Payshanba, Fevral 19, 2026
HomemaqolalarUNUTILGAN JASORAT

UNUTILGAN JASORAT

 “Ular – urush qatnashchilari hali tirik. Lekin odamzod umri qisqa, uni faqat xotira uzaytira oladi,faqat xotira vaqtni yenga oladi”.

Svetlana ALEKSIYEVICH,

Belarus adibasi, Nobel mukofoti sohibi

 

1-qism

Barchasi kutilmagan qo‘ng‘iroq tufayli boshlandi. Odambormaslik tinib-tinchimas adib Tursunboy Boymirov salom-alikdan so‘ng so‘radi.

– Chimlik urush qatnashchisi Abdurahmon Erdonov haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak?

– Anovi Stalingraddagi tepalikni himoya qilgan kishini aytyapsizmi?

– Ha, topdingiz. Kecha deng, o‘sha bovaning jiyani Chori To‘rayev kelib, tog‘asi haqida biror nima yozib berishni iltimos qilib ketdi.

– Ana, qalamni olib yozavering-da, akaxon, – dedim hazillashib.

– Bir qo‘llab yubormasangiz bo‘lmaydi, bizda ham qolib ketmas…

– Ayting, nima qilishim kerak?

– Erdonov haqida yozilgan kitoblarni izlab topishingiz kerak. Keyin internet deganingizdan ham bir qidirib ko‘ring.

Tursunboy akani yaxshi bilganlar u kishining ushlagan joyini qo‘yib yubormaydiganlardan ekanini yaxshi biladi.

Xushlamayroq rozi bo‘ldim.

Tushdan so‘ng akamiz yana qo‘ng‘iroq qildi.

– Ishni boshladingizmi, ukam?

– Boshladim, siz yozgan chimliklar haqidagi kitoblardan ikki qator jumla topdim.

– Anovi urush haqida ko‘p yozgan Adham Rahmat degan yozuvchi bir kitobida yozgan deb eshituvdim.

– Qaysi kitobida ekan?

– “Okopdan ovozlar” deganmi…

Xayolimga adibning hamqishlog‘im partizan Mavlon Berdiyev haqidagi “G‘alabaga chorlagan maktub” asari keldi. Kitob javonimni titkiladim. Yo‘q, kimdir olib ketibdi.

***

Telefon degani beminnat dastyor-da… Ustozim, marhum shoir va adib Abdivoy Rahimning o‘g‘li Sherzodga qo‘ng‘iroq qildim.

– Mayli, domla, kitobni izlab ko‘raman, agar topilsa, berib yuboraman, – deb javob berdi.

Ertasiga kitob qo‘limga tegdi, afsuski, unda men qidirgan ma’lumotlar yo‘q ekan.

So‘ngra internetdan Adham Rahmatning boshqa kitoblarini izlashga tushdim. Lekin uning urush haqidagi yozgan asarlari elektron nusxalari topilmadi.

Keyin esa bundan ancha yillar avval yortepalik ijodkor muallim Normurod Ergashevning bu haqda ballada yozgani yodimga tushdi.

Normurod domlaga darrov sim qoqdim.

Domla meni obdan tinglagach, dedi:

– Menimcha, Tursunboy ozgina adashgan shekilli. O‘sha, o‘tgan asrning 70 -yillarida rahmatli Rashid Norbo‘tayev xo‘jalik raisi edi. Yozuvchi Adham Rahmatning “Okopdan ovozlar”, Ibrohim Rahimning “Mangulik qo‘shig‘i” kitoblarida Abdurahmon Erdonov haqida ma’lumotlar e’lon qilingani sabab bu voqea ancha shov-shuv bo‘lgan, hatto chimlik jangchi haqida hujjatli kino ham suratga olingandi.

Yana bir gap, Anvar Eshonov degan shoir haqida eshitganmisiz?

– Ha, menda “Non isi” degan she’rlar to‘plami bor.

– Bo‘lmasa o‘shani bir varaqlab ko‘ring.

– Xo‘p, domla, maslahat uchun rahmat.

Keyin esa javondan kitobni topdim. Mana o‘sha she’r, 37 sahifa.

“SHARQLIK O‘N BIR QAHRAMON TEPALIGI” OLDIDA

“Butun mamlakat Sharqning o‘n bir shonli farzandi – to‘qqiz o‘zbek, qozoq va tatar (Boboyor G‘afforov, Diyor Ahmedov, Subhon Fayziyev, Normurod Hayitov, Safar Mardonov, Komil Xuzin, Xudoyqul Musayev, Bahrom Alibekov, Sobir Tolipov, Abdurahmon Erdonov) yigitining jasorati haqidagi xabarni eshitdi (Negadir jangchilar soni o‘nta. Muallif).

– Birodar, o‘t ichra qoldingmi cho‘llab…

– Bir qozoq, bir tatar, to‘qqizta o‘zbek,

O‘n beshdan o‘ldirdik, olindi adir.

Dushman istehkomin yanchidik, buzdik…

Sharqona ko‘mdiring bizni komandir.

Quyoshga qarasin har kimning boshi,

Shunaqa rasm bor bizning o‘lkada…

Askarlar jim borar, tepalik oshib,

O‘n bitta sharqlikni qo‘yib yelkaga.

 Xalqimizda “Izlagan topadi”, degan gap bor. Qidirish davomida Abdivoy Rahimning “O‘q yomg‘iri ostida” degan mo‘jazgina kitobini topdim va birinchi sahifadagi “O‘n birlar jasorati” degan ocherkka ko‘zim tushdi.

O‘N BIRLAR JASORATI

Don daryosining o‘ng qirg‘og‘ida hozirgi Volgograd viloyatining Klesk tumanidagi Oryol qishlog‘idagi uncha baland bo‘lmagan bir tepalikka “Sharqlik o‘n bir qahramon tepaligi” deb nom berilgan.

O‘N BIR PAHLAVON! Kim ular? O‘zlari qayerlik? Qanday jasorat ko‘rsatgan, azamatlar? Ha, o‘n birlarning hammasi aniq. Ular haqida gazetada yozilgan, kitoblar chiqqan, kinofilm yaratilgan. Dong‘i doston bo‘lgan ularning.

Keling, do‘stlar, yurtdoshlarimiz haqida, ularning mislsiz jasoratlari to‘g‘risida yana bir karra eslaylik, yosh avlodga ularni tanishtiraylik.

Sharqlik o‘n bir qahramonning beshtasi Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidan, uchtasi Samarqand viloyatining Narpay tumanidan. Ular safida bir qozoq yigiti va bir tatar yigiti ham bo‘lgan. Ozarbayjonlik Mixail Kabribov ularga boshchilik qilgan.

(Shu o‘rinda shoir Anvar Eshonov yozgan ro‘yxatdagi to‘qqiz o‘zbek so‘zini, sakkizta deb yozishga majburmiz va ozar yigitini qo‘shib qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘ladi – Muallif).

1942 -YILNING SENTABR OYI. Tish-tirnog‘igacha qurollangan fashist galalari Don daryosidan o‘tib, Stalingrad sari hujum qilmoqda edi. Jasur jangchilarimiz fashistlarning kuchlariga qarshi mardonavor kurashib, ularga ustma-ust talafotlar bera boshladi.

Rota komandiri kichik leytenant Mixail Kabribov jangovar topshiriq keltirdi. “Hademay jangchilarimiz hujumga o‘tadi. Bizga dushman egallab turgan 115,2 tepaligida joylashgan DZOTni yo‘q qilish va shu tepalikni qo‘lga kiritish topshirildi. Hujumga tayyorlaning!”

Jangchilar fashist gazandalarini majaqlab tashlash uchun shay holda buyruqni kuta boshladi. Nihoyat hujumga signal berildi. Qism olg‘a tashlandi. Otishma tobora qizidi. Osmondan o‘q yomg‘iri yog‘a boshladi. Kabribov boshliq 1-rota jangchilari dushmanni chalg‘itib, tepalik sari yaqinlashib borardi.

– Ko‘ryapsizlarmi dushman pulemyotini? – dedi komandir durbinni tushirmay. – Tepalik yon bag‘ridagi yerto‘laga o‘t oching!

Boshliqning buyrug‘idan so‘ng Boboyor G‘afforov “maksimka” pulemyotini “sayratdi”. Abdurahmon Erdonov esa pulemyotga o‘q tasmasini uzatib turdi. Dushman pulemyotining ovozi o‘chirildi.

– Yigitlar, olg‘a! Komandirning buyrug‘i yangradi. Jangchilarimiz tepalikka shiddat bilan yopirildi. Jangchilarning sherdek qilgan hamlalari natijasida tepalik qo‘lga kiritildi. Qo‘shinlarimiz harakatidan tahlikaga tushib qolgan fashistlar to‘dasi orqaga surib tashlandi. Kabribovning rotasi dushmanning dastgohli pulemyoti bilan birga

4 ayg‘oqchisini tiriklay qo‘lga tushirdi. Dushmanning o‘ndan ortiq murdasi tepalik atrofida yer tishlab yotardi.

Lekin alamzada fashistlar tinch turmadi. Ularning zaxiradagi kuchlari ham frontga kelib qo‘shildi. Dushman qarshi hujumga tayyorlana boshladi. Strategik jihatdan o‘ta qulay bo‘lgan

115,2 tepaligini qaytarib olish rejasini tuza boshladi. Shtabdan jangovar buyruq olindi: “Dushman hujumga o‘tadi. Tepalik qo‘ldan ketmasin. Bir qadam ham ortga qaytish yo‘q!”

Komandir Mixail Kabribov jangchilarning tayyorgarlik holatini yana bir bor ko‘zdan kechirdi. O‘q-dorilarni hisobga oldi. Keyin u yigitlarga qarab shunday dedi: “Masala aniq, o‘g‘lonlar. Dushman katta kuch bilan hujum qiladi. O‘q-dorini nihoyatda tejab-tergab sarflash kerak. Bir o‘q bilan ikki frisni yiqitaylik!”

SENTABRNING 16 – KUNI. Vaqt peshindan o‘tgan. Quyosh yerdagi o‘lim o‘yinini tomosha qilishdan hazar qilgandek o‘zini bulutlar orasiga olgan. G‘arbdan yana burqsib qora tutun ko‘tarila boshladi. Dushmanning 3 ta bombardimonchi samolyoti to‘satdan paydo bo‘ldi-da, har-har joyga “ ajal urug‘i”ni tashlab ketdi. Samolyotning biri olov aralash quyuq tutun chiqarganicha yerga qulab tushdi.

Fashistlar quturib hujumga o‘tdi. Minomyot va o‘ziyurar zambaraklardan otilgan snaryadlar g‘izillab o‘ta boshladi. O‘nlarcha tank va behisob askarlar tobora yaqinlashib kela boshladi.

– O‘q uzing! – jangchilarga buyruq berildi. Avtomatlar “til”ga kirdi. Granatalar portlatildi. To‘polon, shovqin-suron. Qiyomat qoyim bo‘ldi. Mixail Kabribov qozoq yigiti Baxmardin Alibekovning boshini suyagancha yaqinlashib kelayotgan dushman “Tigri”ga granata irg‘itdi. Tank o‘rnidan jilmay qoldi.

Front bo‘ylab otishma yana avjiga chiqdi. Fashistlar telbalarcha hujum qilardi. Jangchilarimiz tepalik atrofida komandir aytganidek ish qilardi. Kabribov yigitlarining har biri o‘nlab fashistlarni otib o‘ldirdi.

– O‘q tugayapti, o‘rtoq komandir! – otishdan to‘xtamay murojaat qildi avtomatchi So‘fixon Fayziyev.

– Dushmanni tepalikka yo‘latmang! Oxirgi o‘qqacha otishing! So‘ng qo‘ljangiga o‘tamiz! – komandirning buyrug‘i qat’iy edi.

Avtomat va pulemyotlar tinimsiz ishlaganidan qizib ketdi. Ko‘pchilikda o‘q-dori tugay deb qoldi. Oxirgi portlatkichlar ham uloqtirildi. Ammo hech bir o‘q yoki granata zoye ketmadi. Kabribov rotasi ham siyraklashib qolgan edi. Dushman hamon tepalikka qarab hujum qilardi.

– Yigitlar, qo‘ljangiga! – baralla qichqirdi komandir. Omon qolgan jangchilar birin-ketin transheyadan o‘qdek otilib chiqa boshladi. Qo‘ljangi qizib ketdi. Dushmanning 300 dan ziyod ayg‘oqchisi quturib hamla qilardi.

Nihoyat fashistlar hujumi qaytarildi. Dushman qo‘shini tutday to‘kildi. Kabribov yigitlari quzg‘unlar bilan sherdek olishib, haqiqiy matonat va jasorat namunalarini ko‘rsatdi. Ular jon bersa berdiki, qadrdon tepalikni qo‘ldan bermadi.

MING AFSUSLAR BO‘LSINKI, Mixail Kabribov yigitlarining aksariyati safdan chiqqan edi. 1942-yilning 17-sentabr kuni. Qo‘shinlarimiz uchun og‘ir motam kuni bo‘ldi. O‘sha 115,2 tepaligi uchun mislsiz olishuvda jonfido qilgan Qamashi tumanining Oqrabot qishlog‘idan bo‘lgan Boboyor G‘afforov, Normurod Hayitov, So‘fixon Fayziyev, chimlik Diyor Ahmedov, Narpay tumanining To‘qimchi qishlog‘idan harbiy xizmatga chaqirilgan Xudoyqul Musayev, Sobir Tolipov, Safar Mardonov, qozoq yigiti Baxmarin Alibekov hamda tatar o‘g‘loni Xuzinlar Oryol qishlog‘idagi qardoshlik mozoriga dafn etildi.

Mana, shundan buyon qancha suvlar oqib o‘tdi. Biz bu sharqlik o‘n bir qahramonni hamon hurmat bilan tilga olamiz, xotirlaymiz. Shunisi quvonchliki, o‘n bir bahodirdan ikki kishi o‘sha olishuvdan tirik qoladi. O‘n birlar komandiri ozar o‘g‘li Mixail Naftaliyevich Kabribov Boku shahrida davlat muassasalarining birida ishlab keldi. U so‘nggi yillarda qarilik pensiyasiga chiqqan edi.

Kabribovning dovyurak jangchilaridan biri, yordamchi pulemyotchi Abdurahmon Erdonov urushdan yarador bo‘lib qaytib kelib, bir necha yil Qamashi tumanidagi Chim jamoa xo‘jaligida fidokorona mehnat qildi, paxta tayyorlash shoxobchasida faoliyat ko‘rsatdi.

Dovyurak o‘n birlarning sobiq komandiri o‘z jangchisi Abdurahmon Erdonovni Ozarbayjonga taklif etdi. Abdurahmon bobo Erdonov 1970-yillarning boshida Bokuga borib, Kabribovlarning aziz mehmoni bo‘ldi. Komandir va jangchi suronli urush yillarini, o‘sha tepalik uchun jonfido qilgan qadrdon safdoshlarini eslashdi.

So‘nggi yillarda 115,2 tepaligi ustida o‘n bir qahramonning sharafiga bag‘ishlab esdalik monumenti o‘rnatildi.

– Monumentning ochilishiga men ham taklif qilingan edim, – deydi Abdurahmon Erdonov biz bilan qilgan suhbatda. – Tepalik o‘sha-o‘sha. O‘zimni tutolmay yig‘lab yubordim. Biz qazigan okop va transheyalarning o‘rni hamon saqlanib turibdi. So‘ng quroldosh do‘stlarimning qabrlarini ziyorat qildim.

Ikkinchi jahon urushining afsonaviy qahramoni yurtdoshimiz Abdurahmon Erdonov maktab o‘quvchilarining ham sevikli bobosi edi. Chim qishlog‘idagi maktablarning o‘quvchilari boboni navbati bilan uchrashuvlarga taklif qilar va har bayram kunlarini u kishi bilan birga o‘tkazardi.

Qahramonimiz sakson yoshni qoralab vafot etdi. U kishidan qobil farzandlar, nevara-chevaralar qoldi. Ha, chimlik Abdurahmon Erdonovning nomi sharqlik o‘n bir qahramon safida abadiy saqlanadi.

 

(Davomi bor)

O‘rolboy QOBIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a’zosi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine