Seshanba, Avgust 19, 2025
HomemaqolalarO‘ZBEK AYOLLARI JASORATI

O‘ZBEK AYOLLARI JASORATI

Ajdodlar merosini o‘rganish har bir davr uchun ahamiyatli vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, yaqin o‘tmishdagi hodisalarni tahlil qilish va undan to‘g‘ri xulosa chiqarish maqsadga muvofiq.

Vatanimiz tarixiga nazar solsak, har bir davrda xalqi va yurti uchun fidoyilik qilgan ko‘plab xalqparvar ajdodlarimiz nomini ko‘ramiz. Bu ulug‘ siymolar ichidan jadidlik harakati a’zolari, ayniqsa diqqatga sazovor. Chunki ular o‘ta murakkab siyosiy vaziyatda, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma’rifiy jihatdan ortda qolayotgan yurt taqdiri uchun butun hayotini baxshida etgan. Masalaning juda nozik jihati shundaki, jadidlik harakatiga nafaqat mard o‘g‘lonlar, hatto yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan xotin-qizlar ham faol ishtirok etgan.

Bularga huquqshunos Diloro Yusupova (1911–1981), tibbiyot xodimi Xayriniso Majidova (1905–1938), jurnalist Maryam Sultonmurodova (1905–1971), shifokor Matluba Muhammedova (1911–1968) kabi o‘zbek ayollarini misol keltirish mumkin. Ushbu maqoladan maqsad tarixiy ma’lumotlarni takrorlash emas, balki o‘sha ma’lumotlarda nomi keltirilgan jadid ayollarning hayoti, ijodi, faoliyati, ayniqsa bugungi kun uchun zarur bo‘lgan jasorati, ya’ni har qanday vaziyatda el manfaati, yurt kelajagini har narsadan ustun qo‘ygani hozirgi zamon ayollari uchun katta ibratdir.

Birinchi o‘zbek ayol huquqshunosi Diloro Yusupova otasi Sobirjon Yusupov bilan birga millatimiz huquqshunoslarining birinchi maktabini yaratishda jonbozlik ko‘rsatgani bilan tariximizda o‘chmas iz qoldirdi. Diloro Yusupovaning hayoti otasining siyosiy qarashi tufayli ta’qib va quvg‘inlarda kechdi. U 1922-yili juda yoshligiga qaramay, Buxoro xalq jumhuriyati tomonidan Moskvaga o‘qishga yuborilgan. U yerda O‘zbek maorif instituti qoshida ta’lim oladi. 1926-yilda Diloro Toshkent komsomolining okrug qo‘mitasida ish boshladi. Ayni paytda u O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU)ning sud bo‘limiga o‘qishga kirib, 1929-yilgacha tahsilni davom ettiradi. Diloro 1929-yili institutni bitirib, Samarqandga yo‘llanma bilan ishga yuborilgan. U yerda bir yil davomida suv xo‘jaligi boshqarmasida ishladi.

Diloro Yusupova Samarqandda Moskvadaligidayoq tanishgan, bu vaqtda O‘zSSR Oliy sudi sudyasi bo‘lgan namanganlik Muhammadjon Mo‘minov (1903–1938) bilan turmush qurgan. Diloro dastlab Muhammadjonning tavsiyasi bilan aspiranturaga tayyorlandi. Ular 1931-yili Toshkentga ko‘chib kelgach, Sovet huquqi ilmiy tekshirish institutiga o‘qishga kirdi. 1934-yil dekabr oyida institutni bitirish imtihonlarini topshirgach, yo‘llanma bilan Respublika prokuraturasiga ishga yuborilgan. Diloro sinov muddatidan so‘ng 1935-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prokurori yordamchisi lavozimiga tayinlanadi.

Yosh oila baxtdan sarmast edi. Ishdagi ziddiyatlar, hasadgo‘y kimsalarning bo‘htonlariga qaramay, ular har kuni yangi-yangi g‘oyalar, asarlar ustida bahslashardi. Ularning bag‘rida farzandlari Marat va Surayyo ulg‘ayadi. 1937-yil 29-mart kuni tun allamahalida uy eshigini noma’lum nusxalar taqillatishdi. Qo‘lida orderini ko‘rsatib, M. Mo‘minovni “qora qarg‘a”ga joylab ketdilar. 1937-yil 22-sentabr kuni “xalq dushmani” Muhammadjon Mo‘minovning xotini, erining aksilinqilobiy faoliyatini yashirgan, deb 25 yoshli prokuror yordamchisi Diloro Yusupovani ham hibsga olishgan. Uning 6 yoshli o‘g‘li Marat hamda 4 yoshli qizi Surayyo bolalar uyiga yo‘llandi. 1938-yil 4-oktabrda Muhammadjon Mo‘minov 1927-yili Moskvada bo‘lgan namoyish rahbarlaridan degan bo‘hton bilan otib tashlandi.

Shundan so‘ng 1939-yil 14-mart kuni Diloro Yusupovaning ishi ko‘rilib, O‘zSSR JK 68-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari topilmadi, degan xulosa bilan jinoyat ishi to‘xtatilgan. 1939-yil 19-mart kuni undan tergov vaqtida qo‘llangan qiynoq va so‘roqlar haqida hech qachon gapirmaslik haqida tilxat olib, qamoqdan bo‘shatishgan. 1956-yil 2-iyun kuni so‘roqda huquqshunos olima Xadicha Sulaymonova ustozi Muhammadjon Mo‘minov va Diloro Yusupova haqida shunday deydi: “Men 1932–1935-yillari Sovet huquqi instutida o‘qiganimda u kishi direktor edi. M. Mo‘minovning ma’ruzalarini hamma sevib tinglardi. U o‘z vaqtida yagona oliy ma’lumotli o‘zbek yuristi, haqiqiy olim edi”.

Jurnalist Maryamxon Sultonmurodova Germaniyada tahsil olgan. Undan bolsheviklar chindan ham hayiqar edi. Chunki u xorazmlik haqgo‘y va taraqqiyparvar inson Jumaniyoz Sultonmurodovning qizi bo‘lgan. Jumaniyoz Sultonmurodov harbiy tribunal rahbari, Xorazm Xalq Respublikasi Xalq komissarlari kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida ishlagan. Maryam Sultonmurodova 1919-yilda Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasini tamomlagach, oliy ma’lumot olish maqsadida 1920–1921-yillarda Orenburg tatar pedagogika institutida o‘qiydi. 1921-yili yozgi ta’tilda Xorazmga kelgach, Xorazm kompartiyasi markaziy kengashida avval adabiy bo‘limga, so‘ng ayollar bo‘limiga rahbarlikka tayinlanadi. Biroq og‘ir tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga ko‘nglidagidek ishlash imkonini bermaydi. Natijada 1922-yil iyulda Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo davlat universitetining Ishchi fakultetiga hujjat topshiradi.

1922-yilning oktabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga o‘qish uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. U 1924–1926-yillari Darmstadt oliy seminariyasida ta’lim oladi. 1926–1927-yillarda esa Berlin yaqinida Potsdam shahridagi “Fraunshulle” maktabida amaliyot o‘tadi. 1927-yili yozgi ta’til vaqtida Xayriniso Majidxonova bilan birga 29-iyuldan 18-avgustgacha Parij shahrida bo‘ladi. Ularning Parij opera teatri oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Cho‘qaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik qatag‘on etilishi uchun asosiy bahona bo‘lgan. 1927-yilning kuzidan Maryam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib, 1928-yili SSSRga qaytgan.

Maryam Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan so‘roq, ta’qiblar boshlanib ketdi. Avvaliga hech joydan ish berishmadi. Faqat 1929-yil fevralida Germaniyada ta’lim olgan Badri Sayfulmulk yordamida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga hamshira bo‘lib ishga kiradi. Maryam 1929-yilning oxirlarida Asqar Ahmadbekov bilan oila qurib, 1933-yilgacha Kattaqo‘rg‘onda yashagan. Eri qamoqqa olingach, 1933-yili Toshkentga qaytib, O‘rta Osiyo davlat universitetiga ishga kirdi.

Biroq 1934-yili yana ishsiz qoldi. So‘ng “Guliston” jurnaliga, 1936-yildan ayollarning “Yorqin turmush” jurnaliga adabiy xodim bo‘lib ishga kirdi. Maryam o‘zbek matbuotida o‘zining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning o‘tkir ijtimoiy muammolariga bag‘ishlangan maqolalari bilan elga tanila boshladi. 1937-yil 13-sentabr kuni Maryam Sultonmurodova Germaniyada o‘qigan, “Turkiston” josuslik tashkiloti a’zosi deb, olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor etilgan. Jazo muddati tugagach, Vatanga qaytib, Urganch tumanining Yangibozor fuqarolar yig‘inida hamshira bo‘lib ish boshladi. Biroq uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949-yil 30-martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun uzoq Krasnoyar o‘lkasiga surgun qilindi.

Maryam Sultonmurodova 1957-yil 2-avgustda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Biroq u to‘liq oqlanganidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Ta’qib to‘xtamadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, uning matbuot sahifalarini o‘qishiga ham to‘sqinlik ko‘rsatildi. Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira olmadi, o‘zini bir lahza bo‘lsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yo‘qotmadi. Bu bilan sho‘rolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi. Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub “Mehr ko‘zda”, “Kutilmagan baxt”, “Qalbim nidosi”, “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Karvonlar kelganda”, “Betamiz yigit” kabi ko‘plab maqola va ocherklar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi.

Matluba Muhammedova Marg‘ilonning mashhur jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi. U o‘z zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926-yilgacha Qo‘qon bilim yurtida tahsil oladi. 1927-yili o‘qishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga ko‘chirib, so‘ng opasi Mahbuba Dadamuhammedovaning izidan borib, Moskvadagi O‘zbek maorif institutiga o‘qishga kirdi. U yerda mashhur shoir Cho‘lpon, Botu, Shokir Sulaymondan she’riyat sirlarini o‘rgandi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojiyev suhbatidan bahramand bo‘ldi. Matluba, ayniqsa o‘zbek talabalarining ma’rifiy kechalarida Cho‘lponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin she’rlarini o‘qib, o‘zi ham shu mavzuda she’rlar yozib, juda mashhur bo‘lib ketgan. Uning bu shuhrati sho‘ro mamlakati chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib yetadi. Va bu “mashhurlik” tufayli Moskvada “Komsomolskaya pravda” gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etilgan va natijada u o‘qishdan haydalgan. Ko‘p o‘tmay, Matluba ariza yozib, o‘ziga qo‘yilgan ayblarning tuhmat ekanini isbotlab, o‘qishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan, O‘zbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan, Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik so‘rab murojaat etishi ham sabab bo‘lgan.

Sovet hukumati O‘zbek maorif institutini yopib, muammoga yechim topgan edi, go‘yo.

Matlubaxon esa Toshkentga qaytmasdan, Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib o‘qishini davom ettirgan. 1929-yili Leningrad arxitektura instituti talabasi Vosiq Muhammedov bilan tanishadi. 1933-yili Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov (1905–1938) o‘z vaqtida Munavvarqorining “Namuna” maktabi iftixori, Fitratning “Chig‘atoy gurungi” ishtirokchisi, “Ko‘mak” uyushmasining faollaridan edi. U o‘z zamonasining tengsiz yigitlaridan bo‘lgan. Vosiq Muhammedov va go‘zal Matlubaxon hayotlarining eng shirin damlariga ham Stalin boshliq totalitar tuzum o‘zining jirkanch panjasini soldi. 1937-yil 17-dekabr kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938-yil 5-oktabr kuni otib tashlangan.

1938-yil 17-yanvar kuni Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammad ham qamoqqa olinadi. 19-yanvar kuni ilk so‘roqda u turmush o‘rtog‘ining davlat va xalq oldida hech qanday aybi yo‘qligini bayon qildi. 1938-yil 21-fevralda ikkinchi so‘roqda opasi Mahbuba va uning turmush o‘rtog‘i, Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jabborning ham aybsizligini ta’kidlagan. Biroq qo‘yilgan birorta ayblovning isbotlanmaganiga qaramay, 1938-yil 17-may kuni Toshkent viloyati sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yilga qamoqqa hukm etildi. U nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolskiy lagerida o‘tadi.

1940-yil 26-fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta ko‘rilib, u oqlanishga erishdi. Vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatdi. 1937-yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi Fathulla urushdan so‘ng Vorkutadagi qamoqxonadan og‘ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan so‘ng ular Toshkentga qaytib keladi. Matluba Muhammedova ko‘p yillar xalq salomatligi yo‘lida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin she’rlar bitgan Matluba Muhammedova O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Jiyanlarining xotirlashicha, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan kunlarda cheksiz quvonch yoshlarini to‘kkan ekan. Matluba Muhammedova 1998-yili Toshkent shahrida olamdan o‘tgan.

Xayriniso Majidova dastlab Miroboddagi yangi maktabda tahsil olib, rus va nemis tillarini o‘rgangan. Uning dunyoqarashi shakllanishida Turkiston jadid matbuotining, shuningdek bu vaqtda birinchi o‘zbek xotin-qizlar bilim yurtida o‘qiyotgan opasi Oyposhshaxonning ham ta’siri katta bo‘lgan. 1922-yili “Turkiston” gazetasida chop etilgan Xayriniso Majidxonovaning maqolasida endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari o‘rin olgan. Maqolani o‘qir ekansiz, eng avvalo, o‘tgan asrning boshida yashagan bir o‘zbek qizining tafakkuri naqadar kengligi, Vatan taqdiri oldida o‘zini qanchalik daxldor sezishi ko‘pchilikni hayratga solishi tabiiy.

Xayriniso Majidxonova 1923–1924-yillarda Berlinda “Xorijliklar uchun nemis tilini o‘rganish” maktabida o‘qib, o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnoma oladi. 1924–1926-yillarda Darmstadtdagi o‘qituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yo‘nalishida o‘qiydi. So‘ng ikki yil amaliyotni Berlin shahridagi o‘quv muassasalarida o‘tab, o‘rta maxsus ma’lumot olgani to‘g‘risidagi diplomni qo‘lga kiritadi. U Berlinda pedagogik amaliyot bilan birga mashhur doktor Fekkelmanning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham tahsil olgan.

Xayriniso Majidxonova 1928-yili yurtimizga qaytib, tibbiyot sohasida o‘rgangan barcha yangiliklarni hayotga joriy qilishga bor kuch-quvvati bilan kirishadi. Hatto olis qishloqlardagi bolalar salomatligini o‘ylab tashkil etgan bolalar ko‘rigi ko‘plab yurtdoshlarimizning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Biroq buyuk maqsadlar yo‘lidan borayotgan Xayriniso Majidxonova navqiron 32 yoshida totalitar tuzumning qonli qatag‘oni girdobiga tortildi. 1937-yilning 13-sentabrida “1922–1928-yillarda Germaniyada o‘qigan va 1928-yili SSSR hududiga josus sifatida qaytgan”, degan soxta ayblov bilan qamoqqa olingan. 1938-yilning 9-oktabrida o‘tkazilgan mash’um “Uchlik” sudi qo‘yilgan ayblarning hech biri isbotlanmaganiga qaramay, unga o‘lim jazosini belgiladi. Hukm o‘sha kuni ijro etilgan.

Bu ilmiy ma’lumotlar, ushbu jadid ayollari zamonasing eng oldi, fidokor va katta jasorat sohibi ekaniga yaqqol isbotdir. Chunki o‘sha davrda ayollarning jamiyatdagi o‘rni, huquqlari ularga bo‘lgan e’tibor haqida gapirishni o‘zi ajablanarli bo‘lgan. Ayollar paranji ostida, uydan tashqariga o‘ta zarur sabab bilan chiqqan, mahallalarda qizlarga harf o‘rgatadigan kichik maktablar bo‘lgan. Ammo bu maktablarda asosan zarur diniy bilimlar, asosan she’riy asarlardan ta’lim berilgan. Zamonaviy bilimlar umuman o‘rgatilmagan, chunki bunday fanlarni biladigan muallimlarning o‘zi bo‘lmagan. Shunday zamonda qizlarni otinoyidan tahsil olishining o‘zi katta bir ish bo‘lgan, mutassib mullalarning ta’na-yu malomatlaridan qo‘rqmay, paranjini tashlab, ilm-ma’rifat olish uchun boshqa shaharga, hatto xorijiy yurtlarga ketishning o‘zi ulkan jasorat va qahramonlikdir.

Jadid ayollar haqida bir qancha ilmiy ishlar qilingan, tadqiqotlar olib borilmoqda. Ammo bunday ma’lumotlar, mashhur jadid ulamolarining nomlari va faoliyati mazmuni kabi keng targ‘ib qilinmagan. Shu sababdan jadid ayollar nomidan, ularning amalga oshirgan ishlaridan ko‘pchilik bexabar. To‘g‘ri jadid ayollar juda oz, ammo bitta bo‘lganda ham o‘z davrining To‘marisi bo‘lgan, bunday ayollarning jasorati tariximiz uchun ulkan iftixordir. Bu maqola orqali men tarixchi-islomshunos, pedagog sifatida jadid ayollar haqidagi ilmiy ma’lumotlarni maktab darsliklariga, masalan, 10-sinf O‘zbekiston tarixi darsligiga jadid bobolarimiz nomlari bilan bir qatorda ko‘rsatishni, tarbiya darslari  va ma’naviyat soatlarida ularning ibratli fazilatlari, adabiyot darsliklariga ijod namunalaridan kiritishni taklif qilaman.

Zero Yangi O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalaydigan yosh qizlarimiz bir qismi o‘ta zamonaviylikka, bir qismi esa diniy mutassiblikka berilayotgani hech kimga sir emas. Nafaqat zamonamizdagi, ilmda, san’at, sport, musiqa har turli sohalardagi ilg‘or xotin-qizlarimizni, balki mana shu hurriyat zamonidagi imkoniyatlarni orzu qilgan, bundan o‘ta og‘ir jamiyatda yashasa ham o‘z maqsadlaridan voz kechmagan jadid ayollarni o‘rnak qilish bugungi davr ehtiyojiga aylanmoqda.

Fikrimni Vatan uchun yashagan jadid ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromim sabab yozganim, ushbu mo‘jaz she’rim bilan yakunlayman.

 

Jadid ayollar

Qatag‘on yillarning qahratonida,

Bo‘htonlar qorida qolgan lolalar.

Elim deb, yurtim deb yonib yashagan,

Ma’rifat maktabi jadid ayollar.

 

Ta’qiblar, tanqidlar, zulm ostida,

Qaddi bukilmagan jasur ayollar.

Umrini xalqiga baxshida etgan,

Asl o‘zbek ayoli, fidoyijonlar.

 

Bu jadid ayollar, jadid ayollar.

Orzular ro‘yobi chinga aylandi,

Hurriyat quyoshi ko‘kka bo‘yladi,

O‘zbegim yo‘llari nurga belandi.

 

Nomingiz oqlandi, aslo o‘chmadi,

Qanisiz, bu kunni kutgan ayollar?

Bu aziz ayollar, jadid ayollar,

Shijoat, jasorat sizlardan meros.

 

Ilmni ko‘tarmoq bugun bizga xos,

Zulm kishanidan bo‘lganda xalos.

Qaydasiz xalqini sevgan ayollar?

Bu jadid ayollar, jadid ayollar.

 

Tarix unutmaydi sizni nomingiz,

Doim qalbimizda sharaf-shoningiz,

Ko‘p emas, bilamiz, ozdir soningiz,

Bir o‘zi minglarga tengsiz ayollar,

Bu ulug‘ ayollar, jadid ayollar.

 

Marjona JO‘RAYEVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Navoiy viloyati

vakilligi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mutaxassis

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine