Zamon taraqqiy etgani sari ko‘p yumushlar oson hal bo‘lyapti. Ilgari uzoqdagi do‘stlar bilan xat orqali xabarlashgan bo‘lsak, hozir internet tarmog‘i dunyoning u burchagidagi kishi bilan ham suhbatlashish imkonini beradi. Borgan sari aloqa sohasida barcha narsalar osonlashib borayotgandek. Bugungi kunda uyali aloqa vositasi ham hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Uy bekasidan tortib, kasalxonadagi bemorgacha o‘zining beminnat do‘stiga suyanib qoldi.
Kun sari uyali aloqa kompaniyalari turfa xizmatlarni taklif qilib, mijozlarni biroz shoshirib qo‘ymoqda. Endi kimgadir xat, ya’ni SMS yozmoqchi bo‘lsak, kompaniya taqdim etgan tayyor matndan foydalanish mumkin. Biroq…
Hozir televideniyeda ham, radio yoki gazeta orqali ham falon raqamga SMS yuboring degan undovni tinglash, ko‘rish mumkin. To‘g‘ri-da, deylik, radioning qutlovlar dasturiga telefon orqali ulanish mushkul, SMS esa ko‘p sonli muxlislar talabini bir vaqtda qondiradi.
Yaqinda tungi soat 23:00 atrofida taniqli radiokanallardan birida ajoyib eshittirish berildi. Mavzu kishining ichki va tashqi go‘zalligi haqida ekan. Tanlangan mavzu mushohadali, efirga ulanayotgan muxlislar fikri esa bir-biridan qiziq. Orada SMSlar o‘qib eshittirildi. Shunda o‘ziga xos bir SMS e’tiborimni tortdi. “9-sinfdagi Izzat ichki va tashqi tomonlama go‘zal. Men uni hurmat qilaman. Madina”.
Boshlovchi esa SMS muallifiga javoban shunday yo‘l ko‘rsatadi: “O‘rtangizdagi bu rishta visol bilan yakun topsin”.
Kechirasiz-u, 9-sinfdagi o‘smir qizga bunday tilak bildirish, bizningcha, boshlovchi etikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bahona har kuni istar-istamas quloqqa chalinayotgan SMSlar mazmuni haqida ayrim mulohazalar tug‘ildi.
“– Salom, abonent yaxshi yotib tursinlar!
– (!).. Qarshi shahridagi falonchixonga yurakcha…
– Salom, azizim M.., kechirasiz (boshlovchi boshlab qo‘ygan-u, u yog‘ini o‘qishga uyat yo‘l bermaydi)”.
Albatta, muxlis bilan radiokanalning jonli muloqotga kirishgani yaxshi, ammo yozish kerak ekan deb, hamma narsani yozavermaydi-da. Hurmatli boshlovchilar ham qaysidir hamma eshitishi zarur bo‘lmagan, ba’zan behayo SMSlarni o‘qimasalar, nari borsa, bir abonent (yo‘g‘-e, muxlis demoqchi edim) xafa bo‘ladi. Ammo minglab tinglovchilar bemaza satrlarni eshitmaydi. Efir vaqti ham behuda sarf bo‘lmaydi.
Bir kuni tasodifan hamkasb qizga kelgan SMSlarga ko‘zim tushdi. Ishonasizmi, bir haftada naq 160 ta xabar kelibdi. Ha, shoirtabiatligiga boribdi-da, dedim ichimda. Biroq xabarlarda yozilgan she’rlar SMS muallifi haqidagi fikrimning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Keyinroq esa bu beparda satrlar tayyor sevgi izhorlaridan ko‘chirilganini aytishdi.
Millionlab mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ularni ushlab turish, to‘g‘risi, uyali aloqa kompaniyalariga oson emas. Kuchli raqobat sharoitida abonentlarni jalb etish anchagina ter to‘kishni talab qiladi. Qilingan mehnat esa mijozlar sonining oshgani bilan qadrlanaveradi. Ammo bu abonentni nima qilib bo‘lsa-da, ushlab turish degani emas. Daromad o‘z yo‘liga, ammo shunday ajoyib, bir-biriga o‘xshamas xizmatlar (deylik, ertangi ob-havo haqidagi, iqtisod va narx-navo bilan bog‘liq xabarlar) ko‘rsatayotgan zahmatkash xodimlar nega mijoz saviyasini o‘tmaslashtirib qo‘yishdan xavotirlanmayapti?! Sevgi izhori uchun SMS tayyorlash kerak ekan, bo‘lar-bo‘lmas so‘zlar qorishmasini yozib, qiynalgandan ko‘ra, mumtoz asarlardagi shoh baytlardan yoxud zamondosh shoirlarimiz ijodidagi go‘zal satrlardan foydalansa bo‘ladi-ku. Albatta, bu mening qarashlarim. Asosiysi, o‘smir yoshlarimiz she’r deganda o‘sha “jo‘qiy” izhorlarni tushunib qolishlaridan xavotirdaman.
Izhor ortidagi xavotir
Ommaviy axborot vositalarida qizlarning kiyinish madaniyati haqida ko‘p va xo‘p yozildi. Bu chiqishlarning ta’sir doirasi nechog‘li bo‘lmoqda, bilmadim-u, bizni qizlarimizning ma’naviy dunyoqarashga oid yana bir jihati o‘ziga tortdi. Aslida bu to‘g‘rida yozish ham biroz noqulay. Shunday bo‘lsa-da, matbuot nashrlarini kundan kun “bezab” borayotgan dil izhorlari kishini bezovta qiladi.
Ko‘pchilikning haftalik hamrohiga aylangan nashrlarda turli qiziqarli mavzular bilan birga “Muhabbat bekati”, “Dil izhori” kabi sahifalar ham borki, yoshlarimiz unga befarq qaray olishmaydi.
Bunday gazetalarni varaqlarkanmiz, ulardagi maktublarning aksariyati qizlar tomonidan yozilganini ko‘ramiz. Bir sahifada 8 ta xat berilgan bo‘lsa, shundan 7 tasi qizlarniki. Ochig‘i, ulardagi dil rozlaridan ogoh bo‘lib, bugungi qizlarimizning tarbiyasi haqida jiddiy bosh qotirish zarurligiga amin bo‘ldik.
“Farhod bilan internet orqali tanishganmiz. Bir-birimizni ko‘rmagan bo‘lsak-da, o‘rtamizda muhabbat uyg‘onganiga ishonchim komil” deb yozadi bir qiz.
Bor-yo‘g‘i internet tarmog‘i orqali tanishgan yigitni sevib qolganiga “ishonchi komil”ligi bu qizning dunyoqarashi haminqadar ekanini ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari, yoshlarning ermagiga aylangan “chat”lardagi sevgi maktublari, ulardagi ma’lumotlarning haqqoniyligiga kim kafolat beradi?
“Qiz bolaning izhori g‘alati tuyulsa kerak. Ammo… yuragimdagi g‘alayonga ortiq chidolmayman. Faxriddin, men sizni yaxshi ko‘raman. Kimligimni vaqti kelganda bilib olasiz”, deb yozadi keyingi maktub sohibasi. Haqiqatan ham, qiz bolaning sevgi izhor qilishi har qanday yigitni ham hushyor torttiradi. Ammo turmush o‘rtog‘ining, hatto uylanganini eshitganda o‘zbekona ibosini unutmagan Kumushning og‘zidan biror marta “sevaman” degan so‘z chiqqanmidi?! Bir necha oylab sevgilisini ko‘rmasa-da, “chidolmayman” deganmidi u?!
Shu mazmundagi dil nomalarini o‘qirkanmiz, ularda “Endi sevgi azobidan qanday qutulay, endi nima bo‘ladi?” kabi savollar ko‘pligini sezdik. Xat yozayotgan qizlarning onasi ular bilan suhbatlasharmikan, ularning o‘y-xayollaridan boxabarmikan degan savollar dilga tikandek qadaladi. Axir balog‘at ostonasidagi qizlarga hammadan ko‘ra onaning yaqin bo‘lishi lozimligi barchamizga ma’lum-ku. Maktablarda tashkil qilingan qizlar klublari faoliyatida o‘quvchilar bilan qaysi mavzularda suhbatlar uyushtirmoqda? Ta’lim muassasasida qizlar majlisi o‘tkazilganda hozirgi kunda nima masala kun tartibiga qo‘yilyapti? U haqiqiy ma’noda qizlarning yig‘iniga aylanyaptimi? Tarbiyaviy saboqlarimizdan samarasini ololyapmizmi?
Dil izhorlari orasida eng ko‘p tarqalganlari xonandalarga atalgan maktublardir.
Biz faqat qizlarni tanqid qilish fikridan yiroqmiz. O‘z o‘rnida, qizlarimizning millatimizga xos tarbiyasiga oilada va maktabda jiddiy e’tibor berish lozimligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.
Ba’zan konsertlarda erkak xonandalarga qizlarimizning munosabatini ko‘rib, uyalib ketasan kishi. Ularning o‘zini tutishi oldida boyagi qo‘shiqchi ham xijolat tortadi.
“Sevimli xonandam!.. Qo‘shiqlaringiz, tabassumingiz muxlislar dilini sel qiladi. Nega so‘nggi paytlarda televideniyega ham, gazetaga ham intervyu bermay qo‘ydingiz? Biz tomonlarga qachon gastrol safari bilan kelasiz? Boraman degandingiz. Qancha kutaylik?”
Qancha kutaylik? So‘roqning o‘zi juda g‘alati. Muxlisa qizimiz xonandadan nima kutyapti, nima talab qilyapti? Ilgari ahdlashgan yigitini harbiyga kuzatgan, sovchi kelganida otasiga bir og‘iz siri haqida gapira olmay, turmushga chiqqanlarni ko‘p eshitganmiz. Balki ana shunday iboli ayolning nabirasi yozgandir bu maktubni?
“…ning “…” filmidagi rolini ko‘rib, unga nisbatan qiziqishim yanada oshdi. Ko‘zlari, ajoyib tabassumi, yoqimli chehrasi qizlarni bee’tibor qoldirmasligi aniq”. Aslida Yaratgan har bir ishda erkakni tashabbuskor qilib yaratgan. Nahotki bizning nomusimiz sanalgan qizlarimiz tabiatning ana shu qonuniga qarshi chiqib bo‘lmasligini uqmaganlar?!
“Visol borligiga ishonaman, endi qandoq chidayman!” kabi yalang‘och satrlarni o‘qib, ular orasida bizning ham singlimiz, qo‘shnimiz, tanishimiz yo‘qmikan, deb xavotirlandim.
Zuhra BOBOXO‘JAYEVA