Bolalikning beg‘ubor kengliklarida koptok tepib yurgan kezlarimni eslayman. Tunlari yulduz sanab, tongotar ertaklar og‘ushida ko‘zimni yumgancha Susambil diyorini tush ko‘rganim, tandir yonida onamning kulcha uzib berishini sabrsizlarcha kutganim, akamning yelkasiga mingashib dalaga jo‘nab ketganimiz – hammasi Vatanning boshlanish nuqtasiga o‘xshaydi.
Bolalik uyining derazasidan mo‘ralab turgan jajji bolakayning hayratlarida gavdalangan entikishdir. Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytilmagan. Kimdir xafa qilsa, to‘polonchi bolalar koptogingni olib qo‘yib, jig‘ibiyron qilgan kezlar ostonangga yaqinlashganingda barcha kuch-qudrating bilaklaringga qaytgandek, dilingni ranjitgan odamni uying eshigi zulfini tutgancha so‘kkaning, endi kela olmasligini his qilib, ortingda akang – qo‘rg‘oning borligini bilib qo‘rqmasliging – Vatan ostonadan boshlanadi, degan gapning isboti, go‘yo. Bugun esa ortingda ozod va hur Vatan turishi bu ostona endilikda butun bir O‘zbekiston bo‘lganidan darakdir.
Yaqinda qishloqqa qaytib, bolaligim o‘tgan so‘qmoqlarni ziyorat qildim. Akamning o‘g‘ilchasini yetaklagancha boshi-adog‘i ko‘rinmagan adirlar bo‘ylab ketaverdik. Bolalarning hayrati shu darajada ulkanki, katta odamlar ko‘rmagan hodisalarning guvohi bo‘lib qoladi. To‘satdan shunday savollar yog‘diradi, aqling lol, tiling mum tishlab qolasan.
– Aka, qushlarning ham Vatani bormi?
– Bor, jonim ukam, bizning diyorda yashayotgan qushlarning Vatani shu yer.
– Unda nega qaldirg‘ochlar kuzda qaytib ketadi? Vatanni tashlab ketib bo‘lmaydi-ku, nega ular ketib qoladi, ular Vatanni yomon ko‘radimi?
Nima deyishimni bilmay yosh bolaning gapidan hang-u mang bo‘lib, holatimni sezdirmay javob beraman:
– Ular sovuq iqlimga moslashmagan, ukajonim, shuning uchun issiq o‘lkalarga kuzda ketib, bahorda kunlar isiy boshlaganda qaytadi.
– Ularning Vatani ikkitami, aka?
YANA O‘RTAGA JIMLIK CHO‘KADI, ukam hech o‘ylab ko‘rmagan savollari bilan meni hayratga solishga, mot qilishga urinayotganga o‘xshaydi. Xuddi birov o‘rgatib qo‘ygan-u “Akang kelsa, shu savollarni berasan”, degandek. Zo‘rg‘a xayolimni yig‘ib, savoliga no‘noq javob berganimdan uyalib:
– Qushlarning Vatani osmon, uka, – deyman.
U savoliga javob topganidan quvonadi.
– Aka, sizga bir gap aytaymi?
– Ayt, jonim ukam.
– Hoji bobomning Vatani ham osmon.
– Nega unday deyapsan?
– Momom aytdi, “Bobong qush bo‘lib osmonga uchib ketgan, bizni tepadan kuzatib turadi”, dedi. Qushlarning Vatani osmon bo‘lsa, bobom qushga aylangan bo‘lsa, demak, Hoji bobomning Vatani ham osmon ekan, bilib oldim. Kichkina bolakayning hayratidan quvonaman. “Osmon hammamizniki, ukajonim”, deyman pichirlab. Har gal qishloqqa qaytsam, menga kutilmagan savollar tayyorlab turadigan bu jajji faylasufni shuning uchun ham hammadan ko‘p sog‘inaman.
Yo‘l-yo‘lakay yo‘limizda uchragan hamma narsani unga tanishtirib ketaman, shu bahona o‘zim ham yangi hayratlar topaman.
Bir safar qishloqqa borganimda ham savollarga ko‘mib tashlagani, javob topolmay, mum tishlab qolganimni eslayman.
– Aka, urush yomonmi?
– Judayam yomon, ukam.
– Siz urushga borganmisiz?
– Yo‘q, albatta. Yuzini qaro qilsin, urushning. Sen bu gaplarni qayerdan olding, nega bunday savol beryapsan.
– Kinoda ko‘rdim, urush bo‘ldi, momom rosa yig‘ladi. “Oting o‘chsin, urush”, dedi momom. Yomon bo‘lmaganda oting o‘chsin demasdi. Biz ham ko‘p to‘polon qilsak, “ovozing o‘chsin”, deydi, shundan bilib oldim. Ukamni bag‘rimga mahkam bosaman, “o‘zimning faylasuf ukam”, deyman mehrim jo‘shib. Uni erkalagan sarim, savol qozoni qaynay boshlaydi. Momosidan eshitgan gaplar bilan boshimni qotiradi keyin.
– Aka siz “Vatanparvar”da ishlaysizmi?
– Ha, sen qayerdan bilding?
– Momom aytgan. U yaxshi odammi?
– Kim?
– Vatanparvar.
– U odam emas, gazetaning nomi.
Jilmayadi, o‘zining bo‘lmag‘ur savol berganidan uyaladi.
– Men odam deb o‘ylabman. Gazetaga yozasizmi?
– Ha, albatta, yozaman!
– Dovudbek ukam bor, deb ham yozganmisiz?
– Yo‘q, endi yozmoqchiman.
– Rasmim ham bo‘ladimi?
– Ha, rasmingni ham beramiz. Jilmayadi, “Menga ham olib keling “Vatanparvar”dan, katta bo‘lsam men ham “Vatanparvar”da ishlayman, siz haqingizda yozaman”, deydi quvonib.
VATAN DEGANDA doim ko‘z oldimga bepoyon dalalar-u soddadil odamlar, mening chegara bilmas kengliklarim, osmonimiz, muqaddas mozorlarim, daryolarim, samo uzra erkin parvoz etayotgan qushlar, bog‘larim, faylasuf ukamning savolchan nigohi, onamning “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo”, degan so‘zlari zamirida bus-butun O‘zbekiston jonlanadi.
VATAN
Shudringga yuz chayib uyg‘onar quyosh,
Tog‘larning ko‘ksida ko‘z yorar olam.
Qo‘shquloq ko‘targan va bir kissa tosh,
Ishtonbog‘i tushib kelyotgan bola.
Shu misralar tilimda aylanadi. Aslida ham shunday. Vatan sensan, jajji faylasufim.
Telefon jiringlaydi, bo‘lim boshlig‘im Shohrux aka:
– Shoirim, gazetaning bu soniga qahramonlar haqida biror nima yozib bermaysanmi?
– Yozaman, aka.
– Unda harakatingni qilaver, deydi. Go‘shakni qo‘yaman. O‘ylarim bilan andarmon bo‘lib mustaqillik yillarida qurbon bo‘lgan yigitlar haqida o‘ylayman. “Ularning jasorati maqola yo she’rga sig‘armidi, ular chinakam qahramonlar”, deyman pichirlab. Xayolimni maysaning tebranishidek bir ovoz chalg‘itadi.
– Aka, qahramonlar kimlar? Odam nima qilsa qahramon bo‘ladi? Siz qahramon bo‘lganmisiz?
– Sen uchun dunyoning eng yaxshi odami kim deyman?
– Dadam, keyin siz.
– Qahramonlar dadangdan ham, mendan ham yaxshi odamlar.
– Qanday qahramon bo‘lgan?
Faylasufim o‘ziga yangi mavzu topilganidan quvonib, meni savollar ummoniga g‘arq qilib tashlaydi.
– Seni kimdir urishsa, kim qo‘riqlaydi?
– Dadam!
– Qahramonlar ham Vatanning qo‘riqchilari, yurtimizni yomon ko‘zlardan, yomon odamlardan asraydi. Kel, men senga ular haqida so‘zlab beraman…
– Xo‘p!
OLIS FARGʻONA DIYORIDA bir bola dunyoga keladi. Ismi jismiga mos bo‘lgan yigitga Qahramon deya ism qo‘yadi. Uning bolaligi hamma bolalarniki singari beg‘ubor o‘tadi. Yoshligidan yuragida Vatanga bo‘lgan mehr jo‘sh urib turgan bola askar amakilarining katta shapkasini boshiga qo‘ndirib, “Vatanimga xizmat qilaman”, deya harbiy bo‘lishni orzu qiladi.
Qahramon ulg‘ayib, maktabni a’lo baholarga tugatgach, tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Ammo yuragida harbiy bo‘lishga bo‘lgan muhabbat, Vatanini asrashdek ulug‘ maqsadlar bir lahza bo‘lsin xayolini tark etmaydi. U bilan birga o‘qigan do‘stlaridan birining aytishicha, ko‘chada harbiy libos kiygan yurt posbonlarini ko‘rganda yuragi entikib ketar ekan. Ularga uzoq termilib, bolalik orzularini xotirlar, harbiy bo‘lish niyati bo‘lganligi haqida do‘stlariga bot-bot aytib berarkan…
Faylasuf ukam o‘rtaga savol tashlaydi.
– Aka, meni ham qahramon qilasizmi?
– Men seni qanday qahramon qilaman.
– Men haqimda yozasiz, keyin qahramon bo‘laman. Siz anavi aka haqida yozganingiz uchun qahramon bo‘lgan-ku.
– Ular avval qahramon bo‘ladi, keyin
men ular haqida yozaman. Qahramon yigit haqidagi hikoyani eshitasanmi yo aytmaymi?
– Eshitaman, eshitaman.
ORZULAR ORZULIGICHA QOLMADI, yigitlik burchini, Vatan oldidagi vazifasini bajarish uchun harbiy xizmatga yo‘l oladi. U harbiy xizmatda do‘stlariga o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Jismonan va ma’nan chiniqadi. Intizom va harakatchanligi bilan xizmatni tugatib, ishga qoladi. O‘ziga topshirilgan har qanday vazifani a’lo darajada ado etib, burchiga sadoqat bilan xizmat qiladi.
U chinakamiga botir yigit, Vatani uchun har lahzada jonfido etishga, jon olishga tayyor edi.
Bir kuni yurtimiz sarhadlariga bir gala g‘alamislar bostirib kirmoqchi ekanini eshitgan qahramon yigit do‘stlari bilan yovning qoshiga mardona yo‘l oladi. Dushman quturgan itdek yerimizga suqilib kirib, tinchligimizga raxna solish maqsadida askarlarimizga qarshi jang olib boradi. Qahramonimiz g‘anim o‘qidan yaralangan do‘stlariga tibbiy yordam ko‘rsatib, jonini saqlab qoladi. U bir necha dushman g‘alamislarini yer tishlatib, o‘zi ham janggohda yaralanadi. Vatanimiz tinchligi yo‘lida yovga qarshi ayovsiz jangda mardlarcha jon beradi.
QAHRAMON MADALIMOV yurtini, xalqini sevgan chinakam er yigit edi. Uning qahramonligi hech qachon unutilmaydi.
Hikoyamni yakunlab, ukam tomonga yuzimni buraman, ko‘zlaridan oqayotgan yoshini ko‘ylagim yengi bilan artib qo‘yaman.
– Chinakam urush bo‘lgan, aka. Qurollari ham chinakamiga bo‘lgan. Dushmanlarni yomon ko‘raman. Ularning o‘zlarining Vatani yo‘qmi, nega bizning Vatanga keladi?
Ko‘zlari yana yoshga to‘lib, lablarini tishlagancha, jahl ifodasini yashirolmay menga qaraydi:
– Yomon odamlar yana kelsa, siz ham jang qiling! Faqat o‘lmang, o‘lmaydigan qahramonlar ham bo‘ladi-ku. Ustingizga temirdan kiyim kiyib oling, shunda sizga o‘q o‘tmaydi. Vatanimizni asrang, aka. Men ham katta bo‘lsam, Vatanimizni asrayman.
Endi men ham ko‘zlarimdagi yoshimni to‘xtatolmay qolaman.
– Ular endi kelmaydi, ukajonim. Vatanimiz sarhadlari ishonchli qo‘llarda. Ular bizni ozod yurtda yashashimiz uchun kerak bo‘lsa, jonini ham ayamaydi.
Vatanning sendek yoshlari bor ekan yerimizga hech qachon g‘animlar qadam bosolmaydi.
Faylasuf ukamni yelkamda opichlagancha uyimiz tomon yo‘l olaman. Ukam yana yo‘l taassurotlari bilan boshimni aylantirib, javobi yo‘q savollar bilan akasini savolbo‘ron qilib charchamaydi.
Vatan men uchun mana shu bolaning olisga tikilgan tiniq nigohidir. Bu nigohlar hech zamon so‘lmasin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Muhammadali GʻAFFOROV,
“Vatanparvar”,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi
