Juma, May 30, 2025
HomemaqolalarUSMONXO‘JA PO‘LATXO‘JAYEV BEHBUDIYNING SHOGIRDI EDIMI?

USMONXO‘JA PO‘LATXO‘JAYEV BEHBUDIYNING SHOGIRDI EDIMI?

Ruhim “shayton” qo‘shiqlardan toliqqan kunlardan birida qulog‘imga ona allasidek yoqimli, shu bilan birga siyrati fig‘onga botgan tarona chalindi. Ohang avvaliga shivirlaganday, keyin tobora yurakning tubiga cho‘kib, tomirlarda suzgandek bo‘ladi:

“Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?

Sahar vaqtida gullaring so‘ldi…”

Bu – Cho‘lpon ruhi. Bu – o‘zlikka chaqiriq. Bu – bedor ruhlar qo‘shig‘i.

Uni eshitgan sayin qalbimda titroq uyg‘onadi. Vujudimda ko‘hna dard, og‘riqli alam g‘alayon qiladi. Bu ohang – asoratga nisbatan kuylangan hayotiy sado, uning har bir satridan erksizlikka qarshi nafrat, istiqlolga intilish, yurtga sadoqat ufurib turadi.

Bu qo‘shiqda men jadidlarning: “Qo‘zg‘al xalqim, yetar shuncha jabr-u jafolar!”  degan hayqirig‘ini eshitaman. Yo‘llari ayro, ammo orzulari yurtni ozod ko‘rish bo‘lgan botir bobolarim ko‘z o‘ngimda gavdalanaveradi. Bu qo‘shiq meni yaqin o‘tmishga – Behbudiy, Fitrat kabi elparvar ziyolilar zamoniga yetaklagandek bo‘ladi.

Fidoyilik hidi kelar ostonalardan

Bobolarga armon istiqlolni ko‘rish bizga nasib etdi. Bugungi avlod o‘z ajdodlarini tanish baxtiga muyassar bo‘layotganligi – ulkan saodat! O‘zingga shukr! Buxorodagi jadidlik harakati namoyandalari – Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev, Fayzulla Xo‘jayev shaxsiyati ham yillar davomida sovet hukmronligi tomonidan qoralab kelingan edi. Biroq bugun bu ikki shaxsga ham xolis baho berishga harakat qilinmoqda.

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning bugungi kunda xorijda istiqomat qilayotgan o‘g‘li ota yurtdan dil rishtasini uzmagan. Past bo‘yli, donishmand qiyofali Temurxo‘ja o‘g‘li bugungi kunda olimlik darajasiga yetgan: AQShdagi Michigan universiteti professori.

Temur Turkiyada yashaydi. Oilasi, farzandlari, ishi ham xorijda. Ammo qalbining bir parchasi har doim Buxoroda qolgan. U obig‘ishtlardan bino bo‘lgan eski hovli ostonasida turibdi. Bu – ota hovli…

O‘g‘il otasining qadami yetgan yo‘llarni sassiz bosib o‘tadi. O‘sha qadamlardan anglash dushvor bo‘lgan hid anqigandek bo‘ladi. Bu – bolalik hidi, ilk mehr hidi, qalbdagi milliy ruh, fidoyilik hidi.

HOVLIDAGI ISHKOM OSTIDA olmosdek tovlanuvchi uzumlarga ko‘zi tushadi uning. Ularni go‘yo kimdir bir zamonlar go‘dak Temurga ilinganday. Go‘yo bu hujralarda tunlar davomida moychiroq yorug‘ida o‘tirib, Navoiy so‘zlari bilan xayol surgan, Bedil ash’orlaridan hikmat izlagan insonning nafasi hali ham bordek. Ko‘rpachalar huzuri – uning uchun og‘ush. Bunday oromni bugunning hech bir hashamati bera olmaydi unga. O‘zbek dasturxonining odmi, ammo ta’mi og‘zingizdan ketmas taomlari, mehmonga bo‘lgan ixlos – bularning barchasi Temurxo‘ja o‘g‘li yuragidagi unutilmas qo‘shiqdir.

Bu insonning so‘zlarida nazokat, fe’l-atvorida sharqona hayo ustuvor. Muloqotda ochiq, samimiy va dilbar. O‘zbek tilida ancha ravon gapiradi. Uning tabassumi, yonoqlaridagi kichkina kulgichlari ham o‘ziga yarashiqli. Katta-yu kichik ismiga “jon” qo‘shimchasini qo‘shib gapiradigan odati bor. Unda viqor ham bor, samimiylik ham va shu bilan birga qalbga kiruvchi nurli nazar ham.

“Vatan – mening ichimda!”

Ko‘pdan buyon u bilan muloqot qilmoqni niyat qilib yurardim. Bultur Buxoro innovatsiyalar universitetida ikki marta u bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Lekin o‘z tashvishlarim bilan bo‘lib borolmadim. Taqdir menga bir kun shunday inoyatni tuhfa etdi. Ustoz bilan suhbatimiz uning otasi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev faoliyati va jadidlik harakati to‘g‘risida bo‘ldi. Undan dastlab, muhojirlikda yashagan oilada tug‘ilib, o‘sha muhitda kamolga yetgan holda o‘zbek tilida ravon so‘zlasha olish, qadriyatlarga sodiqlik siri nimada ekanligi to‘g‘risida so‘radim. Zero o‘zga ellarda dunyoga kelib, millat sifatida o‘zligini yo‘qotganlar kammi?

Bir paytlar Turkiyada tahsil olgan yosh yigit o‘tgan asrning 60-yillarida turk shoiri Kemaletdin Kamuning “G‘urbat” nomli she’ridan qattiq ta’sirlangandi:

“Men g‘urbatda emasman, g‘urbat mening ichimda…” degan misralar uni bir muddat lol qoldirdi. Axir, o‘z yurtida, o‘z xalqining orasida yashagan bir inson qanday qilib o‘zini g‘urbatda his qilishi mumkin? Bu savol unga o‘sha payt javobsiz tuyulgandi. Lekin oradan yillar o‘tib, shu satrlar yosh Temurga hayot haqiqatini anglatdi.

1990-YIL, TOSHKENT. Navoiy nomidagi davlat akademik teatri – gavjum. Ittifoq hali parchalanmagan, lekin mustaqillik tuyg‘usi xalq yuragida alanga ola boshlagan. Temurxo‘ja o‘g‘li O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurgan, mehr to‘lgan ko‘zlar bilan ona yurtini taniy boshlagan palla. To‘satdan minbarga chaqiriladi. Oldindan tayyorlangan nutq yo‘q, qalbida esa bor-yo‘g‘i bitta tuyg‘u – sog‘inch. Shunda u sahnaga qadam qo‘ya turib, yoshligidan to shu kungacha qalbida yashagan va qiyomiga yetgan so‘zlarni ifodalaydi:

 “Men Vatanda emasman – Vatan mening ichimda!”

Bu so‘zlar teatr zalida to‘lqin-to‘lqin bo‘lib tarqaldi. Olqishlar bir necha daqiqa to‘xtamadi. Chunki bu satrlar o‘sha vaqtda “Vatan” deyishga cho‘chigan, lekin yuragi erkinlikka orzumand minglab insonlarning qalbi tubigacha yetib borgani rost.

– Hamzabekjon, Vatanning asosiy qadr-qimmati uni yo‘qotganda kuchliroq tuyuladi insonga. Vatan faqat geografik hudud emas. U – bolalikda eshitilgan allalar, onam tilida aytilgan ertaklar, otamning tilidan singgan Alisher Navoiy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Elbek she’rlaridir. Vatan – bu xotira, qalb, til va inoyat. Unga bo‘lgan muhabbat chet elda yurgan inson uchun yanada ezgu, yanada muqaddas ko‘rinaveradi. Ayniqsa, millat tuyg‘usidan mahrum qilingan avlod uchun, – deydi Temurxo‘ja o‘g‘li beg‘ubor tabassum bilan.

Olim Istanbul universitetida Shayboniyxon va uning devoni haqida ilmiy izlanishlar olib borgan. AQShdagi Kolumbiya universitetida esa o‘zbek va qozoq zamonaviy adabiyoti borasida doktorlik dissertatsiyasini yozgan. Bir qarashda bu shunchaki ilmiy faoliyatday tuyulishi mumkin, ammo buning ortida milliy burch, yuksak madaniy o‘zlik yotganini anglash qiyin emas.

Cho‘qqidagi matonat

O‘tmishga xayolan sayohat qilar ekanman, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning qaddi tik siymosini ko‘rgandek bo‘laman. Uning tabiati suratlarida ko‘ringani kabi vazmin va ulug‘vor bo‘lganmikan, degan savol miyamda charx uraveradi.

– Otam uy ichida ham, tashqarida ham juda samimiy va muloyim muomalada bo‘lar edilar. Men uning biror marta ovozini baland ko‘targanini, kimgadir baqirganini yoki qattiq gapirganini eshitmaganman. Agar kimdir uning fikriga qo‘shilmasa, bundan achchiqlanmas, balki turli misollar bilan o‘z qarashlarini tinch va asosli tarzda izohlab berishdan charchamasdi. Juda sabrli, chidamli inson edi. Hech qachon shoshmas, doimo vazmin va o‘ylangan qadam tashlar edi. Onam yoki biron kishi xafa bo‘lib qolsa, otam har doim “Ko‘p g‘am yema, yeganingdan ham kam yema!” deb ruhlantirar edi, – deydi Temurxo‘ja o‘g‘li.

Usmonxo‘ja boy va ma’rifatparvar oilada tug‘ilgan. Bobosi Karomatullo Xo‘ja va otasi Po‘latxo‘ja Buxoroning yirik savdogarlaridan edi. Ammo Usmonxo‘ja savdo bilan emas, ilm va ma’rifat bilan shug‘ullandi. U yoshligidan otasi olib kelgan “Tarjimon” gazetasi, tatar, Ozarbayjon va Usmonli turk matbuotiga qiziqib, ular orqali fikr va dunyoqarashini boyitib bordi. Maktab ta’limidan tashqari u uyiga kelgan xususiy muallimlardan matematika va boshqa fanlarni o‘rgandi. Yoshligida Andijon qo‘zg‘olonida qatnashgan va Chor Rossiyasi tomonidan qo‘lga olinib, Buxoroga topshirilgan. 1916-yilda esa Turkiston umumqo‘zg‘olonini tashkil etishda Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqalar bilan birga faol qatnashgan.

YOSH BUXOROLILAR harakatining namoyandasi sifatida u Buxoroda tuzilgan yangi hokimiyatning yetakchilaridan biri bo‘ldi. Dastlab Fayzulla Xo‘jayev va boshqa safdoshlari bilan islohotlarda faol ishtirok etdi. Biroq o‘zini do‘st qilib ko‘rsatgan, va’dasi boshqa-yu amali boshqa bo‘lgan bolshavoylarning munofiqona siyosatidan hafsalasi pir bo‘lib, ularga qarshi chiqdi. Usmonxo‘ja hayotining keyingi fasllarini muhojirotda o‘tkazdi. 1951–1957-yillarda Pokistonda yashar ekan, har yili yozda sakson yoshida bo‘lishiga qaramay, Pomir tog‘lariga chiqib, u yerdagi qirg‘izlar orasida bir necha oy yashardi. Bu uning nafaqat jismoniy, balki ruhiy chidam va jasoratidan ham dalolat beradi.

Temurxo‘ja 1986-yilda Turkiyaning Von shahrida Pomirdan ko‘chirib keltirilgan qirg‘izlar bilan uchrashdi. “Usmonxo‘ja har yil toqqa chiqib, 3-4 oy u yerda nima qilar edi?” deya Rahmonqulxon qo‘rboshidan so‘raydi. Javob shunday bo‘ladi: “Bu sirdir. Tafsilotini ayta olmayman. Ammo Turkistonning ozodligi bilan bog‘liq ishlar, deb aytsam bo‘ladi”.

Usmonxo‘ja umrining ilk 45 yilini Vatan ichida jadidlik, ma’rifatparvarlik, ozodlik va istiqlol uchun bag‘ishlagan bo‘lsa, qolgan 45 yilda muhojiratda ayni shu g‘oyalar uchun kurashni davom ettirdi. U o‘limi oldidan o‘g‘lini oldiga chorlab, shunday so‘zlarni aytgandi:

– O‘g‘lim, men senga uy-joy yoxud mol-u davlat qoldirmadim. Kun kelib ozod bo‘lishi kerak bo‘lgan yurtimning diydorini qoldiryapman. Menga Vatanimning hurriyatga erishganini ko‘rmoqlik armon bo‘ldi, illo u kunlarni sen ko‘rajaksan!

Jadidlikdan xato izlanmaydi, xulosa qilinadi

Turkiston jadidlari yutuq va kamchiliklari nimalarda ko‘rinadi? Ular o‘z g‘oyalarida yakdil edilarmi? Jadidlar ustidan hukm chiqarayotgan bugungi avlod o‘z fikrida qanchalik haq yoki nohaq? Bu savolni tarixchilarga ham bir necha marta berganman.

YOLG‘IZ TURKISTON EMAS, balki Volga-Ural, Qrim, Ozarbayjon, Sharqiy Turkiston jadidlari ham qisqa bir davr ichida muhim yutuqlarga erishdilar. Ular 1860-1930-yillar oralig‘ida olib borgan faoliyatlari orqali nafaqat o‘z zamoni, balki undan keyingi avlodlar uchun ham ulug‘ milliy meros qoldirdi. Bu merosning bir qanoti ilg‘or ma’rifat va madaniyat bo‘lsa, ikkinchisi demokratik tuzumga intilishdir. Jadid merosi fashistik va kommunistik tuzumlariga mutlaq zid bo‘lgan harakat edi. Shu bois Sovet ittifoqidagi diktatura jadidlikka qarshi murosasiz kurash olib bordi va bu demokratik harakatni yo‘q qilishga intildi. Ammo jadidlar, ayniqsa XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ta’lim-tarbiya sohasida ulkan yutuqlarga erishdi. Ular yoshlar va kattalar o‘rtasida savodxonlikni oshirdilar, jadid maktablarida eng ilg‘or pedagogik usullarni joriy qildilar.

Bu harakat zamonaviy adabiyot, teatr, musiqa, raqs, rasm, san’at, tilshunoslik, folklorshunoslik, adabiyotshunoslik, tarix va boshqa ko‘plab sohalarda ham yangi yo‘nalishlarni yuzaga keltirdi. Jadidlar o‘z milliy g‘oyalariga sodiq bo‘lish uchun qatag‘on qilinguncha tinimsiz mehnat qildilar. Ular o‘zaro asosan hamfikr va yakdil edilar. Ammo sovet tuzumi ularni bo‘lish, bir-biriga qarshi qo‘yish uchun turli hiyla-nayranglardan foydalandi. Shunga qaramay, jadidlar orasida o‘z g‘oyalariga xiyonat qilganlar juda kam edi. Ustoz Temurxo‘ja o‘g‘lining fikricha, jadidlar ulkan yutuqlarga erishgani barobarida, ularning kamchiliklarini xolisona o‘rganish ham mushkul. Chunki tarixdagi eng dahshatli diktatura – sovet rejimi soyasida turib, jadidlikdagi xatolar axtarish – insofsizlik.

O‘lkaga qo‘shib qalblarni ham parchaladilar

100 yil burungi tarixga, xossatan, bugungi nazar bilan baho berish o‘rinli bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz xatolari davr taqozosimidi yoki mustabid tuzum changalidan qutulish uchun ularda sharoit yetarli edimi, degan savol hamon bahslarga sabab bo‘layotir.

Jadidlik harakati boshlangan paytda bu o‘lka tanazzulning eng chuqur davrini boshidan kechirayotgan edi. Ayniqsa, XVII–XIX asrlar oralig‘ida Turkiston, Volga-Ural, Qrim, Sibir, Qafqoz va Ozarbayjon o‘lkalari bir-biridan uzilgan, turli xonlik va amirliklarga bo‘lingan holda, o‘zaro yer va nufuz talashib yashar edilar.

Bu orada Yevropada industrial inqilob yuz berdi – ular kema yo‘llari orqali Afrika va Osiyoni bosib olib, mustamlaka siyosatini yurgizar, tabiiy boyliklarni o‘z yurtiga tashib ketar edi. Ana shu tarixiy burilish pallasida Rus knyazligi ham kuchayib, Rus davlatiga aylandi. 1552-yili Qozon, 1556-yili Astraxan xonliklari tor-mor qilindi, keyingi ikki asrda esa Qafqoz va Sibir bosib olindi. XIX asrga kelib, Rossiya imperiyasi Qozog‘iston orqali Turkiston tuproqlariga qadam qo‘ya boshladi.

SHU BILAN BIRGA, Turkistonning janubidagi uchta davlat – Xiva, Qo‘qon xonliklari va Buxoro amirligi o‘zaro nizolar bilan band bo‘lib, Rossiyaning bosqiniga yetarlicha e’tibor qaratmadi. Qozoq xonliklarida ham ittifoq va birlik yo‘q edi. Holbuki, Chor Rossiyasining Turkistonni bosib olishi ikki asrga yaqin davom etdi. Ana shunday qarama-qarshiliklarga qarshi jamiyat ichidagi uyg‘onish harakati – jadidlik paydo bo‘ldi. Bu harakat turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy, ma’naviy uyg‘onish, o‘zlikni anglash va mustamlaka zulmiga qarshi fikriy kurashning timsoliga aylandi.

Rossiya Qo‘qon xonligini batamom yo‘q qildi. Xiva va Buxoro esa rasman mustaqil bo‘lgani bilan, amalda vassal davlatlarga aylantirildi. Turkistonning shimoli Dala gubernatorligi, janubi esa Turkiston general-gubernatorligiga aylantirilib, mintaqaning birligiga putur yetdi.

Bu vaziyatda, na Chor Rossiyasi, na keyinchalik bolsheviklar davrida mustamlakachilik changalidan qutilish uchun zarur siyosiy va harbiy sharoit mavjud emas edi.

1917-yildagi harakatlar natijasida vujudga kelgan Turkiston muxtoriyati va Alosh-o‘rda hukumatlari qisqa fursat ichida harbiy yo‘l bilan tor-mor etildi. Qo‘qon shahri bombalandi, qishloqlarda ommaviy qirg‘inlar amalga oshirildi. Turkiston xalqlarining o‘z armiyasi yo‘q edi. Ular himoyasiz edilar.

Mana shu sharoitda ota-bobolarimiz qilgan xatolarni faqat ularning irodasiga yuklash adolatdan bo‘lmaydi. Tarixdagi og‘ir tanlovlar zamona hukmi va sharoitlar taqozosi edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

“Kommunizm vayron bo‘lajak!”

Taniqli yozuvchi Nabijon Boqiy o‘zining “Chingiz afandiga maktublar” kitobida Usmonxo‘ja va Anvar Posho kabi shaxslarning bolsheviklarga ishonmaganini ta’kidlaydi. Lekin savol tug‘iladi: bu ishonchsizlik faqat intuitsiyami, shaxsiy tajriba yoki tarixiy xulosalar mahsulimidi?

Usmonxo‘ja 1921-yilning dekabr oyida Sharqiy Buxoroda bolsheviklar garnizonini qurshovga olgani tarixga “Dushanbe voqeasi” nomi bilan kirgan. Temurxo‘ja o‘z otasining pozitsiyasini ushbu voqeaga baho berilgan uchta adabiy asar va shu asosda yaratilgan badiiy filmlar talqinida javob berishga harakat qiladi.

Dushanbedagi sovet garnizoni qamal qilinishi va uning qo‘mondonlari hibsga olinishi bilan bog‘liq tarixiy haqiqatlarga ittifoq tarixchilari o‘z asarlarida sukut qilsalar-da, badiiy asarlarda talqin etilishi katta jasoratdir. Bularga taniqli o‘zbek yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Qil ko‘prik” romani, tojik yozuvchisi Jalol Ikromiyning “Gornizon taslim bo‘lmaydi” pyesasi hamda tatar adibi Tavfiq Aydi qalamiga mansub “Ilon zahri” romanini misol keltirish mumkin. O‘z davrida bu asarlar asosida badiiy filmlar ham yaratilgan.

Usmonxo‘ja bolsheviklar yuborgan elchilar – Nagorin va boshqa harbiy qo‘mondonlarga qarata shunday degan: “Buxoroda bo‘lgan to‘ntarish sotsialistik emas, demokratik inqilob edi… Va shuni ham unutmangki, kommunizm, albatta, vayron bo‘lajak!”

Bu so‘zlar tasodif emas. Ular Usmonxo‘janing shaxsiy e’tiqodi, siyosiy hushyorligi va kelajakka oid xulosalarini ifoda etadi. Usmonxo‘ja bolshevizmga ishonmasligi tasodif emas. Bu uning shaxsiy tajribasi, tarixiy tahlili va teran tafakkuri mahsuli edi.

Kech anglangan haqiqat

O‘tgan asr boshlarida Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev va Fayzulla Xo‘jayev siyosiy jarayonlarda yelkadosh edilar. Ikkalasi ham millat taqdiri uchun qayg‘urgan, milliy mustaqillik g‘oyasida yashagan shaxslar edi. Ammo tez orada ular ikki turli yo‘lni tanladi: Usmonxo‘ja mustamlakachilikka murosasiz kurashni afzal ko‘rdi, Fayzulla esa bolshevizmni “muvaqqat platforma” deb bilib, uning ichida qolishga qaror qildi. Bu esa tanlov emas, majburiyat edi. Shunday ekan, nega amakivachchaning anglagan haqiqatini jiyanning tushunib yetishi uchun o‘n yillab vaqt kerak bo‘ldi?

Jadidlar bolsheviklarga ishonmagan. Ular o‘rtasida ishonch emas, balki strategik tanlov bor edi. Ba’zilar – Usmonxo‘ja, Mustafo Cho‘qay kabi yetakchilar murosasiz kurashni tanladi. Ular mustamlaka zulmiga qarshi ochiq front ochdi. Lekin ular ozchilik edi. Jadidlarning katta qismi esa o‘z g‘oyalarini sovet tizimi ichida amalga oshirishga urindi – umid bilan, shubha bilan, ikkilanish bilan. Bugungi kunda bu tanlovni ayblash tarixga nisbatan behurmatlikdir. Ularga sharoit tanlash imkoni berilmagan. Bir tomonda tiqinli siyosiy tunnel, ikkinchi tomonda esa qurolli bosqinchi rejim. Muhimi, Turkistonda na milliy armiya bor edi, na tashqi yordamga umid.

Hatto, Ozarbayjonning qisqa umr ko‘rgan mustaqil jumhuriyati ham Usmonli armiyasining harbiy yordamida tuzilgandi. Lekin 1920-yilda Usmonli armiyasi ketishi bilan Bokuga bolsheviklar kirib keldi va bu davlat ham yo‘q qilindi. Shu misolning o‘ziyoq Turkiston taqdiri nima uchun shunday kechganini ko‘rsatib turadi.

TURKISTON JANUBIDAGI bosmachi harakat ham, afsuski, taraqqiy etmagan milliy armiya emas, balki tarqoq va siyosiy qarashlariga ko‘ra ikkiga bo‘lingan to‘dalardan iborat edi. Ulardan biri Buxoro jumhuriyatini qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchisi Afg‘onistonga qochgan amir Olimxon tarafdori edi. Boshqacha aytganda, dushmanga qarshi ittifoq emas, bo‘linma, yakdillik emas, ixtilof bor edi.

Hatto, Buxoro armiyasi 1921-yilda Dushanbeda bolshevik garnizoniga hujum qilganida, Ibrohim Laqay boshliq bosmachilar ularga orqadan zarba berib, bolsheviklarga oziq-ovqat bilan yordam bergan. Bu xato keyinchalik Ibrohimbekning o‘ziga ham qimmatga tushdi.

Shunday sharoitda millatparvarlarning bir qismini qoralash, ularning tanlovini “xato” deb baholash, tarixni bir tusda ko‘rish demakdir. Haqiqat shundaki: ularning har biri halokat yoqasiga kelgan millat uchun qo‘lidan kelganini qilgan.

Murosa yo‘li yopiq, ammo ittifoq umidi bor edi…

Tarixning eng tor va og‘riqli yo‘llarida ham murosaga chorlovchi ovozlar bo‘lgan. Ammo ba’zan bu ovozlar o‘tmish g‘ovlarida g‘arq bo‘ladi. Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati bosmachilar bilan murosa qilmagani ta’rif qilinadi. Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev ana shu siyosiy murakkabliklar girdobida, yakdillik izlab Dushanbega yo‘l olgan edi. 1921-yilda u sharqiy Buxoroda bo‘lg‘usi ittifoq uchun harakat qilardi: bosmachi to‘dalarni birlashtirish, hatto Amir Olimxon tarafdorlarini ham shu sa’y-harakatga jalb etish istagida edi. Ammo ishonchsiz muhitda ba’zilar, xususan, Ibrohim Laqay, bu harakatni shubha bilan kutib oldi. U hatto Anvar Poshoni qamoqqa olishgacha bordi. Har kim o‘z haqiqatini da’vo qilardi. Natijada, bir millatning eng jasur, ammo parokanda o‘g‘lonlari bir-biriga qarab qat’iy qadam bosolmay qoldi.

TARIX BA’ZAN INSONIYATGA OG‘IR SAVOLLAR QO‘YADI: kurashmi yo murosa? Tanlash esa har kimning o‘z zimmasida. Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev esa bu savolga bir umrlik javob bergan odamlardan. Unga yaqin inson – o‘g‘li Temurxo‘ja o‘g‘lini tinglar ekansiz, shu haqiqatni qayta va qayta his etasiz: Usmonxo‘ja o‘z hayotini bir marta emas, ko‘p marta o‘z xalqi ozodligi uchun tikkan inson edi.

– Men tanigan Usmonxo‘ja bundan boshqa yo‘l tanlayolmasdi, – deydi Temurxo‘ja teran ishonch bilan.

Haqiqatan ham, shunday ekanligi uning hayot yo‘lidagi muhim burilishlardan ko‘rinadi:

20 yoshida Dukchi Eshon qo‘zg‘olonida qatnashgan, 38 yoshida Turkiston umumqo‘zg‘olonida, 40 yoshida Buxoro amirligidagi Islohot namoyishida, 43 yoshida Buxoro jumhuriyati rahbari sifatida armiya tashkil qilgan va shu armiya bilan bolsheviklarga qarshi harakat qilgan.

U hatto, qurol-aslaha olish umidida Afg‘oniston orqali Angliya bilan muzokara olib borish darajasiga yetib borgan. Temurxo‘ja bu holatni hech qanday bo‘rttirmasdan, tarixiy manzarani chizadi:

– Turkistondagi bosmachilar ittifoq qilib birlashmagan, ularda kuchli armiya mavjud emas edi. Bunday sharoitda sovet harbiy kuchiga qarshi boshqacha ssenariyni tasavvur qilish mushkul.

Ziyolilar qadami uzilmagan xonadon

Usmonxo‘janing hayoti nafaqat tarixga daxldor, balki bugungi avlod uchun ham ma’naviy merosdir. Uning xonadoni, Temurxo‘janing xotiralariga ko‘ra, mustaqillik orzusini yurakdan his qilgan, ammo yurtdan uzoqda yashashga majbur bo‘lgan ziyolilar uchun maskan bo‘lgan.

Usmonxo‘ja Turkiyada, Eronda, Pokistonda – qayerda bo‘lmasin, o‘z atrofiga mushtarak taqdirli hamyurtlarini to‘play olgan. Ularning orasida Mehmet Amin Rasulzoda, Mustafo Cho‘qay, Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on, Ayoz Ishoqiy, Shermuhammadbek qo‘rboshi va boshqalar bor edi. Temurxo‘ja bolaligi shu insonlar davrasida o‘tganini faxr bilan aytadi. U ba’zilari bilan yuzma-yuz ko‘rishgan, ba’zilari esa otasining vafotidan so‘ng ham, unga otasining ma’naviy merosini ulashgan.

– Esdaliklarim ko‘p, ularni yozishni mo‘ljallamoqdaman, – deydi u.

Bunday xotiralar – bugun yozilmasa, ertaga yo‘qoladigan boylikdir. Ular nafaqat Usmonxo‘janing shaxsiyatini, balki butun bir davrning ruhiy muhitini, mushtarak dardi va umidini tasvirlaydi.

Tarixiy hujjat

Shak-shubhasiz, XIX asrning so‘nggi va XX asr boshida Turkistonda fikriy kurashlar va ma’rifat urinishlari jadidlar safida jonlandi. Bular safida esa ikki buyuk shaxsning nomini alohida tilga olish zarur: Mahmudxo‘ja Behbudiy va Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev. Ular orasidagi munosabat “Ustoz-shogird” an’anaviy tushunchasidan ko‘ra, kengroq va ta’sirchandir. Temurxo‘ja o‘g‘li bu ikki shaxsning munosabatlarini ochib berishga harakat qiladi. Uning ta’kidlashicha, garchand Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev 1878-yilda, Behbudiy esa 1875-yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ular fikriy jihatdan bir avlodga mansub edilar va o‘z zamonasining og‘riqlarini barobar his qilgan edilar.

MANBALARGA KO‘RA, Behbudiyning ta’siri Usmonxo‘janing jadidlikdagi faoliyatida mustahkam iz qoldirgan. Usmonxo‘janing shaxsiy daftarida 1916-yildagi Turkiston umumqo‘zg‘oloni haqida shunday yozuv mavjud: “Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlaridan telegram keldi, meni tezda Samarqandga chaqiryapti. Chor Rossiyasiga qarshi boshlangan isyonlarni kuzatish uchun Samarqandda yig‘ilish bo‘ladi. Men ham tezda yo‘lga chiqdim”.

Bu gaplar ularning fikriy birdamligini emas, balki amaliy siyosiy sherikligini ham ko‘rsatadi.

Temurxo‘ja o‘g‘li 2001-yilda o‘zining “Usmonxo‘ja armug‘oni” kitobini nashr etish jarayonida yana bir tarixiy kashfiyot yuz berdi. Turkiston tarixi uchun muhim bo‘lgan va ungacha noma’lum bo‘lib kelgan bir hujjat – Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan 1907-yili Rossiya Dumasiga taqdim etilgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi qo‘lyozmasi topildi. Bu qo‘lyozma ayni damda O‘zbekiston jadidshunosligining muhim manbasiga aylangan.

Hikoyaning eng dramatik qismi esa ushbu hujjat qanday qilib saqlanib qolgani bilan bog‘liq. U dastlab jadidlik harakatining namoyandalaridan biri, taniqli tatar mutafakkiri Ismoilbek Gaspirinskiyning arxiviga tushgan. Keyinchalik uning qizi – jadid ayollar orasida tanilgan Shafiqa xonim Qizil armiya tahdididan qochib yurgan paytda, bolalari va arxivi bilan birga Turkiyaga elchixona vositasida yetib borgan. Ana o‘sha arxiv orqali tarixiy hujjat keyinroq turk tarixchisi Najip Hablemit o‘g‘li qo‘liga o‘tadi.

Temurxo‘ja o‘g‘li 2000-yilda ushbu arxivda Turkistonga oid ma’lumotlar bor-yo‘qligini so‘rab murojaat qilganida, unga ushbu qo‘lyozmaning rangli fotosuratlari yuboriladi. Ularni “Turkistonda yangilik harakatlari va inqiloblar 1900–1924: Usmonxo‘ja armug‘oni” nomli kitobida ilk bor nashr etadi.

BU TARIXIY KASHFIYOTDAN KEYIN O‘zbekistondagi jadidshunos olimlar, jumladan akademik Begali Qosimov va Naim Karimovlar ham ushbu matn bilan tanishib, uni mamlakatimizda qaytadan chop etishdi. Mazkur hujjatning tasodifiy saqlanib qolishi, jadidlik harakatining fidoyi farzandlari faqat g‘oya bilan emas, balki hujjat, ta’lim, ma’rifat va amaliy harakat bilan yashaganini tasdiqlaydi. Shuningdek, u Mahmudxo‘ja Behbudiy va Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev o‘rtasidagi mustahkam fikriy aloqalar va tarixiy hamkorlikning yana bir dalilidir.

“Men u kunni ko‘rolmayman”

Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev chet ellarda o‘tkazgan 45 yillik muhojirat umri davomida birzum ham yuragida Turkiston orzu-sog‘inchi so‘nmagan edi. Uning har bir chiqishi, har bir nutqi, har bir yozgan so‘zida bitta orzu yaqqol eshitilardi: bir kun kelib, Turkiston o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan, erkin, mustaqil xalqlar yurtiga aylanadi!

Uning hayoti, faoliyati mustamlaka to‘rlarini parchalab, ma’rifat va ozodlik fidoyisiga aylangan bir avlod vakili sifatida o‘tdi. Bir necha bor xalqaro anjumanlarda ham ana shu orzusini e’lon qilgan. Temurxo‘ja otasining unga qilgan so‘nggi vasiyati farzand qalbini larzaga keltirgan eng ezgu, eng ta’sirli so‘zlardan biri bo‘lganligini eslaydi:

“Kelgusida Turkiston ozod va mustaqil bo‘ladi. Men u kunni ko‘rolmayman, lekin sen, albatta buni ko‘rasan va Vatanga borib yurasan! Vatandagilar seni muhabbat va sog‘inch bilan quchoqlab oladilar…”

Bu so‘zlar o‘zida umid va alamni, muhojirat iztirobini va istiqbol shodiyonasini mujassam etgan tarixiy vasiyat edi.

 

Hamzabek TURDIYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlar

 uyushmasi a’zosi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine