Qo‘ldosh degan alomat akaxonim bor. Qiziq odam, gurungboz. Kishti kelsa, davralarda boshidan o‘tgan g‘aroyib voqealarni o‘ziga xos ohangda aytib yuradi. Men esa bu hangomalarni ko‘p eshitganman. Ammo har gal o‘zimni xuddi birinchi bor tinglayotgandek tutib, qiziq joyiga kelganda “voh” deyman, “yo‘g‘-a”, deb hayratlanaman.
Bundan akamiz zavqlanib, junbishga keladi, hatto yangi tafsilotlarni ozgina qo‘shib ham yuboradi. Keling, ularni bir eshitib ko‘raylik.
Buzoqni yutgan baliq
Sirdaryoni ko‘rganmisiz, yo‘qmi, mana biz ko‘rganmiz, ikki yil Orolga qo‘yilish joyida olti askarga bosh bo‘lib baliq tutganman. Ko‘chma vagonda yashardik. Uch yuz metrli to‘rni har ikki kunda tortardik, ushlangan baliqlarni tuzlab, bochkaga bosardik. Harbiy qismdan praporshik Ivanov har haftada mashinada bizlarga oziq-ovqat, xatlar olib kelar, bochkadagi baliqlarni olib ketardi.
May oyining oxirlarida yuqoridan “Tarvuz ekilsin”, degan buyruq keldi. Otamga “Tarvuz urug‘idan jo‘nating”, deb xat yozdim.
Hafta o‘tib urug‘ solingan posilka keldi. “Axir qishloqda o‘sgan, Kenja traktorchining o‘g‘li bo‘lsam”, deb traktorni yurgizib, shudgorni o‘zim haydadim. So‘ngra urug‘larni qadadik. O‘n kunlar o‘tib, urug‘ unib chiqdi. Bizga qo‘shni gektarchilar – koreys Kim, qozoq Quvonchbek va turk Aslanning tarvuz palaklari esa allaqachon gullay boshlagandi. Askar yigitlar turli millatga mansub bo‘lib, eng yoshi kattasi men edim. Qolaversa, shahardagi oliygohning kechki bo‘limida o‘qiyotgan talaba, yana jussam ham binoyidek edi-da…
Bir kuni odatdagidek daryodan to‘rni tortdik, ishonasizmi, uzunligi naq ikki metr keladigan baliq ilindi. Temir kosov bilan urib, hushidan ketkazdik. Hatto ustiga yettovlon minib, suratga ham tushdik. Baliqni ustuxonidan ajratib, nimtalarni chaylaga osib qo‘ydik.
Bilasiz, qozoq xalqi chorvador. Bir kuni paykal oralab yursam, semizgina buzoq palakni yeb yuribdi. Achchig‘im keldi, qayishimni yechib bo‘ynidan o‘tqazdim-da, vagon qoshiga sudrab kelib, turkman Berdiqulga “So‘yib tashla”, deb buyurdim. Yigitlar bir pasda buzoqni so‘yib, to‘rt-besh kilo go‘shtini qovurishdi. Buzoqning go‘shti mazali bo‘larkan. Ertasiga eshak mingan qozoq chol vagonimizga kelib: “Buzog‘imni topinglar, bo‘lmasa, militsaga beraman”, deb dag‘dag‘a qildi. Yigitlar menga qarashdi. Men esa bamaylixotir borib, chol bilan ko‘rishdim va rostdan ham kecha buzog‘i daryo tarafga o‘tgani, keyin suv ichayotganda kattakon baliq uni yamlab yutib yuborganini aytdim. Chol menga ajablanib qaradi. Men qariyaga daryo bo‘yida yotgan baliqning suyaklari va qo‘rqinchli tishini ko‘rsatdim. So‘ngra qamishzor ichidan buzoqning dumini topib keldim.
– Biz baliqni tutganimizda buzoqning dumi og‘zidan chiqib turgan ekan, – dedim.
Chol so‘zlarimga ishondi.
– Voy, chirog‘im, yoshim yetmishga kirib, laqqaning buzoqni yutganini eshitmagandim…
Cholni chaylaga taklif etib, baliq va buzoq go‘shti aralashgan qovurma bilan mehmon qildim.
Qariya ketdi, uning mollari qayta biz tarafga kelmay qo‘ydi.
Daryoda oqqanim
O‘zlaringga ma’lum, harbiyga ketmasdan avval uylangan edim. Og‘aynilar, uyli odamning olisga ketmagani ma’qul. Ayniqsa, uyda seni oydek xotining ko‘zi to‘rt bo‘lib kutsa, yomon bo‘larkan.
Kechalari Oysuluv boshimdan ketmasdi, sog‘inardim, qo‘msardim, ammo ilojsiz edim.
Bir kuni yigitlar bilan daryodan narigi qirg‘oqqa suzib o‘tishga qaror qildik. Ular birin-ketin suzib o‘tishdi, oxiri men qoldim. To‘g‘ri, bolaligimda ariqlarda, kanallarda cho‘milganman, ammo daryoda suzib ko‘rmagandim. Sal beriroqqa keldim-da, tavakkal deb daryoga o‘zimni otdim. Amallab daryoning yarmidan o‘tdim, bor kuchim bilan sohil tarafga intilaverdim. Qirg‘oqqa ozgina qolganda madorim quridi, qo‘l-oyog‘im harakatsiz qoldi. Ilojsiz edim, xayolimda esa: “Men o‘lsam, Oysuluv kimga tegarkin?” degan o‘y charx urardi. Daryo tubiga cho‘kdim, ishonasizmi, shunda vujudimga bir kuch keldi, bir dov keldi, yuqoriga intildim, tepamda osmon ko‘rindi. Nimadir oyog‘imdan ko‘tardi, bir necha soniya shu asnoda muallaq turdim, tin oldim va qulochimni bir ikki sermadim, oyog‘im yerga tegdi, amallab qirg‘oqqa chiqdim va o‘zimni qumloqqa otdim. Qancha yotdim bilmayman, ko‘zimni ochib yigitlarni axtardim. Ular hech narsadan bexabar bir-birlari bilan kurash tushardi.
Hozir ham o‘ylayman, meni o‘lim girdobidan nima qutqargandi o‘shanda? Qizg‘anishmi, rashkmi yoki sevgi, sog‘inchmi? Balki yashashga bo‘lgan ishtiyoq, muhabbatdir…
Ikki o‘t orasi
Yozning o‘rtalarida qo‘shnilarning tarvuzi qizarib, pishiqchilik boshlandi. Ammo bizning paykaldagi tarvuzlar garchi chelakdek dumalab yotsa-da, hali qizarmagan, kechki edi. Bir kuni qo‘shnimiz Quvonchbek yonimga kelib iltimos qildi.
– Qo‘ldosh oshna, bir mashina tarvuzni shaharga olib ketyapman, ertaga kechqurun qaytaman. Xotinim Nurjon yolg‘iz, biznikida bo‘lib tur, boshqa ishonadigan odamim yo‘q, ayniqsa Aslan xavfli, ichib yuradi.
Men unga: “Bir kecha ming kecha emas-ku”, deb rozi bo‘ldim.
Kechga tortib, ularning chaylasiga bordim. Nurjon meni kulimsirab kutib oldi.
– Oxiri oshnangiz sizni topibdi-da, poyloqchilik qilishga, nima, men shunchalar suluvmanmi, Qo‘ldoshbey?
– Ha, juda chiroylisiz, – dedim kelinchakni maqtab.
Darhaqiqat, Nurjon oydek suluv, go‘zal edi. Ikkalamiz supada o‘tirib, choy ichdik.
Daryodan shamol esib turar, sutdek oydin kecha edi.
Nurjon meni savolga tutdi:
– Qishloqdagi yangamizni sog‘indingizmi?
Men bosh qimirlatdim.
– Bilasizmi, nega sizni Quvonchbek qo‘riqchi etib tanladi?
– Yo‘q.
– Chunki siz yaxshisiz, u sizga ishonadi, yaqinda Mirtemir degan oqinning she’rini o‘qib qoldim:
Yangajon, dedim,
Qaynimov, dedi.
Yaqinroq, dedim,
Aynim-ov, dedi.
Nurjon she’rni chiroyli o‘qidi. So‘ngra chaylaga kirib, ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiq olib kelib joy solib berdi.
– Ana endi bemalol o‘sha suluvingizni tush ko‘rib uxlayvering… u chaylaga kirib ketdi. Keyin esa ichkaridan kelinchakning ohista aytayotgan o‘lani eshitildi.
Uyqum qochib, xayollarga oshno bo‘ldim, qancha yotdim, bilmadim, bir payt sharpa ko‘rindi, qaradim, u Nurjon edi. U ohista kelib, ko‘rpamni to‘g‘riladi va mening oyoq uchimdan ko‘rpa ichiga kirib, tinchgina uyquga ketdi.
Menda uyqu qayoqda deysiz. Axir shunday ofatijon yoningda yotsa, uyqu keladimi, ayting?!
– Ay, Quvonchbek, meni qanday azobga tashlab ketding?
Ikki o‘t orasida tonggacha qovurilib, olishib chiqdim. Oxiri uxlab qolibman.
– Turing, siz qanday uyquchi poyloqchisiz, kecha qo‘yningizga birov kiruvdi, bilmadingizmi? – dedi Nurjon jilmayib.
Men kelinchak bilan xayrlashib, jo‘nab ketdim. Kechqurun Quvonchbek kelib, menga rahmat aytdi.
– Ayoling oqila ekan, uni asra! – dedim, xolos.
Sog‘inch
O‘tgan asrning oltmishinchi yillari o‘rtalarida ummon ortidagi Kuba degan mamlakatda harbiy xizmatda bo‘lgan Bayman muallimning bir suhbati hech yodimdan chiqmaydi.
– Sog‘inch degani yomon bo‘larkan, bekorga Bobur, Furqat kabi ulug‘larimiz Vatanni qo‘msab, dardli misralar bitmagan ekan, – degandi muallim.
– O‘shanda “dembel” bo‘lishimga ikki oy qolgandi, tishim og‘rib, harbiy gospitalga bordim. Vaqtliroq boribman chog‘i, tish do‘xtirning xonasi berk ekan. Hovliga chiqdim. Ikkita bug‘doy rangli qizaloq quvlashmachoq o‘ynar, ularning nimasidir qishloqdagi singillarimni eslatardi. “Tavba, kubaliklar ham o‘zimizga o‘xshar ekanda”, dedim o‘zimcha. To‘satdan qizaloqlardan biri:
– Rayhon, meni tutolmaysan! – deb qoldi.
Quloqlarimga ishonmadim, karaxt bo‘lib qoldim. Axir bir yarim yildan buyon o‘zbekcha so‘z eshitmagan edim-da!
Ularning yoniga borib ismlarini so‘radim.
Qizaloqlar menga hayron qarashdi va kattarog‘i aytdi:
– Mening ismim – Lola, ukamniki – Rayhon.
Ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi.
– Siz ham o‘zbekmisiz, amaki?
– Ha, – deb bosh irg‘adim.
Qizaloqlarni quchog‘imga bosdim!
– Enajonlarim!
Tuni bilan azoblab chiqqan tishim ham og‘rimay qo‘ydi.
– Dadam do‘xtir, biz yaqinda Toshkandan keldik.
– Yaxshi.
– Oyim ham do‘xtir, – dedi Rayhon degani shirin til bilan.
– Tillaringdan aylanay!
Shu payt “Qizlar, kelinglar!” degan ovoz eshitildi. Eshik yonida oq xalat kiygan, qosh-ko‘zlari Sanam yangamga o‘xshab ketadigan ayol turardi. Ayol meni ko‘rib, hol-ahvol so‘rashdi. Garnizonda osiyolik yagona askar ekanimni aytdim.
Og‘rigan tishimni sug‘urtirib tashqariga chiqsam, qizaloqlar, oyisi, dadasi bilan meni kutib turishgan ekan. Bir soat uyida mehmon bo‘ldim. Qaytar chog‘da ayol qo‘limga ikkita o‘zbaki non tutdi.
Nonni bag‘rimga bosdim, undan ona yurt isi kelardi.
O‘rolboy QOBIL,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi