Sohibqiron Amir Temurning boy jangovarlik tajribasi, uning yuksak harbiy san’ati dunyo harbiy fanida, harbiy-strategik tafakkurida yetakchi o‘rinda turishini alohida faxr-iftixor bilan ta’kidlab o‘tishimiz lozim.
So‘nggi yillarda sohibqiron bobomizning boy harbiy jangovarlik merosini o‘rganish, tadqiq etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan holda Amir Temurning harbiy strategiyasi va jangovarlik san’ati qay tartibda shakllangani, olib borilgani va yuksak muvaffaqiyatga erishganini chuqur anglash zaruriyati mavjudligiga hamda uning davlat boshqaruvidagi yuksak tajribasi qatorida yetuk harbiy mahoratini ham har tomonlama o‘rganish lozimligiga e’tibor qaratmoqchimiz.
Amir Temurning harbiy iste’dodi, sarkardalik mahorati qo‘shinlar tuzilishida, olib borgan janglari va qo‘llagan “savquljaysh” (strategiya) hamda jang qilish uslublari – “ta’biyatuljaysh” (taktikalari)da namoyon bo‘lgan.
Raqibni puxta o‘rganish – harbiy strategiyadagi taktik qadam
Sohibqiron harbiy strategiyasining ahamiyatli jihati – raqiblariga qarshi yirik janglarga shoshilmasdan puxta tayyorgarlik ko‘rishi, raqiblarni har tomonlama o‘rganishi hamda o‘z raqiblarini boshqa ittifoqchilar bilan birlashishlarining oldini olish, ularning har tomonlama ko‘mak olish yo‘llarini kesish bo‘yicha tadbirlari edi.
Amir Temur qaysi mamlakat yoki hududga yurish qilmoqchi bo‘lsa, uni obdan va atroflicha o‘rganar, agar siyosat va tinch vositalar bilan, ya’ni elchilar orqali masalani hal etish imkoniyati bo‘lsa, bu yerda qurol ishlatishni ortiqcha deb bilar edi. Agar qaysi mamlakatda zolimlik, zo‘ravonlik, jabr-zulm, adolatsizlik hukm sursa, oddiy xalq ommasining qashshoq ahvolda o‘z hukmdoridan noroziligi kuchayib ketgan bo‘lsa, bunday zaminga urush ochar edi.
Bu borada sohibqiron hayotida ro‘y bergan quyidagi voqealarni misol tariqasida keltirib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yarim chin, yarim afsona bo‘lgan quyidagi voqea ko‘pchilikning diqqatini tortishi tabiiy.
BIRINCHI VOQEA. Amir Temur o‘z faoliyatining dastlabki davrlarida Qarshi shahrini egallamoqchi bo‘ladi hamda bir necha kun davomida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shunday urinishlarning navbatdagisidan so‘ng kechki payt tanovul qilib olish hamda ertasi kuni yana Qarshi shahriga uyushtiradigan hujumi oldidan dam olish maqsadida shahar atrofidagi qishloqlarning biriga kirib keladi va 4-5 chog‘li yaqini bilan bir qari kampirning hovlisiga tushadi. Mehmonlar hovli egasidan o‘zlarining asli kimligini yashirib, savdo karvonini qo‘riqlab ketuvchi askarlar deb tanishtiradi hamda kampirdan bir mazali taom tayyorlab berishni hamda dam olishlari uchun joy so‘raydi. Kampir rozi bo‘ladi va taom tayyorlashga kirishadi. Taom tayyorlash uchun birmuncha vaqt ketadi va taom tayyor bo‘lgach, uy egasi uni katta laganda mehmonlarning oldiga qo‘yadi.
Ochqagan mehmonlar apil-tapil, shoshilganicha ovqatni tanovul qilishga kirishadi va Temurning sheriklaridan biri laganning o‘rtasidan ovqat yemoqchi bo‘lib, ovqatning issiqligidan og‘zi kuyganini ko‘rgan uy egasi bo‘lmish qari kampir unga qarata:
– Sen ham Amir Temurga o‘xshagan shoshqaloq ekansan, ovqatni shoshilmasdan, laganning chekkasidan boshlab tanovul qilsang-chi! – deb dashnom beradi.
Ushbu gapdan sergaklangan va kampirning nima sababdan bunday deganining tagiga yetish uchun Amir Temur kampirga yuzlanib, so‘raydi:
– Onaxon, Amir Temurni taniysizmi, nimaga uni shoshqaloq deb aytyapsiz?
Shunda kampir:
– Men Amir Temurni tanimayman, biroq uning Qarshi shahrini egallash bo‘yicha bir necha kundan buyon davom etayotgan samarasiz xatti-harakatlaridan shoshqaloqligi ko‘rinib turibdi, – deya javob beradi.
Qari, yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan insonlarning doimiy maslahatini olib yurgan Amir Temur kampirda bir gap borligini sezib, shunday deydi:
– Ha, shunday deng. Sizningcha, Amir Temur qanday chora qo‘llasa, Qarshi shahrini egallashi mumkin?
Ko‘pni ko‘rgan onaxonning quyidagi javobidan esa barcha mehmonlar hang-mang bo‘lib qoladi:
– Avvalo, Amir Temur Qarshi shahri tevarak-atrofidagi qal’a hamda qo‘rg‘onlarni zabt etishi va bu bilan shaharga keladigan har kungi turli ko‘mak va yordamni bartaraf etmog‘i lozim, shundan so‘nggina shaharni egallashi mumkin. Manavi sheriging ham lagandagi ovqatni avvalo bir chekkasidan tanovul qilib, sekin-astalik bilan o‘rtasiga borganida og‘zi kuymasdi, – deydi.
Amir Temur qari kampirning oqil-u donoligiga tan berib, ertasiga ertalab ketar chog‘ida kampirga taom va joy bergani uchun bir necha barobar ko‘p haq to‘laydi va minnatdorlik izhor etib jo‘nab ketadi.
Kampirning maslahatiga amal qilgan holda Qarshi shahri atrofidagi barcha qal’a hamda qo‘rg‘onlarni zabt etish va bu orqali shahardagi raqiblariga keladigan har qanday ko‘mak va yordamning oldini olgach, shaharni osongina egallagan Amir Temur ushbu tadbirni butun umr eslab qoladi va o‘zining keyingi yurishlarida ham bu kabi vaziyatlardan unumli foydalanadi.
IKKINCHI VOQEA. Amir Temurning 1386–1388-yillar (tarixda Uch yillik yurish deb ataladi) davomida Eronda harbiy harakatlar olib borayotganidan foydalanib 1388-yilda Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon bir necha ittifoqchilari ishtirokida Movarounnahrga bostirib kiradi. Jumladan, Xorazm hokimlari Sulaymon So‘fi va Ilyig‘mish o‘g‘lon Xorazmda Amir Temurga qarshi bosh ko‘targan bo‘lsa, Mo‘g‘uliston hukmdori Qamariddin Movarounnahrga shimoli-sharqdan bostirib kirib, Sayram, Toshkent, Andijon, Buxoro, Qarshi va Samarqand atroflarini talaydi.
To‘xtamishxonning o‘zi esa Bek Yoriq o‘g‘lon, Isabek, Sotqin Bahodir kabi Jo‘chi ulusining shahzodalari bilan Sig‘noq orqali shimoldan Amir Temur davlatiga bostirib kiradi.
Amir Temur Erondagi yurishni to‘xtatib, zudlik bilan Movarounnahrga qaytadi. Amir Temur qo‘shinining ilg‘or qismi mamlakatdan qochib ketayotgan dushman qo‘shiniga yetib olib, qattiq zarba beradi. Biroq sohibqiron darrov dushman iziga tushib, unga qarshi keng ko‘lamli yurish qilishga shoshilmaydi. Bunday yurish qilishga puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligini Amir Temur yaxshi anglar edi va ishni avvalo o‘z yurtida tartib o‘rnatishdan hamda dushmanga ko‘mak bergan kuchlarni bartaraf etishdan boshlaydi. Bu yo‘lda sohibqironga navbatdagi marta (beshinchi marotaba) sotqinlik qilgan va To‘xtamishxonni qo‘llab-quvvatlagan Xorazmdagi So‘filar hukmronligiga barham beradi hamda butun Movarounnahr Amir Temurning yagona hukmdorligi ostida birlashtiriladi.
Shundan so‘ng Amir Temur Mo‘g‘uliston hududlaridan turib, Sirdaryo va Amudaryo oralig‘iga muntazam bosqinchilik yurishlarini o‘zlariga kasb qilib olgan mo‘g‘ul xonlarining xatti-harakatlariga chek qo‘yish maqsadida 1389-yilda Irtish daryosi bo‘ylari, Koshg‘ar atroflari va Mo‘g‘ulistongacha yurish qilib, Anqo to‘ra va Xizr Xo‘ja o‘g‘lon kabi mo‘g‘ul xonlari hamda nomdor sarkardalarini butkul mag‘lub etdi, katta o‘lja bilan Samarqandga qaytdi. Bu bilan Mo‘g‘uliston xonlarining kuchi sindirildi va ularning Movarounnahrga bosqinchilik yurishlari qilishga kuch-quvvatlari ham, To‘xtamishxon bilan kelgusida birikishga imkoniyatlari ham qolmadi.
Imkon qadar chingizzodani yakkalashga harakat qilgan Amir Temur maqsadiga erishdi va 1390-yil oxirida katta qo‘shin bilan Sirdaryodan kechib o‘tib, To‘xtamishxonga qarshi Dashti Qipchoqqa tomon yurish qildi.
Shu tariqa To‘xtamishxonga qarshi Dashti Qipchoqqa yurishi oldidan raqiblarini bir-biridan ajratib, ularni alohida-alohida mag‘lub etish taktikasini qo‘lladi va dushmanni yakkalash – sohibqironga xos katta strategiyaning bir qismi ekani namoyon bo‘ladi.
UCHINCHI VOQEA. Turk sultoni Boyazidga qarshi kurashda ham Amir Temur og‘ir-bosiq holda, shoshmashosharlik qilmasdan, garchi turk sultonining bir necha nomaqbul xatlari bo‘lsa-da, avvalo Boyazidning bir qator ittifoqchilari hamda unga ko‘mak berishi mumkin bo‘lgan kuchlarni bartaraf etadi. Bu borada Sayfiddin Barquq (1382–1399) va Nosiriddin Faraj
(1399–1414) kabi Misr hukmdorlarini bir yoqlama qilgan va ularni o‘ziga mute etib, o‘lpon to‘lashga majbur etgan Amir Temur Shomdagi Xalab (Aleppo), Damashq va Bag‘dod shaharlarini ham egallab, Boyazid bilan bo‘ladigan muhoraba (urush) muvaffaqiyatsiz kechgan taqdirda turk sultoni ushbu shaharlardan Temurga qarshi foydalanmasligining oldini oladi. Temurning bunday tadbirlaridan maqsadi – turk sultoni bilan bo‘lajak jangning eng yomon ssenariysiga ko‘ra, ya’ni Temur qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchrasa yoki mushkul ahvolga tushib qoladigan bo‘lsa, mazkur yirik shaharlar Temur qo‘shinining Movarounnahrga chekinishiga to‘siq bo‘lmasligi kerak edi (bu boradagi chora-tadbirlar Amir Temurning yuqorida qayd etilgan ushbu o‘gitiga mos keladi. Ya’ni “bir ishga kirishmay turib, undan chiqish yo‘llarini o‘ylab qo‘yar edim. Uni to‘g‘ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-chidam ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzoqni o‘ylab, ortini esdan chiqarmagan holda oxiriga yetkazardim”).
Zamonaviy harbiy fan nuqtayi nazaridan qaraganda, hozirgi Iroq va Shom hududlaridan, shuningdek Kavkazdan Amir Temur strategik platsdarm sifatida unumli foydalanganiga urg‘u bermoqchimiz.
Amir Temurning kadrlar masalasidagi strategiyasi ham o‘ziga xosligiga e’tibor qaratmoqchimiz. Xoh davlat boshqaruvi bo‘lsin, xoh harbiy qo‘shin boshqaruvi bo‘lsin – oddiy davlat xizmatchisidan vazirgacha, shuningdek qo‘shindagi oddiy askardan eng yuqori lavozim amir ul-umarogacha Amir Temur tomonidan qat’iy o‘rnatilgan tartib asosida tanlab olingani hamda o‘z faoliyatini yuritgani xususida ilmiy manbalarda ko‘p va xo‘b yoritilgani bizga ma’lum. Jumladan, “Temur tuzuklari”da bu borada shunday deyiladi:
“Amr qildimki, qachon asl sipohiylardan ish ko‘rgan, jang-u jadal bilan suyagi qotgan o‘n kishi yig‘ilsa, bulardan qay birining shijoati, botirligi ortiqroq bo‘lsa, qolgan to‘qqiztasi o‘z roziligi va ma’qullashi bilan, uni o‘zlariga sardor qilib, otini o‘nboshi deb atasinlar.
O‘n nafar o‘nboshi o‘z askarlari bilan jam bo‘lsa, ichlaridan eng ish ko‘rgan, jang maydonlarida toblanib, tajriba orttirgan, bahodirlikda nomi chiqqan birovini amir qilib, uni yuzboshi deb nomlasinlar.
Agar o‘nta yuzboshi yig‘ilsa, amirzodalardan aqlli, shijoatli, bahodir bir kishini amir etib saylab, uni mingboshi desinlar va amiri hazora deya murojaat qilsinlar”.
Sohibqironning kadrlar masalasidagi biz e’tiborni qaratmoqchi bo‘lgan yana bir muhim jihati – bu nafaqat o‘z davlati boshqaruvi va qo‘shinining ahvoli, balki qo‘shni davlatlar va raqiblarining qo‘shinga, davlat xizmatchisiga, umuman olganda, kadrlarga bo‘lgan munosabati masalasi har doim ulug‘ sarkarda va davlat arbobining diqqat-e’tiborida turgan. Ushbu fikrimizni bir necha misollar orqali mustahkamlamoqchimiz.
BIRINCHIDAN, Amir Husayn bilan kurash nihoyasida, ya’ni Movarounnahr uchun kurashda Amir Temurning sarkarda va davlat arbobi sifatidagi har tomonlama ustunligini anglagan, ko‘rib-bilib turgan Amir Husayn qo‘shinining qo‘mondonlari, zobit-u askarlaridan ancha-munchasi hali asosiy jang boshlanmasidan ilgari Amir Temur qo‘shini safiga kelib qo‘shilgan edi. Amir Husaynning adolatsizligi, ochko‘z va xasisligi nafaqat oddiy aholini, balki Husaynning yaqinlariniyam bezdirib yuborgan edi.
Bu borada tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida batafsil ma’lumot beriladi. Jumladan, Xulm mavzesining mingboshisi, Qunduz hokimi O‘ljaytubek, Badaxshon hokimi Shoh Muhammad, Xuttalon viloyati amiri Kayxusrav hamda shu kabi yana ko‘plab sarkarda va bahodirlar amir Husayn qo‘shinini tark etib, Amir Temur qo‘shiniga kelib qo‘shiladi. Amir Temur ularni yaxshi siylab, ko‘ngillarini ko‘taradi.
IKKINCHIDAN, Oltin O‘rda va Oq O‘rdadagi chingiziy shahzodalar o‘rtasidagi taxt uchun kurashda Amir Temur dastlab To‘xtamishxonni to‘laqonli qo‘llab-quvvatlagani ma’lum. Bu yo‘lda Amir Temur uch marotaba To‘xtamishxonni katta qo‘shin, o‘q-dori, qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kattagina pul bilan ta’minlagan bo‘lsa-da, chingiziy shahzodaning uchinchi safargi mag‘lubiyatidan so‘ng sohibqiron bevosita o‘zi Oq O‘rdaga qo‘shin tortib boradi va Jo‘ji avlodidan bo‘lmish Oq O‘rda xoni O‘rusxon bilan kurashda uni mag‘lub etib, taxtni To‘xtamishxonga olib beradi. Bu orqali Amir Temur shimoliy hududlardan, ya’ni Oltin O‘rdadan keladigan turli xavf-xatarlarning oldini olmoqchi bo‘lgan edi.
Biroq taxtni egallagan To‘xtamishxon tez orada ko‘rnamaklik qilib, Amir Temurning otalarcha g‘amxo‘rligi hamda ulkan yordamini unutadi. Shundan so‘ng unga qarshi 1390-yilda katta yurishga otlanar ekan, Oltin O‘rda va Oq O‘rda taxtiga da’vogar bo‘lib yurgan boshqa bir qator chingiziy shahzodalar Temur Qutlug‘ o‘g‘lon va Kunchi o‘g‘lonni hamda Oq O‘rdaning mashhur amiri Ediqut o‘zbekni (rus manbalarida Yedigey nomi bilan tanilgan) huzuriga chaqirtirib, taxt uchun kurashda ularni qo‘llab-quvvatlab yoniga oladi va izzat-ikrom ko‘rsatadi. To‘xtamishxondan norozi bo‘lib yurgan ushbu shaxslar sohibqironning To‘xtamishga qarshi yurishida yo‘lboshlovchilik qiladi. Bu borada Dashti Qipchoqning o‘ziga xos tabiati, relyefi, yo‘llarini bilish, shuningdek To‘xtamishxon qo‘shinlarining pistirma qo‘yishi va qo‘qqisdan hujumlarning oldini olish maqsadida ulug‘ sarkarda oq o‘rdalik chingiziy xonzodalar va amirlardan unumli foydalanganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
UCHINCHIDAN, Amir Temur turk sultoni Boyazid Yildirim (1389–1402) bilan jang oldidan turklar qo‘shini, turk sultoni sarkarda va lashkarboshilarini atroflicha o‘rganadi hamda ular orasidan qay birlarini o‘ziga og‘dirib olishi mumkinligi bilan qiziqadi. Shunda uning e’tibori Boyazid qo‘shinida yollanma lashkar sifatida faoliyat yuritib kelayotgan qora tatarlarga tushadi hamda sohibqiron ular bilan yashirin kelishuvga erishib, ularni o‘z tomoniga og‘dirib oladi. Mazkur kelishuvdagi Amir Temurning o‘ziga xos yondashuvi yoki taktikasi shunda ediki, qora tatarlar o‘sha zahoti yoqmas, balki aynan ikkala qo‘shin bevosita to‘qnashgan paytda sohibqironga o‘z sadoqatlarini namoyon etib, uning tomoniga o‘tishlari hamda o‘z qurollarini turk sultoniga qarshi qaratishlari lozim edi. Chunki urushdan bir-ikki oy oldin ushbu tadbir qo‘llanilganda va qora tatarlar turk qo‘shinini tark etib, Amir Temur qo‘shiniga qo‘shilganida, Boyazid ularning o‘rnini to‘ldirish chora-tadbirlarini ko‘rib qo‘ygan bo‘lar edi. Biroq aynan jang maydonida va jang avj mahaliga kelgan paytda qora tatarlarning Amir Temur tomoniga o‘tib ketishi natijasida turk sultoni biror bir chora topish imkoniyatidan butkul mahrum bo‘lar va ushbu tadbir Amir Temurning g‘alabasiga ko‘mak bergan bo‘lar edi.
Anqara jangining borish jarayonini kuzatar ekanmiz, Boyazid qo‘shinning chap tomonidan joy olgan qora tatarlar urushning ayni qizg‘in mahalida Amir Temur tomonga o‘tadi va o‘z qurollarini turklarga qarshi qaratadi. Ushbu chora-tadbirni ham dushman favjlarini sindirish bo‘yicha ulug‘ sarkarda Amir Temur harbiy strategiyasining bir elementi yoki taktikasi sifatida talqin etish lozim.
TO‘RTINCHIDAN, sohibqironning Xitoyga yurishi chog‘ida Chingizxon nasliga mansub bir qator xonzodalarni ham atrofiga to‘plab, yurishga olib borgani ma’lum. Ushbu voqealarni tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida quyidagicha ta’riflaydi:
“Xitoy yurishiga otlangan zafar qudratli qo‘shin markazida borayotgan sohibqiron hazratlari … o‘n ikkinchi rajabda (1405-yil 14-yanvar) chorshanba kuni O‘tror shahrida Amir Berdibekning saroyiga qo‘nmoqqa qaror qildi…
Bu mahalda olampanoh hazratlari huzuriga Dashti Qipchoq sahrolarida parishon va badhol bo‘lub yurgan To‘xtamishxon nomidan uning ishonchli mulozimi Qaroxoja elchi bo‘lib keldi.
O‘sha kuni ulug‘ hazrat sohibqiron falak shukuh devonxonaning to‘rini saltanat taxtidagiday ulug‘vorlik hashamati ila charx (osmon) misoli egallab turardi. O‘qtoy qoon avlodidan Toyzi o‘g‘lon va Temur Tosh o‘g‘lon, Jo‘chixon naslidan Jakra (Chakra) o‘g‘lon sohibqironning o‘ng tomonida o‘tirgan edilar. Elchini sohibqiron huzurlariga olib kirdilar va u To‘xtamishxonning arzadoshti (nomasi)ni o‘qub berdi. Unda To‘xtamishxon “har ne yamonliq qildim, barchasi menga qaytib keldi va sazom (jazom)ni topdim. Agar hazrat tarahhum qilib (mehribonlik ko‘rsatib) gunohimdan kechsalar, mundin so‘ng hargiz mundoq ishlar qilmag‘aymen. Va tirik bo‘lsam, ul hazratga xizmatdin o‘zga ish qilmag‘aymen” deb bitib erdi. Sohibqiron hazratlari elchini yaxshi so‘rub dedikim, “Holo Xitoy sori mutavajjih bo‘lubturbiz (otlanib turibmiz). Bu yurishdin Xudoy inoyati bila qaytsak, Jo‘chixonning ulusini anga tobshurayim”… Qaroxojaga ijozat berib, To‘xtamishxonga sovg‘a-salomlar berib yubordi”.
Ushbu ma’lumotning kontent tahlili va retrospektiv tahlili natijasida quyidagi ikkita o‘ziga xos fikr yoki xulosani bildirishni lozim topdik:
- Sohibqironning Samarqanddan chiqib, 200 ming nafardan ortiq qo‘shin bilan Sayxun (Sirdaryo)dan o‘tganini eshitgan To‘xtamishxon qattiq bezovta bo‘la boshlaydi. Garchi ushbu ulkan qo‘shinning Xitoy tomonga yurishi e’lon qilingan bo‘lsa-da, To‘xtamishxon Amir Temurning harbiy san’ati va mahoratiga tan berar, sohibqironning raqiblarni chalg‘itishga ustaligini juda yaxshi bilar va ushbu ulkan qo‘shin Dashti Qipchoqqa, ya’ni o‘zining ustiga bostirib kelmasmikin, degan xavotirda edi. Chunki To‘xtamishxon hali ham Oltin O‘rda taxti uchun da’vosidan kechmagan va bu yo‘lda payt poylab yurar edi. 1395-yilgi To‘xtamishxon bilan bo‘lgan jangdan so‘ng Amir Temur tomonidan Oltin O‘rdaning siyosiy, harbiy va savdo-iqtisodiy qudrati butkul sindirilgan va shundan so‘ng ushbu kuchli davlat o‘zini umuman tiklay olmagan bo‘lsa-da, To‘xtamishxon qanday qilib bo‘lmasin, taxtni egallash ilinjida yurar edi.
Bu yo‘lda To‘xtamishxon Amir Temurning har bir qadamidan xabardor bo‘lib yurar ekan, sohibqironning katta qo‘shin bilan Sirdaryoni kechib o‘tib, qishlagani to‘xtaganidan qattiq xavotirga tushadi. Chunki Amir Temurning 1390–1391-yillarda To‘xtamishxonga qarshi Dashti Qipchoqqa yurishi ham xuddi shu tarzda boshlangan va Oltin O‘rda xoni ushbu yurishda qattiq mag‘lubiyatga uchragan edi. Shu sababli voqealarning qay tarzda rivojlanishini aniq bilish, ya’ni sohibqironning asl maqsadini (haqiqatan ham Xitoyga yurish qilmoqchimi yo Dashti Qipchoqqami) o‘zidan eshitish ilinjida Qoraxoja ismli mulozimini elchi sifatida Amir Temur huzuriga yuborgan, degan fikrni bildirmoqchimiz.
O‘Z NAVBATIDA Amir Temur ham Xitoyga yurishi oldidan eski raqibi To‘xtamishxon butkul kuchsizlanib qolgan bo‘lsa-da, uni tinchlantirish va u tomondan bo‘ladigan har qanday kutilmagan bosqinchilik xatti-harakatlarining oldini olish choralarini ko‘zlab, uning elchisiga iltifot ko‘rsatgan bo‘lishi va katta va’da berib yuborgani, bu orqali sohibqiron uzoqni ko‘zlab ish yuritgani xususida qarashimizni ma’lum qilmoqchimiz.
- Xitoy yerlari o‘z vaqtida Chingizxon va uning avlodlari tomonidan zabt etilgani va boshqarilganini yaxshi bilgan Amir Temur chingiziy xonzodalarning o‘tmishdagi shon-shuhratni qo‘msashlari va hukmdorlik istaklari mavjudligini yaxshi anglar edi. Shu sababli Amir Temur parokanda bo‘lib, turli hududlarga tarqab ketgan hamda xonlik da’volaridan kechmagan Jo‘chixon (Chingizxonning birinchi o‘g‘li) va O‘qtoy qoon (Chingizxonning uchinchi o‘g‘li va vorisi) avlodlarini Xitoy yurishiga olib chiqadi. Ushbu tadbir orqali Xitoy yerlari zabt etilgach, sohibqironning chingizzodalarni ma’lum hududlar boshqaruviga tayinlash, ulardan muayyan maqsadlarda foydalanish rejasi bo‘lishi mumkinligi xususida ham fikr bildirmoqchimiz.
Shuningdek, Chingizxon avlodlaridan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanganini ham sohibqiron strategiyasining muvaffaqiyatli belgisi sifatida e’tirof etish o‘rinli bo‘ladi.
UMUMAN OLGANDA, Amir Temurning harbiy strategiyasi – davlat boshqaruvi va harbiy san’at taraqqiyotining yorqin namunasi ekanini e’tirof etishimiz, bundan faxrlanishimiz hamda Amir Temurga munosib vorislar bo‘lishga intilishimiz lozim.
Kelgusida ham sohibqiron bobomiz strategiyasi yoki umuman olganda, Amir Temurning hayoti, davlat boshqaruvi va harbiy san’ati xususidagi tadqiqotlarni kontent tahlil, retrospektiv tahlil, siyosiy tahlil, tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, SWOT-tahlil va shular kabi bir qator zamonaviy tadqiqot usullarini qo‘llagan holda chuqur o‘rganish, tadqiq etish va tegishli xulosalar chiqarishni, shuningdek kelgusi yosh avlodga Amir Temur bobomiz haqida imkon qadar ko‘proq badiiy, ilmiy-ommabop ma’lumotlar berishni taklif etaman.
Rustam RASHIDOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i,
harbiy fanlar doktori, professor