O‘ZBEKISTONLIK TIBBIYOT XODIMLARI IKKINCHI JAHON URUSHIDA
Ikkinchi jahon urushi haqida so‘z ochilganda, beayov jang maydonlari – Stalingrad jangi, Kursk yoyi, Berlin shturmida qahramonlik ko‘rsatgan minglab o‘zbek jangchilari ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Ammo bu dahshatli sinovlardan o‘tgan urushning yana bir qahramonlari borki, ular haqida kam so‘z yuritiladi. Ular harbiy tibbiyot xodimlaridir.
Shifokor, hamshira kabi katta-yu kichik tibbiyot xodimlarining jangchi askarlar bilan bir safda qahramonona vazifalarni bajargani, hayoti qil ustida turgan yarador va bemorlarni oyoqqa turg‘azishdagi bemisl fidoyiligi har qancha tahsinga loyiq. Bu urushda tibbiyot xodimlari qurollar bilan emas, balki dori-darmon va jarrohlik jihozlari bilan o‘zining bag‘rikeng insonparvarlik kurashini ham olib bordi.
Tibbiyot – g‘alabaning qurollaridan biri
Ikkinchi jahon urushi boshlanishining ilk davridayoq urush hududlariga, harbiy gospital va boshqa davolash muassasalariga mamlakatning turli burchaklaridan yuborilgan tibbiyot xodimlari bir necha minglarni tashkil qilar edi. O‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislarining deyarli barchasi front fidoyilari safiga qo‘shildi. Ularning birinchilari Toshkent va Samarqand tibbiyot institutlarining professor-o‘qituvchilari bo‘lib, ular orasida akademiklar Y. To‘raqulov, I. Musaboyev, professorlar A. Hoshimov, R. Abdullayev, I. Komilov, A. Shokirov, F. Amirov,
A. G‘ulomov, H. Hakimov, M. Mirsoatov bor edi.
1941-yilning o‘zidayoq
3,5 milliondan ortiq jangchi yaralandi. Shunday og‘ir sharoitda – tasavvur qiling, jarohatlanganlarning 72 foizi shifoxonalarda davolanib, yana jang maydoniga qaytarildi. Urush davomida tibbiyot xodimlari 17 millionga yaqin inson hayotini saqlab qoldi, shulardan 10 millioni – yaralanganlar, qolganlari – kasallanganlar edi.
Urush yillarida 2 000 dan ziyod evakuatsiya gospitali, 600 ta
sanitariya poyezdi, minglab ko‘chma tibbiy punktlar faoliyat yuritdi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 500 mingdan ortiq ayol shifokor, hamshira, sanitarka front tibbiyot xizmatlarida ishlagan. Ular ko‘pincha yuraklaridagi faqat mehr va jasorat bilan ixtiyoriy ravishda frontga ketgan.
Urush davrida O‘zbekistonda jarohat olgan va yaradorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan 368 ta shifoxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bu raqam 1945-yilga kelib 481 taga yetgan. 129 ta gospital O‘zbekistonga ko‘chirilgan. Tibbiy sanitar vagonlardan iborat poyezdlarda
485 mingdan ortiq yaralangan askar yurtimizga olib kelingan. Ularning qariyb 50 foizi tuzalib, yana urush maydonlariga qaytgan.
Metin irodali xalqimiz janggohlarda yaralangan askarlarning sog‘ayib, oyoqqa turishi uchun ham ko‘maklashgan – 18 500 ga yaqin vatandoshimiz tomonidan 13 000 litr donorlik qonlari topshirilgan.
O‘zbek shifokor ayollari – jasorat timsoli
Frontda harbiy xizmatchilar hayotini saqlab qolish uchun jonini fido qilganlar orasida samarqandlik Shahzoda Soliyeva alohida o‘rin tutadi. U 1943-yil iyulida Kursk jangi paytida 40 nafardan ziyod og‘ir yaralangan askarni o‘q yomg‘iri ostida jang maydonidan olib chiqadi. Qo‘llari qon, oyoqlari yongan holda ham ortga qaytmaydi. Shahzodaning jasorati harbiy qo‘mondonlik tomonidan davlat mukofotiga taqdim etilib, orden bilan mukofotlanadi. Uning jasorati mardlik timsoli sifatida hali-hanuz tibbiyot xodimlari tomonidan yodga olinadi.
U oilasiga jo‘natgan maktublaridan birida shunday deb yozgandi:
“Men qurol ko‘tarmaganman. Lekin har bir najot topgan askar mening fashizmga qarshi otgan o‘qimdir. Mening g‘alabam ularning hayotidir”.
Shahzoda kabi yuzlab o‘zbek qizlari frontning asosiy tayanchi bo‘ldi. Ulardan yana biri shifokor Gulchehra Rahimova bo‘lib, u Minsk yonidagi polk shifoxonasida kuniga 20 tadan ortiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bu ishni barcha sharoitlar yaratilgan hozirgi sharoitda ham bajarish oson emasligini har bir shifokor qalban his qilsa kerak albatta.
“Bizni “oq libosli farishtalar” deyishadi, lekin biz faqat bir narsani xohladik – hech kim yolg‘iz o‘lmasin”, deb yozib qoldirgan u o‘z kundaliklarida.
Vitebskdagi jangda bir kechada 15 nafar askarni yelkasida ko‘tarib chiqqan yana bir qahramon o‘zbek qizi sanitarka Zebiniso Ibrohimova edi. U har bir jang oldidan “O‘lim askar orqasidan keladi – men undan avval borishim kerak, toki u tirik qolsin”, deb iltijo qilar edi.
1942-yilning aprelidan harakatdagi armiyada, iyun oyidan 51-sonli faoliyati kuchaytirilgan alohida tibbiyot rotasida shifokor bo‘lib xizmat qilgan Po‘latoy Qodirova ko‘p yaradorlarga jarroh sifatida yordam bergan. Bir qator medallar bilan taqdirlangan Po‘latoy Qodirova manbalarda Stalingradga harbiy qism bilan birga kirgan birinchi o‘zbek ayoli, deb qayd etilgan.
Bu jasoratlar millatimiz faxri, xalqimiz ezgu qadriyatlarining yorqin namunasidir. Biz ularni hech ikkilanmasdan, o‘zini ayamagan farishtalar, deymiz.
Frontda ular qurolsiz edi, ammo jangga kirishdan qochmadi: o‘q yomg‘iri ostida o‘zining hayotini xavf ostiga qo‘yib, jang maydonidan yaralanganlarni izlab topdi, ularni sudrab yoki ko‘tarib olib chiqdi, suvsiz, yorug‘liksiz, gohida hech narsasiz insonlar hayotini saqlab qoldi. Operatsiyaga muhtoj ko‘plab og‘ir bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari kuniga 16–20 soatgacha, ba’zan uxlamasdan ishlar, qaror qabul qilishda o‘qdan tezroq harakat qilar edilar.
Ba’zan urush taqdiri jang maydonida emas, balki gospitallar va sanitar mashinalar ichida hal qilinib, g‘alabaga ishonch shifoxonalarda mustahkamlanib bordi. 1945-yilda Berlinni zabt etib, g‘alaba qozongan millionlab jangchilarning ko‘pchiligini aynan tibbiyot xodimlari safga qaytargan edi.
Iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Komil ESHKUVATOV,
Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi
katta o‘qituvchisi, II darajali “Salomatlik”
ordeni sohibi