Dushanba, Avgust 18, 2025
Homemaqolalar“VAHDAT KUYI”DAN TARALGAN YOG‘DU

“VAHDAT KUYI”DAN TARALGAN YOG‘DU

Eng buyuk kitob insondir. Dunyo insonlarni qaysidir ma’noda tahrir qilmoqda, buyuk muharrir esa kitoblarini saralab olayotganga o‘xshaydi.

Quyosh o‘z o‘qi atrofida aylanadi, fasllar muttasil kelib ketaveradi. Bu dunyoda biz anglamagan qancha sir-sinoatlar bor hali, anglaganlarimiz esa qaysidir inson xulosalarining hosilasi, aniq javob doim so‘roq ostida qolaveradi. Eng so‘nggi she’rni kim yozadi-yu, eng birinchisini kim yozgan, hech kim javob berolmaydi. Hamma narsa savoldan iboratga o‘xshaydi, go‘yo jiddiy qaraladigan bo‘lsa, yashab qolishga arzigulik hech vaqosi yo‘q dunyoning. Asl shoirlar bu falsafani chuqurroq anglab yuborishadimi, xurjunini yelkalab jo‘nab qolishadi.

Yaxshi kitob eng yaxshi do‘stdir

 Oltin o‘z qiymatini necha millionlab yillar chig‘irig‘ida yo‘qotmagandek, yaxshi kitob ham qancha ta’qiq, tazyiqqa uchramasin, kun kelib, albatta bo‘y ko‘rsatadi. Sizni topib keladi, yo siz topib borasiz. Bu safar davomida yo‘lingizda uchraydigan yaltiroq muqovali, gulli kastyum kiygan janoblarga o‘xshash nasl-nasabi, jinsi-yu e’tiqodining boshidan oxiri yo‘q yo‘lto‘sarlar ko‘p uchrab qolishi mumkin. Rostida, cho‘qqidagi zilol chashmaga yetguncha ba’zida loyqa suvlardan totinib, yo‘lni davom ettirmoq darkordir. Faqat bu zulmat saroylarda abadiy qo‘nim topmaslik nazarda tutiladi. Asl ijodkor esa o‘zining nasibasini, albatta topadi. “Vahdat kuyi” kitobi ham o‘sha ko‘zimiz ilg‘amay turgan cho‘qqilarning biridir. Bu cho‘qqiga esa ko‘ngil uyingizni tozalamay chiqib borolmaysiz, anglolmaysiz.

O‘zi bilan so‘zi bir shoir!

Bugun gazetamiz o‘qirmanlariga tavsiya etayotgan kitobim, shoirim kichkina ijod yo‘limning katta sarmoyadorlaridan biri, desam, adashmayman.

Asqar Mahkam toza yurakli, haqiqatgo‘y shoir, u o‘z hayoti davomida oqni oq, qorani qora deya oldi. Faqat rost, yashalgan she’rlar bitdi. Yolg‘on-yashiq ko‘chalarga qadam bosmadi. Shoirning ta’biri bilan aytganda, “Ijodkorning o‘zi va so‘zi bir bo‘lmog‘i lozimdir”. Shoir bu va’dasining ustidan chiqdi.

Men esa shoirman –

bor-u yo‘g‘im shu…

Ba’zan she’r to‘qiyman

o‘shanga atab.

She’r nima bilmagan

va bilmaydi u,

O‘ylab ham ko‘rmagan

yetmish yil yashab.

 “Bu uyda bir vaqtlar buvim yashagan”

 Shoir ijodida buvi obrazi judayam ko‘p uchraydi, sog‘inchga belangan satrlar bag‘rida olis Kofarnihon bo‘ylarida nabirasining yo‘llariga ko‘z tikib turgan qari kampir ko‘z oldingizda gavdalanadi. U shunchalar sodda, u shunchalar yaxshi ayolki, beixtiyor siz ham “momo” deb murojaat qilib yuborasiz. U she’r haqida bilmaydi, she’r yozish haqida esa yetmish yil yashab o‘ylab ham ko‘rmagan, ammo uning hayoti, uning jonkuyarligi bir shoirni voyaga yetkazgan. Uning o‘zi tirik she’rdir! Bu ayolning qo‘llarida, peshonasida qarilik bitgan qancha o‘qib bo‘lmas she’rlar bor-u, nabirasi ularni qanchasini o‘qishga ulgurgan, bilmadim. Bilganim o‘sha kofarnihonlik momo bizning ham momomizdek qadrlidir.

Bu yo‘llarda mendan keyin ham,

Yana kimdir tentirar bexud.

Kim bo‘lar u?

Agar men bilsam,

Oyog‘iga kelturgum sujud.

 Bu yo‘l bizni qay tomonlarga boshlaydi-yu, qay ko‘chalarda sarosar qiladi bizga qorong‘i. Shoir ham o‘zidek telbavor, yoniq yurakli bir yigit kelishiga ishonadi, kutadi. Agar u men borligimda kelsa, oyog‘iga boshimni qo‘yaman, deydi. Lekin nega oyog‘iga bosh qo‘yadi, balki bu yo‘ldan qaytarish uchun, shoir chekkan dard-u hasratlardan yiroq bo‘lish uchundir. Yana bilmadim…

She’rning so‘ngida:

 Keyin…

U ham ketar men kabi,

Yo‘l chetidan boqar devorlar…

Bizni esga olarsiz balki

Yuragida jununi borlar!..

 Demak, bu qismat mayidan totguvchi yigit kelishi tayin, balki bugun oramizda yurgandir. Chunki biz doim ham asl ijodkorlarni qadrlayvermaymiz, ketganidan keyin dod-u faryod etmoqni sevamiz. Asqar Mahkam ijodida yo‘l obrazi ko‘p uchraydi, xuddi darveshlar Haqni izlab chiqqanidek, bu yo‘ldagi barcha qiyinchiliklarga yuzma-yuz keladi. Shoir ham Haqni izlab yo‘lga chiqqan, unga yetgan darveshdir.

So‘yladik goh uryon,

Gohi munaqqash…

Yo‘q edi haytovur tinglaydiganlar.

Dunyoga keladi

xomush, jununvash

Bizning so‘zimizni

anglaydiganlar…

 

Na qizlar daftariga yozdilar uni,

Na hofiz kuyladi devona bo‘lib.

Ammo men bilarman

uning umrini —

Dunyoga kelar u…

Biz ketgach o‘lib…

 Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bu zamonda kimlar kelib-ketayotganini anglamay qolamiz. Bu insonlarga xos jihat. Ota-onasi olamdan o‘tganidan keyin yillab aza tutishga o‘xshaydi. Borida qadrlamay, ketgach yig‘lashdan nariga o‘tolmagan farzandlarmiz. Asqar Mahkam bu narsalarni bilgan, kitoblari qo‘ldan qo‘lga o‘tib o‘qilishini ham. “Men shoirman” degan iddao bilan hayqiriqlar solishni istamagan xolos. Men sevgan, menga ruh, ilhom bergan bu kitobni sizlarga ham tavsiya qilaman.

 

Muhammadali G‘AFFOROV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine