O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamentida hamkor tashkilotlar hamkorligida “Amir Temur va Temuriylar davri harbiy san’ati: lashkarning ma’naviy-axloqiy va jangovar tayyorgarligi masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan harbiy attashelari, taniqli olimlar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi va oliy ta’lim muassasalarining akademik va professorlari, Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari, mamlakatimiz oliy harbiy ta’lim muassasalaridan harbiy tarix bo‘yicha yetuk mutaxassislar, kinoijodkorlar, faxriylar va yoshlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tarixiy merosimizga, xususan Temuriylar davri harbiy san’atiga bo‘lgan e’tiborni mustahkamlash, buyuk davlat arbobi va harbiy strateg Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvi, harbiy tashkilotchilik, armiyani tartib-intizom asosida shakllantirish borasidagi tajribasini chuqur o‘rganish, uni Yangi O‘zbekiston armiyasi safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar ma’naviyatiga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratishdan iborat.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov ochib berar ekan, sohibqiron Amir Temurning yuksak harbiy san’ati, Yangi O‘zbekiston milliy armiyasining chinakam kuch-qudratini shakllantirishda, qo‘rqmas va dovyurak harbiylarimiz qalbida jangovar ruhni oshirishda, ularni har qanday qiyinchilik va sinovlarga chidamli hamda matonatli etib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi, tarix fanlari doktori, akademik Azamat Ziyo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shu’ba mudiri, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, siyosiy fanlar doktori, professor Saidxon Saidolimov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, bugungi konferensiyaning ahamiyati, Temuriylar davrining dunyo va mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni borasidagi qimmatli mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Konferensiyaning asosiy qismida taniqli olimlar – O‘zbekiston fanlar akademiyasi vise-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Xurshid Fayziyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori, professor Otabek Hasanov Amir Temur va Temuriylar davri harb san’atiga doir asarlar va ularning o‘rganilishi, o‘sha davrdagi harbiy-siyosiy vaziyat, vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy tayyorgarlik masalalari borasidagi ilmiy-tahliliy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiyaning ikkinchi qismi ham bir-biridan qiziqarli ma’ruzalarga, mulohazalarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov, tarix fanlari doktori, professor Jumaboy Rahimov va qator taniqli temurshunos olimlar Amir Temurning jang strategiyasi, Temuriylar qo‘shinida harbiy tartib-intizom masalalarini chuqur tahlil qilgan holda ushbu boy merosni bugungi harbiy ta’lim va tarbiya tizimining ajralmas qismiga aylantirish lozimligiga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Konferensiya orqali Temuriylar davrining harbiy tajribasini xolis o‘rganish, shuningdek ushbu tarixiy boylikni zamonaviy mudofaa va xavfsizlik tizimidagi konsepsiyalar bilan uyg‘unlashtirish borasida ham muhim takliflar ilgari surildi.
Bunday yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning o‘tkazilishi nafaqat Amir Temur harbiy san’atini ilmiy jihatdan tadqiq etish, balki O‘zbekistonning tarixiy merosini jahon miqyosida tanitishda ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Konferensiyaning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, “Turon” harbiy teatri, Mudofaa vazirligi qo‘mondonligiga qarashli harbiy xizmatchilar hamda Mudofaa vazirligi Alohida ko‘rgazmali-namunali harbiy orkestr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy-ijodiy dasturlar davraga jangovar ruh bag‘ishlab, mehmonlarning davomiy olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Kapitan Bobur ELMURODOV,
“Vatanparvar”