Tarixning chang bosgan sahifalarini varaqlar ekanmiz, har bir buyuk davlatning qudrati nafaqat qilich, balki so‘z kuchiga ham tayanib barpo etilganiga guvoh bo‘lamiz.
Amir Temur hukmronlik qilgan XIV asr oxiri va XV asr boshlarida O‘rta Osiyo nafaqat siyosiy va harbiy qudrati bilan, balki madaniy-ma’naviy yuksalishi bilan ham boshqa davrlardan ajralib turgan.
Bu davrda davlat boshqaruvi, harbiy yurishlar, iqtisodiy rivojlanish qatorida ma’naviy hayotga ham katta e’tibor berilgan. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodining rivojlanishida muhim rol o‘ynagan ijodkorlar – baxshilar o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan va o‘z davrining og‘zaki tarixchilari, madaniyat targ‘ibotchilari sifatida tan olingan.
Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi muiniy” asarida keltirilishicha, Amir Temur davrida barcha harbiy yurishlar tafsilotlari hamda har bir jangning bayoni o‘z vaqtida baxshilar (bitikchilar) tomonidan turkiy tilda uyg‘ur yozuvida yozib borilgan.
BAXSHILARNING ASOSIY VAZIFASI tarixiy voqealarni doston qilish, xalq orasida tarqatish bo‘lgan. Bu holat yozma manbalar yetarlicha tarqalmagan davrda og‘zaki tarixni saqlab qolishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilgan. Ayniqsa, Amir Temurning To‘xtamishxon ustidan g‘alabasi, Hindistonga yurishi, Osiyoning turli hududlariga qilgan safarlari haqida baxshilar tomonidan yaratilgan dostonlar o‘sha voqealarning xalq orasida saqlanishiga sabab bo‘lgan. Ular har bir yurish tafsilotini, janglarda ko‘rsatgan jasoratlarni obrazli shaklda ifodalab, kelajak avlodlarga ibrat sifatida yetkazgan.
Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida esa Zahiriddin Muhammad Bobur Hamza Sultonga qarshi jangda g‘alaba qozonganida, Jonahmad atka boshchiligidagi Muhammad Haydar mulozimlari jasorat ko‘rsatib, dushmanning bir sarkardasini tirik ushlashadi. Jangdan so‘ng Bobur: “Bu – Mirzo Haydarning birinchi ishi, binobarin baxshilar daftariga uning nomini yozishsin”, deya keltiriladi.
Yuqoridagilardan ko‘rish mumkinki, baxshilarning vazifasi safar davomida har bir jang yoki boshqa muhim voqea tafsiloti hamda jangda ish ko‘rsatganlar nomini darhol, hatto o‘sha voqea yuz bergan joyning o‘zida qog‘ozga tushirish bo‘lgan.
Shuningdek, baxshilar askarlar orasida ma’naviy tarbiya beruvchi, ularni janglarga ruhlantiruvchi sifatida ham faol bo‘lgan. Harbiy yurishlar oldidan aytilgan dostonlar orqali askarlar qalbida sadoqat, mardlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari kuchaytirilgan. Temuriylar saroyida o‘tkazilgan marosimlar, bayramlar, tantanali qabul va ziyofatlar baxshilarsiz o‘tmagan. Bu esa ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirgan.
Baxshilar ijodida nafaqat siyosiy va harbiy voqealar, balki xalqning ijtimoiy hayoti, urf-odatlari, axloqiy me’yorlari, diniy e’tiqodlari ham aks etgan. Bu orqali ular tarixiy, madaniy va etnografik ma’lumotlarning og‘zaki ravishda saqlanishiga xizmat qilgan. Ularning dostonlarida ko‘plab tarixiy shaxslar obrazlari jonli ifodalangan bo‘lib, bu obrazlar orqali xalq ongida ideal inson timsollari shakllangan. Ayniqsa, Temurning jasorati, adolati va dono siyosatini madh etuvchi asarlar, uni faqat sarkarda emas, balki xalqparvar va millatparvar rahbar sifatida ko‘rsatgan.
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Temur davrida baxshilar xalq orasida yurt sultoni qilgan ezgu ishlardan hikoya tarqatib, buyuk sarkardani madh etib, qarshilik ko‘rsatgan dushmanlarni turli usullar bilan taslim qilgani haqidagi rivoyatlar bilan odamlar ongiga ta’sir o‘tkazgan. Shuningdek, sarbozlar safarbar qilingach, baxshilar jangchilar qatorida qo‘rquvsiz, hissiz holda har bir yurish tafsilotini kunma-kun, hodisama-hodisa bayon qilib, voqelikni qog‘ozga tushirib borgan.
BAXSHILARNING IJODI tarixiy xotirani jonli saqlash bilan birga milliy ong va o‘zlikni anglashda ham muhim rol o‘ynagan. Ular xalqning turmush tarzini, til boyligini, xalqona hazil-mutoyiba va hikmatlarni dostonlarga singdirgan. Bu esa, o‘z navbatida, o‘sha davrning ijtimoiy-madaniy manzarasini yanada to‘liq tasavvur qilishimizga yordam beradi.
Amir Temur o‘zining “Temur tuzuklari”da axloqiy tarbiya, milliy birlik, tarixiy xotira va ruhiy kuch haqida ko‘p marotaba ta’kidlaydi. Uning bu qarashlari davr madaniyatida o‘z aksini topgan. Baxshilar esa aynan shu tamoyillarni xalqqa yetkazuvchi, ruhiy qudratni mustahkamlovchi vosita sifatida faoliyat yuritgan.
Umuman olganda, Amir Temur davrida baxshilar nafaqat san’atkor, balki madaniyat targ‘ibotchilari, tarixiy guvohlar va xalq ma’naviyatining ko‘zgusi bo‘lgan. Ularning xizmatlari orqali xalq o‘z tarixini, qahramonlarini va qadriyatlarini unutmagan.
Baxshilar faoliyatini tahlil qilish orqali Temur davrida so‘zning qanday ulkan kuchga ega bo‘lganini, madaniyat va ma’naviyatga qanday yuksak e’tibor berilganini ko‘rishimiz mumkin.
Leytenant
Mansurbek JABBOROV,
“Vatanparvar”