(esse)
Tag‘in o‘sha ayolni tushimda ko‘rdim. Menga u har gal turli shakl va o‘lchamda namoyon bo‘ladi. Bu safar azal-azaldan odamlar yashab kelgan va endi tashlab ketilgan uyga o‘xshab ko‘rindi. Uyning derazasini xiragina yorib chiqib, zulmatga nayzasini qadab turadigan chiroq ham uning ko‘ksida allaqachon o‘chgan. Bu chiroqni o‘zi o‘chirdimi, yo boshqa birovmi – uni bilmayman, o‘ylaganim sari hammasi tunning bag‘ri kabi qorayib, mavhumlashib boryapti. Tun esa muazzam. Ana, qorong‘i ma’voda yulduzlar mushakbozlik qilyapti. Sodiq qo‘riqchiday fonus ko‘tarib yurgan yonarqo‘ng‘iz yulduzlarni oralab yuribdi. Chigirtkalar go‘yo kecha qo‘ynidan sirli ohanglarni bir-bir terib olayotgandek uzib-uzib chirillayapti. Men bularni qayerdan bilyapman, ko‘rayotganim tushmi yo o‘ngimmi?
Shu payt davra aylanib o‘ynayotgan qizlar monand mening oldimdan to‘g‘ri abadiylik tomon o‘tib ketayotgan vaqt ilkidan varaqlari titilib ketgan sap-sariq daftar tushib qoladi. Qiziquvchan shamol ochishni istaydi-yu, iztirob siyohida bitilgan, achchiq qismatlardan so‘z ochuvchi daftar haqiqatiga dosh berolmasligini tushunib, nari ketadi. Men esa aksincha, negadir yutoqib o‘qish uchun unga qo‘l uzatganim hamono daftardan quloqni batang qiluvchi shunday qichqiriq eshitiladiki, tushimning devorlari zirillab ketadi, so‘ng u ko‘pirib oqayotgan tim qora loyqa ostida bosilib, eshitilmay qoladi. Uning cho‘kib ketayotganini anglayman, bu g‘ussani qutqarib qolish uchun barmoqlarimni harflarga uzataman:
“1907 yilda Chust rayonining Chust qishlog‘ida tug‘ilgan, SSSR grajdani, partiyasiz, 1927-yildan 1937-yilgacha VKP(b) a’zosi bo‘lgan va sinfiy hushyorligini yo‘qotgan hamda aksilinqilobiy unsur bilan aloqa bog‘lagani uchun partiyadan o‘chirilgan, qamalguniga qadar Toshkent shahar Kirov tumani partiya qo‘mitasi kotibi bo‘lgan Sobira Xoldorova O‘zbek SSSR Jinoyat Majmuasining 63 va 67-moddalari bo‘yicha aybdor sanaladi.
Ushbu ishni ko‘rish uchun SSSR NKVD huzuridagi Alohida Majlisga yo‘llansin”.
Sahifa so‘ngida yana shunday yozuv bor:
Ma’lumotnoma
“Ayblanuvchi Xoldorova 1937-yilning 22-sentabridan boshlab qamoqda. Ichki ishlar xalq komissarligi SIZOsida saqlanmoqda. Ish bo‘yicha ashyoviy dalillar yo‘q.
NKVDDHB shoshilinch ishlar bo‘yicha vakili”.
Sobira… Yodimning eng chuqur kavaklarida qad rostlagan birinchi o‘zbek jurnalist ayoli. Yurtimizda xotin-qizlar matbuotining vujudga kelishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan Sobira Xoldorova bosib o‘tgan hayot yo‘li, uning achchiq qismati har sahifani varaqlaganim sayin butun chalkashliklari bilan ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘ta boshlaydi. Qatag‘onga uchragan ayolning iztiroblari salqi qovoqlarimga inadi, ko‘zlarimni achitadi, ammo baribir o‘qishdan to‘xtamayman.
Mana, uning tergov anketasi. Men undan Sobira Xoldorovaning 1907-yili Chustda kambag‘al dehqon oilasida dunyoga kelgani, 1921-yilgacha, ya’ni o‘n to‘rt yoshga to‘lgunga qadar internatda tarbiyalangani, o‘qigani, Moskvada jurnalistika sohasida ta’lim olgani, kommunistik partiya safiga kirganini bilib olaman. “Yangi yo‘l” jurnaliga birinchi muharrirlik qilgan Sobiraning oilasida 12 yoshli o‘g‘li Po‘lat va 5 yashar qizi Manzura, qari onasi Komila bor. Eri Mo‘min Usmonov aksilinqilobchi sanalib, undan xiyol oldinroq qamoqqa olingan.
Sobira Xoldorova va Mo‘min Usmonovning ikki bolasi yetimxonaga jo‘natiladi. Er-xotinga tegishli mulk har biriniki alohida-alohida xatga olinib, onasi bilan bolalarining kiyim-boshi, ko‘rpa-yostig‘i-yu go‘shtqiymalagichdan tortib qoshiqqacha musodara qilinadi. Birgina ayolga tasavvurga sig‘mas darajada zug‘um o‘tkazishga majbur qilgan sabab nima edi? Uning aybi bormidi o‘zi?
Keyingi varaqni ochaman. Unda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligining Xoldorovaga e’lon qilgan 1936-yilning 26-martidagi qarori keltirilgan:
“Tergov Sobira Xoldorovaning O‘zbekistonda barbod etilgan aksilsho‘roviy o‘ng troskiychi tashkilot a’zosi bo‘lganini aniqladi. U O‘zbekiston K(b)P Markaziy Qo‘mitasining sobiq sarkotibi, hozirga kelib otib yuborilgan xalq dushmani Akmal Ikromov rahbarligidagi aksilsho‘roviy millatchi, o‘ng troskiychi tashkilotga a’zo bo‘lgan. Shu uyushma topshirig‘iga ko‘ra, g‘oyaviy frontda zararkunandalik qilgan. Marksizm-leninizm klassiklari asarlarining o‘zbek tiliga nashr etilishiga zarar yetkazish niyatida Xoldorova 1932–1934-yillarda eri Usmonov bilan birgalikda o‘rtoq Stalinning “Leninizm masalalari” asarini buzib tarjima qilgan va 30 000 nusxada chop etgan. Oxir-oqibatda siyosiy xatolari tufayli bu kitob savdo tashkilotlaridan yig‘ishtirib olingan va natijada davlatga 144 782 so‘m 82 tiyin ziyon yetkazilgan…”
Bu orada Sobira Xoldorovaning “jinoiy ish”i ko‘rilmay, u turmada azob chekib yotadi. Ko‘zim oldida zax, qo‘lansa hidga to‘yingan to‘rt sovuq devor ichida titrab-qaqshab yotgan Sobira tasviri gavdalangach, oyog‘imga minglab chumoli o‘rmalagandek seskanib ketaman. Keyingi betga o‘tishga majolim qolmaydi, ammo haqiqatni bilishim shart, chekkan g‘ussalari haqqi, bilishim zarur.
Mana, Komila opa Ichki ishlar xalq komissari Sadjayaga 1939-yil 15-dekabrda yo‘llangan arizasida qizining Toshkent turmasida yotgani, ikki yildan ortiq tergov qilinayotgani, ammo tergov yakunidan darak yo‘qligini, qizi aybdor bo‘lsa, tergovni tezlatib, sud qilishlarini yolvorib so‘ragan. Bir xil yo‘sinda azoblayverib zerikkan tergovchilar nihoyat so‘nggi hukmga ruxsat beradi – Sobira Xoldorova 1940-yilda SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Alohida Majlisi qarori bilan 5 yil muddatga Yoqutistonga badarg‘a qilinadi. Sobira muddatidan oldin, ya’ni 1942-yili qaytib kelganidan keyin ham uni tinch qo‘yishmaydi. 1949-yil mayida u yana Toshkentdan besabab surgun qilinadi. Tag‘in ruhiy xastalar shifoxonasiga tushadi va uch oy davolanadi. Lekin hali shifo topib ulgurmasidan Toshkentdan 50 kilometr nariga jo‘natiladi.
***
– Tergovchi?
– Qovoqlari soliq, soqoli qirilgan, bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan, qarimsiq yuziga qaragan odamning yuragi noxush bir hisdan orqaga tortar edi. Nafrat bilan qarardi. Mazax qilib rohatlanardi. Kishini bo‘g‘ib, holsiz qilib qo‘yadigan bu adovat menga o‘shanda uning butun tanasidan, butun vujudidan, qoqshol bo‘lib qolgan barcha qon tomirlaridan hamda chakalakzor ichidagi la’natlangan qo‘rg‘on kabi nurab yotgan umr qal’asidan ufurayotgandek tuyulgandi.
– Hid?
– Tergovchidagimi? Unga qarab turib doimo dud hidini tuyardim: balkim, menga shunday tuyulgandir, ammo bu oddiy tutunning hidi emasdi, men bunday achimsiq hidni ko‘p yillar avval qishlog‘imizdagi ovchilarning qurum bosgan miltig‘ida his etgan edim va tergovchidagi hid haqiqatan ham hozirgina portlagan o‘q hidiga o‘xshardi: ehtimol, bu hid mening dimog‘imda mamlakat aql bovar qilmas xiyonat va sotqinlikdan so‘ng vayron etilgan, deb o‘ylay boshlaganimdan keyin paydo bo‘lgandir?
– Umid?
– Umid… Ichimdagi xarobalar ichra kulga botgan uvada xarsanglar ortida ko‘zga zo‘rg‘a tashlanar-tashlanmas bo‘lib shuncha yong‘in-u alg‘ov-dalg‘ovdan so‘ng ham hali bus-butunligicha to‘xtab qolgan tegirmon parragi ko‘rinardi: parrak hali mustahkam edi. Tegirmonning eshigi, yon devori qulab tushgan bo‘lsa-da, men qamoqxona bo‘ylab kezarkanman, daf’atan to‘xtar va birdan tegirmon parragini aylantirib yuborishni, ichimdagi yurtga oz bo‘lsa-da hayot bag‘ishlashni juda ham istab qolardim. Menimcha… shu parrak umidim edi!
***
Sobira o‘zining nohaq mahkum etilganini aytib, oqlashlarini so‘rab 1943-yildan to 1949-yilgacha SSSR Oliy Soveti va SSSR Ichki ishlar xalq komissarligiga bir necha bor ariza yozdi. Tabiiyki, arizalari javobsiz qoldi. Faqatgina oradan yetti-sakkiz yil o‘tgach, haqiqat qaror topdi – 1956-yilning 22-iyunida Turkiston harbiy okrugining harbiy tribunali Sobira Xoldorovaning ishini qayta ko‘rib chiqdi. Podpolkovnik Guskov raisligida adliya podpolkovniklari Sherbakov va Ivanov a’zoligida ajrim chiqardi. Ajrimda shunday so‘zlar bitildi:
“…Xoldorova ishi bo‘yicha tergov xolis olib borilmagan, qonunga xilof ravishda ayblashga urinilgan. Xoldorova hibsga olingandan so‘ng oradan o‘n yetti oy o‘tgandan keyingina unga aybnoma e’lon qilingan”.
Bu gal tergovchilar salaflari e’tibor qilmagan ko‘rsatmalarni inobatga oladi. Kech bo‘lsa-da, insof kiribdi, deb o‘zimni ovutgandek bo‘laman. Keyingi sahifaga o‘taman. Keyingi sahifada bunga boz to‘xtalishadi:
“Dastlabki tergovda Xoldorova o‘zining aksilsho‘roviy millatchilik tashkilotiga a’zoligini qat’iyan rad etib, o‘zini faqat Stalinning “Leninizm masalalari” kitobini o‘zbek tilida xatolar bilan chop etishda aybdorligini tan oladi. KPSS Markaziy Qo‘mitasi kotibiga yozgan shikoyatida ham, 1956-yil martidagi tergovda ham Xoldorova aksilinqilobiy faoliyatidagi aybni qat’iyan rad etgan…”
Ana shu va boshqa qator holatlardan kelib chiqib, SSSR NKVD huzuridagi Alohida Majlisning 1940-yil 5-dekabrdagi Sobira Xoldorovaga doir qarori bekor qilinadi. Ha, bekor qilinadi. Ammo muborak adolatning qaror topishi o‘n to‘qqiz yilga kechikkan edi. Sobiraning o‘n to‘qqiz yillik hayoti hasratda o‘tdi. Bu azob-uqubatlar esa, asoratsiz ketmagan edi. 1940-yil 5-dekabrdagi qarorning bekor qilingani haqidagi ma’lumotnomani Sobiraga yo‘llaganlarida u qattiq betob edi.
1956-yilning 30-iyun kuni bu hujjatni uning o‘g‘li Po‘lat imzo chekib oladi, hujjatning boshqa bir nusxasi orqasiga esa katta leytenant o‘g‘lining aytishiga ko‘ra, S. Xoldorova 1956-yilning 20-mayidan shu kunga qadar Toshkentdagi ruhiy shifoxonada davolanyapti, deb yozib qo‘yadi.
Ana shu bir parcha xatda do‘zax azobini tortgan ayolning mashaqqatli taqdiri va aldovlar, ikkiyuzlamachiliklar, fitnalardan tolgan horg‘in hayoti yotibdi. Bu hayotning purg‘ussa tasvirlarini qanchalik ko‘z oldimizga keltirishga urinmaylik, u chekkan azobning mingdan bir bo‘lagini ham his qilishga yuragimiz dosh berolmasligi aniq.
Sobira o‘ttiz yoshida qamoqqa olindi. Uning navqiron umri bekordan bekorga mustabid tuzumning yerusti zindonlarida o‘tdi. Vujudidagi hayot belgilarini sassiq qamoqxonalarning to‘kik devorlari yutdi. Ko‘zlaridagi nurni tuzumning yulduzsiz tunlari simirdi. U qop-qora chilvir sochlarini g‘am daryosida yuvishga majbur bo‘ldi.
***
Halol kishi ham ortiga boqib, goh tahlikaga tushadi, qancha oqil bo‘lsa, shuncha zimmasiga mas’uliyat yuklaydi, o‘ziga talabi haddidan yuqori bo‘ladi. U qayta-qayta ikki tushuncha, to‘g‘rirog‘i, ikki hayot tarzida, gunoh va savob oralig‘ida shaxsning, insoniylikning, musulmonlikning mohiyatini ko‘radi. Men ham ko‘rmoqchi edim, ammo ulgurmadim. Hafsalamni, e’timodimni o‘ldirishdi.
Axir qachonlardir men uchun ham vaqt, farq, dard… mavjud edi: kemtiklikdan o‘zimni qo‘yarga na zamon va na makon topa bilardim. Endi esa hech nima yo‘q. Faqat o‘sha yo‘qlikdan meros qolgan soya, so‘qir tabassum, mo‘ltiroq nigoh, kimgaligi noayon gina bor: tergov xonasi devorida muzlagan o‘tmish…
Mana, hozir o‘rnimdan turaman-u, bir lahza ham ko‘z oldimdan nari jilmaydigan o‘sha bedil devor chuqurlariga muhrlangan mungli kechamni o‘sha o‘zim tubida so‘nib borayotgan yagona cho‘g‘dan yaralajak gulxanda hech qachon, hech qayerda, hech nimadan na xavotirlanib, na halovatlanib, na afsuslanib yo‘nilgan kosov bilan kovlab-kovlab yoqib yuboraman…
***
Chin anglam izhor va iqrordan tug‘iladi. Tushunish va tushuntirishdan ko‘ngillarning basirat ko‘zini ochadi. Shaxs o‘zini erkinlikda tugal tiklaganidek, bor haqiqat hurlikda o‘ziga yo‘l topadi. Sobiraning baxti – u bolaligida shuuriga quyilgan ulug‘ kalomlar havosini simirib, qadriyatlar nimaligini bilganidadir. Nachoraki, jurnalist ular taqiqlangan tuzumda yosh umrini kechirdi. Saodati – bir umr ezgulikni bayroq qilib, hayoti shomida istiqlolga yeta olmagan bo‘lsa-da, izhorga ham, iqrorga ham ulgurgani bo‘ldi.
Nonning haqiqiy ta’mini och qolgan biladi, deb marhamat qiladi Jaloliddin Rumiy. Sobira ham salkam sakson yil istiqlolga zoriqdi, uning ziloliga tashna bo‘ldi. Shuning uchun u chekkan zahmatlarning zalvori, quvonchi va hayratini, ishonib-ishonolmay turgan holatini, muqaddas huquqqa yetilgandagi hayajonini xayolan tasavvur qilib bo‘lmaydi.
***
Qahratonning qari qizdek mumsik, ko‘rbigiz ayozida, butun vujudini chimchilayotgan izg‘iringa parvo qilmay, bir ayol bormoqda. Yo‘lida uchragan har neki bor – hayrat bilan tikiladi. Ayozni qarsillatib qayoqqa ketyapti bu ayol? Yo‘l yurgan sovqotmaydi. Buni yo‘lchi biladi. Bilgani sari jadallaydi. Maqsad bor, manzil bor, lekin qachon yetib boradi, manzilgacha umri yetarmikin? Hozir buni o‘ylagani yo‘q. Bir qadam bo‘lsa ham yurib qolgani unga kuch beradi. Muhimi, yurish kerak. Egni yupun. Qor odamdek ko‘rinadi olisdan: oppoq. Ortidan yuguray deyman, ammo yo‘llarga oyog‘im bardosh bermaydi. Hech yo‘q ismini aytib chaqiray deb bir muddat kalovlanib qolaman. Ismi nima edi? Esladim. Ikki kaftimni og‘zimga karnay qilib qichqiraman:
– Vataaan! Ona Vataan!..
***
Rahmatli enam mustaqillikni birinchi bor eshitganimda kattaroq odam bo‘lsa kerak-da, deb o‘ylagandim, deganida miriqib kulgandim. Endi bilsam, u adashmagan ekan. Mustaqillik chindan odam, buyuk odam…
Ey, sen mening buyuklarimni quvonchdan yig‘latgan kun. Ey sen, men suyanganlarim senga suyanib, sening kelishingni sevinchning issiq yoshlari bilan kutib olgan ulug‘ sana. Sen kelgach, shu zaminga tomir tashladim, mangu ildizlarimga tutashdim va bugun ular bilan tillashishdek baxtga muyassar bo‘ldim. Men senga topinaman! Saratonda sovqotgan, qahratonning qahriga qaram bo‘lmagan bahodir bobolarim, jadid momolarim, Maryam-u Sobiraxonlarim haqqi, nimjon musicha bolasi uchun qilgan jasorati haqqi, neki ongsiz mavjudotlar o‘z go‘shasi uchun kurashganlari haqqi, enamning seni yanglish tushungani haqqi, endi doimo mangu bo‘l, mangu bo‘l!
Azizbek YUSUPOV,
jurnalist