Seshanba, Avgust 19, 2025
HomemaqolalarBEHBUDIY VA TEATR

BEHBUDIY VA TEATR

XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy hayotida nihoyatda kuchli jonlanish ro‘y berdi. Bu jonlanish o‘lkada tobora miqyos kasb eta borgan Milliy uyg‘onish kayfiyati va uning amaliy ko‘rinishi bo‘lgan jadidchilik hodisasi bilan belgilanadi. Jadidchilik harakati tarixan qisqa muddatda ijtimoiy ongni ma’rifatchilikdan siyosiy ozodlik, mustaqil davlatchilik g‘oyasi tomon rivojlantira oldi. Bu harakat bir necha yo‘nalishdagi amaliy faoliyatda o‘z ifodasini topdi. Xususan, maktab-maorif, matbuot va matbaachilik, xayriya ishlari, adabiyot va san’at, shu jumladan teatr va dramaturgiya kabilarda.

Teatr jadid ziyolilari ta’biricha, “ibratxona”, “ulug‘lar maktabi” edi. Muqallid – aktyorlar esa “tabibi hoziq” misolida edilar. Mazkur tushuncha jadid teatrining ham g‘oyaviy, ham estetik tamoyillarini belgiladi. Ayni chog‘da teatr ma’naviy tarbiya maskani bo‘lishi bilan bir qatorda maktab-maorif sohalarini moddiy quvvatlab turuvchi asosiy manbalardan ham edi. Ana shu bois taraqqiyparvarlar milliy teatr ishlarini zo‘r berib rivojlantirishga intildi. 10-yillarning o‘rtalariga kelib, Turkistonning deyarli barcha yirik shaharlarida havaskorlar milliy truppalari tashkil topa boshladi. Avval Toshkent, Samarqand, so‘ngroq Qo‘qon, Namangan, Andijon, Buxoro, Xo‘jand, Kattaqo‘rg‘on shaharlarida teatr jamoalarining vujudga kelishi milliy dramaturgiyaga bo‘lgan ehtiyojni ham favqulodda kuchaytirib yubordi va shuning hosilasi o‘laroq o‘nlab sahna asarlari paydo bo‘ldi. Bu ishlarning tamal toshini qo‘ygan zot esa Mahmudxo‘ja Behbudiy edi.

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY haqida so‘z aytish, avvalo, turkiy dunyoning eng yorqin, buyuk siymolaridan biri xususida mushohada qilish bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zbek millatining ijtimoiy ongini belgilagan qator sohalarning “otasi” – boshlovchisi haqida, chunonchi ta’kidlaganimiz, milliy dramaturgiya va teatr sohalarining ham asoschisi haqida fikr yuritish demakdir.

Ayrim mutaxassislar xronologik tartibga ko‘ra, birinchi o‘zbek dramasi deb O‘zbekistonda turib qolgan tatar ziyolisi Abdurauf Samadov – Shahidiyning “Mahramlar” pyesasini tilga oladi. Asarning 1911-yilda yozilib, Namanganda “Is’hoqiya” matbaasida shu yili chop etilganini dalil qilib ko‘rsatdilar. Afsuski, “Mahramlar” pyesasining chop etilgan nusxasi O‘zbekiston kutubxona va arxivlarida hozircha topilmagani sabab asarning nashr etilgan yili noto‘g‘ri ko‘rsatib kelingan. Sankt-Peterburgdagi ommaviy kutubxonaning milliy adabiyotlar bo‘limida pyesaning “Is’hoqiya” matbaasida chiqqan nashri saqlanadi. Unda asarning nashr sanasi 1912-yil deb aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Pyesaning yozilish sanasiga doir aniq ma’lumotlar yo‘q. Biroq Behbudiyning “Padarkush” pyesasi 1911-yilda yozilgani muallif tomonidan ham, zamondoshlari va boshqa olimlar – Behbudiy biograflari tomonidan ham e’tirof etilgan.

Qolaversa, o‘zbek teatri tarixini birinchilardan bo‘lib ancha keng tadqiq etgan Miyon Buzruk Solihov 1935-yilda Toshkentda nashr etilgan “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” kitobida “Mahramlar” pyesasining Shahidiy tomonidan tatar tilida yozilgan “O‘liklar” pyesasining o‘zbekcha tarjimasidir, deydi. Demak, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” asari xronologik tartibda ham, milliy, lisoniy jihatlariga ko‘ra ham birinchi o‘zbek sahna asaridir.

Turkistondagi jadidchilik harakatini yaqin-yaqingacha ma’rifatparvarlik deya cheklash mavjud edi. Yevropa va qator Sharq mamlakatlaridagi kabi bizda ham ma’rifatparvarlik antifeodal hodisa albatta. Ayni paytda Yevropadan farqli o‘laroq bizdagi ma’rifatchilik antikolonial mohiyat ham kasb etgani ma’lumki, shu xususiyatning o‘zi Turkiston va balki, butun Rossiya musulmon o‘lkalaridagi jadidchilikning ulkan ijtimoiy-siyosiy hodisa bo‘lganini anglatib turibdi. Ana shu ikki mafkuraviy asos, ya’ni feodal qoloqlik va kolonial istibdodga qarshi kurash jadidchilikning barcha ko‘rinishlari va intilishlarida namoyon bo‘lgan. Turkiston jadidlari rahnamolaridan Munavvarqori Abdurashidxonov o‘zi va maslakdoshlarining boshi kundaga to‘g‘rilanayotgan 1927-yilda mardonavor turib: “Nainki, biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshqacha ta’bir bilan aytganda, do‘konda o‘lturub nasiya yozadurg‘on xodimlar yetkazsak? Shu ishka aqlli odam shu bahoni berishdan (avval) u yoq bu yoqni mulohaza qilsin. Jadid maktabi ochishimizga siyosiy va madaniy kurashchilar tayyorlash bahosi berilmaganiga taassuf bildirolmay o‘ta olmayman”, deb aytgan edi. Nafaqat maktab, ayni chog‘da matbuot, turli jamiyatlar, san’at, adabiyot barchasi ana shu ijtimoiy-siyosiy maslak yo‘lida siyosiy va madaniy “kurashchilar” tayyorlashga yo‘naltirildi. Ham iqtisodiy, maishiy turmushdagi qoloqlikni bartaraf etish, ham chor asoratini yo‘qotish jadidchilikning hamma harakatlarida aks etdi, shu jumladan teatr va dramaturgiyada ham.

Behbudiy 1909-yildayoq “Ehtiyoji millat” maqolasida yozadi: “Biz Turkistonlilarg‘a ikki sinf kishilari lozimdurki va bu ikki sinf kishilarisiz bizni diniy va dunyoviy ilmlarimiz millat va qavmiyatimiz, maishiy ehtiyojlarimiz xarob bo‘lib, kundan kun begona millatlarning zabuni va mahkumi bo‘lurmiz… ya’ni bu ikki sinf zamondan boxabar ulamoyi diniya va dindan boxabar ulamoyi zamoniya”. Aynan shu qarash “Padarkush” pyesasining g‘oyaviy negizini belgilagan.

ASAR MAZMUNIGA KO‘RA, bir boy odam o‘zi savodsiz bo‘lgani holda farzandini ham ilmli qilmoqchi emas. O‘g‘li o‘spirin yoshiga yetsa-da, maktab ko‘rmagan. Ota bundan mutlaqo tashvishlanmaydi. Chunki o‘ziga otameros mulk qolib, boylikda bahuzur yashayotganidek, o‘g‘li ham shu taqdirni takrorlaydi, degan o‘yda. Asar muallifi boy fikrini o‘zgartirish uchun o‘z davri ma’rifatining ikki vakili – eski maktab “domla”si va “usuli jadid” targ‘ibotchisi – ziyolini uning huzurida ko‘rsatadi. Avval Domla, so‘ng Ziyoli kelib, boyning o‘g‘li Toshmurodni maktabga berib, ilmiy-diniy va ilmi zamondan bahramand etishga da’vat qiladi. Bu so‘zlarga beparvo, bepisand boy har ikki mehmondan ham ranjib, ularni bir amallab haydash chorasini izlaydi. Otaning bema’ni hayot tarzini ko‘rib o‘sgan farzand uch-to‘rt bezori, chapani yigitlarga qo‘shilib ichkilik ichadi, maishiy buzuqlikka mayl bildiradi va oxir-oqibat ana shu ehtiyojlari uchun mablag‘ istagida otasining kushandasiga aylanadi.

Voqeaning fojiaviy yakunidan so‘ng sahnaga kirib kelgan Domla va Ziyoli o‘z so‘zlariga quloq osmagan boyning mash’um ibratida ilmsizlik, jaholatning dahshatini, fojiasini ta’kidlab, xalqqa murojaat etadi: “Ilm va tarbiyasiz bolalarning oqibati shuldir. Agarda bularni otasi o‘qutsa edi, bu jinoyat va padarkushlik alardan sodir bo‘lmas va bular ichkilikni bo‘yla ichmasdi, xun beg‘ayri haqqin qilmas edi… Oh, haqiqatda boyni o‘ldurgan va yigitlarni azobi abadiyg‘a giriftor qilgan beilmlikdur… Bu ishlarni yo‘q bo‘lmog‘iga o‘qumoq va o‘qutmakdan boshqa iloj yo‘qdur”.

“Padarkush” pyesasida ilgari surilgan g‘oya ana shu so‘zlarda aks etadi. Shunga ko‘ra, ko‘pgina mutaxassislarimiz uni sof ma’rifiy xarakterdagi asar sifatida baholab keladi. Darhaqiqat, ilmsizlik, jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi har bir sahifada yaqqol ifodalangan. Ayni chog‘da jadidchilikning o‘zak masalasi bo‘lgan istibdodga qarshi antikolonial g‘oya ham asarning bir necha o‘rinlarida goh ochiqroq, goh pardali va yoki matn tagzaminidan anglashilib turadi. Anglashilgan sari esa avvalo shu g‘oya nazarda tutilgan emasmikan, degan fikr sobitlashib boradi. Bir qadar oshkora ko‘ringan istibdod masalasi juz’iyroq shaklda domlaning quyidagi so‘zlarida seziladi:

“Ko‘rarmizki, yigirma-o‘ttiz yildan beri barcha savdo ishlari armani, yahudiy va boshqa ajnabiylar qo‘lig‘a o‘tdi”.

Agar domla shu so‘zlarni aytib, o‘qimoqqa, xususan musulmonlik, din, islomiyat ravnaqiga da’vat etsa, undan so‘ng kirgan ziyolining tilida “millat” so‘zi qayta-qayta takrorlanadi. U “millatga keraklik ilmlar to‘g‘risida” so‘ylarkan, mavjud asorat tuzumi bilan bog‘liq quyidagi fikrni bayon etadi: “Hozir yangi va boshqa bir zamondir. Bu zamong‘a ilm va hunarsiz xalqning boyligi, yeri va asbobi kundan kun qo‘lidan ketganidek, axloq va obro‘yi ham qo‘ldan chiqar, hatto dini ham zaif bo‘lur”. Ziyolining bunday hur fikrlari asar so‘ngida rivojlantiriladi va yanada ochiqroq matnda beriladi: “Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur: bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqir-u zarurat xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi natijasidur. Dunyog‘a taraqqiy qilgan xalq, ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun bo‘lganlarda beilmlikdan”.

“Padarkush” pyesasining antikolonial mohiyatini muallif tomonidan g‘oyat noziklik bilan singdirilgan yana bir necha o‘rinlarda kuzatish mumkin.

Avvalo, asarning 1913-yili Samarqandda ilk bor nashr etilgan nusxasi titul sahifasidagi bag‘ishlov e’tiborni tortadi. Unda muallif o‘z asarining 1812-yil “Borodino maydonidagi jang va bu jangda Rossiyaning fransuzlar bosqinidan halok bo‘lgani” sanasiga bag‘ishlanganini qayd etgan. Senzura tazyiqidan bezor bo‘lib bag‘ishlov bitgan Behbudiy shunda ham o‘z maqsadini dabdurustdan kishi sezmaydigan bir tarzda ifodalab ketadi. Ya’ni “Padarkush” Rossiyaning istibdod xavfidan qutulgani sharafiga asoratdagi “Turkiston maishatidan olingan” asar ekanini mantiqan ta’kidlaydi. Vaholanki, shu paytda yozilgan aksariyat asarlarda bag‘ishlov odatda asosan oq podsho va uning avlod-ajdodlari, rafiqasi sharafiga bo‘lar edi. Behbudiy bu an’anani ongli ravishda buzadi va fikrni boshqa siyosiy maqsadga yo‘naltirish yo‘lini topadi.

“PADARKUSH”DA asorat tufayli fojialar yuz berayotganiga yana bir jiddiy ishora bu asardagi “pivoxona manzarasi”dan anglashiladi. Uch-to‘rt kuchga to‘lgan, navqiron yerli yigitlar o‘spirin Toshmurod boyvachchani yonlariga olib, ichkilik ichib, mast holatda o‘tirganlarini ko‘rsatar ekan, Behbudiy Rossiya maishiy hayotidan Turkistonga kirib ildiz otgan ichkilik, pivoxonalar musulmon yoshlari uchun zunuk ommaviy hodisaga, ofatga aylanganini ta’kidlamoqchi bo‘ladi. Bu fikr Behbudiyninggina fikri emas. Buni hatto Rossiya manfaati uchun xizmat qilgan rus olimlarining o‘zlari ham qayd etgan edi. Akademik
V. Bartold “История культурной жизни Туркeстана” nomli fundamental tadqiqotida yozadi: “1878-yilda akademik Middendorf yaqindagina zabt etilgan (Farg‘ona) viloyatining favqulodda sokin, tinch ekaniga hayratlangan edi. 1901-yildayoq Farg‘onada xalqning axloq-odobi shunchalar yaxshi ekanki,
1,5 milliondan oshiqroq aholi orasida jami 27 ta qaroqchilik va
26 ta o‘g‘rilik qayd etilgan. 1910-yilda esa Farg‘onada jinoyat darajasi butun Rossiya imperiyasidagidan ikki barobar ortiqroq ekani qayd qilindi… Jinoyat ko‘rsatkichlarining bu qadar ko‘payishiga bosh sabab qilib mahalliy xalq orasida alkogolizmning yoyilishi deb hisoblamoqdalar. Bartold chor jandarmeriyasi dalillarini keltirar ekan, ichkilikbozlikning tarqalishiga maxsus to‘xtaladi: “Mahalliy xalq, – deb yozadi Bartold, – ruslar bilan yaqinlashib va ruscha so‘zlashishni o‘rganib, ularning zohiriy hayoti, aksariyat salbiy hayot tarzini, yengil-yelpi turmush kechirish, vino va pivo ichish kabilarni o‘zlashtirdi. Bu hatto (mahalliy xalqning) ilmli kishilari, din arboblariga ham tegishli…”

Rossiya sharqshunosining bu qaydlari butun Turkiston turmushi uchun tipik hodisaga aylanib borayotgan manzarani jonlantiradi. Behbudiy zamonasining eng ziyrak, zakiy bir millatparvar allomasi sifatida vatandoshlarining ruslardan o‘zlashtirayotgan va istibdod siyosati ongli ravishda izchil joriy etayotgan tuban illatlarni juda yaxshi anglar edi. Shu bois “Padarkush”lik fojiasining katta bir sababini g‘ayrimillatlardan kirib kelayotgan ichkilikda ham ko‘radi.

PYESADAGI shu masalaga yondosh holda tilga olingan yana bir xunuk, tuban hodisa fohishabozlik illatidir. Bartold ko‘zda tutgan yengil-yelpi turmush tarzi, darhaqiqat, mahalliy aholi ma’naviyatini puturidan ketkazmoqda edi. Behbudiy pyesada fojiaga sabab hodisalar sifatida armani Artun ochgan pivoxona qatorida suyug‘oyoq ayol Liza obrazini ham ko‘rsatadi. Garchi bu personaj asarning so‘nggi sahifalarida ikki-uch og‘iz jumla bilan ishtirok etsa-da, sodda va go‘l yerli yigitlarning xayolini buzg‘un qiliqlari bilan butkul egallagan va o‘z shartlari, talablari bilan bo‘z bolalarni sirtdan jinoyatga undagan asosiy sababkorlardan edi. Voqelikda haqiqatan Liza kabi ayollar sovuq o‘lkalardan to‘da-to‘da bo‘lib kelib, mahalliy xalq turmushini bezayotgan, uni ma’naviy tubanlikka tortayotgan edi. “Oyina” jurnalining 1913-yil 5-sonida “Samarqand xabarlari” rukni bilan Samarqand shahri vokzali yaqinidagi fohishaxona ziyolilar va ulamolar talabi ila yopilgani ijobiy voqea sifatida ma’lum qilinadi. Xabardan anglashilishicha, bu yerga 200–300 tacha rus va tatar qizlari muntazam “gastrol”ga kelib yurar ekan. Ana shunga o‘xshash dalillar ham ko‘rsatadiki, Behbudiy Turkiston hayotidagi real mavjud hodisalarni qalamga oladi. Va balki, hali voqe bo‘lmagan “Padarkush”lik fojialari avj olishi mumkinligidan ogohlantirmoqchi bo‘ladi. Uning ildizlari mohiyatini avvalo istibdodda va xalqni qullikka mahkum etgan jaholat ham ma’rifatsizlikda deb biladi.

Keyinroq “Oyina” sahifalarida e’lon qilingan bir maqolasida Behbudiy yozgan edi: “Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmaydurganlarni “qul” – “marquq” derlar”. G‘ayrimillatlardan o‘zlashib, voqelikda joriy bo‘layotgan tuban illatlar – ichkilik, fahsh xalqni o‘z axloqiy qadriyatlaridan, an’analaridan ajratayotgan, uzib tashlayotgan edi. Demakki, o‘zini tanimaslik, o‘zligini anglamaslik sari boshlamoqda, “marquq” – manqurtlikka mahkum etmoqda edi. Manqurt esa otasini ham, onasini ham o‘ldirishdan toymaydigan dahshatli bir maxluq. Binobarin, shu zaylda “Padarkush”lik oddiy voqeaga aylanib qolishi hech gap emas edi.

“Padarkush” aksari ma’rifat chorasi bilan asoratdan, qullikdan qutulish g‘oyasini tashigani uchun ham u madaniy-adabiy doiradan chiqib, siyosiy hodisaga aylanib ketdi. Shu asar bois Turkistonning barcha yirik shaharlarida teatr jamoalari vujudga keldi.

 

Shuhrat RIZAYEV,

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan

yoshlar murabbiysi”, filologiya fanlari

nomzodi, professor

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine