Home maqolalar “DEVONU LUG‘OTI – T – TURK”DA JANGOVAR YIL: IBORA VA...

“DEVONU LUG‘OTI – T – TURK”DA JANGOVAR YIL: IBORA VA MAQOLLAR TABIATI

Qadimiy turkiy dunyo ma’naviyati, madaniy merosi va til boyligini o‘rganishda bizgacha yetib kelgan eng muhim manbalardan biri, shubhasiz, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘oti-t turk” asaridir. Ushbu manba nafaqat turkiy tilshunoslikning ilk va eng yirik yodgorligi, balki xalq hayotining turli qirralarini qamrab olgan bebaho qomus sifatida ham ahamiyatlidir.

 Olim ushbu tilning ichki imkoniyatlarini dunyoga ochishga bel bog‘lar ekan, barcha turkiy xalqlar uchun tushunarli bo‘lgan umumiy adabiy til me’yorlarini belgilab beradi, uni “turkcha”, yana bir o‘rinda “xoqoniya tili” sifatida yuksakka ko‘taradi.

“Devon”da xalq og‘zaki ijodi namunalaridan, xususan maqollar, dostonlar, qo‘shiqlar va turli iboralardan keng foydalanilgani, turli shevalar xalq tilidan yozib olingani asarning boy va serqirra xususiyatlarini namoyon etsa, qisqalik, tezkorlik va jarangdorlik turkiy tilning qadimiy jang tili sifatida yashab kelganidan dalolat beradi.

Makrning ming bir qiyofasi

TURKIY JANGCHILAR hayotidagi maxfiylik, hiylagarlik va yashirin parollar harbiy madaniyatning muhim bo‘lagi hisoblanib, qo‘shinning kuch-qudrati nafaqat qurol-yarog‘da, balki aql-zakovat, hushyorlik va turli strategiyalarda namoyon bo‘lgan.

Asarda askarlar o‘rtasidagi yashirin belgi – “im” va “o‘ron” tushunchalari tilga olinadi. Ular qo‘shinning maxfiy qonunlarini ta’minlovchi g‘oyat muhim vosita bo‘lgan. “Im” odatda biror so‘z, belgi, qush yoki qurol nomi orqali ifodalangan. Bu so‘zlar shunchaki parol emas, balki turkiy xalqlarning tabiati, e’tiqodi bilan chambarchas bog‘liq tushunchalardir.

Og‘ir vaziyatlarda parolni aytish orqali jangchi o‘zini tanitgan, safdoshlari ichiga xat-hujjatsiz kira olgan. Shuning uchun ham “Devon”da keltirilgan “Im bilsa, er o‘lmas” maqoli katta hayotiy hikmatni anglatadi. Ya’ni kimki “im” (yashirin belgi)ni bilsa, bevaqt o‘lim topmaydi, rizqi uzayadi.

Bunday “sehrli so‘zlar” jangda nafaqat omon qolish kafolatini, balki qo‘shinning ruhiy birdamligi, ishonchi va barqarorligini ham ta’minlab turgan.

“Bechkam” ishtibohi ham turkiylarda belgi, nishonni anglatgan. Urush kezlarida botirlar ipakli parcha yoxud yovvoyi sigir dumidan tayyorlangan belgilardan foydalanib, o‘z qo‘shinlarini tanib olgan. Bu timsol bora-bora harbiy ramzga aylanib ketgan. O‘g‘uzlar bu belgini “parcham” deb atagan.

XABARINGIZ BO‘LSA, yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi rasmiy muomalaga kiritiladigan 40 ta yangi so‘z va atama ro‘yxatini tasdiqladi. Unda “parol”ga muqobil sifatida “o‘ron” so‘zi tavsiya etilgan.

“Devon”da turkiylarning jangda qo‘llagan tadbirlari haqida turli misollar uchraydi. Ulardan biri “Ulkar” yoki “Hulkar” deb ataluvchi usuldir. “Ulkar cherig” hiylasi qo‘llanilganda qo‘shin kamdan kam hollarda mag‘lubiyatga uchragan. Bu hiylaning mohiyati shundaki, askarlar to‘da-to‘da bo‘lib har tarafdan yig‘iladi. Bir to‘da oldinga ilgarilaganda, qolganlari ham uning ortidan ergashadi. Qo‘qqisdan qilingan bu harakat dushmanning rejalarini izdan chiqaradi. Bu harakatlar orqali turkiy qo‘shinlar nafaqat kuchda, balki aqliy salohiyatda ham ustunlikka erishgan.

Turkiylar orasida tuzoqqa tushirish, firib berishning ko‘plab usullari mavjud bo‘lgan. Ular bu jarayonni “Al” deb atagan. Bu xususda “Devon”da ko‘plab maqollar keltiriladi. Masalan, “Alin arslan tutar, kuchun uyuq tutmas”. Ma’nosi: “Arslonni kuch bilan emas, hiyla bilan tutish mumkin”. “Uyuk”ni tutishga kuch ham kerak emas. Bu yerda “uyuk” so‘zi bizga notanish. U ekinzorlarni qushlardan qo‘rish uchun yasalgan cho‘p-odamni anglatadi. Demak, haqiqiy kuch aql-zakovatda. Behuda jonsiz narsaga qarshi chiqish bema’nilikdir.

Hiyla nafaqat jang maydonida, balki harbiy va kundalik turmushda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Masalan, “Devon”dagi “Avchi necha al bilsa, adig‘ ancha yol bilir” iborasini olaylik. Unda ovchi qanchalik ko‘p hiyla va tadbirni bilsa, ayiq ham qochish va omon qolishning shuncha yo‘lini bilishi ta’kidlanadi. Bu maqol har bir hiylaga qarshi boshqa bir tadbir mavjudligi, o‘zni er, o‘zgani sher bilish lozimligini uqtiradi.

Ayyorlikning “o‘truk” shakli ham “Devon”da uchraydi. Bu so‘z o‘g‘uz tilidan kirib kelgan bo‘lib, biz uni “o‘tirik”, “ertak”, “cho‘pchak” ma’nolarida qo‘llaymiz. Hiyla bilan bog‘liq yana bir muhim atama “usugladi” fe’lidir. Ma’nosi “hiyla bilan ochdi” degani. “Devon”da keltirilgan “Ol kiritlig o‘so‘gladi” iborasida ham eshikni kalitsiz, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuch ishlatmay, ayyorlik bilan ochishni anglatadi.

YUQORIDA AYTILGANIDEK, turkiylar jangovar salohiyatining muhim qismi jang hiylalari bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun “Devon” sahifalarida ayyorlikni ifodalovchi so‘z va iboralarni ko‘plab uchratamiz. Masalan, “tev” – nayrang, “tevlug” firibgar, ayyor, aldamchi ma’nolarida keladi. Bu holat turkiylar uchun nafaqat taktik vosita, balki jangchi shaxsiyatining ajralmas bo‘lagi sifatida yashab qolgan.

“Angdidi” fe’li ham “hiyla qildi” ma’nosida qo‘llanadi. “Devon”dagi “Avchi keyikni angdidi” maqolida ovchi kiyikni tutish uchun panaga yashiringani, ayyorlikka qo‘l urgani anglashiladi. Bu iboradan turkiy xalqlarning tabiat qonunlariga bo‘lgan ehtiyotkorona munosabatini ilg‘ash mumkin.

“Kichig ulug‘qa turushmas, qirguy sonqurqa qirishmas” birikmasida ham hiylaning ijtimoiy qirralari ko‘rsatilib, yoshi kichik chaqqon va jasur bo‘lsa-da, baribir tajribali kishi oldida qudratsiz ekani ko‘rinadi. Ya’ni: oq lochin qanchalik chaqqon bo‘lmasin, qirg‘iyday tajribali va ayyor qush oldida ojiz qoladi.

Hiyla motivi turkiy xalqlarning faqatgina harbiy amaliyotida emas, balki hayotiy kechinmalarida ham keng qo‘llanilgan. Masalan, tilimizdagi “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” aytimida tajribasiz insonning turli holatlarda dono raqib oldida mot bo‘lishi nazarda tutilsa, “Devon” sahifalaridagi “Anasi tevlug yuvqa yapar, og‘li tetig qosha qapar” maqolida ana shu hayot haqiqati aks etadi. Ya’ni: onasi hiyla bilan nonni yupqa yopsa, o‘g‘li ham ziyraklik bilan uni ikki-ikkitadan og‘ziga solib yeydi. Maqolda ikki tarafning ham ustomonligiga ishora qilinadi.

“Yapurg‘an” so‘zi ham “yopadigan, berkitadigan” ma’nosini anglatsa-da, ayrim hollarda u semantik jihatdan kengayib, hiyla va makr ma’nosini bera oladi. Bunday kishilarga nisbatan “Bu er ishin yapurg‘an” iborasi ishlatiladi. Bu o‘rinda “yapurg‘an” nafaqat berkitish, balki odamning pinhon harakatini ham bildiradi.

“Devon”da “yap-yup” so‘z birikmasi tashiydigan ma’no ham o‘ziga xos. U yakka holda emas, so‘zlarga birikib, aldov va makr ma’nosini ifodalaydi. Masalan, “Ol ani yupiladi” – “U uni aldadi” deganidir.

So‘zlikdagi “Qaraqsiz teg ko‘ro‘r” iborasi ham e’tiborni tortadi. Ma’nosi “Ko‘zi yo‘q bo‘lsa-da, ko‘ra oladi”. Bu hissiyoti kuchli, xatarni oldindan sezadigan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunday kinoya orqali botirlarning jang maydonida o‘q va nayzani pisand qilmasdan, go‘yo yashirin ko‘z, ilohiy idrok orqali xavf-xatarni avvaldan sezib turishi tasvirlanadi.

Qilich, ot va ont: turkiy jangchi ma’naviyati

Turkiy xalqlarning ko‘chmanchi va jangovar hayoti ularning maqol va  iboralaridan joy olganini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, qilich, ot va ont har bir jangchi faoliyatida muhim bosqichni o‘taydi. Ular xalqning ma’naviy e’tiqodi, or-nomusi va qudratini ham ifodalaydi.

Biz “Ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi”, deymiz. “Devon”da esa bu “Qosh qilich qinqa sig‘mas” tarzida aytiladi. Ushbu iboralar bir-birini to‘ldirib, ijtimoiy-psixologik holatlarni ochib beradi.

“Arqa” so‘zi ham ko‘cha tilidagi “tanka”si bor” iborasini ochib berishda muhim rol o‘ynaydi. “Devon”dagi “Arqasiz alp cherig siyumas” iborasidan yordamchisiz qahramon jang saflarini sindirolmasligini uqamiz. Nutqimizdagi “Uning orqasi zo‘r, qo‘li uzun” kabi iboralar ham shu ma’noni tashiydi.

Ont (qasam) turkiy madaniyatda o‘ziga xos yuqori pog‘ona sanaladi.  Bu so‘z “Devon”da “and” shaklida qo‘llanilib, “andiq” – “qasam ich” fe’li orqali ma’no tashiydi. Bundan tashqari, “angardi” fe’lida ham qasam ichirish ma’nolari bor. “Kirtu” ham ont o‘rnida qo‘llaniladi.

Aytiladiki, Ko‘ktangri turkiylarga temirni in’om qilgan. Jangchilar undan qilich yasagan. Shuning uchun ham Ko‘k temir so‘zini izohlab, asarda “Temur” shaklida keladi. “Ko‘k temur keru turmas”, ya’ni ko‘k temir bekor turmaydi, yetgan joyini yaralaydi kabi iboralar ham ana shu mantiqqa xos. Asarda ont ichish sahnalari haqida so‘z borar ekan, qirqiz, yabaku, qipchoq va boshqalar biror kishiga qasam ichirganda yoki undan biror narsaga va’da olganda, qilichni uning oldiga ko‘ndalang qo‘yib: “Bu ko‘k kirsun, qizil chiqsun” deb qasam ichilishi haqida aytiladi. Ya’ni “Va’da buzilsa, qilich qonga belanib chiqsin”. Ahd buzilsa, temir seni o‘ldirsin, o‘ch olsin.

OT HAM TURKIYLARNING QO‘SH QANOTI, ajralmas bo‘lagi sifatida mashhur. Shoir Azim Suyun “Ang‘iz o‘sgan yerlarda, Otlar bevaqt o‘lmag‘ay” deb boshlanuvchi she’ri orqali qadimiy aytimlarga murojaat qiladi. “Devon”da ang‘iz “anduz” deb atalib, yerdan qazib olinadigan o‘simlik ildizini bildiradi. Xalq orasida “Rosan” ham deyiluvchi giyoh otlarning qorin og‘rig‘iga shifo bo‘ladi. Maqolda shunday keladi: “Anduz bolsa, at olmas”, ya’ni “Rosan o‘ti yoningda bo‘lsa, ot yo‘lda qorin og‘rig‘idan o‘lmaydi”.

Otlar so‘zlikdagi aksar maqollarning asosiy motivi bo‘lib xizmat qiladi. O‘z davrining ogohlikka chorlovchi iborasi shu tarzda yangraydi: “Tolum anutsa, qulun bulur, tolum unutsa, bolun bolur” (“Yovga qarshi qurol hozirlagan kishi qulun (toy) topadi, qurol hozirlashni unutgan kishi asir bo‘ladi”). “Yag‘in ersa kerak yundaqi tegir” (Dushmaningda bo‘lsa ham ot bo‘lsin, eng kami, uning tezagi tegadi, uni yoqib foydalanasan), “Uluq yag‘iri og‘ulqa qalir” (“Otning kuragidagi yag‘ir bolalariga meros bo‘lib qoladi”), “Arpasiz at ashumas, arqasiz alp cherig siyumas” (“Arpasiz ot qir osholmaydi, yordamchisiz yigit (bahodir) jangda yenga olmaydi”) va boshqalar…

O‘gdulmishdagi “o‘g”, “tigin”dagi “qul”, ko‘hna turkiylarda kishi ismlari

 “Devon”dagi ayrim tashbehlar yuksak badiiyat va chuqur falsafiy ma’nosi bilan kishi e’tiborini tortadi. “Alim kech qalsa, adaqlanur”. Buni shunday sharhlash mumkin: “Omonat qarzdorda uzoq qolib ketsa, oyoq chiqaradi”. Ya’ni qarz bergan kishi qarzini undirish uchun uning ketidan yuradi, kerak bo‘lsa yuguradi. “Devon”da qarz bergan “alimchi” (olimchi), qarz to‘lovchi “berimchi” shaklida keladi va shunday izohlanadi. “Alimchi – arslan, berimchi – sichg‘an”. Ya’ni: olimchi – arslon, berimchi – sichqon.

Yana bir so‘z tabiatiga e’tibor qaratamiz. Tilimizda ko‘pni ko‘rgan, tajribali insonlarga donishmand, aql-zakovatli sifatini beramiz. Turkiylar orasida esa bunday kishilar “o‘ga” deb atalgan. O‘ga – aqli teran, ko‘p yashagan odam. Esingizda bo‘lsa, bu so‘zni Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asari qahramonlaridan birining ismiga o‘zak qilib olgandi – O‘gdulmish. U aql ramzi bo‘lib, asarda ham donishmand sifatida gavdalanadi. Devonda bu so‘z shunday voqea bilan izohlanadi:

…Turklar xoni urishish uchun yosh yigitlardan iborat bir guruh askarni jangga yo‘llaydi. Vazir shohga muhorabaga nega faqat yoshlarni yuborganini, aslida katta yoshli, urush ishlarida tajribasi “o‘ga”larni yuborish ma’qulligini aytadi. Bunday misollarni talay keltirishimiz mumkin. Asosiysi, so‘zlikda bir ishtibohning bir qancha sinonim yoki ma’nodoshlariga duch kelamiz. Masalan, urush so‘zining xalq dostonlarida asosan “savash” varianti ommalashgan bo‘lsa, so‘zlikda “urush”, “to‘qush” tarzida keladi.

Ushbu “Devon”da biz ota-bobolarimizning qadimiy ismlarini ham o‘qiymiz. Ko‘p o‘rinlarda olim voqeani uning ishtirokchisi ismi bilan keltiradi. Tabdu, To‘g‘ril, O‘tar, Tutush, To‘qish, Chag‘ribek, Yag‘an kabi ismlar shular jumlasidan.

YANA BIR MUHIM JIHAT shundaki, devonda ayrim ismlarga “tigin” so‘zining qo‘shib aytilishini ko‘ramiz. “Tigin” qul ma’nosini bildiradi. Masalan, Alp Tigin – “bahodir qul”, Qutlug‘ tigin – muborak qul. Dastlab bu nisba xoqoniya sulolasi bolalariga xos bo‘lgan. Keyinchalik esa u yirtqich qushlar nomi bilan qo‘shib ishlatila boshlangan. Sag‘ri tigin – jangda lochindek shijoatli qul, kuch tigin – quvvatli, qudratli qul.

Vaqt o‘tishi bilan “tigin” so‘zining ma’no qatlamlari kengayib, u kamtarlik va o‘zini past tutish ramzi sifatida ham ishlatila boshlangan. Afrosiyob (Alp Er To‘nga)ning farzandlari otasiga yuksak hurmat ifoda etish va o‘zlarini kamsuqum ko‘rsatish maqsadida “qulingiz” o‘rniga “tigin”dan foydalangan. Shu tariqa bu ularning ismlariga qat’iy o‘rnashib qolgan.

Shuningdek, devonda xalq og‘zaki ijodida yashab kelayotgan ko‘plab ibora va maqollarning ko‘hna shakllari ham uchraydi. Masalan: “Og‘ilda buzoq tug‘ilsa, ariqda o‘ti unadi”, “Tanish shayton notanish kishidan yaxshi”, “Ikki erkak tuya olishsa, o‘rtada pashsha yanchiladi”, “Savdogarning moli toza, beshubha bo‘lsa, yo‘l ustida yeydi”, “O‘t (olov) degan bilan og‘iz kuymaydi” kabi maqollar bugungi til qatlamimizda ham mavjud.

XULOSA SHUKI, “Devonu lug‘oti-t-turk” butun turkiy dunyo uchun beqiyos ma’naviy xazina. Unda xalqlarimiz qadriyatlari, hayotiy tajribalari, dunyoqarashi va ma’naviy merosi o‘zining teran ifodasini topgan. “Devon”dagi so‘zlar, iboralar, maqol va voqealar nafaqat o‘tmish turkiylarning kundalik turmushi va jangovar ruhini aks ettiradi, balki ularning tafakkuri, ijodkorligi va ma’naviy salohiyatini ham yaqqol ifodalab keladi.

 

Kapitan Bobur ELMURODOV, “Vatanparvar”,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

NO COMMENTS

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here