Juma, May 30, 2025
HomemaqolalarVATAN QAYERDAN BOSHLANADI?

VATAN QAYERDAN BOSHLANADI?

Ichimni timdalayotgan bu savol javobini juda ko‘p o‘yladim. Negadir bu safar Vatan ostonadan boshlanadi, degim yo‘q. Vatan qayerdan boshlanadi? O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Osmonning oxiri” dostonida “Osmonning oxiri qayerda?” qabilida savol o‘rtaga tashlangandi. Hech kim aniq javob topolgan emas, bu savolga. “Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz. Osmonning esa oxiri yo‘q”, deydi. Meni o‘ylantirayotgan bu savol yuki ko‘nglimni sergak torttirdi.

Vatan qayerdan boshlanadi?

Samarqandda bo‘lgan safarimiz davomida Vatanimiz tichligi yo‘lida jon bergan qahramonlarimiz uylarida mehmon bo‘ldik. Shu suhbatlar davomida savollarimga javob topgandek bo‘ldim. Xulosalarimni esa so‘zimning so‘ngida aytib o‘taman.

Kattaqo‘rg‘on shahriga yo‘lingiz tushgan bo‘lsa, shaharga ketaverishdagi ko‘chalardan biriga qahramon yigitning nomi berilgan. Peshtaxtada mag‘rur turgan suratni ko‘rib, ko‘zingiz oldida yovlarga boshini egmagan, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida mardlarcha jon bergan yigitning siyrati jonlanadi.

“Vatan sendan ajralmoq – mening o‘limim,

Sen uchun o‘lmoq, mening tirikligimdir”, suratning tagida Abdurauf Fitratning qalamiga mansub mana shu bitik bor. Go‘yo bu misralarni shu yigitning o‘zi yurak qoni bilan yozgandek taassurot qoldirdi menda.

Shaharda kimdan borib so‘ramang, odamlar uning mardligi, tantiligi haqida yonib gapiradi.

Ulug‘bek Barnoyev deyishimiz bilan shu atrofda yurgan hamyurtlarimizdan biri shunday e’tirof etdi: “Biz farzandlarimizning shu yigitga o‘xshashini istaymiz. Uning jasorati, mardligi har bir o‘zbek o‘g‘loniga namuna bo‘la oladi”. Yo‘l so‘rab yuzlanganimizda esa bizga safardosh bo‘lib, qahramonimizning xonadonigacha kuzatib qo‘yishdi. Bir necha mahalla narida yashaydigan hamyurtlari e’tirofidan lol bo‘lib ketaverdik. Uyining ostonasiga yetganimizda darvozasining burchida osig‘liq turgan yurtimiz bayrog‘iga ko‘zimiz tushib, ko‘nglimizda iftixor tuydik. Biz kelishimizdan xabar topib, ilib qo‘yilganmi, degan gumonimni esa shu atrofda yashovchi qo‘shnilari bu xonadon ostonasida doim Vatan bayrog‘i osig‘liq turishini aytib, bartaraf qildi. Aslida har bir yurak, har bir uyda Vatan bayrog‘i hilpirab turishi qanday go‘zal. Xalqimizda “Olmaning tagiga olma tushadi”, degan naql bor. Bunday xonadonda tarbiya topgan insonlar Ulug‘bek Barnoyevday Vatan uchun jon olib, jon berishga tayyor, shu xalq, shu yurt tinchligini har nedan ustun qo‘yadigan yigitni voyaga yetkazmay, yana kimni tarbiyalasin?!

Bizni yoshlari yetmishdan oshgan, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniy otaxon kutib oldi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin otaxonning gaplariga quloq tutdik.

– Alloh menga Ulug‘bekni ato qilganda, quvonchim ichimga sig‘magan, uni ilk bor qo‘limga olganimda, yuzida onamniki singari xoli borligi, kaftlari, barmoqlari otamniki kabi chayir, tug‘ilganidayoq barmog‘imni mahkam changallab ushlab turgani ko‘z oldimda hali-hanuz saqlanib turibdi. Ulug‘bekka doim “Ota” deb murojaat qilardim, jilmaygancha yugurib kelib, oyoqlarimga o‘tirib olardi.

– Ulug‘bek haqida o‘ylasam, bir voqea doim yodimga tushaveradi. Maktab yoshlarida bir ustozi bilan ona-bola tutinib, mendan kam yaxshi ko‘rmas edi. Ustozining ham Ulug‘bekka mehri bo‘lakcha edi, “Shu bolangizni men o‘g‘il qilib olay”, deb hol-jonimga qo‘ymagan. Kunlardan bir kun bolam yig‘lab keldi, “gapir”, desam, so‘zi tilida turmaydi, “Ketyapti, ona!” degan gapdan nariga o‘tolmay, yig‘lagani yig‘lagan. “Kim ketyapti, aniqroq gapir?” desam, yana ho‘ngrab yig‘laydi. “Ustozim ketyapti”, deganidan keyingina tushundim. Keyin bilsam, muallimi o‘z yurtiga – Qrimga ko‘chib ketayotganidan xabar topgan bolam, yaxshi ko‘rgan insonini qo‘yib yuborishni istamay, yig‘lagancha yonimga kelgani shundoq ko‘zim o‘ngida. Bolamni qanchalar mehr-oqibatli, yaqinlariga, Vataniga sodiq ekanini anglaganman. Ustozi o‘quvchilari bilan vidolasharkan, Ulug‘bekka yaxshi o‘qishini tayinlab, qosh-ko‘zidan qayta-qayta o‘pib xayrlashgan. Murg‘ak ko‘ngli bu judolikka chidolmay, gapini yutib yuborgan edi.

Suyukli ustozining to‘satdan aytgan bu gaplaridan bolamning yuragi qattiq og‘rigandi o‘shanda. “Endi ustozimni ko‘rmayman, ona, xuddi sizdek yaxshi ko‘rardim, siz bizni hech qachon tashlab ketmang, onalar farzandlarini tashlab ketishlari yomon”, deb tizzamga boshini qo‘ygancha, ko‘zlaridan yoshlari duv-duv oqib, ko‘ylagimni ho‘l qilib yuborgandi. Ertasi kuni men ustozimni poyezdga kuzatgani boraman, deb quvonib yugurib keldi. Ustozining bugun ketishini ko‘cha-ko‘ydan eshitganmi, joyida turolmay, “Ona, menga sovg‘a bering, ustozimga berib yubormoqchiman”, deb ko‘zlarimga iltimos nazari bilan termilib turdi. “Men hech narsa bermayman, o‘zing sandiqni och-da, nimani xohlasang, olib ket”, dedim. O‘sha sandiqqa yig‘gan-terganimni Ulug‘bekning to‘yiga, deb solib qo‘yardim.

Meni ham qo‘yarda-qo‘ymay o‘zi bilan olib ketdi. Vokzalga yetganimizdan so‘ng yugurib hamma joydan ustozini qidirishga tushgan bolamni ko‘rib, mening ham ko‘zlarimda yosh aylanib, yuzlarimni yuva boshladi. Bolam goh u vagonga, goh bu vagonga kirib, ustozini izlardi. Nor ovozida ustozini chaqirardi. Olisdan “Ulug‘bek” degan ovoz keldi. Bolam jon-jahdi bilan ustozi tomon yugurib, mahkam bag‘riga bosgancha ketmasligini so‘rab, yolvordi. Bizni ko‘rgan hamma yig‘ladi. Poyezd qo‘zg‘alaman deguncha, ustozini bag‘ridan qo‘yib yubormadi bolam. So‘ng ustozi ketayotganda “Meni unutmang, agar qaytib kelsangiz, biznikida yashang”, deb yig‘lagancha jo‘nab ketayotgan poyezdga termilib, ko‘rinmay ketgunicha joyida qotib qoldi. Mening shunday oqko‘ngil, jasur o‘g‘lim bor edi, – deb xo‘rsinadi Sabohat ona.

O‘G‘LINGIZ BARHAYOT, DEYMAN ICHIMDA, VATANGA AYLANIB KETGAN O‘G‘LINGIZ, ONA, DEYA PICHIRLAYMAN.

Bu yurt bor ekan, Ulug‘bek Barnoyevday qahramonlar hech qachon o‘lmaydi. Yuqorida Vatan qayerdan boshlanadi, degan savolni o‘rtaga tashlagandim, esingizda bo‘lsa. O‘zimning xulosalarimdan kelib chiqib aytamanki, Vatan yov ko‘ziga tik qarab turgan yigitlarning nigohida, ko‘ksini dushman o‘qi kelib teshgan onda ham zarracha g‘ururidan kechmay, ko‘ziga tik qarab turgan askarlarning yurak qoni to‘kilgan joydan boshlanadi Vatan.

 

Muhammadali G‘AFFOROV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine