Juma, May 30, 2025
HomeyangiliklarVATAN SO‘ZI KENG OSMONDA HAM BARALLA AYTILADI

VATAN SO‘ZI KENG OSMONDA HAM BARALLA AYTILADI

Yotog‘im derazasidan quyoshni ufq ortiga o‘tishiga qarab, xayollarim daryosida yakka-yolg‘iz suzyapman. O‘tmish xotiralari miyamni siquvga olgan. Azobli. Kelajagim yo‘qdek ko‘ringan kezlar ko‘z oldimdan birma-bir o‘ta boshlaydi. O‘shanda shafqatsiz dunyoning qing‘ir ishlaridan tamom bo‘lib, tog‘larga qochib ketardim. Toshlar bilan dardlashardim. Tabiatni tinglardim. Ko‘kda parvoz etayotgan qushlarga soatlab qarab o‘tirardim. Qanot qoqishlariga havasmand edim-da. Darvoqe, balandlikdan qo‘rqmaysizmi? Chunki bu safargi hikoyam aynan qomatsiz osmon kengliklarini zabt etib kelayotgan mardlar haqida bo‘ladi.

Yaqinda mamlakatimizning eng olis hududlaridan biri – Surxondaryoda bo‘ldim. Sherobodda, Maydon tomonda. Bilasiz-a u tomonlarni? Shuning uchun manzarasiga ko‘p to‘xtalib o‘tirmayman. May oyi bo‘lishiga qaramay, bu yerlar juda issiq bo‘ladi. Quyosh pastlagandek. Allaqachon maysalar qovjirab qolgan. Suv ham tortilgan-ov. Ayrim yerlarning yuziga tushgan “ajinlar” chuqur-chuqur. Xuddi qovjiragandek. Bir joyda oyoqlaringiz ostidagi chang tepaga qarab o‘rmalasa yana bir joyda qovjirab qurib qolgan loy bosganda qisirlab ajoyib tovush chiqaradi.

Xullas, poyezddan tushgan kunimizdanoq mashg‘ulotlarga kirishib ketdik. Keng maydonda azamatlar parashyutni taxlash, sakrash oldi tayyorgarliklari, havo transportidan chiqishda ahamiyat qaratish borasidagi bilimlarni o‘zlashtirayotgandi. Bir chetga o‘tib, ularni zimdan kuzata boshladim. Qo‘limdagi fotoapparatni shay holatda ushlab olganman. Maqsadim – eng qiziq jarayonda yigitlarning harakatini fotosuratda muhrlash.

Mayor Oqil Ismoilov topshiriqlarni bajarayotgan harbiy xizmatchilarga tushuntirish berayotgani e’tiborimni tortdi. Unga yaqinroq borar ekanman, so‘zlarini aniq-tiniq eshitardim.

– Desantchi parashyutga nisbatan o‘ta did, diqqat-e’tibor bilan munosabatda bo‘lish kerak, – derdi mayor. Uning ovozi jangovar va komandirlarga xos yangrardi. – Parashyutni aytilganidek, o‘rgatilganidek taxlash kerak. Har bir bosqichga sinchkovlik bilan qarash shart. Chunki, aynan bu sizning ko‘kdagi muvaffaqiyatingizni belgilaydi.

Mayor Ismoilov shaxdam qadam tashlab bordi-da, navbatdagi harbiy xizmatchining ro‘parasiga to‘xtadi:

– Havoga chiqqaningizdan so‘ng oyoq qo‘yishga joy topolmay qolasiz. Buning qanchalik yomon ekanini biroz bo‘lsa-da, yerda turib his qilish lozim. Qo‘rqish, xavotir olish kerak, demayman. Shunchaki, harbiy xizmatchi tepaga chiqqanidan keyin, faqat o‘zi taxlagan parashyuti bilan yolg‘iz qolishini anglashi kerak. Biz uchun har bir mutaxassis qadrli. Unutmang, arzimagan kamchilik ham hayotingizni xavf ostiga qo‘yadi.

Tepamizda turgan quyoshning o‘tkir nurlaridan borliq qaqshar, tanadagi bor namlik ko‘kka chiqib, bug‘lanib ketayotgandi. Lekin harbiy xizmatchilar kerakli bilimni olish uchun shunday sharoitda ham tinim bilmaydi. To‘g‘ri-da, ular uchun bu hech narsa emas, dersiz? Ammo bir tasavvur qilib ko‘ring, to‘liq jangovar shay ko‘rinishda, qolaversa qurol-aslaha va yana parashyut solingan qariyb 20 kilogramm keladigan qopni ko‘tarib, 40 darajadan kam bo‘lmagan issiqda yurish, sakrash sinovlaridan o‘tish… bular uncha-muncha kishining ruhini cho‘ktirib qo‘yadi, aslida.

Yurt o‘g‘lonlarini, o‘zi umuman, parashyut bilan sakragan kishini hech kuzatganmisiz? Tashqaridan qaraganda juda zavqlidek ko‘rinadi, a? Biroq bu o‘ta mashaqqatli ekan. Chunki havo transportidan sakraganingizdan keyin bo‘shliq uzra o‘zingiz qolasiz. Agar berilgan ko‘nikmalarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsangiz unda parvozni kutilganidek ado etasiz, aks holda… Bu haqda o‘ylash ham kishi vujudini jimirlatadi. Xullas, shu kuni qanotsiz ko‘kni zabt etayotgan azamatlarga havas qildim.

– VATANIMNING SHA’NI MEN UCHUN ORIMDAN HAM USTUN TURADI, – deydi kichik serjant Shermuhammad Mamasoliyev. – Shuning uchun u chorlagudek bo‘lsa, bahona qilmayman. Aksincha, ko‘ksimda urayotgan yuragim qoni to‘lib-toshadi. Gaplarim siz uchun ehtimol erish tuyular. Biroq bizga ota-onamiz ana shu yo‘lda joning fido bo‘lsa ham, ortga qaytma, deb ta’kidlagan va doim bunga amal qilganman. Bugungi mashqlar harchand qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, undan zarur bilim olaman, irodamni, ko‘nikmamni mustahkamlayman. Eng muhim jihat: biz o‘zimizdan keyin safimizga kelib qo‘shilgan harbiy xizmatchilar uchun namuna bo‘lishimiz kerak. Ana shunda ko‘zlagan marra zabt etiladi. Vaqt kelib ular ham keyingi avlod uchun o‘zlarining imkoniyatlarini namoyon etadi. Alaloqibat, bu uzilmas zanjirga aylanadi. Demak, hozir tashlayotgan har bir qadamimiz kelajak bilan uzviy bog‘lanyapti.

Aka, “bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun” degan naqlni eshitgansiz, shundaymi? Ayniqsa, bu armiyada ko‘p qo‘llaniladi. Chunki safda turganda Vatan himoyachilari bir mushtga, ta’bir joiz bo‘lsa, bir tan-u jonga aylanadi. Men suhbatini olgan yigitlar esa nafaqat o‘zi bilan birga xizmat qilayotganlarning mas’uliyatini, balki keyingi avlod oldidagi mas’uliyatlarni ham o‘ylab, g‘am chekardi. Xo‘sh, bu nimadan darak beradi? Nazarimda, o‘sha naqlning mag‘ziga yetib borilgan. Uning xushbo‘y ta’mi, kuch-quvvatga limmo-lim qudrati fosh etilganki, bugun yurt himoyachilari o‘zi va izdoshlarining bir chiziqdan og‘ishmay yurish, Vatanga kerakli farzand bo‘lish istagi bilan yashayapti.

Keyingi kuni ertalab soat oltidan amaliy mashg‘ulotlar boshlanadi. Shuning uchun tong saharlab uyg‘ondik. Biz turgan binoning orqa tomoni daraxtzor. Archa, o‘rik, terak, jiyda va shotut daraxtlarining qalin barglari ostida tonggi soya-salqinlik bor. Xonamiz derazasi ana shu tomonga qarab ochib qo‘yilgan. Undan kirayotgan mayin shabada va qushlarning ovozi quvvatsizlangan tanaga xush yoqadi. Kishiga qandaydir kuch ato etadi.

VERTOLYOT QO‘NISH JOYIGA YETIB KELDI. Komandir dastlabki guruhga kerakli ma’lumotlarni bergach, yigitlar havo transportiga chiqib joylashdi. Mi-8 1 200 metrga ko‘tarilgach, sakrashga signal berildi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar navbatma-navbat zamin tomon o‘zlarini “ota” boshladi. Ma’lum soniyalardan so‘ng parashyutlar ochilib, ko‘k uzra mayda-mayda oq dog‘lar paydo bo‘ldi. Bu manzaraga pastdan qarab turar ekanman, harbiylarning shijoati, qaytmas yuraklarining urayotgan tovushi quloqlarim ostida gumburlardi.

– Nimadan qo‘rqsangiz shu hayotingizda sodir bo‘ladi, deyishadi, – deydi kichik serjant Ilhom Salomov. – Ana shuning uchun men hech narsadan qo‘rqmaslikka odatlanganman. Agar ruhimda nimanidir sezsam darrov o‘zimni o‘zim tinchlantiraman. Diqqatimni boshqa nuqtaga yo‘naltiraman. Maqsadimdan chalg‘ishga haqqim yo‘q. Har safar parashyut bilan sakrash davomida “Men Vatan himoyachisiman!” deya keng osmonda baralla aytaman. O‘z so‘zlarimdan zavqlanaman. Kuch olaman. Yerni, ona zaminimni tepadan tomosha qilib, uning uchun munosib farzand bo‘lishim haqida o‘ylayman. Qisqasi, parvoz zavqi bilan birga maqsadlarni ham aniqlab olaman.

Yerga qo‘ngan azamatlar topshiriqni muvaffaqiyatli bajarganidan mamnun. Chunki navbatdagi vazifa a’lo darajada ado etilgandi. Bu hisni faqat parashyut bilan amaliy sakraganlar his etadi.

Aytgancha, so‘zim avvalida g‘amlarni ortda qoldirish uchun tog‘larga chiqib ketar edim, degandim. O‘shanda cho‘qqilar-la turib, pastga sakrashni o‘ylardim. Yo‘q, ko‘zni yumish uchun emas, uchish uchun. Ammo menda na qanot bor edi va na parashyut. Shunday qilib u orzu bo‘lib qolyapti. Vaqti kelib bu maqsadga ham erishish imkoniyati paydo bo‘lar. Faqat buning uchun biroz chiniqishim, parashyut bilan sakrash sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rganishim kerak. Ishonamanki, sakrashni do‘ndiraman. Chunki men tog‘ odamiman. Bu haqda esa albatta, keyinroq gapirib beraman. Ha, bolaligim haqida.

 

Kapitan Shohrux SAIDOV,

“Vatanparvar”

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine