Hujjatli esse
– Nima bo‘ldi ekan-a? – deya pichirladi navqiron ziyoli yigit gazeta o‘qishdan bosh ko‘tarib va og‘ir o‘yga toldi.
Ko‘zlari iztirobga to‘lgan yigirma besh yosh atrofidagi bu yigitning ismi Mahmudxo‘ja. Samarqanddagi qozixonalardan birida yaqindan boshlab muftilik qilmoqda. Sovuq xabarni ana shu idoraga muntazam keladigan “Turkiston viloyati gazeti” xabaridan o‘qib bildi.
Mahmudxo‘janing ota-bobolari davr oydinlari qatorida Samarqand madrasalarida tolibi ilmlarga saboq bergan. Chor Rossiyasi yurtni istilo qilgan fursatda mudarrislar va ularning oila a’zolarini bosqinchilar qatag‘onidan asrash maqsadida Zarafshon daryosi va uning irmoqlari hisoblangan Siyob kanali bo‘ylaridagi vaqf yerlardagi mulklarni boshqarish bahonasida ko‘chiriladi.
Muarrixlar ta’biricha, madrasalar XI-asrdan boshlab Movarounnahrda yetakchi o‘quv yurtiga aylangan va ular vaqf hisobiga ta’sis etilgan. Vaqf daromadlaridan madrasalarda mudarrislar maosh bilan, talabalar stipendiya, turarjoy va o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan.
Tarixchi va arxeolog olim Amriddin Berdimurodovning o‘rganishlari natijasida ma’lum bo‘ldiki, chor Rossiyasi 1868-yil Samarqandni bosib olguniga qadar fursatda dushmanga qarshi kurash masalasida aholi ikki guruhga bo‘linib qoladi. “Birinchi guruh: savdogarlar, boylar hamda shahar rahbarlari urushsiz taslim bo‘lish tarafdori edilar. Ikkinchi guruh: dindorlar, madrasalarning talabalari va oddiy xalq yovga qarshi oxirgi tomchi qon qolguncha kurashish tarafdori edilar”.
Olimning ta’kidicha, kurashni maqsad qilganlar mahalliy mutasaddilar (birinchi guruh) tomonidan jazolanadilar… Qahramonimizning padari buzrukvori Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li kurashga otlanganlar qatorida bo‘lsa-da, mavjud holatni, ayniqsa amirlikning ayanchli harbiy ahvolini, kam sonli qurol-aslahalar o‘ta eski ekanini tahlil qilgan ziyolilardan edi. Mutasaddilar taqsimotiga ko‘ra, u oilasi bilan Zarafshon daryosi yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘iga o‘rnashib, vaqf yerlar ishlarini boshqaradi, shu bilan birga masjidda imom-xatiblik qiladi.
Samarqand mustamlakachilar qo‘liga o‘tgach, bosqinchi zulmi nafaqat shahar, balki chekka qishloqlar aholisigacha yetib boradi. Hudud Rossiya tarkibiga kiritilgach, imperiya talablari sabab xalqning hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Jumladan, madrasalarga ajratilgan vaqf yerlar ham ularning nazoratiga o‘tadi. Bundan tashqari, majburan ekiladigan qishloq xo‘jalik ekinlari va buning natijasida asrlar bo‘yi ko‘z qorachig‘idek asralgan suvga munosabat masalasi noroziliklarga sabab bo‘ladi, buyruqqa bosh egmaganlar jazolanadi. Turkistonning ko‘p tumanlarida paxta plantatsiyalari kengaytirilgan bo‘lsa-da, bog‘dorchilik qisman saqlab qolinadi, mahalliy xalq odatlariga zid ravishda uzumchilikning vinobop navlariga urg‘u beriladi, vino ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘z davrining ziyolilaridan biri Behbudxo‘ja yuzaga kelgan ahvolni ko‘rib, anglab, avomdan-da qattiqroq aziyat chekadi. Ota-ona ana shu dardlarni shuurlarida olib yurgan kezlarda Mahmudxo‘ja dunyoga keladi. Alalxusus, yurt qayg‘usi ota pushti kamaridan, ona sutidan farzandiga o‘tadi, voyaga yetkazadi.
“Behbudiy afandi 6-7 yoshg‘a kirgach, o‘zining katta tog‘asi Muhammad Siddiq huzurida o‘qub xat va savodini chiqardi. So‘ngra o‘zining otasi Behbudxo‘ja qori qildurmoq maqsadi bilan unga oz-oz Qur’on o‘rgatib yodlata boshladi. 3-4 yil ichida Behbudiy afandi Qur’onni butun yodladi va ramazon kechalarida xatmlarg‘a o‘tub yurdi. Behbudiy afandi uch kechalik bir xatmda yolg‘uz birgina xato qilg‘on, derlar. Bu esa uning quvvayi hofizasi na darajada ekanligini ko‘rsatadi” (Hoji Muin).
Mahmudxo‘ja bolaligidan ilmga chanqoq bo‘ldi, dunyoning rivojlanishining omili yangi bilimlarni o‘zlashtirishga harakat qildi. Boshqacha aytganda, Qur’oni karimni yod olgach, keyingi bosqichda zamonaviy bilimlarni o‘zlashtira boshladi. “Behbudiy afandi yolg‘uz qoriliq bilan qanoatlanmay, 15 yoshlarida o‘zining tog‘asi mufti mulla Odil huzurida dars o‘qurga kirishdi. Arabiy sarfu nahvdan “Kofiya” va “Sharhi mullo”ni, mantiqdan “Shamsiya”ni, fiqhdan “Muxtasar ul-viqoya”ning birinchi daftari va biroz “Hoshiya”ni mazkur zotning halqayi tadrisida o‘qudi. Hisob ilmini ham (masohatg‘acha) shul kishidan o‘rgandi” (Hoji Muin).
Yanada chuqur tahsil Samarqandu Buxoro madrasalarida davom etdi. Ustozi mufti mulla Odilning so‘ziga ko‘ra, Behbudiy yoshlik chog‘ida o‘tkir zehnli va o‘qib-o‘rganishga ishtiyoqi juda baland edi. Ustozining bir marta o‘rgatishi uning xotirasida muhrlangan. “O‘zi g‘oyat halim, adablik, oz so‘zlik va o‘yin-kulguni sevmayturg‘on bo‘lg‘on”
(Hoji Muin).
O‘z davrining yagona o‘zbekcha nashri bo‘lgan va Oqposhsho hukumatining mustamlakachilik siyosatini mahalliy aholiga singdirishga mo‘ljallangan “Turkiston viloyatining gazeti”dagi xabarni o‘qib o‘yga tolgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning qisqacha tarjimayi holi shu.
Gazetadagi sovuq xabar esa Andijondagi Muhammadali xalfa boshchiligidagi g‘alayon haqida edi. Mahmudxo‘jani o‘yga toldirgan joyi shundaki, shu paytgacha bo‘lgan xalq g‘alayonlari bu taxlit, ya’ni tahqirlash, qo‘rqitish ohangida yoritilganini eslay olmadi.
Qozixona 1917-yilgacha hududimizda qozi tomonidan sudlov ishlarini amalga oshiradigan mahkama bo‘lgan. Ya’ni bu idorada huquqiy masalalar ko‘rilgan. Bunday joylarda faoliyat ko‘rsatadigan insonlar hukumatning, bizning misolimizda mustamlakachi siyosatining mohiyatini yaxshi anglashgan. Bunda o‘z davrining yagona o‘zbekcha nashri “Turkiston viloyatining gazeti” orqali idora rahbarlarining ongi boshqarib turilgan.
Mahmudxo‘ja Dukchi eshon voqeasi haqida savdogarlar ma’lumot yetkazgunicha dastlabki ma’lumotni ana shu nashr orqali bildi.
“Ushbu may oyining 18 inchisinda, ya’ni dushanba kuni sahar vaqtida Andijon shahrining amorafida ikki rut Rusiya soldati turadurgan lagerga bir mingdan ko‘broq har xil bebosh musulmoniyalar Muhammad-Ali-Xalifa eshon degan ilan kelib soldatlarni bosib, urush qilib 22 adad soldatlarni o‘ldurub va 16 adad soldatni yarador qilibdur. Va lekin soldatlar alarni miltiq ilan otgandin so‘ngra mazkur bebosh odamlar qo‘rqub qochibdurlar. Va alarning ichidan 11 odam o‘lub va sakkiz odam yarador bo‘lib qolibdur” (“Turkiston viloyatining gazeti”,
1898-yil 23-may).
Isyonda mingdan oshiq odam qatnashibdi. Isyonchilarni mustamlakachi matbuot “bebosh musulmoniyalar” deb atabdi.
“Ul baland darajalik janob Turkiston general-gubernatori general-leytenant Duxuvskiy Turkiston viloyatiga kelmoq uchun shu kunlarda Peterburg‘ shahridan chiqadirlar emish.
Va general-gubernatorning lavozimotlarini ado qilib turg‘uvchi general-leytenant Qurulquf Andijon shahrida bo‘lgan katta betartiblik va fitna ishi xususida vayennoy hukm qilmoq uchun ushbu 20 nchi may oyida chahorshanba kuni kechqurun Toshkand shahridin Andijon shahrig‘a qarab jo‘nabdurlar”.
Bunday ziddiyatli damlarda generallar ishtiroki albatta qattiq jazolashlar bilan kechgan. Buning natijasini gazetaning 1898-yil
6-iyul sonida Dukchi eshon qo‘zg‘oloni ishtirokchilarining qatli, surgun va boshqa jazolar tafsilotlari Turkiston general- gubernatorining e’lon-bildirishi berilganida anglash qiyin emas (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1898-yil 6-iyul).
“E’tiqod qiladurgan va insofliq odamlar qilmaydurgan makruhlik gunoh ish yo‘lunda, chunonchi, subh vaqtida Farg‘ona viloyatidag‘i musulmoniyalar ichidan bir katta toifa ilgaridin yoshurun maslahatlarni qilishub va har qanday aslahalarni yig‘ib olib, mazkur shaharning yaqinida turgan kam adadliq va uxlagan Rusiya soldatlariga qaroqchilardek pusub va soldatlarni bosib, oqpodshoga tobe’ uxlagan soldatlarni yarador qilib va o‘ldura boshladilar. Bu tariqa beboshliq va jaholatliq voqeag‘a hech bir sabab yo‘q ekan. Va Rusiya soldatlarig‘a shul tariqa beinsofliq va beodoblik muhorabani Rusiya hukumatdorlariga ubudiyatlik va chin ixloslikni doimo ko‘rsatadurgan va tinjliq sababi ilan obodlikda foydalanib turgan va o‘z ota-bobolaridin merosga qolgan din, millat va qoida, qonunlari va ham o‘z tirikchiliklarini, odat va tartiblarini saqlab turgan musulmoniya odamlari qildilar. Va o‘shandoq odamlarni Mingtepadagi devona eshon Muhammadali Sobir o‘g‘li to‘g‘ri, tinchlik yo‘lidin adashtiribdur. Va ul eshon o‘zi xudoyi taoloni yodidan chiqorib va yotsizlik ilan Rusiya podshohi Imperatur a’zam hazratlari tamomi Turkistondag‘i fuqarolarg‘a ko‘rsatgan marhamati oliylarini unutibdur va bu kunlarda Rusiya hukumatdorlarining qo‘llarig‘a tushgan va hech nima ma’nisi yo‘qlik behuda kog‘ozni xalqqa ko‘rsatib, beaql devonadek fikr va xayol qilibdurkim, musulmoniyya va Rusiya arosida dushmanliq solmoqqa munga osmondin buyruq bo‘ldi deb va ilgari vaqtda mazkur eshonni e’zoz qilgan ba’zi yaqin odamlari anga ishonub va mazkur fitnagarning yomon niyatini Rusiya ulug‘lari bilmasun, deb qo‘rqub tezlik ilan ul o‘z niyatini bajo kelturmakka shoshib ijtihod qilibdur”.
Ko‘chirmani o‘qigan har qanday hushyor harbiy inson uning bir tomonlama, mustamlakachi manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgani, eshonning devona ekani, qatl qilinganlarga nisbatan mahalliy xalqning nafratini shakllantirishga urinish, soxta dalillarning mavjudligini anglaydi. Xabarda qatl mahalliy xalq tomonidan amalga oshirilganiga urg‘u berilganini ko‘ramiz.
“Va darhaqiqat, ushbu yilda 12-iyunda Mingtepaning eshoni Muhammadali Sobir o‘g‘li va uning besh adad katta rafiqlari, chunonchi, Mulla G‘oyibnazar Ortiq o‘g‘li, Subhonqul Arabboy o‘g‘li, Rustambek Sotiboldibek o‘g‘li, Mirzo Hamdam Usmonboy o‘g‘li, Bobotoy Aynaboy o‘g‘li mazkur joydag‘i fuqarolar o‘zlarini qo‘llari ilan tamomi xalq va askarlar huzurlarida osib o‘ldurdilar”.
Bu jazolar haqidagi axborotlar qo‘zg‘olon ko‘tarmasligi uchun mahalliy aholining qaddini bukish, mustamlakachining adolatsizliklariga duch kelganda xayollariga “qo‘zg‘olon”, “isyon” g‘oyasi charx urganda ham qo‘rquvda saqlashga qaratilgan edi.
Albatta, Behbudiy Farg‘ona vodiysiga safar qilib, uch yuzdan oshiq begunoh odam o‘ldirilgani, choh qazilib, murdalar ustiga ohak to‘kilib, yer bilan tekislangan, ko‘plab aholi chor Rossiyasining olis yurtlariga surgun qilingani, qatlning ertasi kuni harbiylar zambaraklarda Mingtepa qishlog‘ini to‘pga tutib yakson qilganini aniqlaydi. Eng asosiysi, tirnog‘igacha qurollangan mustamlakachiga qarshi bir necha ming kishilik ketmon-u qilich bilan bir natijaga erishib bo‘lmasligini anglab yetdi va bunday vaziyatlarda duch kelinadigan mangu savolga ro‘para keldi: NIMA QILMOQ KERAK?
Bu savolga javob berish uchun u juda ko‘p izlandi. Dastlab Amir Temur qurgan qudratli davlat ravnaqi pillapoyalarini, uning parchalanish sabablarini o‘rgandi. Dunyo tarixini, jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalar, jumladan urushlar va ularning sababi, mohiyatini millat manfaati nuqtayi nazaridan tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazdi. Shu bilan birga, tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini tahlil qildi, kelgusi rejalarini ishlab chiqdi. Haj bahonasida mustamlakada qolgan Sharq davlatlari tanazzulini joylarda bo‘lib, mahalliy aholining ma’rifatsizlik oqibatidagi ahvolini tahlil qildi. Eng asosiysi, o‘sha yurt ziyolilarining mustamlakaga qarshi kurash yo‘llarini ular bilan suhbatlar qurdi, fikrlashdi, Turkiston musulmonlari hayoti, dunyoqarashi, umuman, yutuq va kamchiliklari bilan qiyosladi. Shunda angladiki, Yevropa mustamlakachilariga qarshi islom bayrog‘i ostida birlashish (islomchilik), shuningdek turk bayrog‘i tegrasida jipslashish (turkchilik) harakatlaridan xabar topdi, ularning rahbarlari bilan suhbatlashdi. O‘z davri va chor Rossiyasi makr-hiyla va qudratini bilgan holda Turkiston ziyolilari yangi yo‘lni tanlash kerakligini angladi. Shu bois jadidchilik eski o‘qitish tizimiga nisbatan emas, balki ta’kidlangan islomchilik va turkchilik harakatlariga nisbatan milliy ozodlik harakatidir.
Yana bir muhim jihati shundaki, Behbudiy o‘rganganlarini, o‘ylaganlarini badiiy va publitsistik asarlari, kitob-u ma’ruzalari orqali o‘z xalqiga ma’rifat libosida tushuntirishga harakat qildi. Qiziqqanlar uchun ma’lumot: uch yuzga yaqin asarlarining qariyb yarmi ana shu iztiroblar natijasida yozilgandir. Bu ishlarni har bir jadid imkoni doirasida amalga oshirdi. Ularning ma’lum qismi fikrlarini yozib qoldirdi, bir qismi moddiy ko‘magini, ba’zilari xolis xizmatlari bilan bu kurashda ishtirok etdiki, ularning har biri o‘rganilib, ehtirom ko‘rsatilishi biz, avlodlar burchi hisoblanadi.
Jadidlarning dastlabki ma’naviy qahramonligi shundaki, ular, “hammasi xudodan”, deya avomni qullikda saqlayotgan mahalliy hukmdor-u “dindor”lardan farqli o‘laroq millatni ma’rifatli qilgachgina ozodlik haqida o‘ylash mumkin degan sobit qarorga keldilar. Mashaqqatli yo‘lni Behbudiy qaysi bosqichdan boshlaydi? Bu endi alohida mavzu.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori,
professor