Teshaboy Odilov Ikkinchi jahon urushida dong taratgan o‘zbek mergani. U 1918-yil 15-sentabrda Farg‘ona vodiysi So‘x tumani Xusher qishlog‘ida tug‘ilgan. 1930-yili Xusherda ochilgan ilk maktabning birinchi o‘quvchilaridan biri.
Yigirma bir yoshida qisqa muddatli o‘qituvchilarni tayyorlash kursida tahsil olgan Teshaboy mehnat faoliyatini 1939-yili Katta Farg‘ona kanali qurilishida targ‘ibotchi va tashviqotchi sifatida boshlaydi. Teshaboy Odilov hasharchilarga davriy matbuotdan xabarlar o‘qib berar, kanal qazish ishlarida yetakchilar ishlarini keng targ‘ib qilardi. Kanal bitganidan keyin Farg‘ona shahrida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Harbiy xizmatni 1939-yil dekabr oyida Belarussiyaning Brest qal’asida boshlaydi.
U ilk bor 1939-yili 115-o‘qchilar diviziyasi 638-o‘qchilar polki 6-o‘qchilar rotasi safida Rus–Fin urushining Karelo–Fin frontida jang qiladi. Odilov fashistlar hujumini 1941-yili Leningradning janubi-sharqiy frontida kutib oldi. Neva daryosi sohilida 48 kun davom etgan mudofaa janglarida faol qatnashgan jangchi bir necha bor razvedkaga yuborilib, hatto dushman ofitserini asirga oladi. Shu yilning kuzida jang maydonlaridan chekinish vaqtida yarador bo‘lib, gospitalga yuboriladi.
Qisqa muddatda davolanib, jang maydoniga qaytgan Teshaboy 1941-yil 28-dekabr kuni front chizig‘ida oddiy karabin miltig‘i bilan fashist askarini ancha olis masofadan yer tishlatib, komandirlar e’tiboriga tushadi. Shu kuni unga 1414 raqamli merganlik miltig‘i topshiriladi. Shundan keyin dushman orasida “Qizil iblis” nomli snayper paydo bo‘lgani, uning ko‘zi hamma narsani ko‘rib turishi, qo‘lidagi miltiq qaltiramasligi, hech bir o‘qi zoye ketmasligi haqida xabarlar tarqaladi. “Qizil iblis” tomonidan o‘ldirilgan fashistlar soni 100 nafardan oshganda, dushman qo‘mondonligi eng yaxshi beshta snayperini yig‘ib, ularga “Qizil iblis”ni yo‘q qilish haqida maxsus topshiriq beradi. Teshaboy ularni yetti kunda bitta-bitta ovlaydi. Beshinchi mergani ham o‘lganini ko‘rgan dushman frontning Teshaboy joylashgan hududiga uch yuzga yaqin snaryad otadi, ammo Odilov eski aloqa yo‘li orqali o‘z bo‘linmasi askarlari oldiga tirik holda qaytadi.
Teshaboy Odilov Leningrad frontida snayperlarning ilk otryadini tashkil etib, bu frontda birinchi merganlik maktabiga asos soladi. U merganlar uchun yangi taktik harakatlarni o‘ylab topar va amalda tatbiq qilar edi. Oradan bir yil o‘tmay, unga birin-ketin kichik serjant, serjant va katta serjant harbiy unvonlari beriladi.
1942-yil 26-aprelda Leningrad fronti 55-armiya 43-o‘qchilar diviziyasi mergani katta serjant Teshaboy Odilov 100 nafar dushman askari va ofitserini hamda kuchli 5 ta snayperini yo‘q qilgani uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga tavsiya etiladi. Biroq u unvon o‘rniga orden bilan taqdirlanadi.
1942-yil iyul oyida polk komandiri “Pravda vostoka” va “Qizil O‘zbekiston” gazetalari tahririyatiga xat yozib, Teshaboy Odilovning jasorati va mardligi haqida maqolalar chop etishini so‘raydi va shundan so‘ng u haqda respublika gazetalarida maqolalar chop etila boshlaydi.
Uning shogirdlari ham janglarda merganlik mahoratini namoyon qiladi. Jumladan, Xorov 57 nafar, Kuznesov 36 nafar, Timofeyev
16 nafar, Proxorov 15 nafar fashistni yo‘q qilgan edi. Bu natijalaridan keyin Teshaboy Odilovni kichik ofitserlar kursiga harbiy-siyosiy tayyorgarlik maktabiga o‘qishga yuborishadi. Unga 1943-yil fevral oyida leytenant harbiy unvoni berilib, 55-armiya merganlar maktabiga maktab boshlig‘i o‘rinbosari va yo‘riqchi lavozimlarida xizmat qilish uchun yuboriladi. Bu yerda askarlarga merganlik mahorati va sir-asrorlarini o‘rgatadi.
Teshaboyning bir odati bor edi. Merganlik miltig‘i bilan dushmanni o‘ldirganda, u bir parcha qog‘ozga “Biz uni taklif qilmagandik” deb yozib, uni toshga o‘rab, nemis xandag‘iga otardi.
Butun urush davomida Teshaboy Odilov bir necha bor og‘ir yaralandi. Ammo u yana safga qaytib frontga shoshardi. “Qizil iblis” – fashistlarning yo‘q qilib bo‘lmaydigan birinchi raqamli nishoni sifatida tarixda qolgan.
Teshaboy Odilov urushni 1945-yil 10-mayda Kurlandda tugatdi. Uning tasdiqlangan merganlik hisobi 114 ta edi. U aniq o‘q otish san’ati borasida yosh merganlarning birinchi raqamli ustozi edi. Uning merganlik miltig‘i Leningrad mudofaa muzeyida saqlanmoqda.
Mohir mergan afsonaviy Teshaboy Odilov 1947-yilda Vatanga qaytdi, o‘qituvchi bo‘lib ishladi, 1948–1951-yillarda A. Lohutiy nomidagi maktabga direktor etib tayinlandi.
U o‘zini eng baxtli odam deb hisoblar edi. 13 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan qahramon mergan Teshaboy Odilov 1998-yilda Xusher qishlog‘ida vafot etadi. Uning jasorat va qahramonliklari ko‘plab tarixiy va adabiy kitoblarda, gazeta va jurnallarda chop etilgan.
Kapitan
Baxtiyor SHOYQULOV,
Mudofaa vazirligi
Merganlarni tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi
