– Yurtni qullikdan qutqarishning yagona yo‘li ilm-fanni rivojlantirishdir. Tasavvur qiling, mingtepalik Muhammad xalfa to‘plagan kam sonli ko‘ngilli qo‘shini bilan o‘sha hududda g‘olib bo‘ldi. Keyin-chi, keyin nima bo‘lardi? Harakat qanday boshqarilardi? Xalifalik qoidalari asosidami? Axir bunday yo‘l tutgan qanchadan qancha Sharq davlatlari harbning ilg‘or texnologiyalarini ixtiro qilgan yevropaliklarga yem bo‘ldi-ku.
Xuddi shuningdek, Turkiston ham tish-tirnog‘igacha qurollangan Rossiya davlatiga qul bo‘ldi. Qolaversa, qurol-yarog’ni qayerdan olardi? Shu kabi qalashib keladigan savollar galasiga avvaldan javob izladimi u? Qudratli harbiy qurollarga ega bo‘lgan va eng asosiysi, har bir norozilikni jazolash qo‘shinlari bilan ayovsiz bostiradigan dushmanga qarshi dastursiz kurashib bo‘ladimi? Har bir qishloq aholisini, hududning o‘ziga xosliklarini besh barmog‘idek yaxshi bilgan Chor harbiylari qo‘zg‘olonchilarni ne ko‘yga solishi shu paytgacha bo‘lgan noroziliklar yakunidan ma’lum-ku… Mustamlakachidan qutulish uchun ming kishini emas, butun millatni tarbiyalash zarur. Bu ish oilalarda, eski maktablarda emas, yangi maktablarda, zamonaviy ilmlarni o‘rgatadigan madrasalarda amalga oshirilishi kerak… Yurtni mustaqil boshqara oladigan, milliy qadriyatlarini asragan holda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan avlodni tarbiyalash zarur. Bu yo‘lda davrning barcha ta’sirchan vositalaridan imkon doirasida foydalanish ayni muddaodir… Bu kabi ayon haqiqatlarni tan olish muhimdir.
Mahmudxo‘ja xayolida shu fikrlarni tafakkur qilar ekan, “Naqadar qiyin bo‘lmasin, ma’rifat yo‘li to‘g‘ri yo‘ldir”, degan xulosaga keldi.
Buning uchun mustabidlar siyosatiga xizmat qiladigan chalamullalar tayyorlaydiganlarga o‘xshamaydigan usuli jadid maktablar ochish kerak.
HOZIRGI AHVOLIMIZ AYANCHLI. Toshkentlik Munavvarxon inimiz to‘g‘ri gaplarni yozdi. “Har millatning maktab va madrasasi o‘ldig‘i kabi bizning ham maktab-madrasalarimiz garchi benizom va beusul o‘lsa ham, yo‘q demak darajada oz emas. Har millat avlodini tarbiyalash va ta’limi ulumda ko‘rsatgan himmat va g‘ayrati kabi bizlarda ham o‘z ma’sum avlodlarini jaholat va g‘aflat zulmatida qolmoqig‘a hech bir rizolari o‘lmay, qo‘llaridan kelgancha ta’lim va tarbiyati avlodda qusurlik ko‘rsatmakchi zotlar mavjuddirlar. Va lekin dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay, ilm va maorifg‘a aslo rag‘bat qilmay, jonidin shirin bolalarini ko‘cha-bako‘cha kezdirib, bechora ma’sumning aziz umrini jaholat otashina yondirg‘uvchi behamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Ko‘p dindoshlarimizni ko‘rarmizki, o‘z farzandlarini aslo maktabg‘a bermay, orqalaridin ergashtirib, ruslar eshigida o‘zlari kabi xizmatchilikka o‘rgatib, dunyo va oxiratning saodati o‘lg‘on ilm va maorifdin mahrum qo‘ymoqdin hech bir ibo qilmaslar. Ba’zi azizlarimiz bordurki, o‘g‘lini qo‘lidin tutib maktabga olib borur. Muallimdan tolib qilurg‘a: “Taqsir, shu o‘g‘limni go‘shti sizniki, ustixoni bizniki, bir iloj qilib, tezlik ila naqd va nasiya yozmoqni o‘rgatib berursiz”, der.
“Eshagiga yarasha tushovi”, deganlaridek, muallimlar ham aksarlari qonuni ta’lim-tarbiyadin butun-butun bexabar kishilar o‘lub, balki o‘quv va yozuvni ham lozimincha bilmasliklari vajhidan bechora ma’sumalarni iste’dodi zotiyasig‘a nazzora ikki yil zarifida jami lavozumoti diniyani bildirmoq mumkin o‘lg‘on holda to‘rt-besh yilg‘acha hijja usuli birla dunyo va oxiratga foydasi bo‘lmag‘on Fuzuliy, Navoiy, Xo‘ja Hofiz va Bedil kabi mushkul manzuma kitoblarg‘a umri azizini barbod etarlar.
EY VATANDOSHLAR! Diqqat nazari ila boqing! Bir bolani maktabg‘a bermakdan maqsudi vojibot diniyamiz o‘lg‘on ilmi qiroat, masoili e’tiqodiya, farz, vojib, sunnat mustahab, harom, makruh, namoz va ro‘za, haj va zakotlarni ham zaruroti dunyaviyamiz o‘lg‘on ilmi hisob, jug‘rofiya, tavorix, xususan “Tarixi islom” kabi foydalik ilmlarni bildurmoq o‘lg‘on holda johil domlalarning “ta’limi faloniy, qoshi qaro, qaro ko‘zi, qaro yuzi, oh, so‘zi shirin”, deb bolalarni fasod axloqig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on manzuma kitoblar o‘lmish”.
Naqadar to‘g‘ri gaplar. Yangi maktab dastur va darsliklari yangidan yoziladi. Yangi fanlarni o‘qitadigan muallimlar tayyorlanadi. Buning uchun haj safarida ko‘rgani kabi yangi ilg‘or maktablar tajribasidan foydalanadi.
Samarqandda 1903-yildan maktablar tashkil etila boshladi. Ona tilida o‘qitiladigan yangicha darsliklar yaratish ishiga kirishdi. Samarqand shahri yaqinidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlaridagi yangi maktablar uchun “Risolayi asbobi savod” (1904), “Risolayi jug‘rofiyayi umroniy” (1905), “Risolayi jug‘rofiyayi Rusiy” (1905), “Muntahabi jug‘rofiyayi umumiy” (1906), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kitoblarini yozib, chop ettirdi. Shu bilan birga, geografiya va tarix fanlari uchun xarita tayyorlab, bosmadan chiqardi. Mazkur nashrlardagi o‘ziga xos yangi ma’lumot va fikrlar, ularning ahamiyati haqida ko‘p gapirish mumkin.
Biz esa misol tariqasida “Muntahabi jug‘rofiyayi umumiy” darsligiga nazar tashlaymiz. Eski maktablarda mutlaqo o‘qitilmagan, faqat jadid maktablarida tatbiq etilgan, Behbudiy va safdoshlarining kofir deb e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan mazkur fan aholi, ayniqsa yoshlar ongida katta o‘zgarishlar yasadi. Negaki, Behbudiy bu fan zamiriga juda katta axborot, bilimlarni joyladi. Masalan, darslikning avvalida atamaga sharh beradi: “Jug‘rofiya degan so‘z yunon lug‘ati arabiyg‘a ta’rif arzi ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni(ng) otidur. Jug‘rofiya ilmini necha naf’ foyda va bayonlari bo‘ladur”, deya bu fanning siyosiy, tarixiy zaruratini batafsil yoritadi.
“Anga qarab ushbu ilmga tiyishli bayon va fanlar bir necha ism ila ataladur. Chunonchi, yerni shakldan osmon ila yer orasidagi xosiyati va osmondagi nimarsalar ila nisbati va harakatidan bayon qilaturgan ilmni “Jug‘rofiyayi riyoziy”, yerning xosiyati tufroq, past va balandligi, har xil giyoh va konlari, tog‘, daryo, ko‘l, mizoj va havosidin bahs qilaturgan ilmni “Jug‘rofiyayi tabiiy” ataladur. Yer yuzidagi katta hodisalar ila urug‘, hukumatdorlik, xulosa – yer ustig‘a bo‘lgan voqealar to‘g‘risinda har bir nav’ ishni ushbu ilmg‘a bayon qilinub, jug‘rofiya kalimasini oxirig‘a o‘shal ishg‘a taalluq ilm-fanning oti qo‘shiladur. Chunonchi, “Jug‘rofiyayi tarixiy”, “Jug‘rofiyayi siyosiy”, “Jug‘rofiyayi umroniy” va boshqalaridek. Xulosa, bu zamong‘a jug‘rofiya ilmi dunyoni va ondagi xaloyiq, hayvonot, umronot va harnaki, dunyog‘a bordur – bildiraturgan keraklik bir “ilmi jahonnamodur”.
Farzandlarga tarix, siyosat haqida ham shu fan vositasida saboq bermoqchi Behbudiy. Xususan, “Turkiston donishmandlari” faslida tarix va unda faol bo‘lgan, dunyoni hayratga solgan bobolar haqida muhim axborotlar mavjud.
“Aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan musulmon ulamo va hukamolari nihoyat ko‘bdur. Inchunin, Turkiston muzofotiga avsub shar’iy va aqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan nihoyat mashhur ulamolarni(ng) adadi necha yuzdan o‘tadi. Bu kitobimiz aqliy va fanniy ilmlarg‘a taalluq uchun aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan va nihoyat mashhur Turkiston ulamo va hukamo, muarrix, musanniflarni munda yozamiz, ki ushbudur. Agarda aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan “Turkiston ulamolari”ning hammasining ahvoli va tasnifotini yozmoq lozim bo‘lsa, ushbu kitobimizdan ham kattaroq bir kitob tayyorlamoq kerak bo‘ladur”.
O‘zining kimligini unutgan va oyoqosti bo‘lgan avlodga donishmand bobolarini tanitayotib, ularning ko‘pligi bois ba’zilarini aytib o‘tamiz, demoqda Behbudiy.
“Shayx ur-rais Ibn Sino Abu Ali – lug‘at, mantiq, jug‘rofiya, musiqa, axloq, kimyo, abtisoli ahkomi nujum, tabi’at, muvofiq al-tabi’at, hikmat, tib, rasad, nujum, ilmi nabotot, ilmi tavhidg‘a yuzdan ziyoda kitob tasnif qilgandur, ki musulmon hukamolarini(ng) avvalidur. Aksar kitobi Ovrupo tillarig‘a tarjima bo‘lgan. Va farangiylar “Avissen” ataydurlar. Vafoti 428 sanag‘adur.
Abu Nasr Forobiy – zamonidagi barcha tillarni bilar ekan, ki “Qonun” degan asbobi tag‘anniyni ijod qilib ekan. Barcha tasnif qilgan kitobi 70 qadar. Va ilmi tavhid, fiqh, musiqiy, riyoziy, hay’at, mantiq, hikmat ilmlarig‘a tasnifoti bor. Vafoti 339 nchi sanag‘adur”.
SHU TAXLIT Xo‘ja Faxriddin, Hakim az-Zarif Marviy, Badriddin Samarqandiy, Najibiddin Samarqandiy, Abdurahmon Xorazmiy, Abu Yazid Balxiy, Abdulrahmon Marzaviy, Abdurazzoq Hirotiy, Abu Ibrohim Ko‘ragoniy, Sharif Xorazmiy, Ahmad bin Tayyib Sarmisiy, Abu Ma’shar Balxiy, Abu Ja’far Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Chag‘miniy Buxoriy, Ali Qushchi Samarqandiy, Shamsiddin Samarqandiy, Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy Samarqandiy, Muhammad Xo‘jandiy, Abdulloh Farg‘oniy, Abu Rayhon Xorazmiy, Muhammad Farg‘oniy, Abu Sa’id Sam’oniy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mir Abdulkarim Buxoriy kabi olimlarning dynyo ilm-faniga qo‘shgan hissalarini sanab o‘tadi. “Bulardan boshqa aqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan bir necha turkistoniy donishmandlarni(ng) ta’rix va tarjimayi hol kitoblarig‘a ko‘ruladur. Ushbu mahalg‘a yuqorig‘a bayon bo‘lganlar ila iktifo qilduk”.
Behbudiy musulmon dunyosining, jumladan Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi bobolarimizning salmoqli hissasi sabab Yevropada ilm rivojlanganini alohida ta’kidlab, bobolardan o‘rnak olishga chaqirdi.
Nomlari sanalgan donishmandlarning aksari Mirzo Ulug‘bek akademiyasi davrigacha yashab o‘tgan. Davr beklarining o‘lpon to‘lashdan qochish maqsadidagi fitnalari sabab Mirzo Ulug‘bekning qatl etilishi ilm-fanning tomiriga bolta urgan va saltanat tanazzuli boshlangan. Hukmdorlarning maishatparast va zolimligi, olimlarning mutaassibligi sabab jamiyatning katta qismi savodsiz, g‘arib ahvolga tushganini, oxir-oqibat buyuk davlat parchalanib, Yevropa mustamlakasiga aylanganini izohlab beradi.
Millat tanazzuli sabablarini tushuntirish mustamlakachiga yoqmasligi ayon. Lekin ilmga qarshi borolmaydi. Shu bois o‘zimizdan chiqqan chalamullalar jadid maktablariga qarshi kurash boshlaydi. Masalan, masjidda o‘qiladigan juma kungi ma’ruzada bunday bilimlarni berayotgan jadidlar kofir deya e’lon qilinadi.
Patnisdek tekislikda joylashgan Yer katta ho‘kizning bir shoxida turishi, hayvon charchagach, Yerni ikkinchi shoxiga o‘tkazayotganda zilzila sodir bo‘lishi kabi tasavvurdagi olomon madaniyatini saqlashga, ya’ni ongsiz qullikni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan “Turkiston viloyatining gazeti”dagi chiqishlarga qarshi yozilgan maqolalarida ham Behbudiy geografiya fanining zaruratini tushuntirib berishga harakat qiladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy maktablar uchun birinchilardan bo‘lib nafaqat geografiya darsliklarini yaratgan olim va pedagog, balki o‘z davrida bu fan vositasida ozodlik uchun kurashishni maqsad qilgan yangi avlod tarbiyachisi hamdir.
YANA BIR MUHIM MASALA – yangi fanlardan dars beradigan muallimlarni tarbiyalash ham Behbudiyning diqqat markazida bo‘ldi. “Ulamo tarbiyaxonasi maktab va madrasadir. Agarda o‘shal maktab va madrasada muallim va mudarrislari olim bo‘lsa va shogirdlarig‘a ko‘ngli ilan ta’lim bersa, albatta, ilm hosil qilar. Agarda muallimni(ng) o‘zi, hozirgi aksar maktabdor va mudarrislardek kamhafsala va yoinki kamilm bo‘lsa yoinki ilmi bo‘la turub, usuli tahsildan xabarsiz bo‘lsa, oni shogirdlari nodon qolur” (“Tujjor” gazetasi, 1907-yil 29-oktabr).
Bu bilan oliy ma’lumot beradigan, jumladan muallimlar tayyorlaydigan madrasalar islohiga ham alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidladi. Turkiston madrasalarida tafsir, hadis, tib, tashrih, hay’at, handasa, iqtisod, siyosat, geografiya, tarix kabi fanlar o‘qitilmasligi bitiruvchilarning hayotda zarur bo‘lgan bilimlarsiz qolishiga sabab bo‘layotganini tanqid ostiga olib, boy va mutasaddilarni uning oldini olishga chorladi.
“Sukut saqlab yuraversak, besh-o‘n yildan keyin yanada nodonroq bo‘lib qolamiz, xor bo‘lamiz. Shuning uchun ham jim yurishimiz yetar! Diniy madrasa va maktablarimizni isloh etaylik!”
Behbudiy o‘rta ta’lim olgan talabalarning ilg‘orlarini tanlab, chet ellarning rivojlangan ta’lim muassasalarida o‘qitish taklifini ham bildiradi. “Madrasalarda sarfi va nahvi arabiy o‘qug‘on rushid talabalardan Turkiston va Buxoroni(ng) har bir shahridan aqal martaba to‘rt nafardan Misr al-Qohira tahsili ilmi diniy va falsafayi zamoniy va adabiyoti arabiy uchun yubormoq kerak. Va bular Misrda uch yil muddat tahsili ilmg‘a mashg‘ul bo‘lub, so‘ngra Vatanimizg‘a kelib, ilmi kalom, tafsir, hadis, adabiyoti arabiya va aqliyoti zamoniya ta’limiga ko‘shish qilsunlar”.
Behbudiy rahbarlik va homiylik qilgan maktablar ta’limi qanday natijalar bergan? Bu savolga javob tariqasida ushbu maktablarga kelib, bolalar bilan gaplashgan ulug‘ tatar ma’rifatparvari Ismoilbek Gaspiralining xotirotini e’tiboringizga havola etamiz: “Maktabning yuztacha tolibi va uchta muallimi bor. Dasturida turkcha, forscha va arabchaning boshlang‘ich darslari, din ilmi, jug‘rofiya va tarix mavjud. Ohangini kelishtirib munojot, she’r o‘qish – maktabga xos bo‘lgan usul. Kichkintoy shogird o‘quvchilarni ko‘zdan kechirdik. Yaxshi tarbiya olganliklari, darslarni a’loga bajarishlari o‘zlarini tutishlarida, ko‘zlarida aks etgan nur va jasoratda zuhur etadi”.
Bunday e’tiroflar o‘zimizning mulkdor va ilg‘or qarashli ziyolilar tomonidan ham bildirilgan. Buning mohiyatida Behbudiy ta’kidlagan mashhur fikr mujassam: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, ilm va fandan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur”.
Jadidlarning yana bir ma’naviy qahramonligi shundaki, ular millatni ma’rifatli qilish kerak, deya og‘izdagina aytmasdan, o‘zlari mablag‘ yig‘ib, maktablar ochdilar, ular uchun darsliklar yozdilar, o‘qib-o‘rganib, muallimlik qildilar. Asosiy e’tiborni aniq fanlarga yo‘naltirdilar. Turkiston hamon soqol-u paranji muammolaridan chiqa olmayotgan bir paytda Yevropa ilmiy taraqqiyot natijasida aeroplan va yangi qurollar ixtiro qilganini aytib, arxitektor, injener, ixtirochi va xalq xo‘jaligi rivoji uchun zarur mutaxassislarni ko‘paytirish maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirdi. Jadid maktablarida tahsil olib, ziyolilar to‘plagan mablag‘ hisobiga Olmoniyada o‘qib qaytgan yoshlar birinchi qaldirg‘ochlar edilar. Ularning maslagini (ozodlik) bilgan mustamlaka siyosati yosh mutaxassislarning barchasini qatl etgani zamirida katta ma’no borligini unutmasligimiz va jadid bobolar ishini davom ettirish uchun harakat qilishimiz shartdir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori,
professor