Juma, May 30, 2025
HomemaqolalarSO‘ZDAN NAJOT ISTAB

SO‘ZDAN NAJOT ISTAB

Dunyo asr avvalida madaniy va ma’naviy jabhalarda jiddiy to‘ntarilish va ko‘tarilishlarning guvohi bo‘ldi. Rossiya, Turkiya va Eron kabi mamlakatlarda yuz bergan dunyoviy miqyosdagi inqilobiy harakatlar Turkiston hududida ham siyosiy tebranishlarni yuzaga kelishiga zamin hozirladi. Inqiloblar zamirida Turkistonda jadid ma’rifatchiligi bo‘y ko‘rsatdi. Jadidlar, birinchi navbatda, millat tafakkurini yangilash, fikr tarzini o‘zgartirish hamda milliy g‘ururni uyg‘otishni zaruriyat sanadilar.

Ziyolilar milliy ozodlik harakati yo‘lida vaqtli matbuot orqali oynoma va kunnomalarda ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borishdi. Ziyolilar uchun ma’rifat va mafkura kurash maydoniga aylandi. Kurash zamirida milliy ozodlik umidi, hurriyat tuyg‘usi, din qayg‘usi yotardi. O‘zbek matbuoti shakllanishida salmoqli o‘rin egallagan Abdulla Qodiriy millat tarixining eng murakkab va kurashlarga boy bir davrida ijod bilan shug‘ullandi. Milliy matbuot takomilini Abdulla Qodiriy ijodisiz bir butunlikda tasavvur qilish qiyin. Yozuvchining publitsistik ijodi jadid matbuotining tarkibiy qismini tashkil qiladi. Ikki rus bosqini guvohi bo‘lgan adib Turkiston ozodligi va mustaqilligi yo‘lida haqiqatparvar jasoratli jurnalist sifatida faoliyat yuritdi.

Ziyolilar, birinchi navbatda, ma’rifiy islohot tarafdori bo‘lib barcha jabhalarda amaliy faoliyat olib borishdi. Islohot g‘oyasi Abdulla Qodiriy ijodiy konsepsiyasining o‘q ildizini tashkil qiladi. Ijodiy faoliyatida ham ta’lim va tarbiyada isloh masalasi yetakchi muammo sifatida ahamiyat kasb etdi.

XX ASR AVVALIDA o‘zbek matbuotida e’lon qilingan materiallarni kuzatsangiz, dastlab ijod erkinligi, jiddiy keskin tanqidiy ruh borligiga guvoh bo‘lamiz. Oynoma va kunnomalarda qizil inqilob sahnasi ortidagi siyosiy o‘yinlarni fosh etish, ta’limni isloh etish, kadrlar va milliy armiyani shakllantirish masalasi jiddiy va haqqoniy yoritib berilgan. Hukumat talablarini milliy manfaat kesimi ostida talqin va tatbiq etish masalasi ziyolilarimiz uchun eng asosiy maqsadga aylanib ulgurgan edi. Siyosiy jihatdan hushyorlikni qo‘ldan bermagan yozuvchi fikrlarini ifodalashda ijtimoiy satiradan samarali foydalanishga muvaffaq bo‘ldi. Ijodkor insoniy qadriyatlarga daxl qilingan zamonda Haqdan qaytmaslik va to‘g‘risini aytish, adolatni himoya qilish hamda imon bilan qolishni afzal bildi.  So‘z orqali akbari jihod qildi.

Abdulla Qodiriyning adabiy merosi qator tur va janrlarida yaratilgan asarlardan iborat. Afsuski, bugun ko‘pchilik kitobxon yozuvchining ikki mashhur asari – “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarinigina yaxshi biladi. Holbuki, Abdulla Qodiriy bu asarlaridan tashqari talaygina hajviyalar, hikoya va ocherklar, adabiy va publitsistik maqolalar muallifi hamdir. Yozuvchining yirik janrdagi asarlarida muallif pozitsiyasi, estetik konsepsiyasini ilg‘ash unchalik oson emas. Ammo uning kichik asarlarida muallif shaxsining bizga hali ochilmagan qirralari ko‘zga tashlanadi. Muallifning kichik asarlari bilan yaqindan tanishgan sayin uning shaxsiyatidagi o‘ziga xosliklar, xarakteridagi yetakchi belgilar, aniqrog‘i muallif ruhini his qilasiz.

Abdulla Qodiriyning ijodiy merosini mavzu va muammosiga ko‘ra, bir qancha yo‘nalishlarga ajratib o‘rganish mumkin. Uning kichik janrdagi asarlari turli mavzuda bitilgan:

– ijtimoiy-siyosiy;

– maorif islohoti;

– teatr san’ati:

– qishloq hayoti;

– oziq-ovqat muammosi;

– diniy jaholatga qarshi;

– matbuot muammosi;

– xotin-qizlar ozodligi.

ABDULLA QODIRIYNING dastlabki ijod namunalari sanalgan she’r va dramasida bid’atga aylangan urf-odatlardan qutulish, to‘y, uloq, qimorbozlik, ichkilikbozlik, xotinbozlik kabi illatlarga barham berish, jaholatga qarshi kurashish masalasi ilgari suriladi. Muallif yangi usul maktablarini ko‘paytirish, unda diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatish orqali millatni g‘aflatdan uyg‘otish mumkin deb biladi. Ana shu ruhdagi asarlarda shariatda belgilanmagan tartiblarga ergashish, bid’at va xurofotga berilish ma’naviy inqirozga olib kelishi ochib berilgan.

Abdulla Qodiriyning jurnalistik ijodi o‘zbek matbuotining shakllanish jarayoni, mavzu ko‘lami, jamiyat hayotidagi madaniy-ma’rifiy harakatlar, adabiy-estetik omillar, tarixiy hodisalar haqida ma’lumot berishi bilan xarakterlidir. A. Qodiriy, avvalo, jadid g‘oyalari ta’sirida adabiyot maydoniga kirib keldi va dastlabki ijodiy namunalarida ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

Yozuvchining dastlabki ijodiy namunalari: she’r va dramalarida jadid islohotparvarligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Ma’rifatga targ‘ib etish, jaholatga qarshi turish asosiy maqsad sifatida ifodasini topadi.

Yozuvchi ziyoli sifatida millat boshiga tushgan musibat qamrovini, ko‘lami va oqibatini boshqalarga nisbatan chuqurroq anglaydi, o‘zining nochorligidan o‘kinadi. 1917-yili “Najot” “Shodmarg” (kichik felyeton)da “shu zolim hukumat ish boshida turar bo‘lsa, tez vaqtlarda musulmonlarning inqirozga yuz tutuvlari” mumkinligini kinoya orqali yozsa, “Saylovmi, bosqinchilikmi” (Aynan) nomli maqolasida saylov jarayonidagi siyosiy o‘yinlarni fosh qiladi.

Yozuvchining publitsistik ruhdagi asarlari sarlavhasidan keyin kichik felyeton, kulgilik, hangoma, kichkina hangoma, kabi maqolaning janrini belgilovchi va mazmuniga tegishli qaydlar beriladi. “Aynan” deb izoh berilgan maqolalar jiddiy mavzuga bag‘ishlanib, muammo kinoyalarsiz ochiq-oshkora tarzda tanqid qilinadi.

YOZUVCHINING “Nega kim?”, “Bozor surishtirmaydir”, “Kula-kula o‘lasan”, “Haqiqat ochib so‘zlashdadir”, “Matbuot”, “Davosiz dardlar” kabi maqolalarida jamiyat hayotidagi muammolar fosh etiladi. “Tilak” nomli maqolasi adabiyotshunoslar tomonidan turlicha talqin etilgan. Maqola 1923-yilda yozilgan bo‘lib, yozuvchi zamondoshlarini bayram bahonasida tanqid qiladi. Maqolada qo‘llangan uslubga ko‘ra, yozuvchi o‘zgalar ustidan bepisand kulgandek, nomlari tilga olingan shaxslarni obro‘sizlantirgandek taassurot qoldiradi. Yozuvchiga tashqaridan qaraganda, kibr-havo, manmanlikka o‘xshash holat borligi sabab ko‘pchilik talqinda chalg‘ib biryoqlamalikka yo‘l qo‘yadi. Ammo maqola mazmuniga chuqurroq qaralsa, muallif shaxsiy g‘araz emas, balki millat manfaati yo‘lida haqiqatni ochiq aytishni lozim deb bilganiga guvoh bo‘lamiz.

“Hozirgi shoir va adiblarimizdan Fitratga insof, Elbekka ilhom, Cho‘lponga jinnilik, G‘ozig‘a to‘zim, Sanjarga yalqovlik, Hoji Muinga “Samarqandda chiqqan asarlar”, G‘ulom Zafariyga “Halimaning kayfidan hushyorliq, Sadriddin Ayniyga “Buxoro jallodlari”,
A. Sa’diyga domlaliq uchun “Imom G‘azzoliy bilan Yassaviy”…”
deya o‘sha davrning faol ijodkorlarni nomma-nom sanaydi. Har bir shaxsga nisbatan hajv yo‘li bilan do‘stona aytilgan tilaklar aslida hayot haqiqati bo‘lib, ularni muallif so‘z iplariga tizadi. Adib ularni shunchaki ayblamoqchi emas, ularning muhimdan nomuhimni ajratib olmayotgani va asl maqsaddan chalg‘iyotganiga ishora qiladi. Qolaversa, adib beg‘araz, haqiqatni yashirmasdan, munofiqlik qilmasdan fikrlarini matbuot orqali aytishni ma’qul ko‘rgan.

O‘sha davr matbuotiga e’tibor qilinsa, bunday munosabat shakli o‘sha davrda odatiy holga aylanib ulgurgan, jurnalistlar bir birini ayamasdan tanqid qilishgan. Buning o‘z sabablari bo‘lib, voqelikka davr konteksti asosida yondashilsa, vaziyat oydinlashadi. Maqolada yozuvchi 10 banddan iborat davr muammolari bilan bog‘liq orzu istagini bayon qilgan. “Yuzdan besh foizini tashkil etkan o‘rus og‘a-inilarning “Pravda”lari 10 mingga yetkanda, 95 foizlik o‘zbeklarning “Turkiston”lari 8 mingdan 3 mingga tushib qoldi deb “Turkiston”dagi og‘a-inilar g‘uvrana-zorlana boshladilar. “Turkiston”ni 8 mingta emas, 80 mingga yetkuzish uchun eng oddiy, eng abjaq bir chora bor”, yoki “O‘lka va Toshkand xabarlari o‘rniga, “Aldarko‘sa” hikoyalaridan”, “Nikolay davrida turkistonliklar temiryo‘l cho‘chqalaridan qanday turtilgan-surtilgan bo‘lsalar, 23 yilda ham undan battarroq turtila bersunlar”. Yozuvchi tilga olgan har bir tilakda millatni inqiroz tomon yetaklaydigan omillar ochib beriladi. “Biz kim va nimalardan qo‘rqamiz” maqolasida ifoda tarzi yanada keskinlashadi. “Mustamlakachi achchig‘langan chog‘ida sirining ochilishidan qo‘rqadir”, deya hukumatining asl qiyofasini ochib tashlaydi.

ABDULLA QODIRIY ma’rifat, diniy e’tiqod, muqaddas qadriyatlarga ehtirom millatni saqlab qolishning eng ishonchli vositasi deb hisoblaydi. Jamiyatni faqat ilmiy taraqqiyot, iqtisodiy yuksalish emas, poklik, go‘zal axloq, mustahkam e’tiqod mustamlakachilik sirtmog‘idan asrashini to‘g‘ri anglaydi. Chunki kuchli e’tiqodgina insonni hurlikka undaydi, qonunlarga bo‘ysunish, amal va qoidani suiiste’mol qilmaslikka undaydi.

Shu o‘rinda mavzu bilan aloqador ijodkor shaxsi tushunchasining yozuvchi yashagan o‘tgan asrning 30 yillaridagi ahamiyati haqida to‘xtalishni lozim deb bildik. Bu davrda har bir insonda bo‘ladigan shaxs imkoniyatlari ixtiyordan ketdi. Jur’atsiz, qo‘rqoq, yolg‘onga beparvo, itoatkor, buyurilganni so‘zsiz bajaradigan ijrochilar jamoasi yuzaga keldi. Shaxs o‘zini yo‘qotishi barobarida erki va mustaqil fikridan ham ayrildi. Fikriy falajlik va adabiy shaxsiyatlar boy berilgan jamiyatda adabiyotning ertasi gumon ostida qolishi tabiiy.

Xususan, shaxsiyat butunligisiz asl san’atning bo‘lishi mumkin emas, yolg‘on aytishdan tortinmagan va adolatning ko‘ziga tik boqa olmagan lahzalardan shaxsiyat inqirozi boshlanadi. Adabiy shaxsiyatlarning yo‘q qilinishi jamiyatga, madaniyat va adabiyotga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. O‘z ichki mustaqilligiga ega bo‘lmagan yozuvchi ruhi ozod inson qiyofasini tasvirlay oladimi? Yarata olmasa, so‘zning kuchi qayoqqa ketadi? Odamzod hayotida jiddiy ahamiyatga molik falsafiy tushunchalarga adabiyot javob beradi va shunga mas’ul soha. Yo‘lsizlik va ikkilanish yozuvchilarimiz ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Cho‘lpon umididan ayrilgan bo‘lsa, Oybek najotni umidda deb bildi, G‘afur G‘ulom “Shum bola”si singari ayyorlik va quvlik niqobi ostida o‘ziga panoh izladi.

BUYUK SHOIR so‘zdan umr bo‘yi falsafa qidirdi, najot istadi. Shu joydan boshlangan yo‘lsizlik adabiyotimizda chuqur iz qoldirdi, ko‘p ijodkorlarning umri behudaga sarflandi, keyinchalik ham mana shu siyosatning “ijro”chisiga aylangan ayrim “xalq yozuvchisi” bo‘lganlarning talanti shamolga sovurildi. A. Qodiriy Millat va Vatan, Inson taqdiri ko‘ndalang bo‘lganda u vaziyatga Haqiqat nuqtayi nazaridan munosabatda bo‘ldi.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori,

adabiyotshunos

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine