Juma, May 30, 2025
HomemaqolalarJOHILLIKNI YENGIB BO‘LMAYDI(MI?)

JOHILLIKNI YENGIB BO‘LMAYDI(MI?)

Bu voqeani hech unuta olmayapman. Harakat qildim, ammo har gal nimadir qoralamoqchi bo‘lganimda, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatayotganimda, ularda yosh do‘stlarimning yurtimizda, xorijdagi nufuzli ilm dargohlarida qo‘lga kiritgan yutuqlaridan sevinganimda o‘sha voqea xayolimga keladi.

Va Abdulhamid Cho‘lponning “Binafsha”sidan mana bu misralarni eslayman:

Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,

Bir erkin kulmasdan uzilding?

Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,

Yerlarga egilding, cho‘zilding?

Yigirma birinchi asr. Internet hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylandi. Kattadan kichikka qadar undan foydalanyapmiz. Istaklarimiz, izlanishlarimiz, qiziqishlarimiz bilan unga murojaat qilamiz. Sun’iy intellektning o‘zi-ku, alohida katta mavzu.

Sizga aytmoqchi bo‘lganim, bu emas. Oldinlari savodsiz odamlar johil bo‘ladi, deb bilar edim. Hayot eng yaxshi muallim. Uning saboqlari tengsizdir. Ko‘rgan-kechirganlarimdan angladimki, johillikning belgilari ko‘p ekan. Oliy ma’lumot olgan, bugun millionlab ota-onalarning orzusi bo‘lgan nufuzli maktablarda ham shundaylarning uchrashi kishini xavotirga soladi. Johil bir dona bo‘lsa ham ko‘p, ayniqsa uning ortidan ergashadiganlar, unga ishonadiganlar bor ekan.

QANOTI QAYRILGAN QUSH

Gullola onasining telefonlariga birmuncha vaqt javob bermadi. Mazasi yo‘q emish, degan xabar keldi. Ona bezovta bo‘la boshladi. Qizi yaxshi xonadonga kelin bo‘lib tushgan. Ancha yillar kutdirib, qiz farzandli bo‘ldi. U ham o‘n besh yoshga to‘lib qoldi. Bir go‘zal orzulari bor. Arg‘amchidek sochlarini sollantirib, momosini yo‘qlab kelsa, kampir dunyolarga sig‘may quvonar, eng oldi maktabda o‘qishini og‘zidan bol tomib maqtagani maqtagan edi. Negadir keyingi paytlar kelmay qo‘ydi. Kampir o‘zi yo‘qlab boray, desa qizi taqiqlaydi: “Keling, deb chaqirsam kelasiz, vaqt topdim deguncha o‘zim oldingizga boraman”. Bundan yuragiga g‘ulg‘ula tushadi, ishqilib qizining oilasi tinch bo‘lsin-da.

Kunlar o‘tar, onaning ko‘ngil g‘ashligi tarqamas edi. Gullola uning yagona qizi, to‘rt o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan sevimli farzand. Gul-u lola kabi yashnab yursin, deya shu ismni o‘zi tanlagan. Onaning sabri tugadi. Hozir telefon qilaman, javob bermasa, yo‘lga chiqaman, qo‘shni tuman qochib ketgani yo‘q, deb harakatga tushdi. Uning ko‘nglini uqqandek qizi telefon qilib qoldi. Gullolaning ovozida allaqanday bezovtalik bor edi.

– Nima bo‘ldi, uying tinchmi, ovozing o‘zingnikiga o‘xshamaydi?!

– Onaa… – shunday gap boshladi-yu, jimib qoldi.

– Gullola, bolam, tinchlikmi, meni qo‘rqitma, nimalar bo‘lyapti? Kasal deb eshitdim?

– Ona, meni kimdir orqamdan kuzatib yuribdi… Kechalari uxlolmayman. Hozir ham orqamda turibdi…

Onaning tili kalimaga kelmay, qaltirab ketdi. Qizi yana nimalardir dedi. Qulog‘iga kirmadi. Dir-dir titrab, jon holatda, “Ravshan!” deya o‘g‘lini chaqirdi. Xonasidan yugurib chiqqan o‘g‘liga qarab:

– Tezroq mashinangni o‘ngla, singlingga bir gap bo‘lgan, ko‘rmasam bo‘lmaydi, – dedi chap ko‘ksini changallab.

Erkak chaqqonlik bilan onasiga dorilarini keltirdi.

– Bulardan keraklisini ichib oling, ungacha mashinamni qizdirib turaman.

Negadir yo‘l yanayam uzayib ketgandek tuyuldi. Betoqat bo‘la boshladi. Qudasinikiga kirib borganida qizi hayron kutib oldi. Qayerdandir nabirasi Gulnoza paydo bo‘lib, bo‘yniga osildi. Negadir ro‘mol o‘rab olibdi. E’tibor bermadi. Ko‘zlari qizida edi. Nigohlari so‘nik, yelkasi qisilgan, alanglab ortiga tez-tez qarab qo‘yayotgan juvon Gullolaga o‘xshamasdi.

Ko‘zlari jiq yoshga to‘lib, qudasiga termildi.

– Qizimga nima bo‘ldi?

– Bilmadim, uch oylar bo‘lyapti, orqamdan birov poylayapti, uyimizni kuzatyapti, deb vahima qiladi, – dedi qudasi pinagini ham buzmay, choy uzatar ekan. – Ichiga jin kirib olgan, menimcha. Baxshiga qoqtirdik, qayerda nafasi o‘tkir mulla bor deb eshitsak, olib boryapmiz. Hech o‘zgarish yo‘q.

– Do‘xtirlar nima dedi, do‘xtirga ko‘rinmadimi?

– O‘zi xohlamayapti, dod-dod, bormayman, deydi. Jin tekkan odam shunaqa do‘xtirdan qochadi, quda.

Ona qizining ahvoliga qarab, ezilib ketdi. Qudasiga yuzlanib dedi:

– Quda, Gullolani o‘zim bilan olib ketib, do‘xtirlarga qaratsam. Bunday yurishi yaxshi emas, qizi voyaga yetyapti.

– Ana, o‘ziga ayting, istasa ketaversin, – dedi ayol allaqanday sovuqlik bilan. Qaynonaning gapirish ohangida Gullolaning bu yerdan ketmasligiga ishonch bor edi.

Ona qiziga qaradi.

– Yo‘q-yo‘q, shu yerda qolaman, – dedi Gullola shosha-pisha va ko‘zlari alang-jalang bo‘la boshladi. Qiziga ko‘zi tushgach tinchlandi.

Ona hayron edi. U nimadir qo‘rqinchli narsa yuz berganini his qildi. Ammo nima ekanini bilolmadi. Erkaklar og‘ziga tolqon solgandek jim. Qiziga “Ketaylik”,  deb yalindi. Unamagach o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qudalar sovuqqina xo‘shlashdi. Darvozadan chiqayotganida Gulnoz yalindi:

– Momojon, bir kechagina qoling!

Kampir “Nima qilay?!” degandek o‘g‘liga qaradi.

– Yaxshisi o‘zing biz bilan yur, – dedi tog‘asi, – hozir ta’til, opalaring bilan Suvtusharga olib boraman.

Gulnozaning ko‘zlari umid bilan bir yondi-yu, yana ma’yus tortdi:

– Menga ruxsat berishmaydi.

Tog‘a mung‘ayib turgan jiyaniga qarab chiday olmadi, ichkariga qaytib kirdi. Gullolaning qaynonasiga vaziyatni tushuntirgan edi, “Ana onasi, ana qizi, bilganini qilsin”, degan g‘alati gapni eshitdi.

– Mashinaga chiq, ruxsat berishdi,  – dedi tog‘asi Gulnozaga.

Qiz bir onasiga, bir tog‘asiga qarab mashina eshigini ochdi. Shu payt Gullola jon vahmida qizining qo‘lidan tortdi:

– Ketmaysan.

Ona hang-mang bo‘lib qoldi. Gulnoza yig‘ladi. Juvon qizining yig‘laganini ko‘rib, uni bag‘riga bosdi. Mashina eshigini ochib, qizini o‘tirg‘izdi, hech so‘z demay, o‘zi ham uning yoniga o‘tirib, bir nuqtaga tikilib qoldi. Ochiq darvozadan Gullolaning qaynonasi qilt etmay, ularni kuzatib turardi. Mashina o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Uyga kelguncha hech kimdan sado chiqmadi.

Gullola ota uyiga kelib, biroz yuvosh tortgandek bo‘ldi. Alang-jalang qarashlari ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ona o‘g‘liga ertalabdan singlisini do‘xtirga olib borishini tayinladi.

– Pulni ayama, qancha kerak bo‘lsa beraman, pensiya pullarimni yig‘ib qo‘yganman, – dedi.

Ravshan onasiga hazil qilgisi keldi-yu, tilini tiydi. Mavridi emas edi, singlisining ahvoli yaxshi emas.

Tekshiruv natijalari yaxshi chiqmadi, Gullolani tezlik bilan kasalxonaga yotqizdi. Gulnoza esa momosidan bir qadam ham uzoqlashmadi. Oldinlari momosinikiga kelsa, birpas o‘tirib, darhol qo‘shni qizlarga qo‘shilib o‘ynab qolardi. Bu gal momosining oldidan bir qadam ham jilmadi. Kampir nabirasidagi o‘zgarishni allaqachon payqagan, savol berishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. Qizning pala-partish kalta kesilgan sochlariga qarab ortiq chidab tura olmadi:

– Gul qizim, uzun sochlaring o‘zingga juda yarashar edi, nega kesib tashlading?

Qiz boshini quyi soldi. Momo nabirasining yuzini o‘ziga qaratdi, qizning ko‘zlari jiqqa yosh edi. Kampir qizning yoshli ko‘zlaridan o‘pib, bag‘riga bosdi.

– Gulim, men seni urishmadim, shunchaki so‘radim-da, nega bunchalik xafa bo‘lyapsan?

– Momojon, men… men sochimni o‘zim kesmadim, – shunday deb, baralla yig‘lab yubordi. O‘zini biroz bosib olgach, davom etdi. – Ayamni ichiga jin kirmagan… Meni deb bo‘ldi, hammasi. Maktabda kim qaysi o‘quv yurtiga kirishi haqida suhbat bo‘ldi. Ustozim aytdiki, “Sen eng bilimdon qizsan, istagan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirasan, hatto xorijda ham o‘qiy olasan”. Buni eshitib, juda sevindim. Dugonalarim bilan “Men o‘qishga kiraman!” degan video olib, tarmoqqa qo‘ydik. Buni hech qanday yomon tomoni yo‘q, deb o‘ylovdim. Bir kuni bobom ammalarim, amakilarimni uyimizga boshlab keldi. Hammasi meni buzuqdan olib, buzuqqa solib, ura ketdilar. Ayam faryod solib, men tomonga yugurdi. Hammalari ayamga yopishdi, “Qizingga tarbiya bera olmagansan”, deb oyoq-qo‘llarini bog‘lab urishdi, tepkilashdi. Meni benomus deyishib, sochimni tagidan kesib tashlashdi. Ayamni urmanglar, meni o‘ldirib tashlasanglar ham mayli, ayamga tegmanglar deb zorilladim, qo‘llariga yopishdim, kuchim yetmadi… Ayam bir hafta qimirlolmay yotdi. O‘ziga kelganidan keyin shunaqa g‘alati gaplar gapira boshladi. Maktabga bormay qo‘ydim, o‘rtoqlarimning ham qulog‘iga yetgan, ularning ko‘ziga ko‘rinishga uyaldim. Bobom urishib-so‘kib majburladi. O‘zi ham o‘sha maktabda ishlaydi-ku, shunga bor deb majburladi. Momojon, o‘qishni istamayman, eng yaxshi maktab bo‘lsa ham borgim kelmaydi… Ayam tuzalib ketsa bo‘ldi edi, menga boshqa hech narsa kerak emas.

– Otang qayerda edi? Shu qiyomatga jim qarab turaverdimi? – deya so‘radi kampir darddan ezilib.

– Aralashmadi, qarab turaverdi…

Kampir chuqur “uff” tortdi.

– Momojon, men yomon qiz, – shunday deb boshini bolishga bosib, entikib-entikib yig‘ladi.

Kampir qizning boshini siladi, engashib peshonasidan o‘pdi:

– Unday dema qizim, sen dunyodagi eng yaxshi qizsan, sen yagonasan…

***

Aziz o‘quvchi, bu muallifning to‘qimasi deb o‘ylamang. Afsuski o‘qituvchi qiyofasidagi johillar ham bo‘lar ekan. Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak, degan gap ma’nisini shu voqeadan keyin chuqurroq angladim.

O‘n besh yashar qizaloq. Qanotlari qayrilgan bir qush…

Qizlaringizni seving, sevgiga qonib ulg‘ayishsin. Orzulariga mehrdan qanot bering. Ulg‘ayganida alplar tug‘ib beradi!

Siniq qizlar ulg‘ayib, alplar tug‘maydi. O‘zlari kabi siniq, mute, qo‘rqoqlarni tug‘adi.

O‘g‘illarni ham seving, erkalang, qattiqqo‘l bo‘lib, ulg‘ayganida ham boshqarishga urinmang! Yo‘qsa, oilasini ham himoya qila olmaydigan ojizga aylanadi.

Qizdir, o‘g‘ildir, mardlar tug‘ilsin, qo‘rqoq bitta bo‘lsa ham ko‘pdir.

 

Inobat IBROHIMOVA,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine