Uchuvchisiz uchish apparatlari bortida ekipaj yoki yo‘lovchilari bo‘lmagan havo transportlari hisoblanib, ular avtomatlashtirilgan dronlar yoki masofadan boshqariladigan transport vositalari deyiladi. Uchuvchisiz uchish apparatlari uzoq vaqt davomida tezlik va balandlikning boshqariladigan darajasida ucha oladi va aviatsiyaning ko‘p jihatlarida muhim rol o‘ynaydi.
Fransuz aka-uka ixtirosi
Dastlabki dronlarning yaratilish tarixi XVIII asrning ikkinchi yarmiga borib taqaladi. 1782-yilda fransuz ixtirochilar aka-uka Jak-Etiyenne va Jozef-Mishel Mongolferlar qog‘oz va matodan shar yasab, uni issiq havo yordamida osmonga uchirgan. Qurilma 154 kilogramm edi. Pufak deyarli
300 metr balandlikka ko‘tariladi va havoda 10 daqiqa davomida uchib yuradi.
1783-YIL 4-IYUN KUNI Fransiyaning Annonay shahrida birinchi marta odamlar ko‘z o‘ngida ulkan havo shari uchiriladi, bu tarixdagi birinchi muvaffaqiyatli havo parvozi hisoblanadi. Shu yilning noyabr oyida Fransiyaning Parij shahrida qirol saroyi oldida odamlar birinchi marta shar yordamida osmonga ko‘tarilgan. Mazkur havo sharlari keyinchalik harbiy razvedka va ilmiy tadqiqotlarda ishlatilgan. Masalan, XVIII–XIX asrlarda Yevropa davlatlari urushlarda dushman hududini kuzatish uchun foydalangan. Bu g‘oya keyinchalik uchuvchisiz uchadigan apparatlar – dronlar yaratilishiga asos bo‘ldi.
Ilk harbiy dron 1849-yili Venetsiyada qo‘llanilgan. Italiya inqilobi davrida dronlardan harbiy maqsadlarda ko‘p bor foydalanilgan. To‘ntarishlarning dronlar bilan amalga oshirilishi o‘sha paytda omma orasida katta vahimalarga sabab bo‘lgan.
XIX asrning oxirlarida Nikola Tesla radio boshqaruvli dronlarni yaratdi. Ilk parvoz Nyu-Yorkda amalga oshirildi.
Dronlar Birinchi jahon urushida
Uchuvchisiz uchish apparatlari Birinchi jahon urushi davrida Buyuk Britaniya va AQSh tomonidan ishlab chiqarildi. Britaniyaning Aerial Target nomli radioto‘lqin bilan boshqariladigan kichik samolyoti birinchi bor 1917-yilning mart oyida sinovdan o‘tkazildi.
Kettering Bug deb nomlanuvchi Amerika havo torpedasi (o‘zi harakatlanadigan suvosti snaryadi) birinchi marta 1918-yilning oktabr oyida uchirildi. Garchi parvoz sinovi muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, urush davrida ikkalasi ham amaliyotda qo‘llanmadi.
URUSH YILLARIDA uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish davom etdi. Inglizlar 1935-yilda o‘quv mashg‘ulotlarida nishon sifatida foydalanish uchun bir qator radioto‘lqin orqali boshqariladigan samolyotlarni ishlab chiqardi.
“Dron” atamasi o‘sha paytda ishlab chiqarilgan modellardan biri bo‘lmish DH.82B Queen Bee nomidan ilhomlangan holda qo‘llana boshlandi. Radioto‘lqin orqali boshqariladigan dronlar AQShda ham ishlab chiqarilgan va maqsadli amaliyot hamda mashg‘ulotlar uchun ishlatilgan.
Dronlar Ikkinchi jahon urushi va VYetnamda
1933-yili britaniyalik muhandislar dronlarning ancha takomillashtirilgan turini ishlab chiqdi. Undan armiyada faol foydalanildi. Bu Ikkinchi jahon urushida ayniqsa qo‘l keldi. Keyinroq dronlar bilan birgalikda kvadrokopterlar ham ixtirochilar diqqat markazida bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushi davrida dronlardan asosan uchish mashqlari va hududlarni bombardimon qilish uchun foydalanildi. 1930–1940-yillarda AQSh Radioplane OQ-2 nomli uchuvchisiz samolyotini ishlab chiqardi. Undan asosan havo hujumlariga qarshi mashq qilish (ya’ni samolyotlarga nishon sifatida) maqsadida foydalanilgan.
Razvedkachi dronlardan 1955–1975-yillarda bo‘lib o‘tgan Vyetnam urushida ham keng miqyosda samarali foydalanilgan. Bu qurilmalar jangda hiyla-nayrang bilan harakat qilish, belgilangan nishonga raketalarni uchirish, shuningdek psixologik operatsiyalar uchun varaqalar tashlash kabi bir qator jangovar harakatlarda qo‘llanilgan.
Vyetnam urushidan keyin Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlardan tashqari boshqa davlatlar ham uchuvchisiz havo texnologiyasini o‘rganishni boshladi. Yangi modellar yanada murakkablashdi, chidamlilik va yanada yuqoriroq balandliklarda uchish qobiliyati ortdi.
Dronlar nima uchun tilga tushdi?
Uchuvchisiz uchar qurilma, qisqacha aytganda, dron so‘nggi paytda ayniqsa harbiy maqsadda faol qo‘llanayotgani uchun hammaning tiliga tushdi. Aslida dronlardan fuqarolik va ilmiy sohada ham keng foydalanilmoqda.
HARBIY HARAKATLARDA dron razvedka, kuzatuv, nishonni aniqlash va jangovar vazifani bajarishga yo‘naltirilsa, fuqarolik ishlarida o‘ziuchar qurilmalar chegarani nazorat qilish, yo‘qolganlarni qidirish, havodan suratga olish va hatto yukni manzilga yetkazish kabi turli vazifalarni bajarmoqda. Dronlar ilmiy faoliyatda juda qo‘l keladi: geologiya, ekologiya, meteorologiya va boshqa ko‘plab sohalarda ma’lumotni to‘plash va tadqiq etish uchun beminnat dastyorga aylangan. Baribir, taassuf bilan ta’kidlash joiz, dronlar jangovar maqsadda ko‘p ishlab chiqarilmoqda va ishlatilmoqda.
Dronlar faqat uchadimi?
Dronlar nafaqat havoda uchadi, balki yer yuzasida, suv tubi va ustida ham harakatlana oladi. Chegara nazorati, patrul xizmati, xavfsizlik va boshqa operatsiyalarda qo‘l keladi. Amerikaning RQ-4 Global Hawk droni razvedka uchun ishlatilsa, MQ-9 Reaper yerusti nishonini kuzatadi va zarba yo‘llaydi, Orca droni esa suv ostida razvedka olib boradi, Rossiyaning Poseydon uchuvchisiz qurilmalari muhim obyektlarni yo‘q qilish uchun yadro kallagi bilan jihozlangan, deyishadi.
Sof fuqarolik maqsadida ishlatiladigan dronlar ham mavjud. Masalan, Dubayda o‘zi harakatlanadigan metro poyezdlarini boshqarish jarayonida inson ishtirok etmaydi, barchasi avtomatik tarzda amalga oshiriladi. To‘liq sun’iy intellekt tizimiga, kompyuter algoritmiga, ilg‘or sensor texnologiyalarga asoslangan bu tizim yuqori aniqlikda ishlaydi, samarador va xavfsiz.
HOZIR KO‘PCHILIK dronni harbiy maqsadda foydalaniladigan o‘ziuchar qurilma deb tushunmoqda. Bunga arzirli sabablar bor albatta. Zero so‘nggi yillarda sayyoramizning notinch, urush ketayotgan mintaqalarida drondan foydalanish keng tus oldi. Masalan, AQSh qo‘shinlari Afg‘oniston, Suriya va Iroqda harbiy dronlar keng qo‘llanilganiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, Ozarbayjon – Armaniston ziddiyatida Isroil va Turkiyada ishlab chiqarilgan harbiy dronlar raqobat yechimini belgilab berdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni payt Ukraina va Rossiya mojarosi ham dronlar ishtirokida kechmoqda. Qurilmalar ikki tomondan ham nafaqat razvedka va kuzatuv, balki zarba berish, dushman texnikasini yo‘q qilish, obyektni vayron qilish uchun faol qo‘llanmoqda. Qiruvchi samolyotga yonilg‘i quyish, dengiz chuqurligini tadqiq qilish va hayot uchun katta xavf tug‘diruvchi boshqa murakkab harbiy vazifalarni bajarishga ham jalb etilmoqda.
Eng qudratli dronlar
MQ-4C TRITON. Ushbu dron uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar ichida eng yirigi hisoblanadi. MQ-4C Triton qurilmasini Pentagon buyurtmasiga asosan, Northrop Grumman kompaniyasi tayyorlagan. Uning qanotlari uzunligini Boing 747 ning qanotlariga tenglashtirish mumkin.
Mazkur qurilma keng hududdagi dengiz kuzatuvi (BAMS) dasturi doirasida ishlab chiqilgan. Triton real vaqt rejimida keng okean va qirg‘oqbo‘yi hududlarida razvedka, uzluksiz dengiz kuzatuvi, qidiruv-qutqaruv ishlari kabilar uchun mo‘ljallangan.
CH-5. Ushbu dron Xitoyda ishlab chiqariladi. Aslida AQShning “O‘lim o‘rog‘i” deb atalgan qurilmasining o‘zgartirilgan nusxasi. Dron China Aerospace Science and Technology harbiy korporatsiyasi tomonidan yaratilgan va jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tgan. U ikki xil yangi turdagi o‘q-dorilar bilan jihozlangan va lazerli boshqarish tizimiga ega. CH-5 ning ilk parvozi 2015-yilning avgust oyida Xitoyning Gansu provinsiyasidagi noma’lum aerodromda amalga oshirilgan. Parvoz taxminan
20 daqiqa davom etgan. Dron bir vaqtning o‘zida 16 ta raketani olib yurishi mumkin.
WU-14. Xitoyning eksperimental giperovozli bu droni qit’a bo‘ylab raketalarni yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. Garchi Xitoy Xalq Respublikasi Mudofaa vazirligi dastlab WU-14 dronini “uchadigan ilmiy qurilma” deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik dron harbiy maqsadlar uchun yaratilgani tan olindi. WU-14 reytingdagi eng qudratli uchuvchisiz boshqariladigan qurilmadir. Chunki u yadro qurolini nishonga yetkazish uchun mo‘ljallangan.
TARANIS. Buyuk Britaniyaning qit’alararo parvozga mo‘ljallangan bu droni haqidagi barcha ma’lumotlar maxfiy. Taranisning faqatgina ayrim parametrlari ma’lum. Uning og‘irligi 3 tonna, uzunligi 11 metr, qanotlari esa 10 metrni tashkil etadi. Shuningdek, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, dronda “Stels” texnologiyasi qo‘llaniladi. 2013-yil 25-oktabrda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi dastlabki parvoz sinovlari allaqachon o‘tkazilganini ma’lum qildi. Yer sinovlari 2010-yilda, parvoz sinovlari esa 2013-yilda bo‘lib o‘tgan.
NORTHROP GRUMMAN X-47B. Mashhur Northrop Grumman kompaniyasining yana bir uchuvchisiz boshqariladigan apparati. Ikkinchi avlod jangovar droni bort kompyuteridan foydalangan holda hech qanday jonli operatorning ko‘magisiz uchib, qo‘nishga qodir.
Qurilmaning qanotlari raketa uchirish moslamalari bilan jihozlangan, ular yerdan turib odam tomonidan masofadan boshqariladi. X-47B birinchi marta 2011-yilda uchgan va 2015-yil holatiga ko‘ra, uning ikki faol namoyishchisi keng ko‘lamli parvoz va operatsion integratsiya sinovlaridan o‘tgan va bir qator parvozlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
MQ-9 REAPER. Ushbu dron dunyodagi eng mashhur va halokatli qurilmalardan biri bo‘lib, General Atomics MQ-9 Reaper General Atomics Aeronautical Systems
(GAASI) tomonidan asosan AQSh uchun ishlab chiqilgan masofadan boshqariladigan yoki avtonom parvoz operatsiyalarini amalga oshirishga qodir bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparati hisoblanadi.
MQ-9 Reaper o‘zidan oldingi “Yirtqich” nomli razvedka droni o‘rniga yaratildi. U 12 kilometr balandlikda pavroz qila oladi, og‘irligi 4,7 tonna bo‘lgan yukni ko‘tarib, kun davomida parvoz qilishi mumkin. Reaper 950 ot kuchiga ega (712 kVt) turbovintli dvigatelga ega.
Yuqorida keltirilgan dronlar hozirgi kundagi eng qudratli “strategik qurol” hisoblanadigan bo‘lsa, FPV dronlari zamonaviy janglarda eng xavfli “taktik qurol” sifatida tan olinmoqda.
FPV (FIRST PERSON VIEW) – bu ko‘p maqsadli uchuvchisiz uchish apparati bo‘lib, u birinchi shaxs ko‘rinishida parvozdan yangi taassurotlar olishga imkon beradi. Ushbu kvadrokopterlarning asosiy xususiyati dron kamerasidan videolarni real vaqt rejimida uzatadi. FPV droni cheklangan va borish qiyin bo‘lgan joylarda parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, turli vazifalarni bajarishi mumkin va uning imkoniyatlari doimiy ravishda kengayib bormoqda. U kundalik hayotda ham, jangovar harakatlarda ham faol foydalaniladi.
FPV “kamikadze” dronlarining boshqa turdagi dronlarga nisbatan afzalliklari ma’lum og‘irlikdagi yukni ko‘tarish, o‘ta yuqori manyovr va nishonga tegishning aniqligi, shuningdek harakat yo‘nalishini tez o‘zgartirib, kerakli masofalarni bosib o‘tish qobiliyatidir.
KAMIKADZЕ DRONLARI urushda juda samarali. Ulardan harbiy harakatlarda jangovar topshiriqlarni tez va ishonchli bajarish uchun keng foydalaniladi. Ushbu kvadrokopterlar yordamida yuklarni yuqori aniqligi bilan belgilangan nuqtaga tushirish imkoniyati mavjud. Ularni ishlab chiqarish arzon. Birgina qurilma narxi 300–600 dollarga tushadi. Uni jangovar qurolga aylantirish uchun esa o‘rtacha 1 000 AQSh dollari miqdorida xarajat talab etiladi. Biroq mahoratli operator boshqaruvida u nihoyatda xavfli qurolga aylanishi, bir necha million dollar qiymatdagi harbiy texnikalarni safdan chiqarishi mumkin. Bu turdagi dronlar bomber hamda kamikadze sifatida tasniflanadi. Birinchisi havodan portlovchi o‘q-dorilar, jumladan granatalar tashlashga mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi o‘zini nishonga borib urish orqali ishlaydigan kamikadze hisoblanadi.
Dronlar O‘zbekistonda
O‘zbekiston ham ushbu jarayondan chetda qolmay, milliy mudofaa tizimini modernizatsiya qilish doirasida dron texnologiyalarini faol joriy etmoqda. O‘zbekistonda dronlardan foydalanishning dastlabki bosqichi 2010-yilda boshlandi. O‘sha davrda chegaralarni kuzatish va maxsus operatsiyalar uchun xorijdan keltirilgan kichik razvedka dronlari sinov tariqasida qo‘llanilgan.
2022-yilga kelib harbiy sohada olib borilayotgan islohotlarni samarali amalga oshirish va davlatimiz harbiy qudratini yuksaltirish maqsadida dronlarni mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va “Lochin” nomli milliy dron ishlab chiqarildi. Bu loyiha “Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi” tomonidan amalga oshirildi va O‘zbekiston tarixida ilk bor seriyali milliy dron ishlab chiqarishga kirishildi. “Lochin” droni O‘zbekiston mudofaa sanoati uchun tarixiy qadam bo‘ldi.
Mazkur milliy brend ostida ishlab chiqilgan samolyot va kvadrokopter turidagi “Lochin” uchuvchisiz uchish apparati bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi, neft va gaz, o‘rmon xo‘jaligi, temiryo‘llar, geologiya, qidiruv sohalarida kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliatsiya qilish, qo‘riqxonalar, yo‘llar, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim obyektlarni kuzatib borish va boshqa maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi.
Mamlakatimizda dastlabki bosqichda chet eldan xarid qilingan dronlar armiyaga tatbiq etildi va ular asosida tajriba orttirildi. Keyingi bosqichda esa “Lochin” singari milliy dron loyihalarining ishga tushirilishi natijasida Mudofaa sanoati agentligi va ilmiy markazlar tomonidan konstruktorlik va texnologik bazani shakllantirish jarayoni boshlandi. Shuningdek, FPV dronlar va ularga qarshi kurash vositalari bo‘yicha maxsus bo‘linmalar tashkil etilishi O‘zbekiston armiyasining kelajakdagi jangovar salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardandir.
Xulosa qilib aytganda, dron texnologiyalari O‘zbekiston mudofaa tizimida yangi davrni boshlab berdi. Bu jarayon faqatgina jangovar samaradorlikni oshirish emas, balki kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, texnologiyalarni mahalliylashtirish va iqtisodiy quvvatni mustahkamlashni ham o‘z ichiga oladi. Agar boshlangan islohotlar izchil davom ettirilsa, yaqin kelajakda O‘zbekiston nafaqat o‘z mudofaa ehtiyojlarini to‘liq qondiradigan, balki eksportbop dron mahsulotlarini yaratadigan davlat sifatida maydonga chiqishi mumkin.
Mayor Sherali QIRG‘IZBOYEV,
Mudofaa vazirligi Merganlar
tayyorlash markazi sikl boshlig‘i
