Juma, May 30, 2025
HomemaqolalarAMIR TEMURNING QAL’ALARNI EGALLASH MAHORATI

AMIR TEMURNING QAL’ALARNI EGALLASH MAHORATI

Jahon mudofaa istehkomchiligi tarixida qal’alar o‘ta muhim bo‘g‘in vazifasini bajarib kelgan. Qal’alar davlat chegara chiziqlarida va siyosiy markazlarga olib boruvchi yo‘llarda tashqi xavflardan himoyalovchi tayanch hisoblangan. Ularning tuzilishi, mustahkamligi, qurilish uslubi hududning tabiiy xususiyatlariga bog‘liq holda turlicha bo‘lgan. Qal’alar tarhi va mudofaa rejasi qanchalik puxta tuzilgan bo‘lsa, yov hujumi uchun shu darajada jiddiy muammo tug‘dirgan.

Amir Temur ham deyarli barcha harbiy yurishlar chog‘ida qal’alar qarshiligiga to‘qnash kelgan. Ularni egallash yurish natijasini hal qilgan. Bu yetuk harbiy mahorat bilan birga chuqur muhandislik ilmini talab qilgan. Sohibqironning qal’a va shaharlar qamali, mudofaa devorlarini buzib kirish san’ati haqida yozma manbalarda yetarlicha ma’lumotlar saqlanib qolgan. Jumladan, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Hofiz Abro‘, Abdurazzoq Samarqandiy kabi tarixchilarning asarlarida mazkur masalada batafsil va ishonchli voqealar aks etgan.

Ushbu manbalar tahliliga ko‘ra, Amir Temur qal’alarni egallashning dastlabki tashkiliy bosqichida quyidagi o‘ziga xos harbiy siyosatni amalga oshirgan:

MA’LUMOT YIG‘ISH VA JOSUSLIK. Josuslar orqali hudud tabiiy xususiyati, mudofaa chiziqlari, qal’aning zaif va kuchli tomonlari aniqlangan. Bu ma’lumotlar hujum rejalarini tuzishda o‘ta muhim bo‘lgan.

QAL’ANI O‘RAB OLISH. Qal’alar dushman ruhiy tushkunlikka tushishi, suvsizlik va oziq-ovqat tanqisligi tufayli, holdan toygunga qadar qamalda ushlab turilgan.

QO‘SHINNI JOYLASHTIRISH. Qo‘shin bo‘linmalari vazifasiga ko‘ra, puxta reja va aniq maqsadlar asosida, jangovar vaziyatga mos ravishda atrofga joylashtirilgan. Qo‘shinning maxsus qismi ortdan kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy yordam kuchiga qarshi himoyaga qo‘yilgan.

MUZOKARALAR. Dushman huzuriga maxsus choparlar jo‘natilib, talab va shartlar yetkazilgan. Behuda vayronagarchilik va qurbonlarning oldini olish uchun taslim bo‘lishga hamda kelishuvga chaqirilgan.

Muzokaralar kutilgan natijani bermagach, hujumga o‘tilgan. Qal’ani egallash vaqtida quyidagi harbiy usullar qo‘llanilgan:

– jangovar musiqa cholg‘ulari (nog‘ora, dovul, karnay-surnay)larning baland sadosi ostida hujumga o‘tish. Bu jangchilarga shijoat bag‘ishlash va dushmanni vahimaga tushirishga xizmat qilgan.

– Qal’a atrofini o‘rab olgan xandaq (jarlar)ni xashak va yog‘ochlar bilan to‘ldirish orqali kechib o‘tish;

– yerosti yo‘llari qazish orqali ichkariga kirish;

– devor ostini kovlab, asos qismiga o‘t qo‘yish yoki suv bilan zaxlatish orqali yiqitish;

– asosiy darvozani qo‘porib olish orqali ichkariga kirish.

Ta’kidlash joizki, tog‘ qoyalari, balandliklarda joylashgan qal’alarni egallash alohida mahorat va usullarga zarurat tug‘dirgan. Ularning yuqorida joylashgani va baland devorlar bilan o‘ralgani ma’lum miqdorda qurbonlar hamda mashaqqatlar talab qilgan. Bu turdagi qal’alarni egallashda maxsus tashkil etilgan “tog‘ jangchilari” (jangchi alpinistlar) bo‘linmasidan foydalanilgan.

AMIR TEMUR QO‘SHINI qal’a devorlarini buzishda manjaniq (tosh va olovli o‘qlar otuvchi qurilma), arroda (hujum vaqtida qal’a devorini buzishga mo‘ljallangan g‘ildirakli toshotar qurilma), ko‘chma minoralar, narvonlar, arqon va qo‘shimcha xo‘jalik asboblaridan foydalangan. Turon tarixida ilk bor aynan Temur tomonidan istehkomlarni vayron qiluvchi to‘p (rad)lar qo‘llanilgan.

Manbalarda yuqoridagi harbiy usul (taktika)lar bir qator qal’alarning egallanishi misolida batafsil yoritilgan. Ushbu qal’alar nomi, joylashuvi, tuzilishi va qanday tarzda buzib kirilgani kunma-kun, voqealar ketma-ketligida bayon qilingan.

Amir Temurning harbiy va yuksak muhandislik mahoratini dalillash uchun quyidagi ba’zi shahar-qal’alar va ularning egallanish jarayonini keltirib o‘tish o‘rinli.

HIROT QAL’ASINING EGALLANISHI. Tarixchi Hofiz Abro‘ning yozishicha, hujum vaqtida shaharning beshta darvozasi bo‘lgan. Har bir darvoza temir bilan qoplangan va bir nechta temir eshiklari bo‘lgan. Darvozalar oralig‘i bir qism masofada tuya bo‘yni shaklida burma ko‘rinishida qurilgan. Har qaysi tomondagi devor uzunligi 2000 gazni (bir gaz o‘rtacha 71 sm ga teng) tashkil etgan. Asosiy devorning fosilasi (qal’a mudofaa devori oldidan qurilgan qo‘shimcha tashqi devor, oraliq joy) ham bo‘lgan. Shahar devori xandaq (jar) bilan o‘ralib, osma ko‘prik bilan bog‘langan. Jarning tashqi aylanasi bir farsangni (uzunlik o‘lchovi bir farsang 6 km ga teng) tashkil etgan. Hujum vaqtida darvozalar qo‘porib olingan. Devorlar tagigacha buzib yuborilgan. Qo‘porib olingan darvozalar olib ketilgan va Kesh (Shahrisabz) shahrining eski darvozalari o‘rniga qo‘yilgan. Bu ma’lumot Amir Temurning yuqorida keltirilgan darvozalarni qo‘porib olish usuliga misol bo‘ladi. Shuningdek, egallangan hududning harbiy istehkomchilik tajribalaridan unumli foydalanganini ko‘rsatadi.

KEMOX QAL’ASINING OLINISHI. Ushbu qal’a Frot daryosi bo‘yi
(endigi Iroq)da bo‘lgan. Qal’a mustahkamligi bilan mashhur, devorlari baland, kirish-chiqish imkonsiz bo‘lgan. O‘n kun davomida qurshovda ushlab turilgan. O‘ninchi kuni karnay-surnay, nog‘ora-dovullarning vahimali ovozi ostida hujumga o‘tilgan. Devorni buzishda arroda va manjaniqlar qo‘llanilgan. Qal’a qisqa vaqt ichida buzib kirilgan va egallangan.

TAKRIT (TIKRIT) QAL’ASINING OLINISHI. Mazkur istehkom Iroqning Bag‘dod shahridan 140 kilometr masofada joylashgan. Qal’aning mudofaasi kuchliligi to‘g‘risida Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”sida quyidagi ta’riflar o‘rin olgan:

– U qal’a g‘oyatda mustahkam edi. Uning mahkamligi tavsifida til qisqa, istehkom tasavvurida aql hayron, mustahkamlikda jahonga mashhur edi. Turli qissa va xabarlarda “Qal’ayi Salosil” (zanjirli qal’a) deb tavsif etilgan edi. Uning tashqi va ichki qo‘rg‘onlari mavjud bo‘lgan. Qal’a olinishidan oldin Amir Temur uning voliysi (hokimi) Amir Hasan bilan muzokara qilishga harakat qiladi. Agar u taslim bo‘lsa, beminnat marhamat ko‘rsatishini ma’lum qiladi. Amir Hasan ushbu taklifga ishonchsizlik bildirib, qarshilikni davom ettiradi. Shundan so‘ng qal’aga haqiqiy hujum boshlanadi. Qal’a devori arroda va manjaniqlar bilan o‘qqa tutiladi. Qal’a tashqi qo‘rg‘onining devori tagidan naqblar (lahm, qal’a devori tagidan kovlangan o‘ra, yo‘l) kovlanadi. Kechasi qo‘rg‘on devorining asosiy burji (atrofni kuzatish, dushmanga qarshi zarba berish uchun mo‘ljallangan mudofaa qurilmasi) yiqitiladi. Qal’a mudofaachilari naqblarni sezib qolib, ularning og‘zini berkitadilar. Buni payqagan Amir Temur barcha naqblarga o‘t qo‘yishni buyuradi. Natijada mustahkam va bahaybat devorlar yiqilib qal’a egallanadi. Amir Temur qal’a devorining bir qismini saqlab qolishni buyuradi. Bundan maqsad, qal’aning qanchalik mustahkam bo‘lgani va uni egallashda yuksak harbiy mahorat va qudrat egasi bo‘lish kerakligini namuna sifatida ko‘rsatish edi.

BEXASTI QAL’ASINING OLINISHI. Ushbu qal’a endigi Turkiyaning Bexesni shahri o‘rnida bo‘lgan. Bexasti baland tog‘ cho‘qqisida joylashgan bo‘lib, bahaybat burjlardan iborat mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralgan edi. Qal’a markazida aylanib tosh otuvchi juda katta manjaniq o‘rnatilgan. Ushbu manjaniq bir vaqtning o‘zida to‘rt tomonga zarba berish imkoniga ega edi. Bu qal’ani uzuk halqasi kabi o‘rab olgan Temur qo‘shiniga katta muammo tug‘dirgan. Shu sababli Amir Temur o‘z muhandislariga dushman manjanig‘iga bas kela oladigan yanada kattaroq manjaniq yasashni buyuradi. Ushbu manjaniq yordamida dushman manjanig‘i bir zarba bilan yakson qilinadi. So‘ngra qal’aning to‘rt tomonidan naqblar kovlanadi. Naqblar qal’a joylashgan tog‘ tagini kovak-kovak qilib yuboradi. Ushbu kovaklarga yog‘och ustunlar tirab qo‘yiladi. Manjaniq zarbasidan so‘ng yog‘och tirgab qo‘yilgan qal’a burjlari qulab vayron bo‘lgan. Og‘ir janglardan so‘ng qal’a to‘liq ishg‘ol qilingan.

BIRTIS (BIRTVISI) QAL’ASINING OLINISHI. Mazkur qal’a endigi Gruziya hududida mavjud bo‘lgan. Amir Temur yurishlari tarixida duch kelgan eng mustahkam va imkonsiz hisoblangan yagona qal’a edi. Qal’a baland tog‘ qoyasida joylashgan bo‘lib, uning devorlari qoyalarga tutashib ketgan. Temurgacha bo‘lgan mashhur sarkardalarning hech biri ushbu qal’ani egallay olmagan. Qal’ada ko‘pi bilan bor-yo‘g‘i 200 gurji jangchilari mavjud bo‘lgan. Qal’aga olib boruvchi tog‘ yo‘llari nihoyatda tor va atrofi 100-150 gaz balandlikda toshlar bilan ko‘tarilgan edi. Qal’aning yana bir tashqi darvozasi bo‘lib, u alohida qal’a darajasida bo‘lgan. Qal’a ichida suv bilan ta’minlovchi quduq, g‘alla va ko‘p miqdorda oziq-ovqat zaxirasi bo‘lgan. Tashqi atrofda esa aksincha, birorta ham suv va ozuqa manbasi yo‘q edi. Bu qal’ani qurshovda ushlab turish va qo‘shinni ta’minlash masalasida qiyinchilik tug‘dirgan. Temur atrofidagi ulamolar va sarkardalar ushbu qal’ani ishg‘ol qilishga ko‘zlari yetmagan. Ammo Amir Temur o‘z harbiy mahorati tufayli merkit urug‘idan bo‘lgan tog‘ jangchilari orqali qal’ani egallash uddasidan chiqqan.

AMIR TEMUR shu yo‘sinda turli mintaqalarda, jumladan: Batnayr, Mirt (Hindiston), Antob, Avnik, Izmir, Hovik Fo‘cha (Turkiya), Feruzko‘h (Eron) kabi o‘nlab qal’alarni o‘z g‘alabasi hisobiga kiritgan.

To‘xtam o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, Amir Temur shahar va qal’alarni egallash oldidan puxta reja va harbiy usullarni ishlab chiqqan. Qurbonlar va buzg‘unchilikning oldini olish uchun muzokara yo‘lini tutgan. U o‘z chog‘ining yuksak harbiy-muhandislik bilimlariga ega bo‘lgan tengsiz Turon sarkardasi edi.

 

Elyor XOJAMBERDIYEV,

O‘zbekiston fanlar akademiyasi

Tarix instituti kichik

ilmiy xodimi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine