Vatanga qasamyod kechagina paydo bo‘lib qolgan an’ana emas. Bu qanchadan qancha sarkardalarimiz, botirlarimiz tilida yangragan va so‘nggi nafasgacha yurakda saqlanadigan muqaddas ontdir.
Mudofaa vazirligiga qarashli barcha harbiy okrug, harbiy qism va muassasalarda harbiy xizmatga yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarning “Vatanga qasamyod” keltirish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Zaynobiddin Iminov yig‘ilganlarga mudofaa vazirining askarlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Askarlar buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.
Ana shunday tadbirlardan biri “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, parlament vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, muddatli harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, faxriylar va keng jamoatchilik faollari ishtirok etib, muddatli harbiy xizmatga kelgan askarlarning kelgusidagi harbiy xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdi. Asosiy tadbirdan so‘ng harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘ljangi va jangovar chiqishlar, konsert dasturlari namoyish etildi.
“Chirchiq” poligonida bayramona ruhda o‘tkazilgan marosimda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi qo‘mondonlik hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi mas’ul ofitserlari, muddatli harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari jam bo‘ldi. Umuman, joylardagi marosimlarda mudofaa vazirining askarlarga yo‘llagan tabrigi yetkazildi. Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi, harbiy okruglar va qo‘mondonliklarning mas’ul ofitserlari har bir yurt o‘g‘loniga muddatli harbiy xizmat davomida ulkan zafarlar tilab, dil izhorlarini bildirdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan Mudofaa vazirligi mas’ullari, harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat hokimliklari, kuch tuzilmalari vakillari, Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar Vatanni qo‘riqlashdek sharafli vazifani o‘zining eng oliy burchi deb bilgan askarlarni samimiy qutladi.
Vatanga qasamyod tadbirlari konsert dasturlari va diltortar kuy-qo‘shiqlar bilan o‘z nihoyasiga yetdi.
TAHRIRIYAT