O‘zbekiston – Ozarbayjon davlatlarining axborot sohasida hamkorligi doirasida matbuot kotiblari va ommaviy axborot vositalari vakillari muntazam ravishda o‘zaro tajriba almashish, press-turlar tashkil etish, seminar-treninglar orqali mamlakatlarda amalga oshirilayotgan yangiliklar, zamonaviy texnologiyalarni sohaga samarali integratsiya qilinishini ko‘rsatib berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa soha xodimlarining tajriba almashishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekistonda axborot sohasidagi islohotlar, yangilanishlarni o‘rganish, tajriba almashish maqsadida bir guruh ozarbayjonlik matbuot kotiblari va ommaviy axborot vositalari mutasaddilari mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Ozarbayjon delegatsiyasi turli media tuzilmalar, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyati bilan tanishib, O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarida press-tur tadbirlarida ishtirok etdi.
Delegatsiya a’zolari tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentida mehmon bo‘lib, departament faoliyati, uning tarkibidagi “Vatanparvar” birlashgan tahririyati va Axborot-media boshqarmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari va veb-resurslar bilan ishlash bo‘limi hamda “Armiya studiyasi” pavilyoni bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Departamentda jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerdagi zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli media tizimlari va professional studiyalar, axborot materiallarini tayyorlash, tahrirlash va tarqatish jarayonlarining yuqori texnologik asosda tashkil etilgani, zamonaviy multimedia uskunalari hamda onlayn efirga uzatish imkoniyatlariga ega platformalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shu sababli ular Departament faoliyatini yuqori baholab, axborot siyosatida innovatsion yondashuvlarning joriy etilishi, ayniqsa harbiy sohadagi axborot-kommunikatsiya ishlarining va jamoatchilik bilan munosabatlarning samaradorligida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Saida SHAFIYEVA, Ozarbayjon mediani rivojlantirish agentligi matbuot kotibi:
– O‘zbekistonda axborot sohasida olib borilayotgan tizimli islohotlar, ayniqsa harbiy kommunikatsiyalarda shaffoflik va professional yondashuvning ta’minlanayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentida yaratilgan sharoitlar jurnalistlarning samarali faoliyatiga sabab bo‘lmoqda ekan. Aslida, bu sohadagi salohiyat va ilg‘or yondashuvning yorqin ifodasi sanaladi. Shuningdek, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga loyiq. Bu tajriba, shubhasiz axborot xavfsizligini ta’minlash va jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aliya IMAN AZIZ, “Anews” telekanali muxbiri:
– Biz uchun ushbu tashrif nafaqat O‘zbekiston haqidagi bilimlarimizni boyitdi, balki axborot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun poydevor bo‘ldi. Men Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti faoliyatidan ilhomlandim. Departamentda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarga havas qilyapman, to‘g‘risi. Men turli mamlakatlarda bo‘lganman, ko‘plab axborot markazlari va tahririyatlar faoliyati bilan tanishganman. Ammo harbiy axborot tarqatishga ixtisoslashgan, zamonaviy infratuzilma va innovatsion yondashuvlar asosida faoliyat yurituvchi bunday departamentni avval ko‘rmaganman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, ish uslubi va axborot bilan ishlashdagi professionallik, menimcha, boshqa davlatlar uchun ham o‘rnak bo‘lishga arziydi.
O‘zaro tajriba almashish, axborot sohasidagi yangilanishlarni amaliyotda ko‘rsatish, soha mutaxassislari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish – bugungi kunda jahon axborot maydonida muhim omil hisoblanadi. Mazkur tashrif ana shu maqsadlarga xizmat qilib, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi axborot hamkorligida yangi sahifa ochdi.
Shu kuni mehmonlar uchun “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi.
Podpolkovnik
Gulnora HODJAMURATOVA,
“Vatanparvar”