Bugun xandon pistaga jahon bozorida talab katta bo‘lib, yong‘oq va bodomga nisbatan 5-6 barobar qimmat turadi. Shu bois unga “yashil oltin” deya ta’rif berishadi.
Manbalarda yozilishicha, pista dengiz sathidan 500 metrdan 2 200 metrgacha baland bo‘lgan joylarda yaxshi o‘sadi. 500–1 300 metr bo‘lgan joylarda yuqori hosil beradi. Qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgani tufayli uni tog‘oldi hududlarda parvarishlash har tomonlama istiqbollidir. Pistazorlar yaratish nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan nihoyatda foydali. Negaki, tog‘oldi hududlar va adirliklarda pistazorlarning tashkil etilishi nafaqat daromad manbayi, balki yerlarning eroziyaga uchrashining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda, uning turgan-bitgani xazina. Xo‘sh, yurtimizda mazkur tarmoqni rivojlantirish imkoni bormi? Albatta bor. Chunki mamlakatimiz vohalari hududining kattagina qismini tog‘oldi yerlar va adirliklar tashkil etadi. Mazkur hududlar pista yetishtirish va undan yaxshi hosil olish uchun juda qulay. Masalan, Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligida bugungi kunda 163 gektar yerda pista daraxti parvarishlanmoqda.
– Pista uch yilda bir marta yaxshi hosil beradi, qolgan ikki yilda esa hosili siyrakroq bo‘ladi, – deydi o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini bajaruvchi Farhod Xudoynazarov. – Ammo shunga qaramay, unga bozorda talab yuqori bo‘lgani uchun yaxshigina foyda keltiradi. Qolaversa, pista daraxti qirg‘oqbo‘yi yemirilishining oldini olish, ularni mustahkamlash, suv havzasi atrofida mikroiqlim yaratishda o‘ziga xos xususiyatga ega. Shuning uchun pistazorlarni yanada kengaytirish, ularni madaniylashtirish maqsadida urug‘dan ko‘kartirib ekish ishlarini olib boryapmiz. Avval yelim xaltachada mahalliy va mineral o‘g‘it bilan aralashtirilgan tuproqqa urug‘ tashlab, qazilgan o‘ralarga joylashtiramiz. Namlikni bir maromda saqlash uchun ma’lum muddatda sug‘orib turiladi. Urug‘ nishlab ko‘kargach, erta bahorda nihollar tanlangan yerga o‘tqaziladi. Shu tariqa har yili pistazorlar kengaytirib borilyapti. Endi ba’zi kam hosilli pista daraxtlarini yaxshi hosil beradigan navlarga payvand qilishni rejalashtiryapmiz. Buning uchun Jizzax viloyati va Farg‘ona vodiysidagi pista yetishtiruvchi dehqonlar bilan maslahatlashgan holda ish tutish niyatidamiz.
Bu borada Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligida ham xayrli ishlarga qo‘l urilmoqda. Bosh o‘rmonchi Uchqun Allayevning aytishicha, pistazor har yili 40–50 sotixga kengaytirilmoqda.
– Ayni paytda pista ekilgan hudud 23 gektarga yetdi, – deydi u. – Shundan 3 gektardagisi hosilga kira boshladi. Agar pistazorimizdagi daraxtlarning hammasi to‘liq hosilga kirsa, 1,5 tonnagacha hosil olishimiz mumkin. Bu kattagina daromad degani. Shu bois har yili pistazorni kengaytirib boryapmiz.
Mutaxassislarning aytishicha, bir gektar yerda 150–180 ta pista daraxti ekish mumkin. 50 darajagacha issiqqa va 41 darajagacha sovuqqa chidaydi. Hosildor nav bo‘lsa va to‘liq hosilga kirsa, bitta daraxt 100 kilogrammdan ortiq hosil berar ekan. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: bir gektar yerdan hosil yaxshi bo‘lgan yili o‘rtacha 15 tonnadan ortiq hosil olish mumkin. Bu qariyb yarim milliard so‘m mablag‘ degani. Viloyatimizda pista yetishtirish mumkin bo‘lgan minglab gektar yerlarimiz bor. Ularning bir qismi o‘rmon xo‘jaligiga, bir qismi aholiga, bir qismi esa fermer xo‘jaliklariga qarashli. Ularda pistazorlar tashkil qilinsa, bu mahsulot bilan nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, balki tashqi bozorga eksport qilish mumkin. Eng muhimi pista daraxtlari uzoq yillar hosil beradi. Masalan, viloyatimiz hududida joylashgan Quruqsoy tizimida 1 000 yoshga yetgan bir necha xandon pista daraxti saqlanib qolgan bo‘lib, ular hozirda ham hosil bermoqda. Biroq hozir ular bor-yo‘g‘i bir nechta, avval esa butun bir o‘rmon bo‘lgan.
Sohani rivojlantirish borasida buni yetarli deb bo‘lmaydi. Nega? Birinchidan, pistazorlar tashkil etishning afzalliklari haqida ko‘pchilik yetarli tushunchaga ega emas, ikkinchidan, pista nisbatan kech hosilga kiradi, ya’ni 7–8 yilda ilk mevasini berib, har uch yilda “dam oladi”. Ayni shu jihat unga nisbatan qiziqishning kamayishiga sabab bo‘lgan. Biroq pista daraxti deyarli suv talab qilmasligi, ming yilgacha meva berishi lalmikor yerlardan samarali foydalanishda qo‘l keladi.
Arxeologik qazilmalarning guvohlik berishicha, eramizdan 10 000 yillar avval Markaziy Osiyoda 2 million gektar pistazorlar bo‘lgan. Zamonamiz avvalida odamlarning o‘ylamay qilgan ishlari (kesish, chorva boqish) sababli 300 000 gektarga tushib qolgan. Keyinchalik esa bu maydonlar bir necha o‘n yilliklarda 70 000 gektarga, keyinchalik esa 12 000 gektargacha qisqargan.
TDShU xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasi
Jamshidbek KARIMOV tayyorladi.