Kuz fasli kirib kelganiga qaramay, havo hanuz jazirama. Kunduzlari quyosh tafti qush qanotini kuydiraman deydi. Issiq garmsel dimoqqa urilaverib, bezovta qiladi. Go‘yo yoz o‘z o‘rnini kuzga berishni istamay, tirishgani tirishgan.
Shu bezovta manzaralar ichra navbatdagi suhbatdoshimiz bilan belgilangan uchrashuvga oshiqmoqdaman. Yo‘llardagi tirbandlik va avtobusdagi dim havo… Bu alohida masala. Telefon jiringlaydi:
– Kelib qoldingizmi? Men tahririyatdaman.
– Ha, oz qoldi, besh daqiqada yoningizda bo‘laman, – deyman shosha-pisha.
Aksiga olib, shofyor ham gaz tepkisini bosishga shoshilmaydi. Hammaning yuzida o‘z tashvishi: kimdir sabrsizlanadi, yana kimdir soatiga qarayveradi.
Nihoyat, avtobusdan tushib, manzilga yetib keldim. Ishxona eshigidan kirishim bilan hammasi o‘zgardi. Salqinlik hukm surayotgan atmosfera ruhimga yengillik bag‘ishladi. Biroz avvalgi shoshilish va bezovtaliklar unutilgandek bo‘ldi.
Quyida sizga havola etilayotgan suhbatimizda iste’fodagi polkovnik Zohidjon Ahmadxo‘jayevning hayoti, tanlagan yo‘li va harbiylikka bag‘ishlangan taqdiri haqida batafsil to‘xtalamiz.
– Zohidjon aka, harbiylik kasbini tanlashingizga qanday omillar sabab bo‘lgan?
– Oilada oltita o‘g‘il bo‘lganmiz. Otam harbiy sohadan nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, mendan boshqa hech kim ota kasbini tanlamadi. Buvim ham o‘g‘lining turli joylarda xizmat qilgani va nevaralarining sarson bo‘lganini ko‘rgani uchun bu yo‘ldan ketishimizga qarshilik qilgan.
Toshkent politexnika institutida o‘qib yurgan kezlarimda “Nahotki, oltita o‘g‘ildan birortamiz ota kasbini tanlamadik?” degan savol sira tinchlik bermasdi. Shu xayollar bilan institutning Harbiy kafedrasini tamomladim. Orada ikki yilcha Buxoro viloyatida geofizika ekspeditsiyasida mutaxassisligim bo‘yicha faoliyat yuritganimdan so‘ng xizmatga chaqirilganman. Nihoyat, otamga izdosh sifatida, Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi mudofaa ishlari bo‘limida xizmatimni boshlaganman.
– Armiyaga qadam qo‘yganingizdagi shaxsiy hayotingiz va dunyoqarashingiz bilan hozirgi tajribali, nafaqadagi hayotingizni qiyos qilsangiz, eng katta o‘zgarish nimada bo‘ldi?
– Ilk xizmatimni boshlagan kunlarim hali-hamon yodimda. Qo‘limda chemodan, yuragimda qo‘rquv bilan qorishgan umid bor edi. Har bir narsa yangi, yangi insonlar… O‘shanda dunyoqarashim sodda, hayot haqidagi tasavvurlarim tor edi. Harbiy xizmat faqat buyruqni bajarish, mashq qilish va qo‘riqchilikdan iborat bo‘lib ko‘rinardi.
Yillar ortidan yillar o‘tdi. Armiya menga sabr-toqatni, intizom va qat’iyatni o‘rgatdi. Ilgari ko‘chadan beri kelmaydigan, oddiy qiyinchiliklarni aylanib o‘tadigan bo‘lgan bo‘lsam, keyinchalik tushundimki, muammolardan qochish emas, uni yengish haqiqiy jasorat ekan. Har bir mashq, har bir navbatchilik menga “Sen endi faqat o‘zing uchun emas, balki yuzlab askarlar, yurt, oila va xalq uchun javobgarsan”, degan tuyg‘uni singdirdi.
Eng katta o‘zgarish shunda bo‘ldiki, yoshligimda faqat o‘zimni o‘ylagan, o‘zgalarning maslahatiga quloq tutmagan bo‘lsam, bugun qattiq mas’uliyat va xalq ishonchini oqlash hayotimning asosiy mazmuniga aylangan. Ilgari orzularim shaxsiy maqsadlar bilan bog‘liq bo‘lsa, hozirda tinch yurt, osoyishta turmush va sog‘lom avlod bilan bog‘liq.
Bugun bosib o‘tgan yo‘limga nazar tashlasam, armiya menga nafaqat xizmatni, balki butun hayotni qanday yashashni o‘rgatganini anglayman.
– Xizmatingiz davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz va ularni qanday yengib o‘tgansiz?
– Avvalo, shuni aytishim kerakki, qiyinchiliksiz ishning o‘zi yo‘q. Faoliyatim davomida bir qancha muammolarga duch kelganman. Ammo ularning barini sabr-toqat bilan yengishga harakat qilganman.
Misol uchun, Namangan viloyatida mudofaa ishlari bo‘limida xizmat qilayotgan paytimda qo‘l ostimga endigina buyrug‘i chiqqan leytenant kelgan. Uni uy-joy bilan ta’minlash esa bizning vazifamiz bo‘lgan. Biroq o‘sha vaqtlari turarjoy masalasi ancha dolzarb edi. Shu bois ijroqo‘mga vaziyatni tushuntirib, yordam berishini so‘raganman. Lekin ko‘mak o‘rniga undan “Siz rahbarmisiz? Unda qo‘l ostingizdagi xizmatchilarning kamchiliklarini to‘g‘rilab qo‘ying”, degan gapni olganman. Mana shu muammo rahbarlik faoliyatim davomidagi ilk qiyinchiliklarimdan biri bo‘lgan. Xizmat joyimga kelib, shu ish bo‘yicha bosh qotira boshladim. Boshqa iloj topilmaganidan yosh leytenantga boshqarmamizdagi chaqiruv punktidan vaqtincha joy qilib berdik. Ertasi kuni qo‘l ostimdagi harbiy xizmatchilarni oldimga chaqirib, o‘zlari yashayotgan harbiy shaharchada bo‘sh uylar bor-yo‘qligini aniqlab kelishlarini aytdim. Birpasda yon-atrofdagi bir nechta uylarning bo‘shligini bildik. Shu ma’lumotlar asosida JEK boshlig‘ini chaqirtirib, qo‘limizdagi ro‘yxat asosida bo‘sh xonadonlarning kalitini olib kelishini so‘raganmiz. So‘rovimiz muvaffaqiyatli hal bo‘lgach, uylar ichidan eng yaxshilarini topib, haligi ofitserni oilasi bilan joylashtirganmiz. O‘zimga ham turarjoy kerak bo‘lgani bois men ham unga qo‘shni bo‘lib ko‘chib o‘tganman.
Umuman olganda, harbiy xizmat faqat buyruq va intizom bilan emas, balki insonning irodasi, sabri va rahbarlik qobiliyati bilan ham belgilanadi. Qiyinchiliklar esa har qadamda chiqadi, lekin ularni yengib o‘tish odamni hayotga tarbiyalaydi. Har bir to‘siq ortida katta tajriba, yangi saboq yotadi.
Shuningdek, qiyinchiliklar insonni yangi imkoniyatlarga eltadi. Agar men o‘sha paytda vaziyatdan qochganimda, balki bugungi darajaga yetmagan bo‘larmidim. Ammo sabr, tashabbus va jamoa bilan birgalikda harakat qilish natijasida nafaqat muammo hal bo‘ldi, balki men ham rahbar sifatida o‘zimni sinovdan o‘tkazdim. Shu bois qiyinchiliklarni hayot yo‘limdagi to‘siq emas, balki imkoniyat sifatida qabul qilaman.
– Xizmat qilgan vaqtingizdagi mudofaa ishlari bo‘limlari bilan bugungilarini qiyoslasangiz, qanday o‘zgarishlar amalga oshirildi?
– Albatta, vaqt o‘tishi bilan har bir sohada islohotlar va yangilanishlar amalga oshiriladi. Shu qatorda mudofaa ishlari bo‘limlari faoliyatida ham oldingi yillarga nisbatan bir qancha o‘zgarishlar bo‘ldi.
Misol uchun, ilgari harbiy hisob va chaqiruv ishlari ko‘proq qog‘ozda yuritilar, ma’lumotlar qo‘lda kiritilardi. Bu ko‘p vaqt va mehnat talab qilardi. Hozir esa bularning bari elektron tizimga o‘tgan, avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazasi orqali tezkor va aniq ma’lumot olish mumkin. Masalan, chaqiriluvchi yoshlarning shaxsiy yoki xizmatga layoqatliligi haqidagi ma’lumotlarni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz elektron baza orqali ko‘rish mumkin.
Shuningdek, avvallari ba’zi hollarda murojaat qilgan odamlar byurokratik to‘siqlarga duch kelardi. Bugun esa xodimlar xizmat ko‘rsatish madaniyatiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Qolaversa, o‘tgan yillarda bo‘limlarning inshoot va moddiy-texnik bazasi cheklangan, qurilmalar eskirgan holda bo‘lardi. Birinchi bor harbiy komissar bo‘lganimda, tashkilotimiz kolxoz idorasida joylashgan edi. Sharoit yo‘q, xonalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan. U yoq-bu yoqdan yordam olib, ta’mirlab, o‘zimizga moslashtirib olganmiz. Bugungi kunda esa zamonaviy binolar, kompyuter texnikasi, internet tarmog‘i orqali ish olib borish imkoniyatlari yaratilgan. Masalan, harbiy xizmatga chaqirilayotgan yigitlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida ham maxsus zamonaviy uskunalar ishlatilmoqda. Tizimda shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, ilgari mudofaa ishlari bo‘limlari faqat chaqiruv va hisob ishlari bilan cheklanar edi. Bugun esa ular yoshlar bilan targ‘ibot ishlari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini o‘tkazish, maktab va oliy o‘quv yurtlarida suhbatlar tashkil qilish orqali keng qamrovli faoliyat olib bormoqda.
Qisqasi, oldingi yillardagi faoliyat bilan hozirgi kun faoliyatini solishtirib bo‘lmaydi. Avvallari ko‘proq rasmiy hisob va chaqiruv ishlariga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar, insonparvarlik tamoyillari va targ‘ibot ishlari asosiy yo‘nalishga aylangan.
– Endi harbiy xizmatga kirib kelayotgan harbiy xizmatchilarga qiyinchiliklarni yengishda asqatadigan tavsiyalaringizni bersangiz?
– Yosh ofitserlarga, eng avvalo, nizomda yozib qo‘yilgan qoidalarga qat’iy amal qilishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Chunki qoidalar harbiy xizmatchining yo‘l xaritasi kabi unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Shu bilan birga bilmagan sohalarini o‘rganishdan hech qachon tortinmasliklari, doimo izlanishda bo‘lib, o‘z ustida ishlab, kasbiy mahoratini oshirib borishlari kerak. Bu ularning nafaqat xizmatdagi nufuzini, balki shaxsiy tarkib orasidagi obro‘sini yaxshilaydi.
Shuningdek, bugun zamonaviy harbiy xizmatchidan faqatgina jismoniy tayyorgarlik emas, balki bilimi va dunyoqarashi keng mutaxassis bo‘lish talab etilmoqda. Shu bois xorijiy tillarni chuqur o‘rganish ham ularga katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki zamon tez sur’atlarda rivojlanmoqda, texnologiyalar yangilanmoqda. Zamonaviy bilim va o‘zgarishlardan xabardor bo‘lish esa harbiy xizmatchi uchun ham kasbiy o‘sish, ham Vatanga xizmat qilishda qo‘l keladi.
Eng asosiysi, har qanday qiyinchilik oldida sabr va matonat bilan tura olish, jamoada ishlashni o‘rganish va hamkasblariga tayana bilish harbiy xizmatchining eng katta kuchidir.
– Suhbatimiz davomida siz kutgan savolni bermagan bo‘lsam, uzr. Yana aytadigan gaplaringiz yoki takliflaringiz bo‘lsa, marhamat?
– Avvalo, suhbat tashkil etganingiz va xizmatim haqida so‘rab, qiziqish bildirganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Rostini aytsam, qaysi yo‘nalishda xizmat olib borganim haqida so‘ralganda, mudofaa ishlari bo‘limlariga mutaxassislarni qanday tayyorlash, ushbu tizimni kadrlar bilan butlash masalasi haqidagi savolni kutgan edim.
Avvalambor, hozirgi vaqtda sohamizga ixtisoslashgan holda kadrlar tayyorlaydigan aniq bir bilim yurti yoki yo‘nalish mavjud emas. Shu sababli xizmatga qabul qilingan xodimlar ko‘proq ish jarayonida, tajribali rahbarlar ko‘rsatmalari orqali amaliyotda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bu esa vaqt talab qiladi va ayrim hollarda xizmat samaradorligiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Taklifim shuki, mazkur yo‘nalish bo‘yicha maxsus ta’lim dasturlari yoki fakultetlar tashkil etilsa, bu sohada yetuk kadrlarni tarbiyalash imkoni paydo bo‘lardi.
Shu jihatdan, kelgusida mudofaa ishlari bo‘limlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasalari yoki ixtisoslashgan kurslarni yo‘lga qo‘yish kerak deb o‘ylayman. Bu nafaqat xizmat samaradorligini oshiradi, balki sohada uzluksizlikni, tajribali kadrlar almashinuvini ham ta’minlaydi.
“Vatanparvar” muxbiri
leytenant Mansurbek JABBOROV suhbatlashdi.
