Dushanba, Avgust 18, 2025
HomemaqolalarUCH BUYUK TUSHUNCHA

UCH BUYUK TUSHUNCHA

Har yili istiqlol bayramiga bir necha oy qolganda, mamlakatimiz bo‘ylab yuraklarga ilhom, ruhlarga kuch bag‘ishlaydigan, mustaqilligimizning asl mazmun-mohiyatini mujassam etgan go‘zal bir shior yangraydi. Biz ana shu shiordan ruhlanib, eng aziz va mukarram ayyom – mustaqillik bayramini intiqlik bilan kutamiz. Chuqur ma’no va sermazmun fikrga chorlaydigan bu shiorlar aslida faqat bayram ramzi emas, balki butun faoliyat yo‘nalishimizga yo‘l-yo‘riq beradigan ma’naviy mezondir.

Mana, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan shior ham har bir vatanparvarning qalbini jumbishga keltiradi. Bu so‘zlar harbiylar uchun yangi bir ruhlanish, mashq maydonida har qadamga, har bir harakatga ma’no bag‘ishlaydi. Ular qo‘lidagi qurol bilan Vatan tinchligini asrash asnosida, ko‘zlaridagi chaqnoqni el farovonligi uchun yo‘naltirish – mana shu shiorning asosiy mazmun-mohiyatini ochib beradi.

Kasbim taqozosiga ko‘ra, harbiylar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boraman. Shu bois har bir yangi shiorning nechog‘li ko‘tarinki, inson qalbiga ta’sirchan bo‘lishi meni hamisha quvontiradi. Chunki harbiylar uchun shior – bu shunchaki so‘zlar yig‘indisi emas. U – burch va sadoqat qasami, mardlikka chorlov, Vatanga xizmat yo‘lidagi yo‘lchi yulduz sanaladi.

Shiorda uch muqaddas va aziz tushunchaga urg‘u berilgan. Bular – Vatan, millat va xalq. Xo‘sh, biz bu jonga yaqin tushunchalarni nechog‘li idrok etamiz, ularni qanday tushunamiz?

VATAN – kishining kindik qoni to‘kilgan tuproq, ota-bobolari yashab o‘tgan manzil. Shu bois inson o‘z ajdodlarining xoki yotgan bu muqaddas zaminni hech qanday iddaolarsiz, ta’malarsiz yaxshi ko‘radi. Boshimizga og‘ir kunlar tushganda, qalbning bir chekkasida, albatta, Vatanning surati namoyon bo‘ladi va bizga qat’iyat, bardosh, umrga mazmun baxsh etadi.

MILLAT – insonning kimligini, ruhi va qiyofasini belgilaydigan eng katta omil. Kishi qaysi millatga mansub bo‘lmasin, u o‘sha millatning taqdiri, sharafi va mas’uliyatiga sherikdir. Biz – qadimiy turkiy millatning bir tarmog‘i, tarix silsilalarida o‘z yo‘lini topgan, dunyoga minglab buyuk siymolarni yetkazgan o‘zbek xalqimiz. “O‘zbek” nomi zikr etilganda, ko‘z oldimizda Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fan va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz gavdalanadi. Ular bizning iftixorimiz, yoshlar uchun yo‘l yorituvchi ma’naviy charog‘imizdir.

Dunyoda qancha mamlakat bo‘lsa, ularda istiqomat qiluvchi insonlar guruhi ham bor, u xalq deb ataladi.

XALQ so‘zi arab tilida “yaratilgan” degan ma’noni beradi. Millatdan farqli o‘laroq, xalq faqat bir tilda so‘zlashuvchi insonlar guruhidan iborat emas, xalq tarkibida turli millat vakili bo‘lishi mumkin. Masalan, Vatanimiz O‘zbekistonda ham 130 dan ortiq millat vakili yashaydi, ular birlashib, O‘zbekiston xalqini tashkil etadi. Xalq – bu shunchaki odamlar to‘dasi, olomon emas. U ma’lum bir maqsad yo‘lida birlashgan, ongli va tafakkurli, o‘z istiqbol rejasiga ega bo‘lgan insonlar jamiyati hisoblanadi. Xalq – dunyodagi eng qudratli kuch. Buyuk Cho‘lpon aytganidek, “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir!”

Xalqning qudrati cho‘llarni bo‘stonga aylantiradi, daryolar o‘zanini o‘zgartiradi, tog‘larni joyidan siljitadi. Xalqqa bas keladigan kuch yo‘qdir. Shuning uchun ham bobolarimiz bejiz aytmagan “Xalq bir luqmadan bersa – to‘ydiradi, bir mushtdan ursa – o‘ldiradi”. O‘zbek xalqi ana shunday bemisl qudrat sohibi. Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz turli millatga mansub bo‘lgan millionlab yetim bolalarni beminnat o‘z bag‘riga olganini, 45 kunda Katta Farg‘ona kanalini bunyod etganini, minglab gektar cho‘llarni o‘zlashtirganini, tog‘lar bag‘rini tikkasiga yorib o‘tib, Qamchiq dovoni yo‘lini qurganini tarix hali unutgani yo‘q. Ha, xalq bor joyda hayot, mehr va qudrat bor. Xalqning quvonchi – hammaning quvonchi, uning dardi – butun yurtning dardi. Biz bir-birimizdan kuch olamiz, birgalikda yurt taqdirini belgilaymiz. Shuning uchun ham xalqning farovonligi – davlatning quvvati, uning birdamligi –  yorug‘ kelajak kafolati sanaladi.

Bugun o‘zbeklar birlashgan, maqsad yo‘lida jipslashgan, Vatanning obodligi va xalqning farovonligi uchun bunyodkorona mehnat qilayotgan millat. Biz kelajakni qurishda nafaqat o‘zbeklar, balki barcha turkiy xalqlar bilan yelkadosh bo‘lib, tarixdan kuch, ajdodlar merosidan ilhom olamiz. Chunki Vatan – yurak, millat – ruh, xalq – qudrat. Va biz ana shu uch muqaddas ne’matni asrab-avaylab, kelajakka meros qilib qoldirishga burchlimiz.

BARCHAMIZNING MAQSADIMIZ BITTA: Vatanimiz tinch va osoyishta, millatimiz abadiy, xalqimiz farovon bo‘lsin. Zero kishining Vatani tinch, ozod bo‘lmasa, u o‘z uyida xotirjam yasholmaydi. Millat parokandalikka yuz tutsa, o‘z tilini, urf-odatlarini unuta boshlasa, bunday millatning kelajagi bo‘lmaydi. Chunki millatni millat qilib turadigan asosiy qadriyat uning tili va an’analaridir. Agar xalq farovon yashamasa, uning Vatan hamda millat singari buyuk tushunchalar bilan ishi bo‘lmay, faqat o‘z g‘am-tashvishi bilan andarmon bo‘lib qoladi. Shuning uchun so‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlarning aksariyati aholining turmush darajasini yaxshilashga, el-u yurtni obod qilishga qaratilmoqda. Va xalqimiz ham bu g‘amxo‘rlikka javoban Vatan ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotir.

TINCHLIK – barcha yutuq va yuksalishlar poydevori. Shu bois Vatanning tinchligi, chegaralar daxlsizligi va milliy xavfsizlik masalasi har doim birinchi o‘rinda turadi. Bu esa, avvalo, harbiylarimiz zimmasidagi muqaddas va sharafli burchning nechog‘li salmoqli ekanidan dalolat beradi.

Bugun O‘zbekiston o‘zining qudratli armiyasiga ega, u ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida yaratilgan zamonaviy aslahalar bilan qurollangan. Jasur harbiy xizmatchilarmiz Qurolli Kuchlar Bosh Qo‘mondoni rahbarligida Vatan, millat va xalq uchun har lahzada hushyor turib, o‘z zimmalaridagi mas’uliyatni sidqidildan ado etmoqda.

Biz harbiy qismlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ko‘p ishtirok etamiz. Har gal harbiylar bilan hamsuhbat bo‘lganimizda ularning nigohlaridagi ishonch va qat’iyatni ko‘rib, faxrga to‘lamiz. Bugungi o‘zbek askari har jihatdan yetuk: jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol, ruhan qat’iyatli inson! Chunki u o‘z tomirida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi daholar qoni oqayotganini teran tushunadi va ularga munosib bo‘lish uchun harakat qiladi. Harbiylarimiz Vatan, millat va xalq tushunchalarini o‘z qalblariga jo qila olganlari bilan ham biz uchun qadrli va ardoqlidir.

“VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!” qanday hayotbaxsh va ko‘ngilga yaqin shior! Unda el-yurtimizning shonli tarixiga ehtirom va buyuk kelajakka bo‘lgan umid mujassam. Ana shu yuksak tushuncha mushtarakligidan paydo bo‘ladigan pokiza bir istak O‘zbekistonning nurli ertangi kuniga bo‘lgan ishonchdir. Qalblarimizda shu ishonch bor ekan, O‘zbekiston degan yurt ham to abad gullab-yashnayveradi.

 

Feruza SAPAROVA,

 Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi

Jizzax viloyati mintaqaviy bo‘linmasi mutaxassisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine