Ko‘nglim to‘lib ketdi deyishadi. Nimadan to‘lar ekan-a, shu ko‘ngil? Oshiqning muhabbatiga o‘xshash tuyg‘u desa ham bo‘ladi, ammo ko‘ngil tez-tez to‘lib, bo‘shab qolishi ham hech gap emas. Oshiq ma’shuqiga yetganida bor dard-u armonlaridan xalos bo‘ladi. Ko‘ngil boshqa his-tuyg‘ulardan to‘lganda-chi? Yozuvchilar “To‘lib ketdim, to‘kila olmayapman”, deya zorlanishganini ko‘p eshitganman. Qog‘ozga ko‘nglini to‘kib, yengillashib olishadi. Va, o‘sha she’r yoki hikoya ta’sirida bir necha kun o‘zlarini baxtiyor his etib yurishlari ham bor gap. Ammo boshqa odamlar-chi, ular ko‘nglini qanday bo‘shatishi mumkin, bilmadim. Bilganim Tangrim ijodkorlarni ijod zavqi-yu shavqi bilan siylab qo‘ygan. Gohi to‘lib, gohi to‘kilib ko‘nglimizni to‘q qilib yuramiz. Ha, aytgancha odamlar uchun to‘kilishning eng yaxshi yo‘li kitob bilan oshno bo‘lishdir.
To‘kilish eng go‘zal daqiqadir. O‘sha lahzalarda ijodkor to‘lg‘oqlar ichida qiynalayotgan ona misol oy kuni yaqin-u ko‘zi yorimayotgan, farzandini bag‘riga bosguniga qadar chekayotgan zahmatlariga o‘xshash holatni boshidan kechiradi. Ya’ni ko‘nglining tubidan qog‘ozga ko‘chayotgan asarlarini qo‘liga olgunicha dunyoning bor dardini yutadi. Unga to‘kiladi. Bugun men sizlarga ilinayotgan bu yoziqlar ham ana shunday to‘lg‘oqlardan dunyoga kelgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jurnalist do‘stim Otabek Isroilov bir quchoq kitob ko‘tarib kelib qoldi. Bu yigitning fazilatlari haqida to‘xtalmasam, o‘zimni o‘zim kechirolmayman. Har doim insonlarga ma’rifat ulashib charchamaydigan, samimiy, oqko‘ngil yigit. Kitob javonimning qanchadir qismini shu yigit sovg‘a qilgan kitoblar bilan to‘ldirganman. Yomon kitob sovg‘a qilmasligini inobatga olgan holda, shu insondan kitob olsam, qoldirmay o‘qiyman. Har kimning ham shunday do‘stlari bo‘lsin ekan. Bu gal hadyalar orasida Ikrom Iskandarning “Visol qushlari” nomli ko‘k muqovali kitobi ham bor edi. Bu kitobni o‘qishingiz kerak, degan talabdan keyin mutolaaga bel bog‘ladim.
Shoir bilan tanishuv
Ishqsiz odamlardan olis bir yoqda,
quyosh kabi anvar, musaffo, begard
qalbimning yurti bor va uni soxta
hislardan qo‘riqlab yotguvchi bir Dard.
Bunda gullar bordir ko‘ngilday nozik.
Xayol kabi uzun so‘qmoqlarida
bir qiz yuguradi quchog‘in yozib,
quchmoqqa…
Xayolim turar narida.
Tillo topganday quvonib ketdim, she’rni o‘qib tugatgach, yangi nafas, yangi his-hayajonlar bilan boshqa shoirlardan o‘zgacha ruhni tuydim.
“Ishqsiz odamlardan olis bir yoqda”
O‘zim o‘zimni ham ijodkor o‘laroq qiynayotgan tuyg‘ular yozilgan bu misra darhol ko‘ngil ko‘zlarimni ochdi. O‘sha shoir aytgan olis yoqlarga jo‘nab ketish istagining xuruji tutib qoldiyov. Shoir og‘am o‘sha olis yoqlarda o‘z dunyosini qurishga ham ulgurgan. Garchand xayol bo‘lsa ham, o‘sha manzili noaniq bo‘lgan yoqlarga quchog‘ini ochib yugurib kelayotgan qizning ko‘zlariga boqib, jim termilayotgan oshiq sevgan yorini xayollarida ham bag‘riga bosishga iymanishi juda ham go‘zal tasvirlangan.
Yana bir she’rida:
Donsiz ketayotgan Chumoli maqtanchoq bo‘ladi.
“Yer sharini yumalatib ketyapman” deb o‘ylaydi u.
Yoshim ulg‘ayishi bilan bog‘liqmi, bilmadim, oxirgi paytlar mana shunday kichik, lekin yuki og‘ir savoli bor she’rlar yoqib boryapti. Shoir og‘am ijodida esa bunaqa zalvarli she’rlar anchagina topiladi. Insonlar orasida ham dardsizlarning ovozi balandroq keladi. Dunyoni ushlab turgandek qichqirib, so‘zlarini o‘tkazmoqchi bo‘layotganlar talaygina. O‘zlariga qo‘yib berishsa-ku, ko‘rpasidan boshini ham chiqarolmaydi.
Shoir aytganidek: “Yer sharini yumalatib ketyapman”, deb o‘ylashadi xolos.
Ko‘zlarimda
Visoldan
Umid tug‘saydi…
Ammo,
Qachon ko‘zi yoriydi
Bu og‘iroyoq
Sog‘inchning?
Yana o‘sha kichik, lekin zalvarli she’rlar. Sog‘inchning ko‘zi yorishi go‘zal tashbeh. Shu so‘zda butun boshli oshiqlarning diydor topishi-yu, ayriliq azobida chekayotgan zahmatlarini nazarda tutgan shoir.
Tun sening sochingda yashirinadi,
Tong kelib qo‘nadi mening boshimga.
Bu she’r esa xuddi o‘sha oshiq yigitning ma’shuqasi yo‘llariga termilgancha tunlari bedor o‘tgani va bu sog‘inch iskanjasida oshiqning sochlari oqarib ketgani ifodalangan. Go‘zal lirik she’rlar jon-u dilim. Shunaqa mag‘zi to‘q she’rlarni uchratib qolsam, boladay quvonib ketaman. Kitobni o‘qir ekanman, o‘sha oshiq o‘rniga o‘zimni qo‘yib, xonaning u burchagidan bu burchagiga yurgancha, kitob sahifalarini varaqlayman.
Men uzun-uzun maktublar
yozaman madhingga.
O‘qiysan –
Ularning so‘zlari narvon bo‘lar,
Sen chiqib kelasan Arshi a’loga.
So‘ngra nazaringga ilmaysan,
Hattoki
Meni.
Muhabbat go‘zal tuyg‘u, she’r esa uning bo‘g‘zidan otilib chiqqan na’radir. Shoir og‘am buni judayam yaxshi anglagan. Bu ijtimoiylashib ketayotgan zamonda yuragini bunaqa sof saqlab qolish esa faqatgina chinakan insonga xosdir.
“Tirnog‘imga ham arzimaysan”,
pisanda qiladi u.
– Hurliqomiding? –
deyman mensimay.
So‘ngra ketaman o‘z yo‘limga.
Qo‘shiqlar aytaman isbotlaganday
xursandligimni.
Lekin tunlar xayolim qoqib
kirib kelaverar
tirnoqlari
tillodan
bir qiz.
“Ohh”, deyman, bu misralar qoshida oshiqning o‘jarligi-yu, mashuqning dimog‘dorligini, sevgining esa o‘z so‘zida sobit qolishini, baribir oshiq yuragi qayta-qayta chertib kelayotgan “tirnoqlari tillodan qiz”ning qoshida, muhabbatning qoshida so‘zsiz qolishini ifodalagan bu so‘zlar haqdir.
Shoir og‘am muhabbatning ulug‘ tuyg‘u ekani o‘qirmanning quloqlari tagida nafis pichirlaydi.
Shoirning “Bahor” she’rida ham boshqacha hayrat tuyaman.
Qabriston yonida o‘sgan Tok,
Do‘mpaygan qabrlarni ko‘rib,
O‘yladi:
– Bu toklarni qachon ochisharkin?
Uzum navdasining ko‘zlari bilan ko‘rilgan bu hayratlar meni hayron qoldiraveradi, lol qoldiraveradi.
O‘zini baxtli sezardi tap-taqir sahro,
U ko‘rmagan edi bilmasdi
olisdagi oydin buloqni.
O‘zini baxtli sezardi oydin bir buloq.
U ham bilmas edi,
uzoqlarda
tap-taqir sahro mavjudligini.
* * *
Ariqdagi suvning ko‘lmakka hasadi
keldi:
– Men yugurib yetolmayapman-ku,
Bu bo‘lsa…
Ko‘lmak “qilt” etmadi –
bemalol quchoqlab yotaberdi
Osmonni Ko‘lmak.
* * *
Dala o‘rtasida bir It xomush yotar…
Xotin “it” deb qarg‘adi
tashlab ketgan erini.
Bo‘sag‘a yorilmadi —
kirib ketsa It.
Lekin yerga og‘ir botdi,
chunki og‘ir edi
tuhmatning salmog‘i.
Og‘ir botayotgan edi bu qarg‘ish
xuddi
“Sen bevafosan” degan
dunyodagi eng yomon so‘z kabi
Itga.
Dala o‘rtasida xomush yotgan It
qo‘zg‘aldi
va iziga qaytdi…
Boshi egik edi uning.
Shoir og‘amning she’rlari biri-biridan ajoyib, tishingizga tegib qolmaydi. Yuqorida sizga aytgan ko‘ngilning tushunib bo‘lmas injiqliklariga malham bo‘ladi, bu she’rlar. Bu misralar olislarda qolib ketgan bolaligingiz, sho‘xliklaringiz, muhabbatingizga lahza bo‘lsa ham yetaklab ketadi. Shunday bitiklarni o‘quvchilariga in’om qilgan shoirga ham, kitobni tuhfa qilgan insonga ham rahmat aytib, so‘zimni shu yerda yakunlayman.
Muhammadali G‘AFFOROV,
“Vatanparvar”