– Sherzod, qani ur, polvon, ur! Biz yoningdamiz.
O‘n yetti yoshlardagi durkun yigit davradagi raqibini ikki musht bilan yerga qulatdi. Atrofini o‘rab turgan o‘ttiz chog‘li kurash ixlosmandlari “qoyil, qoyil!”, deya qarsak chalib yuborishdi.
– Mana buni haqiqiy bokschi, deydi, bir soat ichida to‘rtta raqibni mag‘lub etdi, – uni qo‘llab turgan akaxonlaridan biri Rizo davraga chiqib, Sherzodning yelkasiga shapatilab qo‘ydi va o‘ng qo‘lini baland ko‘tardi. – Bunday yigitlarga pul tikkan adashmaydi! – dedi g‘urur bilan atrofga nazar tashlab.
– Rahmat, aka, hammasi sizlarning sharofatingiz bilan, – erishgan yutuq va atrofidagi hamd-u sanolardan kuchiga kuch qo‘shilib, turgan yigitcha “akaxon”lariga mamnun nazar tashladi…
– O‘g‘lim, yuzingga nima qildi, qovog‘ing aralash ko‘karib ketibdi? – Mahmuda opa bolasining ahvolini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. – Ko‘zing zaxm yemaganmi, ishqilib?
– Oyi, vahima qilavermang, boks bilan shug‘ullanishimni bilasiz. Bunday bo‘lishi tabiiy hol, – ensasi qotdi Sherzodning.
– Sport to‘garagiga qatnayotganingga uch yil bo‘lyapti, o‘g‘lim. Nechta musobaqada o‘rin olding. Xudoga shukr, biror marotaba lat yemagansan. Ammo keyingi paytlarda goh oyog‘ing, goh qo‘ling shikastlanyapti. Tinchlikmi?
– Yosh boladek so‘roqqa tutavermasangiz-chi, endi yigitman, aql-u hushim joyida!
– Katta bo‘lib qoldim, degin… – o‘g‘lining qo‘pol fe’l-atvoridan ranjidi Mahmuda opa. – Kollejni bitirishingga hali ikki yil bor. Kelajakda institutda o‘qishing kerak. Dadang ikkimiz katta sport musobaqalarida ishtirok etishingni, g‘olib bo‘lib, dunyoga chiqishingni orzu qilamiz. Sen bo‘lsang, ko‘cha bezorilariga qo‘shilib yuribsan, shundaymi?
Sherzodning rangi o‘zgardi. “Bundan chiqdi, boks bilan noqonuniy shug‘ullanayotganimdan ota-onamning xabari bor. Ularga kim yetkazdi ekan?” qilmishini xaspo‘shlashga chora izlay boshladi u.
– Nimalar deyapsiz, onajon, ko‘chadagi bezorilarga qo‘shilishga mening vaqtim yo‘q. Uy, kollej, sport deganlaridek… – kalovlandi Sherzod.
– Unda, nega ustozing “Sherzod bir haftadan buyon shug‘ullanishga kelmayapti. Respublika musobaqasiga tayyorlanishi kerak”, dedi.
– Trenerim… Rafiq akami? Qachon uyga keldi? – yolg‘oni fosh bo‘lgan yigitcha hayajonini yashira olmadi.
– Kollejdan seni topa olmagach, uyga kelibdi. Dadang bilan sen haqingda ancha suhbatlashdi.
– Aka, akajoon, ko‘zingizga nima qildi? – ona-bolaning suhbatini uch yoshdan oshgan Farangizning nolishi bo‘ldi. – Sizni kim urdi, og‘riyaptimi?
Akasiga astoydil ichi achib, lablari burilib turgan singilchasini Sherzod qo‘liga ko‘tardi. Uning mayin tovushi, mehribonligidan muammolarini birzumga unutdi. Uch o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan qizaloq akalarining chin malikasi edi.
– Yiqilib tushdim, asalim, shunga ko‘karib qoldi. Sizga yangi qo‘g‘irchoq olib keldim, “inga”lab ovoz chiqaradiganidan, ko‘rdingizmi?
– Yo‘q.
– Hozir ko‘rsataman…
Tanbeh berishga shay turgan Mahmuda opa aka-singilning kayfiyatini buzishni istamadi. “Dadasi tergab qo‘yar”, xayolidan o‘tkazdi u.
* * *
– Rizo aka, bir muddat ko‘chadagi kurashni to‘xtatib turmasam bo‘lmaydi, – gavdasidan ot hurkiydigan uch yigitning qarshisida boshini eggan ko‘yi uzrini aytdi Sherzod. – Trenerim kecha uyga borib, ota-onamga…
– Ota-onangga shikoyat qilgan, shundaymi? – fikrini davom ettirishga qiynalib turgan yigitchaning so‘zini ilib ketdi pul uchun uni kurashga yollayotgan yana bir “akaxon”i Akobir. – Namuncha boshingni egmasang, sher yigit? Bizning harakatimiz bilan manaman degan bokschilar tan oldi seni. Hurmating osmonda, boshingni qancha baland tutsang arziydi. O‘zingni qo‘lga olib, keyingi jang haqida o‘yla. Agar hozir ortga qaytsang, sening chekinishingni kutib turganlar yangi raqibidan qo‘rqdi, deb o‘ylashadi.
– Ustozim Rafiq aka ota-onamga respublika chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishim zarurligini uqtiribdi. Keyin mana bu ishlarimdan xabar topgan ko‘rinadi, – “akaxon”lar qo‘lidan osonlikcha qutula olmasligini anglab turgan Sherzod vaziyatni tushuntirishga harakat qildi. – Dadam har bir qadamimni nazoratga olgan.
– Juda yaxshi, darsingdan qolma, shug‘ullanishingni davom ettir. Ota-onangning aytganini qil, – mehribon qiyofa, samimiy ohangda Sherzodga maqsadini muhrlashga harakat qildi Rizo. – Ammo haftada bir marta biz bilan birga bo‘l! Buni haqiqiy kurash deydilar, uka, bunday kurash bilan er yigitlar shug‘ullanadi. Bu ringdagi qandaydir oliftagarchilik emas.
– Haq gapni aytding, Rizo! – hamtovog‘ining gapini ma’qulladi Akobir. – Yuragida o‘ti bor, qo‘rqmas, mard yigitlarning maydoni bu. Sherzod bunga arziydi, unga yetadigani yo‘q, – o‘zini ko‘rsatishga ishtiyoqi baland, maqtovlarga o‘ch o‘smir yigitning yuragiga o‘t qaladi u. – Yana ikki-uch kurashdan so‘ng kurash maydonimizning qiroliga aylanadi…
Sherzod “akaxon”larining maqtovi, unga bildirgan ishonchidan tog‘dek yuksaldi. “Ota-onam kurashda nimani ham tushunardi? Mushtumning zo‘rligini, ko‘ksimdagi yuksak orzularni mana shu akalarim biladi. Atrofga tanitgan ham shular”, noto‘g‘ri qadamini oqlashga, ko‘chadagi kurashini davom ettirishga imkon izlay boshladi. “Ringda ham, ko‘chada ham eng zo‘ri o‘zim bo‘laman hali. O‘shanda oyim bilan dadam meni tushunadi, mendek o‘g‘illari borligidan faxrlanadi. Nozima esa…” yuragi hapriqdi yigitchaning, “Nozima, albatta sevgimni rad etolmaydi”. Shirin xayollarga berildi u.
O‘sha kun… o‘sha mudhish kundagi voqea, to‘g‘rirog‘i, fojia Sherzodning hayotini ostin-ustun qilib yubordi. Kurash maydoniga o‘zidan ko‘ra gavdali yigit chiqdi.
– Sherzod! Uni ayama, sen undan kuchlisan, o‘zingni ko‘rsatib qo‘y! – “akaxon”larining biri qo‘yib, biri unga “ruhan tayanch” bo‘lish asnosida uqtira boshlashdi.
– Uning xohlagan joyiga musht tushirishing mumkin. Yiqitsang, bo‘lgani, yutuq bizniki bo‘lishi kerak.
– Ha, bu safar g‘olibga katta pul tikilgan. Agar yutsang, obro‘ying yanada oshadi. Unutma, biz yoningdamiz! Har bir harakatingga o‘zimiz javob beramiz. Uni mushting ostida ezib tashla!..
Mashhuri jahon bo‘lishni istagan yigitcha shunday qildi… Raqibi qaytib oyoqqa turmadi…
* * *
– Mahkum Turdiyev, sen bilan ko‘rishgani onang keldi, tezda uchrashuv joyiga bor, – Sherzod tarbiya koloniyasi xodimining buyrug‘idan hushyor tortdi.
– Xo‘p bo‘ladi! – dedi-yu, o‘sha tomonga yugurdi.
“Onam… onajonim kelibdi, Farangizni olib keldimikan, uni juda sog‘indim”. Sherzodning xayolidan singilchasi nari ketmasdi. “O‘tgan gal olib kelishmagandi. “Seni so‘rab, akam qani, nega kelmayapti, deb xunob qildi, rasmingni qo‘lidan qo‘ymaydi, rasmingga qarab, tinmay seni chaqiradi. Yo‘qligingga zo‘rg‘a ko‘nikdi, shuning uchun olib kelmadik”, deyishgandi. Ishqilib, olib kelishgan bo‘lsin-da”.
Sherzod uchrashuv xonasida birinchi bo‘lib singilchasiga ko‘zi tushdi. Qo‘g‘irchoqdek kiyinib olgan qizaloq ko‘zlarini katta-katta ochib, akasiga bir muddat termilib turdi-da, “akajooon”, deb unga quchog‘ini ochdi.
– O‘zimning jajji malikam, – u singilchasini ko‘tarib, yuzini yuziga bosdi, so‘ngra onasining bag‘riga intildi.
Jajji jigarini sog‘ingan yigitning og‘ziga so‘z kelmasdi. U Farangizni ko‘tarib, deraza oynasidan tashqarini ko‘rsatish bahonasida ko‘zyoshini yashirishga harakat qilardi. O‘g‘lining holatini sezib turgan onaizor mujgonlari yoshga to‘lgan holda uning o‘ziga kelishini kutdi. “Qanday bolam bor edi-ya! Butun mahalla havas qilardi. Ustozi jahon chempioni bo‘lishiga ishonardi, – bag‘ri kuyuk Mahmuda opa o‘g‘liga termilgan ko‘yi ko‘zyoshini ichiga yutardi. – Uni yo‘ldan adashtirganlar davrini surib yuribdi, Sherzodbekni xayollariga ham keltirgani yo‘q. Aslida hamma ayb bizda, bolamizni o‘z vaqtida bu yo‘ldan qaytara olmadik, yomonlar changalidan asrolmadik. Oqibatda bir yigitning umriga zomin bo‘lishdi, o‘zlari esa…”
– Oyi, dadam kelmadimi, ukalarim yaxshimi? – o‘zini qo‘lga olgan Sherzod onasidan ko‘p narsani bilishni istardi. Negadir dadasi kelmayapti, ukalaridan ham darak yo‘q.
– Dadang kelmoqchi edi, ishlari ko‘pligidan hech yo‘llari ochilmadi, – otasining yuragi ushlab, shifoxonada yotganini bildirmadi ona. – Ukalaring o‘qish bilan band. Yanagi safar hammamiz birga kelamiz. Sen yaxshi ko‘radigan shirinliklar olib keldim, – gapni boshqa tomonga burdi Mahmuda opa. – Issiq ovqat ham bor. Ovqatlanib olgin, bolam…
Ona-bola har doimgidek uzoq suhbatlashdi. Qarindosh-urug‘, do‘st-yor, mahalladoshlar… Bularning barchasi Sherzod uchun qiziqarli. Agar ukalaridan birortasi kelganda sinfdoshi Nozima haqida so‘ragan bo‘lardi. Axir uning ko‘ngil siridan ikkisining ham xabari bor. Biroq… biroq u qizning nomini tilga olishga loyiqmikan? Eh, qani endi, bu kunlar tushga aylansa, mahkumlar safida emas, tengqurlari yonida bo‘lsa…
– O‘g‘lim, endi uyga qaytmasak bo‘lmaydi, kech tushib qoladi. O‘zingni ehtiyot qil, biz yana kelamiz, – bolasidan doimo xavotirda, bedor onaizor jigarporasining dilidagini uqib turardi, go‘yo. Unga qiladigan nasihati bisyor. Ammo qattiq gapirishdan o‘zini tiyadi. – Hayoting hali oldinda, bolam, senga ishonamiz, sendan umidimiz katta, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Onajon… meni kechiring… – Sherzod boshqa gap ayta olmadi.
Akasidan bir lahza yiroqlashmagan Farangiz hushyor tortdi. Demak, yana undan ayriladi.
– Akajon, biz bilan ketasiz-a?
Singilchasining o‘pkasi to‘lib qayta-qayta bergan savoliga Sherzod mum tishladi. Ayniqsa, xayrlashuv chog‘i onasining mungli nigohidan ko‘ksiga og‘riq kirdi. Ko‘zyoshi yuzini yuvib, akasiga qo‘lini cho‘zgancha “Akamni tashlab ketmaylik. Akajooon!” – yig‘lab ketayotgan qizaloqning nolasi, “Akang ertaga uyga boradi, qizim”, – onasining qaltiroq tovushi vujudini qaqshatib o‘tdi.
Sherzod onasidan har gal “Bizning gapimizga kirganingda shunday kunlar hayotingda bo‘lmasdi, qamoqxonada o‘tirmasding”, degan tanbeh kutadi. Ammo unday bo‘lmaydi. Uning hayot sinovi, sabr va bardosh haqidagi nasihatlari ko‘ksidagi alamni yengillatgandek bo‘ladi. Biroq…
U mahkumlar safiga qaytar ekan, volidasining “Sendan umidimiz katta”, degan so‘zi qulog‘i ostida sado berib turardi. U shunga qodirmikan, qodir bo‘la olarmikan?.. Yuragini kuydirgan alamli nido og‘ir tosh yanglig‘ qaddini egib borardi. Yigitning yig‘lagisi, o‘kirib yig‘lagisi kelardi…
Zulfiya YUNUSOVA,
“Vatanparvar”