Home yangiliklar MEN O‘TKINCHIMAN

MEN O‘TKINCHIMAN

O‘tgan hafta Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugda xizmat safarida bo‘ldim. Kuzning ilk kunlarini ona Vatanimda kutib oldim. Ha, biz tug‘ilgan joyimizni Vatan deyishga o‘rganib qolganmiz, aka. Harnechuk ulg‘aygan hovlisini shunday ataydiganlardan sal farqimiz bor-da. Qisqasi, ana shu kezganlarim haqida gapirib bermoqchiman, eshitasizmi?!

Okrugning matbuot xizmati boshlig‘i katta leytenant Akbar Kamolovni taniysizmi? U tabiatan ko‘ngliochiq – fitrati butun bola. Uncha-munchaga jahlga berilmaydi. Tarbiyani yaxshi olgan-da. Yomonlik qilsangiz ham, ko‘rganda quchog‘ini keng ochib, bag‘riga bosadi. Aslida bunday yashash kishini azoblaydi. Go‘yo, cho‘g‘ ustida turgandek nafas olasiz. Xullas, ikkimiz yong‘oq daraxti ostida soyalab o‘tirgandik. Kun chapga og‘gan bo‘lsa-da, havo hamon dim edi.

– Yozish va chizishni bilmagan bola, kun kelib, barchasini mukammal o‘rganadi, – dedi u iyagini biroz ko‘tarib. – Faqat o‘sha ilmni berishga erinmaslik lozim.

– Xohish maydonidan o‘tib olish ham kerak-da, – dedim uning so‘zlarini ilib ketib. – O‘rgatuvchi o‘rganuvchiga berayotgan tajribasini his qilsagina kutilgan natijalarga erishiladi.

Akbar indamay, ko‘zlarini to‘g‘riga qadab oldi. U shu ko‘rinishda uzoq o‘tirdi. Miq etmaydi. Chap qo‘lini musht qilib, tugib olgan. Ozg‘in va qoradan kelgan yuzida hech qanday ma’no yo‘q edi.

– His etish kerak, deng, – dedi u bo‘g‘iq ovozda.

To‘g‘rimizdan yoshi qirqdan oshgan bir kishi yetti yoshlar atrofidagi bolani qo‘lidan ushlab o‘tib borardi. Ular mayda-mayda, ohista qadam tashlab ketayotgandi.

– Ota butun umr to‘plagan tajribasini, eng avvalo, bolalariga ulashadi.

– Otalar bolalarim deydi, bolalar esa bolalarim deydi, – dedim past ovozda.

– Chunki Odamning otasi bo‘lmagan-da, – dedi u o‘yga tolib. – Shuning uchun bu xususda bizning tushunchamiz kamroq.

Chindan ham shunday. Bolamning barmog‘iga tikan kirsa, undan ziyod dardni tuyaman. Yuragim achishib, tugilib qoladi. Biroq otam…

Bultur dadam qattiq og‘rib qoldi. Keyin u bilan jarrohlik amaliyoti ham o‘tkazildi. To‘g‘ri, telefon orqali gaplashib turdim. Ammo o‘z vaqtida holidan xabar olgani bormadim, aniqrog‘i borolmadim. Chunki istaklarimiz birdan amalga oshganida edi, tog‘larning bag‘ridagi giyohlarni faqat yomg‘ir emas, chashma ham yashnatgan bo‘lardi. Sahroda sarson bo‘lgan Farhod Shirin ishqida jafo chekmay, visoliga yetgan, Manguberdi esa mo‘g‘ul shohini yengan bo‘lardi.

– Yaxshimisiz, dada?

– Endi yaxshiman, – dedi otam hansirab. Uning ovozida dard va og‘riq bor edi.

– Sog‘aymasangiz bo‘lmaydi, – dedim, kulimsirab.

– Yana 150 yil yashayman, – dedi dadam.

Go‘shakdan xira kulgi aralash yo‘tal eshitildi.

Kamolov o‘rnidan turdi-da, sekin yurib ketdi. Uning ortidan ergashdim.

BIZ QOSH QORAYA BOSHLAGANDA “Muborak” dala-o‘quv maydonining boshlanishida edik. Og‘ir harbiy texnikalardan qolgan g‘ildirak izlaridan cho‘l chumolilari poyga o‘ynagandek, har tomonga chopqilar, uchlari sarg‘aya boshlagan qayrag‘och barglari mayin esayotgan shabadadan uzilib, yerga o‘ynoqlab tushayotgandi. Uzoqdan otilgan o‘qning tovushi eshitildi.

Dastlab zirhli jangovar texnikalarni boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan o‘quv joyiga bordik. Dvigatellardan chiqayotgan g‘uvullagan tovush atrofni o‘rab olgandi. “Temir tirnoq”lar orasidan otilib chiqayotgan changning quyuqligidan hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. Birinchi ekipaj marraga yetib keldi-da, tank stvolini nishon tomonga to‘g‘riladi. Bizdan o‘n besh qadam narida ko‘zlarini qisib turgan komandirning qo‘lidagi aloqa vositasidan jangovar hayqiriq eshitildi.

– Nishonni ko‘ryapman, – dedi harbiy xizmatchi bo‘g‘iq ovozda. – Otishga ruxsat so‘rayman.

– Shoshmay, aniq hisobga tayanib, oting, – dedi boyagi yetakchi.

Akbar ikkimiz turgan joyimizdan vaziyatni diqqat bilan kuzatardik.

– Nishonga tegadimi, nima deb o‘ylaysiz? – dedim.

Ovozimda hayajon bor edi.

– Snaryad xato ketishiga ishonasizmi? – dedi Kamolov yelka osha menga qarab, savolimga savol bilan javob berar ekan.

– Har holda, har esgan shamol daraxt barglarini uchira olmaydi, – dedim tirjayib.

– Bizning shamol qattiq esadi.

“GUM” ETGAN OVOZ SUHBATIMIZGA YAKUN YASADI. Kutilmaganda otilgan snaryad tizzalarimga og‘riq kiritdi. Quloqlarim ham birdan bitib qolganini his qildim. Ro‘paramizdan bir quloch chang havoga o‘ynoqlab ko‘tarildi-da, ko‘p o‘tmay, borliqqa singib ketdi.

– Nishon yakson etildi, – dedi haligi ovoz.

– Yana bitta aylanani bosib o‘tinglar.

Katta leytenant menga mag‘rur qarab qo‘ydi. Uning yuzida allaqanday g‘oliblik shukuhi bor edi. Tank joyidan shaxt bilan qo‘zg‘alib, yana yo‘lida davom etdi. Uning ortidan o‘rmalagan qora tutun changga qorishib ketgandi.

– Shamollar dovulga aylansa, mustahkam yo‘llardan ham toshlar uchib ketadi, – dedi Kamolov chap qoshini ko‘tarib.

U gavdasini dakang xo‘rozdek tutib olgandi.

– Xato qilish bizga xos, – dedim adashganimni tan olib.

TUPROQLI YO‘LDAN TAG‘IN YURIB KETDIK. Ikkimiz yonma-yon boryapmiz. Osmon ochiq. Quyosh hali ufqqa yetganicha yo‘q. Ko‘p o‘tmay, qora tutun qarshisidan chiqdik. Bir guruh harbiy xizmatchilar maxsus to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish bo‘yicha mashg‘ulotlarni olib borayotgan edi. Ularga yaqin bordik. Ammo yigitlardan birortasi ham bizga e’tibor bermadi. Bor diqqatlari topshiriqni ado etishga qaratilgan.

– Bu maydon mardlarniki.

– Nomardlar ham maydonda bo‘lishini unutmaslik kerak, – dedim kinoya qilib.

Oxirgi gapimdan Kamolov quloqlarigacha qizarib ketdi. Qalin qoshlari birdan uyildi. Yuzi ma’nosiz tus oldi.

– Siz armiyadasiz, – dedi u dona-dona so‘zlab. (Ovozida g‘azab bor edi) – Bu yerda sher bo‘lish mumkin, shoqol emas.

Endi uning ko‘z qorachiqlari ham qizarib ketgandi. Pastki labi tinmay, titrab turardi. Qattiq asabiylashayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi.

– Buni bilaman, – dedim vaziyatni yumshatish uchun tilga kirib. – Maydon deb umumiy hayotni nazarda tutyapman.

– Tutmang! – deya o‘shqirdi u. – Chunki bu so‘zni armiya bilan bog‘lashning o‘zi aqlsizlik.

– Bog‘lamadim, – dedim yana o‘zimni oqlashga harakat qilib. – Nomardlar ham borligini aytyapman, xolos.

Katta leytenant turgan joyimizdan shaxt bilan yurib, nari ketdi. Uning ozg‘in oyoqlari tuproqqa botib borardi. Akbarning ortidan suvga tushgan mushukdek qarab turaverdim. Tor yelkalari tez-tez ko‘tarilib tushar, barmoqlari arslon panjalaridek o‘ljasini timdalashga tayyorgarlik ko‘rayotgandek qattiq ochilib-yopilayotganini ko‘rib turardim. Keyin vujudida isyon ko‘targan alamni tarqatib yuborish uchun titragan qo‘llari bilan boshidagi kepkasini tez olib, kalta va siyrak qora sochlarini asabiy ishqaladi-da, shart men tomonga qayrilib, oldimga keldi.

– Nomardlar shunday insonlarga mudom uchragan, – dedi u o‘qrayib.

Men unga ko‘zlarimni biroz qisibroq qarab turaverdim. Kamolov yana so‘zida davom etdi.

– Men ko‘rganlarning hammasi faqat o‘zimdek, – deya men tomonga yana bir qadam tashladi. – Qalb faqat o‘zidek qalblarga talpinadi, buni bilasiz, a?

– Bilaman!

– Bilmaysiz, – dedi u tumshug‘ini qashib.

MEN BOSHQA SO‘Z AYTMADIM Hatto malaxlagan chivinlarning nishlariga ham parvo qilmay, qonimni simirishlariga yo‘l qo‘yib berayotgandim. Akbar meni tushunmagandi. Natijada ikkimizning o‘rtamizda o‘tishning sira ham iloji yo‘q, ulkan bir jarlik paydo bo‘lgan edi, uni endilikda birlashtirib bo‘lmasdi.

Haqsiz, Kamolov adabiyot odami. Uning qalbi yumshoq. Har gapni allaqachon – bolalikdanoq shakllangan ko‘ngil uyidan bir o‘tkazib oladi. Yaxshi bo‘lsangiz, abadulabad mehmonisiz, aksi bo‘lsa, shunchaki o‘tkinchisiz.

– “Nuruston” poligoniga qachon boramiz? – dedim o‘rtadagi taranglikni tarqatish uchun mavzuni shu tomonga burib.

– Bormaymiz! – dedi katta leytenant qat’iy ohangda.

– Mashg‘ulotlar bor-ku!

U indamadi. Gezargan yuzini ters qaratib, to‘g‘rida taktik harakatlarni olib borayotgan harbiy xizmatchilar tomon qadam tashladi.

MEN NIMA QILISHNI BILMAY, shu joyda tosh qotib turaverdim. Qayerdandir issiq shabada daf’atan paydo bo‘ldi-da, vulqonda qaynab, erishga kelib qolgan tanamni savalay boshladi. Boyagi chivinlar ham endi uchib ketdi. Balki, ular mening adashgan qadamlarimdan toshgan va natijada allaqachon buzilib bo‘lgan qonimdan hazar qilgandir? Bo‘lmasa, cho‘l qonxo‘rlari hala-hulaga odamni tinch qo‘ymaydi.

Keyinmi? Nima qilardim, Kamolov ketgan tomonga qarab yurdim. Uning bosgan izlariga qarab, so‘ppayib qadam tashlardim. Ishoning, aka oyoqlarim umuman tortmayotgan edi. Qisqasi, ko‘p o‘tmay, yetib oldim. Lekin u menga parvo qilmadi. Yonidagi harbiy xizmatchi bilan mashg‘ulotlar to‘g‘risida gaplashayotgandi. Ularning suhbatini bo‘lmay, uzoqlashdim. Besh daqiqadan so‘ng Akbar oldimga keldi.

– Ularni ko‘ryapsizmi? – dedi u to‘g‘rimizda vazifa bajarayotgan harbiylarni o‘ng qo‘li bilan ko‘rsatib. – Bu yigitlarning qalbi nimadan taskin topadi, bilasizmi?

Men ikkilik va uchlik tarkibida navbatma-navbat nishonlarni mo‘ljalga olayotgan yurt o‘g‘lonlaridan ko‘z uzmay turardim.

Vatanni so‘zda emas, amalda sevgani uchun ham mana shu chang bosgan maydonda o‘zligini topadi – ishqini asrab yashaydi.

– Egniga harbiy libos kiyganlargina yurt uchun qayg‘uradi, degani emas-ku, jo‘ra, – deb e’tiroz bildirdim.

– Shunday, – dedi Kamolov ilk bor fikrimni tasdiqlab. – Ammo ular butun umrini shu yo‘lda sovuradi. Ya’ni boshqalar xotirjam yashashi uchun bedor bo‘lib, tong ottiradi.

Men yotoqqa tomon ketayotganimda adog‘i yo‘q maydon quyoshning so‘lib borayotgan nurlaridan qip-qizil rangga burkanib turgandi.

 

Kapitan Shohrux SAIDOV,

“Vatanparvar”

NO COMMENTS

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here