Juma, May 30, 2025
Homemaqolalar“MЕN O‘ZBЕGIMNING QIZIMAN!”

“MЕN O‘ZBЕGIMNING QIZIMAN!”

Ko‘p millatli xalqimiz tarixida yurtimizda tug‘ilib o‘sgan, shu zaminga mehrini berib, uning rivoji yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan turli millat vakillari talaygina. Ular o‘z davrida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ulkan ulush qo‘shgan zahmatkash insonlardir. San’at va madaniyat sohasida 75 yildan ziyod faoliyat yuritgan O‘zbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova mana shunday zabardast insonlardan biri edi. Shuningdek, podpolkovnik G‘ulomjon Rahimov bilan 45 yil davomida shirin oila qurib, el koriga kamarbasta farzandlar va nabiralar ulg‘aytirgan mo‘tabar ayol bo‘lgan. Gavhar opaning olamdan o‘tganiga necha yillar bo‘lmasin, tarixga muhrlangan aziz nomi, hayratga sazovor zahmatli xizmati hamisha barhayotdir.

Darhaqiqat, bunday ulug‘ insonlar nomini unutmasligimiz, xotirasini e’zoz ila yodga olishimiz oldimizda turgan ezgu amaldir. Zero ularning millat madaniyati va san’ati yo‘lidagi fidoyiligi, g‘ayrat va shijoati barchamizga o‘rnak. Yodimda 2001-yil 7-noyabr kuni ofitserlar uyida Gavhar Rahimovaning 90 yillik yubiley to‘yi nishonlandi. Sahnaga ustoz san’atkor chiqdi.

Qutlug‘ O‘zbekiston, ey ona xalqim,

Shukrona aytgali keldim qoshingga.

Sen mening baxtimsan, sen mening taxtim,

Jonim fido bo‘lsin, keksa yoshingga.

Ko‘zda shukronalik yoshi bilan dildan aytilgan bu so‘zlar san’atimiz saodati uchun umrini nisor qilgan Gavhar opaning qalb nidosi edi.

Sinovli yillar suroni

Hali o‘zbek sahnasi ayol zotiga bag‘rini ochmagan davrlar. Gohida esa ayol uchun bu sahnani ishg‘ol qilish istagi fojiali yakun topgan yillar. Mana shunday tahlikali paytda bir to‘p san’at g‘unchalari o‘zbek sahnasida ilk bora qad rostladi. Ular orasida hali o‘n oltiga to‘lmagan Gavhar ismli nozikkina arman qizi ham bor edi…

Gavharxonim Rahimova o‘tgan asr boshlarida – 1911-yilda Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. Uning bolalik yillari og‘ir kechgan. Yurtda ocharchilik, otasi Artyom Petrosyan bevaqt olamdan o‘tgach, onasi to‘shakka mixlanib qoldi. Qahraton qish, mahallalarda kunda va kunora ochlik tufayli odamlar hayotdan ko‘z yummoqda. Shunda mahalla ahli birlashib, bir etak arman bolalarini ochlik va sovuqdan asrab qoldi. Yozga chiqib bir badavlat insonning muruvvati bilan Marg‘ilon shahrida ilk marotaba yetim qolgan bolalar uchun “Bolalar uyi” tashkil qilindi. U yerdagi tarbiyalanuvchilar orasidan Gavhar va uning ukalari ham joy oldi.

Marg‘ilonlik san’atkor Usta Olim Komilov “Bolalar uyi”da san’at to‘garagi ochib, bolalarga dutor, doira chalishni, ashula, lapar, yalla va katta ashulalar aytishni o‘rgata boshladi. Gavhar tez orada ustozning eng iqtidorli shogirdiga aylandi va o‘zbek san’atiga kirib keldi. 1927-yili iste’dodli qizni “Bolalar uyi”dan Qo‘qon truppasiga oldi. U yerda teatr yo‘nalishi bo‘yicha ustozi Mariya Kuznetsova yordami bilan sahnada rol ijro etdi. 1928-yilda Andijon musiqali drama truppasiga o‘tgan Gavhar san’at fidoyilari bo‘lmish Isoqqori aka, Soyib Xo‘jayev, Lutfixonim Sarimsoqova kabi bir qator san’atkorlar bilan birga ijod qildi. Ustoz bilan suhbatlashganimda o‘sha davrlarni quyidagicha yodga olgandi:

– O‘zbek sahnasida ayol ijodkorlarning bo‘y ko‘rsatishi oson bo‘lmagan. Qanchadan qancha yosh qizlar, ayollar san’at yo‘lida qurbon bo‘ldi. Ko‘z oldimizda o‘ldirilgan Xalchaxon, Vannaychaxon, o‘n olti yoshli Nurxon… Hatto ayolini sahnaga olib chiqqani uchun er-xotin san’atkorlarni bolta bilan chopib ketgan. Bizga ham ko‘p bora zug‘umlar bo‘ldi, ammo sahnani tark etmadik. Unutilishga yuz tutgan ko‘plab xalq qo‘shiqlari, lapar va aytishuvlar, yallalarni qayta tiklab xalqqa taqdim etaverdik. Nurxon qabrga qo‘yilgan kun Marg‘ilonda katta miting bo‘ldi. Unda betakror san’atkor Muhiddin Qoriyoqubov so‘z olib, “O‘ldirilgan bir Nurxon o‘rnini yuz Nurxon egallaydi”, deganida ustoz qanchalar haq ekanini hayot ko‘rsatdi. Safimizga birin-ketin Halimaxon Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi iqtidorli san’atkorlar qo‘shilib bordi…

Mana shu suronli yillarda Gavhar opaning hayotida katta o‘zgarish yuz berdi. U andijonlik G‘ulomjon ismli harbiy yigitga turmushga chiqdi. Farzandlik bo‘lib ham sahnani tark etmadi. Unga opasi mashhur san’atkor Tamaraxonim tayanch va hamfikr bo‘ldi.

San’at yo‘lidagi fidoyilik

1930-yillardan 1941-yil – Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan vaqt mobaynida Gavhar Rahimova san’at yo‘lida ulkan ishga qo‘l urdi. Milliy qo‘shiqchilikni puxta egallagan san’atkor sifatida respublikamizdagi viloyatlarda 25 ta ansambl tuzdi. Ushbu ansambllarga iqtidorli yoshlarni birlashtirdi, ustozlik qildi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan so‘ng 1941–1945-yillar davomida harbiy xizmatga chaqirilgan Gavharxonim Rahimova san’atkorlar guruhiga boshchilik qilib, jangovar qo‘shiq va raqslar bilan harakatdagi armiya safida jangchilarning xizmatida bo‘ldi. Urush davomida 13 ta frontda bo‘lib, jang maydonlarida berilgan 1 200 marotaba konsertda ishtirok etdi.

2001-yili 90 yoshni qarshilagan ustoz san’atkordan urush lavhalari haqida so‘raganim yodimda. O‘shanda xotirasi o‘ta tiniq, so‘zlari keskir Gavhar opaning eng dardli kechinmalarini uyg‘otganimdan xijolat chekkandim. Ustoz biroz tin olib, “Urush shu qadar mal’unki, bu ofatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan insongina his qila oladi. Ilohim buni avlodlarimiz aslo ko‘rmasin! Sizlarga dengizdan tomchi sifatida bir voqeani aytib berishim mumkin, – dedi xotiralarga qaytib. – Biz san’atkorlar katta mashinada front bo‘ylab navbatdagi belgilangan joyga konsert berish uchun ketayotgan edik. Men haydovchining yonida edim. Qahraton qish, hammayoq oppoq qor. Shunda uzoqdan yo‘l chetidagi qandaydir qoramtir uyumga ko‘zimiz tushdi. Yetib borib qaraganimizda ishonasizmi, yosh bolalarning bo‘laklarga bo‘lingan, sovuqda qorayib ketgan jasadlari edi! Men frontda ko‘plab ayanchli holatlarni ko‘rdim. Xudodan umrim davomida qotgan non yeb, sovuq suv ichib yashasam ham, faqat tinchlik ato qilishini tilaganman. Siz muxbirlar yozinglar, xalqimiz bilsinki, biz mustaqil yurtda, dorulamon zamonda yashayapmiz. Bizdagi tinchlikning o‘zi eng oliy baxt. Shu baxtni asrashimiz, hamisha hushyor bo‘lishimiz shart. Chunki hozirgi terrorizm balosi ham fashizm ofati bilan bir xil. Yurtimizni Alloh shu balodan asrasin”.

Gavhar Rahimova urushdan so‘ng yana xalq xizmatiga qaytdi. Uning urushdagi xizmatlari mustaqillikka erishganimizdan keyingina e’tirof topdi. 1995-yili “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. 1999-yili “El yurt hurmati” nishonini qabul qilib oldi. 2001-yil 9-may kuni esa mudofaa vazirining buyrug‘i bilan urush davrida berilmagan harbiy unvon va O‘zbekiston harbiylarining libosi tantanali ravishda topshirildi.

To‘qson yoshli Gavharxonim Rahimovani tadbirlarda harbiylar huzurida bo‘lgani, uchrashuvlar o‘tkazib, xotiralari bilan o‘rtoqlashgani hamon yodimda. Ustoz san’atkorning hayot yo‘li bilan bog‘liq “Qutlug‘ yo‘l” va “Doroga” nomli kitoblari ham chop etilgan. Betakror san’atkor fidoyiligi sabab ko‘plab davlat mukofotlari sohibasi bo‘lgan. Gavhar opa 90 yoshni qarshilagan yubileyida ko‘zlarida yosh bilan bir so‘zni ko‘p marotaba takrorlagandi:

– Bolalarim, siz unutmangki, o‘zbek xalqidek ulug‘ millatni men hayotda ko‘rmadim. O‘zbekiston o‘z millati, bag‘rikeng xalqi bilan har qancha faxrlansa arziydi. Men o‘zimni faqat shu el farzandi deb bilaman. Men o‘zbegimning qiziman!

Nasabimni so‘rasangiz men o‘zbekning qiziman,

O‘zbekiston osmonining men bitta yulduziman.

Muhammad payg‘ambarning ummatiman bilsangiz,

O‘zimni o‘zbek deyman, agar qabul qilsangiz.

Darhaqiqat, 2003-yili 92 yoshda olamdan o‘tgan O‘zbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova o‘zi ta’kidlab o‘tganidek, umrining so‘ngiga qadar o‘zbek qizi bo‘lib qoldi.

 

Zulfiya YUNUSOVA,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine