Borini boricha qabul qilolmaydigan odamman, aka. Gaplarim qanchalik kulgili tuyulmasin, ammo bu haqiqat. Hayotimda uchragan har qanday – xoh u mayda, xoh katta muammo bo‘lsin – barini ulkan tashvish o‘laroq qabul qilaman. Aslida bular haqida so‘zlamasligim kerak edi. Biroq kimgadir aytmasam bo‘lmaydi-da.
Balki, sizda ham shunday bo‘lar? Aytmoqchimanki, sitamlar to‘lqinida chayqalib-to‘lg‘anib suzib yurgan kapitansiz kemadek yashab kelayotgandirsiz? Yo‘qmi? Ha, unday bo‘lsa, baxtli ekansiz. Mening esa bo‘lganim shu. Bu taqdirni o‘zim tanladimmi? Aslo. Kaminaga qolsa, hammasini o‘zgartirgan bo‘lardim. Boshqalardek hayot gulshanida quvnab, shodon kulib, Bog‘i Eramlarda chapak chalib yurmasmidim? Xullas, borida yo‘q narsani istab, qayg‘u va alamlarning nishoniga aylanadi. O‘q bo‘lish kerak, aka.
O‘sha kuni (avvalgi gurungimizda so‘zlab bergandim) kapitan Orifjon Mamajonov ovozini ko‘tarib o‘shqirgani yuragimga og‘ir botgandi. U yelkalarimdan mahkam ushlagancha qattiq siltab tashlaganidan hamon alamzada edim. Go‘yo cho‘g‘ ustida yorgan odamdek oyoqlarim miyamdan borayotgan buyruqqa bo‘ysungisi kelmayotgandi. To‘g‘ri, u xavfsizligimni o‘ylab shunday qildi. Biroq bu narsalar ko‘ringanidek oddiy va shunchaki kechirib yuboriladigan holat emasdi. Shuning uchun keyingi kuni harbiy xizmatchilar ishtirokidagi navbatdagi amaliy mashg‘ulot davomida faqat tumtayib, qovoqlarimni uyib, chehramni umuman ochmay yurdim.
– Ko‘ngilni kengroq qiling, – dedi o‘ng tomonimdan ketayotgan kapitan Mamajonov. U kalta-kalta, ammo tez-tez qadam tashlab borardi.
Quyosh hali butunlay uyg‘onishga ulgurmagandi. Tepamizda moviy gumbazdagi bulutlar joyida qotib qolgan, ular vaqtning qarshisida tik turib, ado bo‘layotgan maysalarning so‘nggi nafasiga guvohlik qilayotgandi. Havoning dimligidan nafasim qisilib ketayotgandi.
– Bu charchoq alomati xolos, – dedim xira ovozda. So‘ng: – Faqat ko‘ngilning egasigina uni boshqaradi. Bizning vazifamiz borini ijro etish. Isyonkor qalb qahrga to‘ladi, – dedim.
– Shuncha gapni bilasiz-u, biroq g‘azabni boshqarishga kelganda, barini unutasiz.
– Inson unutuvchi bo‘ladi, – dedim xo‘mrayib.
Aka, oxirgi aytgan gapim barcha harakatlarimning tamoman teskarisi bo‘lib yangradi.
Mamajonov gaplarimni eshitmaganga olib, yo‘lida davom etaverdi.
Aytgancha, Sharqiy harbiy okrugning dala-o‘quv maydonlariga borganmisiz? Unda gaplarimni o‘sha – o‘zingiz yurgan tuproqlarning o‘tkir ta’mi, har tomondan kelib uriladigan mayin shabadaning yoqimli erkalashini eslab, eshitasiz-da, maylimi? (Biroq men borganda hatto sarg‘ayib ado bo‘layotgan maysalarning boshoqlari ham qilt etmasdi. Aksincha, hamma tomonimdan faqat jaziramaning o‘tkir va yoqimsiz hidi kelib, tanamni ayovsiz savalardi.)
Manzilga yetib borganimizda amaliy mashg‘ulotlar boshlanib bo‘lgan ekan. Harbiy xizmatchilar allaqachon o‘z pozitsiyalarini egallab, nishonlarni aniqlash ishlarini olib borayotgandi. Bilasiz, bunday vaqtlarda ayniqsa asablar yanada taranglashadi. Chunki bajarilayotgan vazifalar ko‘lami keng va murakkab edi. Qolaversa, topshiriqlarning ado etilishiga qarab, shaxsiy tarkibning jangovar shayligiga ham baho beriladi. Bu degani – hech kimning adashishga haqqi yo‘q. Qisqasi, biz turgan joyda mas’uliyat shu darajada his etilayotgandiki, natijada uning og‘irligi butun maydon bo‘ylab qanotsiz va sassiz kezib yurardi. Shuning uchun ham har bir yuzni jiddiylik qamrab olgan. Aytgancha, o‘zi umuman, harbiy xizmatchilarning nigohiga hech ko‘zingiz tushganmi? Ha, ularing qarashida hamisha vajohat bo‘ladi. Bu tug‘mami yoki yillar davomida shakllanib boradimi, ochig‘i, bilmayman. Balki, siz shu haqda biron-bir ma’lumotga egadirsiz? Mayli, keyinroq aytib berarsiz. Kamina esa hikoyangizni jon deb eshitaman.
– Kechikibmiz, – dedi kapitan tashvish chekib. So‘ng tusi birdan o‘zgardi. Sariq qoshlari chimirildi. Qizil yuzida jiddiylik alomatlari ochiqdan ochiq o‘zini namoyon eta boshladi. Odatda uning jahli chiqsa, buni butun tanasi bilan atrofga ko‘rsatardi – qiladigan ishini esa tez bajaradi.
Qo‘limga fotoapparatni olib, Orifjon akaning ortidan ergashdim. Endi quyosh ortimizdan tushgandi. Ketyapmiz-u, ammo oyoqlarimiz ostidagi soyalarimizga sira ham yetolmayapmiz. U ham shoshyapti-da. Ro‘paramizdan birdaniga birin-ketin o‘qlar otila boshladi. Mamajonov shartta menga qaradi-da:
– O‘zim rasmga olaman, – dedi qo‘lini menga uzatib. – Siz shu joyda turib, jarayonlarni kuzating. Tag‘in kechagidek o‘q otilayotgan maydonga kirib bormang. Gaplarimni uqdingiz, a?
Uning ovozida buyruq ohangi bor edi. Ko‘z qorachiqlari biroz kengaygan. Men boshimni qimirlatib qo‘ydim.
So‘ng kapitanga bo‘ynimda osib olgan apparat berdim-da, turgan joyimda tosh qotdim. Ishonasizmi, yuragim shunaqangi achishdiki, hammasini tashlab, ketvorgim keldi. Miyamda kechgan o‘ylarning oxiri yo‘q edi. Qonim ham qaynay boshladi. Yanada xo‘mrayib oldim. Mamajonov garchand mendan tashvishlanayotgan esa-da, uning ovozida bo‘lib o‘tayotgan barcha voqealarga faqat sen aybdor, degan ohang ham bordek edi.
– Ketish kerak, – dedim o‘zimga o‘zim g‘o‘ldirab.
Ortga burildim-da, indamay jo‘navordim. Qoshlarimni qattiq chimirganimdan u ko‘p o‘tmay og‘rib qoldi. Hatto ko‘zlarim yumilib, yo‘limni ham ko‘rmay qolgandim. Boshimning ikki chekkasi lo‘qillab og‘riy boshladi. Issiqdanmi yoki g‘azabning isyonidanmi lablarim qurib, chanqoqni his qilardim. Ichimda alanga paydo bo‘lgandi-da. Gavdamni tik, qo‘llarimni musht qilib olganman. Shu alamzadalik bilan chamasi 500 qadamlarcha yurdim. Keyin qattiq portlashdan xayollarim o‘nglandi. Shoshib ovoz kelgan tomonga qaradim. Katta tepalikning bag‘ridan ko‘tarilgan tuproq ko‘kda muallaq osilib turar, atrofga zarrachalar uchib borardi. Keyin bir nechta yengil zirhli harbiy texnikalar pastdan g‘uvullagancha shaxt bilan o‘sha tomonga harakatlandi. O‘qlarning ovozi yanada balandlashdi: qasir-qusur, bada-bang… minomyotdan otilgan keyingi snaryaddan tizzamga titroq kirdi.
Quyosh ostida bo‘zarib turgancha harbiy xizmatchilarning barcha harakatlarini kuzatdim. Daf’atan alamzadalik o‘rnini xotirjamlik egalladi. O‘pkamni to‘ldirib nafas oldim-da, avvalgi – Mamajonov bilan oxirgi gaplashgan joyimizga qarab sekin qadam tashladim.
Kapitan o‘tkir ko‘zlarini porox hidi kezib yurgan maydon tomonga tikib o‘tirardi. Qo‘lida mening apparatim. Yoniga bordim.
– Mashg‘ulotlar u tomonda emas, bu yoqda bo‘lyapti, – dedi u boshi bilan harbiy xizmatchilar navbatma-navbat pozitsiya o‘zgartirayotgan tomonga imlab. – Bir qancha rasm oldim. Yaxshilari bor. Xohlasangiz, o‘zingiz ham oling. Faqat kechagidek yaqindan emas, uzoqdan turib, kelishdikmi?
So‘ng tizzasiga ingan changni tez qoqib, gavdasini rostlab oldi.
– Keyingi jarayonlar qayerda bo‘lar ekan? – dedim past ovozda. – Yoki shu bilan tugaydimi?
– Dala-o‘quv maydonida hech qachon mashg‘ulotlar tugamaydi, – dedi u menga qaramay. – Chunki bu yer poligon, – u bu so‘zni cho‘zib va balandroq aytdi, – biri yakunlansa, ikkinchisi albatta boshlanadi. Nima, ko‘nikmalarni o‘tirgan joyda mustahkamlasa bo‘ladimi? Yo‘q, unday bo‘lmaydi.
– Shuni so‘rayapman.
U menga yelka osha bir qarab oldi. Keyin:
– Yillar umr ko‘rgan odam bir joyda o‘tirib, yakunda o‘zini tajribaliman, hamma narsani bilaman, desa ishonasizmi? Yo‘q, men aslo ishonmayman. Chunki u bir umr tek turdi-ku. Shuni esingizda saqlang: daraxtning uchiga chiqib olish uchun ham dastlab tanasiga qadam qo‘yishni bilish kerak.
– Qadamlarimiz manzilga eltadi, – dedim g‘uldurab.
– Nima?
Indamadim.
Keyin kapitan Mamajonovga kimdir telefon qilib qoldi. U go‘shakni ko‘tarib, mendan uzoqlashdi.
Aka, kechadan buyon ikkimizning gaplarimiz bir-biriga sira ham qovushmayotgandi. Hammasi o‘sha – minomyotdan boshlandi. Mamajonov o‘shandan buyon ilmoqli so‘z tashlardi. Go‘yoki xatolarimni sanab, hisob-kitob qilib yurgandek edi. Shularni o‘ylab, hammasiga qo‘l siltagim kelardi. Ammo jahlning yo‘rig‘iga kirib, uning mahbusiga aylanishdan xavotirda edim. Lekin o‘shanda haqiqatni angladim. Shu kunga qadar o‘zimni nazorat qilmay, atrofimdagilar menga moslashishi kerak, bunga ular majbur, degan qarash bilan yashab kelibman. Ammo boshqalarning ham ko‘ngli – ha, xarakteri borligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Chunki, avval aytganimdek, har ko‘ngilda bir uy bor. U uyning ombori esa qadamlarimiz mevasi bilan to‘ladi. Xatolar xatolarga doya, ko‘zyoshlar muhabbatning qadrini anglashga xizmat qilishini tushunmay yashabman. Yoki bularni istamaganman. Ko‘zlarim shiraga, qalbim qumga to‘lganga o‘xshaydi. Agar bunday bo‘lmaganida allaqachon yoyga aylanardim, nishonga emas.
Ehtimol, Mamajonovning o‘zini tutishi, mening tumtaygan chehramdagi noma’lum ifodalar bilan hisoblashishga majbur emasligi, mudrab – jafo chekishni istamay kelayotgan qalbimni qayta tiriltirgandir. Aytgancha, sizning ham xuddi mening kapitanim singari, barchasiga qo‘l siltab, o‘z yo‘lida yuradigan va bir vaqtning o‘zida tarbiyalab qo‘yadigan kapitaningiz bormi? Agar bo‘lsa, uni albatta qadrlang. Aks holda, nimanidir esdan chiqarasiz – ko‘rishni istagan, biroq tan olmagan ko‘zlaringiz mudom anglashga harakat qilmay, hatto shuuringizni ham o‘tmaslashtiradi.
Darvoqe, mashg‘ulotlar haqida gurunglashayotgandik.
To‘g‘ridan kelayotgan ikki nafar harbiy xizmatchiga ko‘zim tushdi: ular yonma-yon, bir xilda qadam tashlardi. O‘ng tomondagining bo‘yi balandroq. U sherigining chap bilagidan mahkam ushlab olgan. Yelkasida ikkita yo‘lxalta – bittasi hamrohiniki bo‘lsa kerak. Narigi harbiy xizmatchining qadam olishlari biroz sekin. Yaqinlashganida yigitlarga yaxshilab qaradim: lekin yuzlaridagi ifodani to‘laligicha ko‘rolmadim. Chunki ikkisi ham niqobda edi. Faqat maxsus bosh kiyim ostidan ko‘rinib turgan dumaloq ko‘zlari chaqnab turibdi. Ular biz bilan salomlashib, yonimizdan o‘tib ketdi. Ha, ulug‘ jangchilardek. Hamon bir-biriga yelkalari tegib turardi. Ko‘p o‘tmay, yigitlar maydalashdi, keyin butunlay ko‘zga ko‘rinmay qoldi. Ha, go‘yo quyosh nurlariga singib ketgandilar.
– Mudofaa vazirligi Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlari markazining “Oltinkon” tog‘-o‘quv bazasida ham amaliy mashg‘ulotlar bo‘layotgan ekan, – dedi Orifjon aka oldimga qaytib kelganidan so‘ng. – Ertaga o‘sha hududga boramiz. Balki, siz ham istarsiz tog‘lar bilan uchrashishni?
– Tog‘dan boshlangan yo‘l tog‘da tugamasa bo‘ldi.
Mamajonov o‘qrayib qarab oldi-da, suratga olish vositalarini yo‘lxaltaga joylashtirdi.
Keyingi kuni biz xo‘roz qichqira boshlaganida ulkan qoyalar boshlangan soyda turardik. Qolgani haqida keyinroq aytib beraman.
Kapitan Shohrux SAIDOV,
“Vatanparvar”