Sirojiddin Rauf 1967-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetini (1992) va Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Dastlab Qashqadaryo viloyati gazetasida, keyinchalik “Turkiston”, “Inson va qonun”, “Birja” gazetalarida, “Tafakkur”, “Hayot va qonun” jurnallarida bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir, “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasining bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi vazifalarida faoliyat yuritdi. Hozirda “Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri lavozimida ishlaydi.
– Ustoz, bolaligingiz, adabiyotga qanday kirib kelganingiz haqida gapirib bersangiz.
– Adabiyot juda katta dargoh, unga kirib kelish bolalikdan deyishimiz qiyin. Hazillashib aytadigan bo‘lsak, bugun ba’zi ukalarimiz, singillarimizdan yoshini so‘rasak, “Mana, o‘n beshga kirdim. Mening adabiyotga birinchi kirib kelishim falon yoshda edi”, deb aytadi olti-yetti yoshlarini nazarda tutib. Adabiyotga havas bolaligimda uyg‘ongan. Bu esa kitobga havas orqali shakllandi. Eslayman, maktabda boshlang‘ich sinflarda o‘qirdim, o‘sha paytlarda tug‘ilgan kunlar bo‘lsa, kitob sovg‘a qilishardi. Rahmatli Nasiba opam menga “Vyetnam xalq ertaklari” kitobini sovg‘a qilgani ko‘zim oldida doim turadi. Har xil saviyadagi, turfa janrdagi kitoblar bor edi, lekin yoshimga mos keldi, shekilli, ana shu kitobni qo‘limdan qo‘ymasdan o‘qirdim. Shu-shu, kitobga oshnolik paydo bo‘ldi menda.
Maktabimiz kutubxonasidagi deyarli hamma kitoblarni o‘qib chiqqanman. Kitoblar keyin meni shahar kutubxonasiga boshlab bordi. Adabiyot ostonasiga hatladim deya olmayman, yaqinlashdim. Kunlardan bir kun qo‘limga Abdulla Oripovning “Surat va siyrat” kitobi tushib qoldi. Men ertak o‘qiydigan yoshdan ancha ulg‘aygandim, bu kitob meni o‘ziga tamoman bog‘lab oldi. Abdulla akaning “Onajon”, “Vatan”, yana bir qancha she’rlarini yod olib aytib yuraman, ularga o‘xshatib she’rlar yozaman. Adashib makkaga yo‘liqqan musofirdek kutimaganda o‘zimni bu she’rlardan topib olgandim. Adabiyotga yaqinlashishimiz mana shunday boshlangan, kitobga oshnoligim mana shunday boshlangan va men, o‘ylaymanki, kitobga do‘stlik insonning boshqa orzu-niyatlari ushalishiga ham bir narvon bo‘ladi.
– Sizning harbiy xizmatga borganingiz haqida xabar topdim. U yerda yozilgan she’rlaringizni o‘qidim. Ana shu harbiy xizmat haqida, taassurotlar, harbiy xizmatga qiziqayotgan yoshlarimizga maslahatlaringizni aytsangiz.
– Biz bolalik yillarimizda harbiy libos kiygan akalarga havas bilan ulg‘ayganmiz. Balki, maktablarda tarbiya shunaqa bo‘lgandir. Vatan himoyachilari, er yigitlar Vatan uchun kerak bo‘lsa, “jonimizni ayamaymiz” degan bir ruhda tarbiyalanganmiz. Chunki o‘sha paytlari Ikkinchi jahon urushi yillaridan keyin urushning bevosita qatnashchilari bo‘lgan ota-bobolarimiz edi. Shuning uchun ham biz urushga nafrat ko‘zi bilan boqdik, Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash masalasiga shunchaki qaray olmadik. 1941–1945-yillardagi xunrezliklar qaytarilishi mumkin degan kayfiyatda ulg‘ayganmiz. Va hammamiz o‘zimizning timsolimizda Vatan himoyachisini ko‘rardik. Qolaversa, o‘tgan asrning 80-yillarida biz harbiy xizmat yoshiga yetgan paytlar hayotimizni harbiy xizmatsiz tasavvur qila olmasdik. Yigitman degan inson albatta harbiy xizmatga borib kelgan bo‘lishi kerak edi. Yigitlik burchini bajargan bo‘lishi kerak edi.
Ikki yilda dunyoqarashim o‘zgardi, jismonan toblandik, rostini aytish kerak, harbiy xizmat oson mashg‘ulot emas. Ayniqsa, 17-18 yoshdagi yigit, ota-ona bag‘ridan chiqqan yosh inson uchun. O‘sha yillari biz ota-onamiz bag‘ridan, Vatanimizdan yiroqda edik. O‘sha paytlar Vatan deganda sobiq Ittifoqni tushungan bo‘lsak, bugun endi tushunchalarimiz o‘zgardi. O‘sha yillarda qancha qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmadik, deysan. U paytda bizning tengdoshlarimizni, ayniqsa markaziy osiyoliklarni ko‘proq qurilish batalyoniga olishardi. Harbiy xizmatdan qaytgan tengdoshlarimizning ustidan kulib aytardikki, ikki yil harbiy xizmatda yurib, qurol ushlab ko‘rmagan bu, avtomat nimaligini, pulemyot nimaligini bilmaydi. Ko‘nglimizda bir xavotir bo‘lardi, bizning ham taqdirimizga shu yozilgan bo‘lsa-chi, degan. Yo‘q, menda hammasi boshqacha kechdi.
Ukrainada haqiqiy harbiy xizmatni o‘tadim. BMP deyiladi, piyodalar harbiy mashinasining mergani bo‘lib xizmat qildim. Faxrlanaman, chunki mashg‘ulotlar paytida harbiy mashinada cheklangan vaqt beriladi, ana shu vaqt ichida men tankning maketini urardim. Juda ko‘p faxriy yorliqlar olganman, ikki marotaba tankning, pulemyotchining va askarning maketini nishonga olganim uchun. Aytib o‘tishim kerak, Ukrainaning Qrim tog‘larida, Odessa dengiz bo‘ylarida xizmat qildik. Bizni haqiqiy jangovar holatga tayyorlashgan. O‘sha paytlarda Afg‘onistonda bosqinchilik urushlari davom etayotgan edi, bizni Afg‘oniston jangchilari safiga olib ketish uchun haqiqiy jang bilan tanishtirishgan. Tog‘larga chiqishni, arqon bilan ishlash, arqonsiz chiqish, tog‘dan yugurib tushishni avtomat-pulemyotlar bilan bajarganmiz.
Shunday bo‘ldiki, xizmatning olti oyligida ozgina sportga yaqin yigitlarni rotalariga o‘tkazib tayyorlashdi. Men o‘sha sport rotasiga tushdim. Buyam faxrlanadigan jihatlardan biri. Jangchi bo‘lib, ikki yil toblanib harbiy xizmatdan qaytib keldim va men shu yerda juda ko‘p narsani o‘rgandim, ko‘p narsaga aqlim yetdi, dunyoqarashim o‘zgardi. Biz sobiq Ittifoqni Vatan deb bilardik va bir oilaning farzandlarimiz deb o‘ylaganmiz. Yoshlarimizga shularni aytib o‘tgim keladi, men ham shu tuyg‘u bilan o‘sganman, shu tuyg‘u bilan tarbiyalanganman, lekin harbiy xizmatda odamlarni bir-biridan ajratishlarini ko‘rdim. Bu birinchi navli odam, bu ikkinchi navli odam, degan ajratishlarning guvohi bo‘ldim. Agar sen rus millati bo‘lsang, sen oliynasabsan, agar sen slavyan xalqlariga mansub bo‘lsang, demak, ikkinchi nasabsan, agar sen osiyolik bo‘lsang, eng pastki tabaqadansan.
Bir kuni komsomol majlisi o‘tkazilayotganda bir rus yigiti, safdoshimiz, jangchi, askar spirtli ichimlik ichib qo‘lga tushib qoldi janjal qilib. Shuni muhokama qilish kerak. Men komsomol sardori sifatida batalyonda shuni muhokama qilyapman. Shu payt harbiy masalalar bo‘yicha komandirimiz o‘rinbosariga so‘z bersam, turib xatolik qilib qo‘ygan bezori askarga nima deb urishyapti deng? “Sen nega meni sharmanda qilyapsan, nega bizning millatimizni sharmanda qilyapsan, sen qora osiyolikmisan?” deydi. Harbiy masalalar bo‘yicha komandir o‘rinbosari millat ajratayotgandi. Sovet oilasi haqidagi hamma balandparvoz gaplar puch ekanini birinchi marta o‘sha yerda anglab yetganman.
Bugun mustaqil mamlakat himoyachilarini harbiy xizmatdagi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Bizning davrimizda askarning ichki dunyosi, tashqi dunyosiga e’tibor judayam kam bo‘lardi. Askarga insonga qilinadigan muomala bo‘lmasdi. Oldin kelgan harbiy xizmatchilar o‘zidan keyin kelganlarga fashistlarcha munosabatda bo‘lardi. Bu yigitlarimizning ongiga, dunyoqarashiga, ruhiga juda yomon ta’sir qilardi. Bugun, mana, mustaqil davlatning himoyachilariga, ukalarimizga, farzandlarimizga havasim keladi. Ularga hamma shart-sharoit yaratilgan. O‘z Vatanini himoya qilish uchun kerak bo‘lgan harbiy mahoratni o‘zlashtirar ekan, ular turarjoy masalasi, yuqori talablarga javob beradigan yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Ularning ratsion asosida uch-to‘rt mahal ovqatlanishi, jismoniy quvvatini oshiradigan taomlar ro‘yxatlari tuzilayotgani va buni jamoatchilik kengashi nazorat qilib borayotgani, bir-biriga o‘zaro munosabatlari, muomalasi – hammasi odamning havasini keltiradi. Bularning barchasi bugun harbiy sohada katta islohotlar bo‘layotganidan dalolat berib turibdi.
– Sizni nafaqat harbiy xizmatchi, balki shoir sifatida yaxshi taniymiz. Biz sevib o‘qiydigan, necha yillardan beri kitob javonimizdan tushmay kelayotgan “Sharq yulduzi” jurnalining bosh muharririsiz. Ijodingiz haqida, “Sharq yulduzi” jurnalida olib borilayotgan harakatlar, islohotlar haqida biroz o‘rtoqlashsangiz.
– “Sharq yulduzi” jurnalini hozirda harbiy xizmat o‘tayotgan yigitlarimiz juda yaxshi biladi, chunki ularning ota-onalari, buvi-bobolari jurnalni qo‘ldan qo‘ymay o‘qigan. Jurnal o‘tgan asrning 30-yillarida tashkil etilgan. Ikkinchi jahon urushi yakunidan keyin sevimli yozuvchimiz Oybek domla 1946-yilda jurnalga “Sharq yulduzi” deb nom bergan. Jurnal 1931-yildan chop etila boshlagan bo‘lsa, 1946-yildan shu nom ostida dunyo yuzini ko‘ra boshlagan. “Sharq yulduzi” jurnali salkam 100 yillik tarixga ega. O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan yozuvchi, shoirlarimizning, adabiyotshunos olimlarimizning asosiy minbari hisoblanadi. Demak, siyohi qurimagan yangi romanlar, dostonlar, qissa, hikoyalarimiz, she’rlar va ular haqidagi tahliliy izlanishlar jurnalimizning sahifalarida chop etib kelinadi. Va bugun ham ana shu an’ana davom etmoqda.
Bugun yangi yozuvchilarning ilk o‘quvchilarini topish uchun jurnalimiz sahifalarida har xil janrdagi asarlarni ketma-ket chop etib boryapmiz. Bir narsadan faxrlanaman, 2016-yildan keyin O‘zbekistondagi harbiy muassasalar kutubxonalaridan ham “Sharq yulduzi” jurnali joy olgan. Keyingi yillarda shunday an’ana bo‘ldi. Ma’naviyat karvonlari mamlakatimizning turli burchaklariga borib, shoir, yozuvchilarimiz o‘quvchilar bilan bevosita uchrashuvlar, suhbatlar o‘tkazyapti. Biz qaysi viloyatga borishimizdan qat’i nazar, o‘sha yerdagi harbiy muassasalarda harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazamiz. She’r o‘qib beramiz, hikoyalarimiz, chop etilayotgan romanlarimizning mazmun-mohiyati haqida suhbatlashamiz. Harbiy xizmatchilarimizning adabiyotga, san’atga bunchalik qiziqayotganini ko‘rib, juda xursand bo‘laman. Biz borgan harbiy muassasalar kutubxonalarida “Sharq yulduzi” jurnali o‘z o‘rnini egallab turgani yana bir xursand qilgan jihatdir.
– Yoshlarimiz, adabiyot muxlislariga tavsiyalaringizni bersangiz.
– Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqshdir, deb bejiz aytishmagan. Yoshlikka hamma narsa yarashadi. O‘qing, izlaning, Vatanni seving. Zero yurtimizning kelajagi sizning qo‘lingizda. Sizlarda hamma imkoniyat bor, bundan unumli foydalanib, yurt bayrog‘ini osmonlarda hilpirating!
– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!
“Vatanparvar” muxbiri
Muhammadali G‘AFFOROV suhbatlashdi.