Harbiy aviatsiya har bir mamlakat uchun juda muhim bo‘g‘in sanaladi. Jumladan, yurtimiz uchun ham. Xususan, vertolyot aviatsiyasi nafaqat mamlakat mudofaasi, balki qidiruv, qutqaruv ishlarida ham faol ishtirokchi.
2020-yilning may oyi boshida “Sardoba” suv omboridagi texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etishda vertolyot aviatsiyasi kuchidan samarali foydalanilgani va uni tasvirga muhrlaganimiz kechagidek yodimda. Yaqinda Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududda ro‘y bergan yong‘inlarni o‘chirish tadbirlariga Mudofaa vazirligiga qarashli vertolyotlar jalb qilinib, yong‘inni bartaraf etishda amaliy ko‘mak berganini eshitgandirsiz. Bu faoliyat qirrasining kichik bir hayotiy jihati xolos. Fikrimizni mahalliy misollardan global makonga ko‘chiramiz. Uchuvchisiz uchish apparatlari harbiy harakatlarning ajralmas qismiga aylanib, doimiy ravishda yangi avlod dron texnologiyalari paydo bo‘layotganidan xabardorsiz. Bu esa sohada yuqori malakali operatorlar va dasturchilarga bo‘lgan talabni tobora oshirib, uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirmoqda. Shu bois Prezidentimiz qarori asosida, Qurolli Kuchlarimizda yagona bo‘lgan Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi tashkil etildi. Shu orqali Qurolli Kuchlar tizimida ilk bor o‘quv va jangovar bo‘linma tandemi yaratilib, endilikda ushbu markazda aviatsiya, aviayo‘naltiruvchi va uchuvchisiz uchish apparatlari operatori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mazkur yo‘nalishda milliy tizim yaratilishiga erishilib, yiliga ko‘plab dron va zamonaviy turdagi uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislari tayyorlanadi deganidir.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari bugungi kunda zamon talablari asosida bilimlarni o‘zlashtirgan professional kadrlar bilan butlangan. O‘z navbatida, mintaqadagi murakkab harbiy-siyosiy vaziyat saqlanib qolayotgan hozirgi sharoitdan kelib chiqib, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimi uzviy va izchil davom ettirilmoqda.
Mamlakat qudratini va iqtisodiyotini mustahkamlashda, xalqaro va ichki qatnovni ta’minlashda Havo flotining muhim ahamiyatini e’tiborga olib, Harbiy havo kuchlari harbiy xizmatchilari va o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilar tarkibining aviatsiyani, aviatsiya sanoatini rivojlantirishga hamda kadrlar tayyorlashga qo‘shgan hissasini nazarda tutib, avgust oyining uchinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasining Havo floti kuni” etib belgilangan. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillar davomida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari o‘zining professional mahoratini muvaffaqiyatli yuksaltirdi. Shaxsiy tarkib tomonidan yangi va zamonaviy zenit-raketa komplekslari, ko‘p maqsadli vertolyotlar o‘zlashtirildi. Aviaparvozlarda harbiy uchuvchilar osmonga ko‘tarilish soni bilan bir qatorda sifatini, kasbiy mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
… “Chirchiq” aerodromi. Po‘latqushlarning uchish va qo‘nish maydoni. Bu maskanda osmon bilan yer tutashgandek. Bepoyon kenglikdagi har bir nuqta harbiy uchuvchilar uchun qadrli. Chunki unda tarix nafasi ufuradi. Qat’iyat, iroda, jasorat bilan bog‘liq qiziqarli hikoyalar yodga tushadi. Maydonning o‘zi esa keng, yurt posbonlari kabi nihoyatda tartibli. Har bir chiziq, har bir belgi aniqlik va intizomning yorqin timsoli. Bu aerodromning uchuvchilar bilan bir butun ekanini anglatadi.
Angarlar ichida o‘nlab ot kuchiga ega temirqushlarni saqlaydi. Bu yerda muhandislar va texnik xodimlar yuksak mahorat bilan vertolyotlarni parvozga tayyorlaydi. Ularning yuzida charchoq alomati emas, balki o‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz mehr va mas’uliyat aks etadi.
Ijodiy guruhimiz bilan kallayi saharlab adirliklar uzra yastangan aerodromga yetib kelganimizda, bu yerdagi sukunatni dvigatellarning ovozi buzdi. Bu tovush parvozga shay turgan, yuragida kasbiga muhabbat alangalanib turgan uchuvchilarning qalb urishidek eshitiladi. Havoga ko‘tarilgan vertolyotlar moviy osmonda uchib ketayotgan qushlar misoli samoda o‘ziga xos iz qoldirib, bulutlar orasiga singib ketadi. Uzun uchish-qo‘nish yo‘laklari parvozga shaylangan hamda ko‘kda uchib kelgan po‘latqushlarga bag‘rini ochadi. Ammo mana shu parvozgacha qanday mashg‘ulot va jarayonlardan o‘tish kerakligini hamma ham bilavermasligi tayin.
Parvozoldi jarayonlar
Uchuvchining ko‘kda xavfsiz parvoz qilishi yerda doimiy oshirib boriladigan bilim va ko‘nikma bilan uzviy bog‘liq. Mediarejaga asosan, harbiy aviatsiya bo‘linmalarining mashg‘ulot jarayonlarini tasvirga olish uchun harbiy qismga borganimizda, bu yerga amaliyot o‘tash uchun kelgan O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy aviatsiya instituti kursantlari bilan dastlabki parvozga tayyorgarlik uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib borilayotgan ekan. Bundan maqsad bo‘lajak mutaxassislar kelgusida Harbiy havo kuchlari uchuvchisi sifatida vertolyot aviatsiyasi va havodagi harakatni boshqarish sir-sinoatlarini amaliyotda puxta egallagan, mukammal o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Ana shu sinov mashqlarini topshirish onlari yaqin va birmuncha hayajonli. Chunki fazoda kichik bir xatoga ham yo‘l qo‘ymaslik uchun ham hozir vaqtdan unumli, maqsadli foydalanish, jonni jabborga berib bo‘lsa-da, tanlagan kasbidagi navbatdagi chinakam irodasini namoyon etadigan fursat yetdi.
Aytish kerakki, qo‘shinlarimiz so‘nggi turdagi oddiy va murakkab vazifalarni bajarishga qodir turli vertolyot transportlari bilan butlangan. Parvozgacha bo‘lgan tayyorgarlik mazkur harbiy qismda joylashgan o‘quv trenajyori va nazariy dars mashg‘ulot xonalarida o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra, parvoz avvalidagi tegishli vazifalar va ko‘rsatmalar muhokamasidan so‘ng uchuvchilar topshiriq ijrosiga kirishdi. Avvalo, tibbiyot punktida harbiy uchuvchilar salomatligining parvozga yaroqliligi tekshirildi. Bu vaqt oralig‘ida muhandislar tomonidan vertolyotlar xavfsiz uchish va qo‘nishni amalga oshirishi uchun texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Osmonda uchish zavqi
Parvozga qadar barcha bosqichlar nihoyasiga yetkazildi. Vertolyotlar uchishga shay. Vertolyotni boshqarishda asosiy uchuvchi o‘ng, yordamchi uchuvchi esa chap tarafdan joy egallaydi. Ammo bugungi amaliy mashg‘ulotda kursantlar asosiy uchuvchi o‘rindig‘iga mahkam joylashgan. Parvoz zavqidan bebahra qolmaslik uchun biz ham orqa o‘rindiqqa joylashdik. Vertolyot kabinasiga kirishi bilanoq, yosh uchuvchilarning boshqaruv jarayonida zimmasiga katta mas’uliyat hissi yuklanishini his etasiz. Chunki ular vertolyotni havoda bir joyda ushlab turish, aylana bo‘ylab parvozlar, shuningdek baland tog‘ maydonlari hamda yo‘nalish bo‘ylab parvoz manyovrlarini amalga oshirishdan iborat. Shu kuni ayni mashg‘ulot sinovlarini nafaqat Harbiy aviatsiya instituti bitiruvchilari, balki 2- va 3-bosqich kursantlari ham topshirdi. Guvohi bo‘ldikki, harbiy uchuvchilarimiz amaliy uchish mashqlarini muvaffaqiyatli bajardi. Maqsad bitta – xavfsiz parvoz va mamlakat mudofaasi.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Harbiy aviatsiya instituti zamon talablariga to‘liq javob beradi. Malakali ustozlar ta’lim berishi uchun barcha vositalar bilan ta’minlangan. O‘quv laboratoriyalari, reallikka yaqinlashtirilgan parvoz hamda otish trenajyorlari, sport zali, kutubxona, oshxona, turli yo‘nalishlardagi to‘garaklar doim kursantlar bilan gavjum. E’tiborlisi, ularning nazariy bilimlarini chinakam aerodromda tatbiq etib, yanada mustahkamlash amaliyoti samarali yo‘lga qo‘yilgan. Mudofaa vazirligi harbiy aviatsiya bo‘linmalarida sohaning yetuk, malakali ustalari bo‘lajak mutaxassislarga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida o‘z tajribalarini o‘rgatadi.
– Bu yerda institut kursantlari mas’ul yo‘riqchilarga shogird sifatida biriktiriladi, – deydi Mudofaa vazirligi harbiy qismi uchuvchi-shturmani katta leytenant Jasurbek Samariddinov. – Ularga ikki hafta mobaynida parvoz vaqtida rioya etilishi zarur bo‘lgan barcha shartlar, nosozlik sodir bo‘lganda ekipaj harakati, xavfsiz qo‘ndirish qoidalari sinchiklab tushuntiriladi va trenajyorlarda maxsus tayyorlanadi. Ayni jarayonga men ham harbiy vertolyotda 700 marotabadan ziyodroq osmonga ko‘tarilgan va 160 soatdan ortiq parvoz vaqtiga ega uchuvchi sifatida hissa qo‘shayotganimdan xursandman. Bu yerda berilayotgan tavsiyalar institutdagi ustozlaridan olgan bilimlari bilan uyg‘un ravishda bo‘lajak hamkasblarimizning amaliy parvozlarida poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kursantlar amaliy parvozini a’lo darajada uddaladi. Yo‘riqchi uchuvchilar ham maslahatlari beiz ketmaganidan mamnun. Ikki kun mobaynida harbiy qism komandiri boshchiligidagi ahil jamoa bilan bamaslahat ishlaganimiz bois vaqtimiz mazmunli o‘tdi. Zotan, “Chirchiq” aerodromining ustidan o‘tgan har bir bulut, zamin yuzasiga tushgan har bir yomg‘ir tomchisi, tog‘lar ortidan ko‘tarilgan zarrin quyosh Vatan osmonining tinchligi uchun xizmat qilayotganlarning fidoyiligiga guvoh. Bu osoyishtalik ortida esa doimo yurt himoyasiga shay turgan kuch va tayyorgarlik mujassam.
Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
“Vatanparvar”