Qatag‘on. Bu mudhish nom ostida o‘zbekning ne-ne zabardast o‘g‘lonlari jismonan yo‘q qilingan. O‘zining haqli erki va ozodligini talab etgani, ona Vatanini madh etgani uchun soxta bo‘htonlar qurboniga aylangan. Tariximizning suronli yillarida shahid bo‘lgan shunday ma’rifatparvar ajdodlarimizdan biri Abdurauf Fitratdir.
Abdurauf Fitrat 1886-yil may oyida Buxoro shahrida savdogar oilasida tug‘iladi. Dastlab guzar maktabida o‘qib, so‘ngra Buxoro madrasalarida ta’lim oladi. Sadriddin Ayniy Fitratni “buxorolik ochiq fikrli yoshlardan biri edi, u qobiliyatli fozillardan hisoblanar edi”, deb yozadi. Fitrat 1910-yil bahorda Eron orqali Istanbulga o‘qishga boradi. U yerda “Buxoro ta’limi maorif jamiyati”ning faol a’zolaridan biriga aylanadi. Istanbulda o‘qish bilan birga, asar yozishga ham kirishadi. Uning sodda va ravon tilda yozilgan birinchi asari “Munozara” Buxoro xalqida katta taassurot uyg‘otadi. Moddiy qiyinchiligiga qaramay, o‘z mablag‘idan asarini Istanbulda nashr ettirib, Buxoroga yuboradi. Asarning bir qismi yo‘lda rus senzorlari qo‘liga tushib, yo‘qotilgan bo‘lishiga qaramay, Buxoroga yetib kelganlari turli tuman va qishloqlarga tarqatiladi.
Birgina ma’rifatparvar mudarrislardan Abdu Qodir Maxdum asarlarni xurjinga solib, Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Chiroqchi hududlariga tarqatgan. “Munozara”da jadid va qadim (yangilik va eskilik) orasidagi bahs-munozaralar ochiq tasvirlanadi. Buxorolik mudarris bilan farang donishmandi o‘rtasida Buxoroning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarda bahslar bo‘lib o‘tadi. Munozara so‘ngida Buxoro mudarrisi farang donishmandiga tan berib, “bizda avval najot beruvchi narsa bu ilmdir. Yangi usul maktablarimizda hozir fan va bilimlarni o‘rganishga kirishmoqdamiz”, deb javob qaytargan.
- Ayniy “Munozara” xususida “asar o‘z zamonida yaxshi ta’sir o‘tkazib, ko‘pgina muxoliflarni g‘aflat uyqusidan salgina bo‘lsa ham uyg‘otib qo‘ygan edi. Xalqni, ayniqsa yoshlarni yangilik tomonga jalb qildi, afkor ommani inqilobga keltirdi”, deb yozadi.
Fitratning ikkinchi asari sanalmish “Sayxa”da “Vatani man” radifli she’ri orqali insonparvarlik g‘oyalari tarannum etilgan:
Binamo shahri azim tavof Vatani man,
Ax,ax chi Vatan, sajdagohi joni tani man.
Ham mo‘minu, osoyishu, uzvi sharafi man,
Ham qiblayi man, Ka’bayi man, ham chamani man.
Tarjimasi:
Mening Vatanim bo‘lgan azim shahrimni ziyorat qil,
Bu go‘zal Vatan mening jon-u tanim va sajdagohimdir.
Ham mo‘min-u, osoyish-u, mening sharafimdir,
Meni qiblam, Ka’bam, ham chamanimdir.
Fitrat tarjimonlik sohasida katta mahoratga ega bo‘lgan. Jadidchilikning yirik arboblaridan Ismoil Gaspiralining “Musulmononi durul rohat” (Durul rohat musulmonlari) asarini tojik tiliga tarjima qiladi. Bu asar 1915-yilda Buxoro “Ma’rifat kutubxonasi va jamiyati” mablag‘i bilan Petrogradda nashr qilinadi.
Fitrat “Rahbari najot” (Qutqaruv yo‘li) asarida “Islom dini butun fanlarni, shuningdek dunyoviy fanlarni o‘rganishga va ularning taraqqiyotiga hech qachon monelik qilmagan”, degan xulosa qiladi. U dunyoviy fanlarga qarshi bo‘lgan mutaassib ruhoniylarni qattiq qoralaydi. “Keyingi asrlarda Turkiston, ayniqsa Buxoroda fan va texnikaning orqada qolishiga sababchi mutaassib ruhoniylar bo‘lgan. Chunki ular kalomi sharif, tafsir ilmlari, Payg‘ambar hadislarini yaxshi bilmagan edilar”, deydi.
Fitrat madrasalarni isloh qilish, ularning darslaridagi turli xil hoshiya sharhlarini qisqartirish, ular o‘rniga zamonaviy fanlarni o‘tish, ayniqsa Sahihi Imom Buxoriy, At-Termiziy kabi hadis olimlarining asarlaridan foydalanishni ilgari suradi.
Ayrim mutaassib ruhoniylar madrasalarda dunyoviy fanlarni o‘tish islom diniga zid deb qarshi chiqqanda Fitrat quyidagi hadis orqali javob qaytargan: “Hazrat Rasul o‘z hadisi shariflarida olamning nizomi va intizomlari bilim va axloqqa bog‘liqdir, agar bilim va axloq o‘rtadan ko‘tarilsa, olam ham xarob bo‘ladi”. Fitrat o‘z asarida dunyoda juda ko‘p ilmlar bor, albatta inson qaysi ilm uning uchun zarur va kerakli bo‘lsa, o‘sha ilmni ko‘proq o‘rganishi lozim, degan xulosaga keladi.
Fitrat “Rahbari najot” asarida Vatan va millat ravnaqi va ularning taraqqiyoti haqida gapirib, shunday yozgan edi: “Biz turkistonliklar boshqa islom davlatlaridan parishonlik va qoloqlik girdobiga giriftormiz. …Vatan va millatimizning xarob, juda orqada qolishi yo‘llarini bartaraf qilishning birdan bir chorasi biz turkistonliklarning muqaddas kitobimiz, bizning rahnamomizdir, shu kitobdan nizom va dastur olamiz. Biz, eng avvalo, shu muqaddas kitobimiz bo‘lgan Qur’oni karimga, payg‘ambarimiz Rasulullohning hadislariga murojaat qilishimiz kerak. Faqat ulardan najot, qutulish yo‘lini topa olamiz”, deb yozgan edi.
Shuningdek, jadidchilik harakatiga faol qatnashib, hatto havaskorlik teatr truppasida spektakllardagi rollarda chiqar va mahorat bilan teatrdagi rolini bajarar edi. Lekin jadidlarning “Dastlab najot ilm-u urfonda” deb aytgan g‘oyalari 1917-yil aprel voqealaridan keyin “Najot milliy istiqlolda” shioriga aylanadi.
Fitrat Vatan, ona tuproqni e’zozlash, ota-bobolardan qolgan boy merosni ardoqlash va saqlash, mustaqil davlat barpo etish kabi g‘oyalarni ilgari surgan olim, adib, tarixchi arboblardan biri edi. U yurt uchun qayg‘urib shunday yozgan edi: “Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi, senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir. Nechuk kunlarga qolding? Ey Temurlarning, o‘g‘uzlarning an’analarining shonli beshiklari! Qani uchiqdig‘ing yuksak o‘rinlari. Qullik chuquriga nechun tushding! Dunyoni “urho”lari bilan titratgan yo‘lbars yurakli bolalaring qani? Yer tuprog‘ini ko‘klarga uchira bilgan tog‘ gavdali o‘g‘lonlaring qani? Nechun tovushlari chiqmaydi? Yer yuzini bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarini nechun o‘zgalarga qo‘ydilar? Nechun, nechun… nechun? Gapir menga, ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi?”
ABDURAUF FITRAT 1917-yil avgust oyida yozgan asarida bir o‘zbek yigiti tilidan quyidagi jumlalarni keltirgan edi: “Yotsam tushimda, uyg‘onsam yonimda, ko‘z yumsam miyamda, ko‘z ochsam qoshimda mungli bir xayol kelib turadi. Bu bir xotin xayoli… Bir xotinki egnida ipakli, lekin tirtiq va eski bir ko‘ylakdan boshqa kiyimi yo‘q, bosh, oyoqlari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyga botgan, baqirarga tovushi, qutilovga kuchi kelmagan. Qarayman: kimsasizlik yukidan oriqlagan tanida zolimona urilgan qamchilarning yarasi bor…
Ey mungli xotin, sen kimsan? Oh… bildim… bildim…angladim! Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan. Ey muqaddas Turonning xayoli, ketmay tur ayrilma yonimda, ko‘zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma, yurtim Turonim, sendan ayrilmoq – mening o‘limim. Panohim, sajdagohim, umidim! Yotlaring seni shu kungami soldilar! Tilagim, istagim, saodatim! Bolalaring seni shu holdami qo‘ydilar. Suyunchim, ovunchim, o‘chog‘im! Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar! Yo‘q sen kimsasiz emassan, mana men borligim bilan senga ko‘mak qilishga hozir… Qof tog‘lari yo‘limga tushsa, tomug‘ olovlari qarshimga chiqsa, yana sen sari ketarman.
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa, oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, yana sen sari choparman. Dunyoning butun balolari boshimga to‘kilsa, zulm cho‘lining temir tikanlari ko‘zlarimga kirsa, yana seni qutqararman. Men sening uchun tirildim, sening uchun yasharman, sening uchun o‘lurman. Ey turkning muqaddas o‘chog‘i! O‘lim seni o‘zligingni istaganlarga, nafrat seni ko‘mgani kelganlarga!”
Ma’rifatparvar bobomizning Vatan ozodligi yo‘lidagi sobitqadamligini Amir Temur sog‘onasi qoshida aytgan o‘tli so‘zlaridan ham teran anglash mumkin: “Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘ynim bukik. Sening ziyoratingga keldim, sultonim… Yuz yillardan beri jafo ko‘rib, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarini etaklaringga surma olgali keldim. Nomusini yot kishilarning oyoqlari ostida ko‘rib, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik jamiyati toshg‘ay, omug‘ olovlari kabi sachragay. Lekin o‘z kuchsizligini anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim! Ulug‘ xoqonim! Turk sharafi talandi. Turk uchun qo‘ydig‘iq davlat bitdi… Turk nomusi, e’tibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyoqlari ostinda qoldi. Turkning yurti, ulog‘i, Turoni yot qo‘llarga tushdi. Turkning belgusi, ongi, o‘ylovi, ziyrakligi jaholat o‘ljasiga ketdi”. …Ey arslonlar arsloni! Mening yozuqlarimdan o‘t, meni qo‘limni tut, belimni bog‘la, muqaddas fotixangni ber! Sening dunyoda sig‘magan g‘ayratingga ond ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun oyoqda o‘tirmasman”.
Naqadar yoniq, dardli va da’vatkor satrlar. Mustaqillikni qumsab aytilgan otashin da’vatlar uzoq yashamadi. XX asrning 30-yillarida boshlangan qatlion Buxoroning otashqalb farzandi Fitratni ham xalqni yorug‘ kunlar uchun kurashga chaqirgan millatimizning ko‘plab ilg‘or ziyolilari qatori shahid etdi.
O‘ZBЕK XALQI azaldan o‘z Vataniga ega bo‘lgan. Turon, Turkiston, O‘zbekiston. Hech qachon bevatan bo‘lmagan. Lekin hayoti hamisha ham osuda kechavermagan. Unga goh baxt kulib boqqan, goh toleyi zabun bo‘lgan. O‘z erki o‘z qo‘lida bo‘lgan, ya’ni mustaqil davlatli davronlarida xalqimiz boshini mag‘rur ko‘tarib, dunyoga dovrug‘ solib yashagan. Tobelik zamonlarida, ya’ni yurt o‘zgalar qo‘lida qaram bo‘lgan chog‘larida uning qadr-qiymati toptalgan. Ammo o‘z qadr-qiymati uchun, mustaqillik sari kurash tuyg‘usi xalqimiz yuragida mudom ustuvor bo‘lgan. Bu jarayon ochiq va yopiq tarzda, birdam bo‘lsinki to‘xtab qolmagan.
- Fitrat ham yuzlab buxorolik ziyoli, ma’rifatparvarlar bilan bir safda turib, Vatan, xalq, ajdodlar, o‘tmish, qadriyatlar, meros, bugun va kelajak haqida o‘z asarlarida baralla tarannum etgan.
Buxorolik ziyolilarning rahnamolari bo‘lmish – Axmad Donish, Sharifjon maxdum – Sadr Ziyo, Abduqodir Xo‘ja Savdo, Shamsiddin Shohin, Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayni, Muhammad Siddiq Hayrat, Ahmadjon Xamdi, Mirzo Hayit Sahbo, Mirzo Azizi Som’e – Bo‘stonilar zulm-istibdoddan qutulish uchun xalqni ma’rifatli qilishga chorlagan, milliy uyg‘onishni da’vat etgan, najot yo‘lini esa birlik va harakatda deb bilgan.
Fitrat ham Buxoro ziyolilari kabi ko‘pchilik fanlarni egallagan siymolardan bo‘lib, hayot g‘oyasi, ilmi hadis, ilmi tavorix, jug‘rofiya, san’atshunoslik, musiqashunoslik, ilmi tabobat haqidagi muhim fanlarni o‘zlashtirish bilan insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, nifoq, qanoat, oila vazifalari, axloq tarbiyasi, turli millatlarning vazifalari kabilar haqida qalam tebratgan buyuk mutafakkir edi.
BUXORONING OTASHQALB FARZANDI Abdurauf Fitrat 1938-yilda Stalin davrining qatag‘on siyosati sabab O‘zbekistonning ko‘plab gunohsiz ziyolilari kabi “xalq dushmani” degan soxta ayblov bilan shahid qilindi. Garchand ulug‘ ajdodimiz jismonan yo‘q qilingan bo‘lsa-da, ma’nan barhayotdir. Kelajak avlodlarga qoldirgan ilmiy-ma’rifiy merosi, ibratli pand-nasihatlari, Vatanni sevish yo‘lidagi ulug‘ insoniy fazilatlari asrlar oshsa-da boqiy yashayveradi.
Shavkatjon BOBOJONOV,
Toshkent davlat pedagogika
universiteti dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori