Juma, May 30, 2025
HomeyangiliklarXALQ VA ARMIYA BIR TAN-U BIR JON!

XALQ VA ARMIYA BIR TAN-U BIR JON!

Ota yurt, xizmatingga qodir bo‘lib borarman,

Go‘ro‘g‘lixon, Alpomish, Tohir bo‘lib borarman.

Shoirimiz Mansur Jumayev bu misralarda ko‘zda tutgan kechinmalarini endi tushungandek bo‘lyapman. Vatan himoyasi uchun har birimiz mas’ulmiz, bu yo‘lda oshiq, shoir, Alpomish-u Go‘ro‘g‘li bo‘lsam ham, shu Vatan koriga yararga boraman demoqda shoir.

Vatanni asrash har birimizning burchimizdir. Bu yo‘lda har kim har qiyofada namoyon bo‘ladi. Kimdir qo‘liga qurol olib yurt sarhadlarini yomon ko‘zlardan asrasa, kimdir qo‘liga qalam olib, yurtning dovrug‘ini yuksaklarga ko‘taradi. Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov bejiz:

Temur tig‘i yetmagan joyni,

Qalam bilan oldi Alisher,

deya ta’kidlamagan. Vatan oldida hammaning o‘z vazifasi bor. Olim ilmi bilan, dehqon hosili bilan, kosib kasbi bilan Vatan tinchligi va farovonligi uchun o‘z hissasini qo‘shadi. “Vatan manzumasi” dasturi esa har sohada faoliyat olib borayotgan harbiy-u shoirlarni, sanatkor-u olimlarni bir joyga yig‘ib, Vatan uchun xizmatga chorlaydi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan adabiy-ma’rifiy dastur Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan yangicha islohotlar tufayli yurtimizda shakllangan “Xalq va armiya – bir tan-u bir jon!” degan ezgu an’anani, ayniqsa ijodkorlar va harbiy xizmatchilar orasida yakdillikni yanada mustahkamlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashni maqsad qilib olgan.

Ma’rifiy kechani O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi ochib berganidan so‘ng tadbir kuy-qo‘shiqlar, ash’orlarga ulanib ketadi. Har bir detalgacha nazardan chetda qolmagan ushbu dastur yurtimizning taniqli xonandalari, aktyor, suxandonlari, shoir-u shoiralari, harbiylardan tashkil topgan bir guruh iste’dodli yoshlar va ustozlarni bir joyga jamladi.

Tadbirni kuzatar ekanman, o‘z yurtini, elini sevish, ardoqlash kabi baland hissiyotlarni qo‘zg‘ovchi, alangalatuvchi, o‘stiruvchi “Vatan manzumasi” har kuni, har hududda o‘tkazilishi kerak ekan, degan o‘y-fikrlar o‘tdi ko‘nglimdan. Quvonarlisi, zalni to‘ldirib turgan tomoshabinlar zarracha bo‘lsa ham zerikish hissini tuymadi, ular har bir sahna ko‘rinishini qarsaklar bilan kutib oldi.

Tadbir so‘ngida 2000-yili Sariosiyo voqealarida Vatan tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan qahramonlarimiz yod etildi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning mard va jasur yigitlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan “O‘g‘lonlar” she’ri tomoshabinlar e‘tiboriga havola qilindi. Yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan ushbu she’r dasturning kulminatsiyasi bo‘ldi.

Har birimiz Vatan yo‘lida xizmatkorlarmiz. Shu yurtning tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash muqaddas burchimizdir. “Vatan manzumasi” dasturidan ko‘zda tutilgan asosiy g‘oyalardan biri ham shu. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, yurtimiz sarhadlarini begona ko‘zlardan asrashdek ulug‘ g‘oyalar ko‘zda tutilgan.

 

Muhammadali G‘AFFOROV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine