmonlar xufton namozini o‘qib qaytardi.

Tasavvur qiling, ko‘cha to‘la arximandrit va metropolitlar boshlarida uzun metralar, qo‘llarida esa yelpig‘ich. Va bulardan ko‘cha liq to‘lgan, buni ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Yana choyxona xizmatkorlari, sho‘rdanakfurushlar, tilanchilar ham ko‘chada. Xullas, hammasi ko‘chada. Sahna o‘rtasida tancha, xushro‘y bir bola va qariya hofizlar g‘azal aytmoqda. Ziravor, jasmin va zax hidi qo‘shilib anqimoqda…

Butun eski shahar usti yog‘och bilan qoplangan. Xuddi uyda sayr qiladiganga o‘xshaydi kishi. Bittagina qo‘rqinchli mehmonxonasi bor ekan. Men tunning yarmigacha tentirab, qorong‘ida bahaybat, charog‘on va bo‘m-bo‘sh masjidlarni kezib chiqdim. Shu kecha juda yomon uxladim.

Tong saharlab men yana shahar kezishni boshladim.

Xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, Buxoro Samarqandga nisbatan sharqonaroq. Soya va ko‘kalamzorlik ham kam. Uylar past ayvonli va barchasi loysuvoqdan. Devorlarda faqat bittagina deraza bor. Xuddi qal’alardagi mudofaa tuynugiga o‘xshaydi. Bugungidek quturgan shamol esganda esa ularni ham xarob qilib yanada avj oladi. Bu yerning odamlari ham samarqandliklardek rangdor emas.

Hamma yoq chang, kulrang tusga kirib olgan tuproqqa o‘xshaydi. Va birdan mana shu chang uzra go‘zal qubbalar, masjidlarning ajoyib gumbazlari ko‘zga tashlanadi. Bu gumbaz o‘zining turtib chiqqan uchi bilan birga ayolning go‘zal siynasiga o‘xshab ketadi.

Bu yerning tamadduni davrida odamlarning bari birlashib bir fikrni, bir g‘oyani qanday qo‘llab-quvvatlaganlarini, unga qay darajada o‘zlarini baxshida etganlarini tushunib yetasiz.

Loy va somondan barpo qilingan bu turarjoylarning barchasi ular ichra xudolariga atab tiklangan binolarning savlat to‘kib turishi uchun ataylab pastlab qurilgan. Buxoro masjidlari naqadar viqorli! Yevropadagi va hatto o‘sha Quddusdagi Umar masjidi ham pastroq, bu yerda esa ular osmonga bo‘y cho‘zgan. Gumbaz esa unga viqor va salobat baxsh etuvchi go‘zal doiraga suyanib turadi. Bozor ko‘zga zo‘rg‘a tashlanadi. U ham bo‘lsa sovetlashtirilgan. Men kun bo‘yi siz uchun Buxoroning asl uzugidan qidirib behuda urindim. Hozirgi tillafurushlar ruslar va kavkazliklar. Siz ularning qanaqa arzimagan taqinchoqlar bilan savdo qilishlarini tasavvur qilolmaysiz.

Xulosa shuki: Samarqand men uchun iliq va rangdor Sharqqa o‘xshaydi. Buxoro bo‘lsa, Sharqona bir mumtoz unsur bor: tartib, rang va oddiylik. Oddiylikni xush ko‘radigan qalb uchun uch marotaba jozibaliroq bu shahar.

Baxtga qarshi bularning ikkisi ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Ya’ni o‘z qalblarini yo‘qotib, Moskvadan rang olmoqda, Moskva bo‘lsa, Yevropadan, Yevropa esa Amerikadan.

Bir asr oldin cho‘l bag‘riga singib ketgan katta shahar – Marv tomon yo‘l olaman. Men Buxoroda ko‘p qololmayman, aks holda, men olgan taassurotlar so‘nib qolishi mumkin.

 

Fransuz tilidan

Ramazon BOBOKALONOV,

Suhrobjon BOBOKALONOV

tarjima qilgan.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine