Chorshanba, Avgust 20, 2025
HomemaqolalarANDIJON FARZANDI – QO‘MONDON MAMADALI ALIYEV

ANDIJON FARZANDI – QO‘MONDON MAMADALI ALIYEV

Mamadali Aliyev 1907-yilda Andijon shahrida dunyoga kelgan. 1924–29-yillarda o‘zi unib-o‘sgan shahardagi choyxonalarda ishlab kun ko‘rgan. 1929-yildan boshlab Qizil armiya safiga harbiy xizmatga kiradi. Mamadali Aliyev jangovar harakatlardagi muvaffaqiyatlari uchun 1931-yilda “Qizil bayroq” ordeni bilan mukofotlangan. 1933-yilda Lenin nomidagi Toshkent harbiy bilim yurtini tugatib, leytenant harbiy unvoniga ega bo‘ladi. Mamadali Aliyev 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-o‘zbek otliq polki vzvod komandiri lavozimida bo‘lgan.

1937-yil 17-sentabr kuni 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-otliq polkida vzvod komandiri Mamadali Aliyev 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi bo‘linmalarida “aksilmillatchilik tashkiloti” tarkibiga kirganligi va bo‘linmalarni aksilmillatchilik faoliyatini amalga oshirganlikda ayblanib, Ichki ishlar Xalq Komissarligi (NKVD) maxsus bo‘lim xodimi tomonidan nohaq qamoqqa olinadi. Bu vaqtda uning oila a’zolari – turmush o‘rtog‘i Agrokolxoz instituti mashinisti Marhabo Aliyeva
(19 yosh) va Agrokolxoz instituti talabasi, singlisi Halimaxondan iborat bo‘lgan.

1937-yil 15-noyabr kuni Aliyevning tergov ishi maxsus bo‘lim xodimi tomonidan o‘rganilganda, ushbu ayblov bilan yangi shaxslar aniqlanganligi va prosessual kodeksda keltirilgan muddatda tugata ololmasligi tufayli SSSR MIQ oldida tergov muddatini ikki oyga, ya’ni 18-noyabrda tugashi lozim bo‘lgan vaqtdan 1938-yil 13-yanvarga qadar uzaytirilishi yuzasidan tavsiya bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng 1938-yil 15-yanvar kuni Markaziy harbiy okrug maxsus bo‘lim xodimi tomonidan tergov ishlari hujjatlari o‘rganilganda yuqorida qayd etilganidek, ayblov yuzasidan yangi shaxslar aniqlanganligi bois va ularni qo‘shimcha ravishda o‘rganishda vaqt talab etilgani uchun tergov ishi muddatini ikkinchi marotaba uzaytirilishi yuzasidan yuqori turuvchi organlarga murojaat etiladi va yana ikki oy muddatga uzaytiriladi.

Aliyevning tergov jarayoni yana bir bor, turli bahonalar, ya’ni “ayblov yuzasidan yangi shaxslar aniqlanganligi” tufayli uchinchi marotaba bir oyga – uchinchi aprelga qadar uzaytiriladi.

1938-YIL 13-YANVAR KUNI Mamadali Aliyev so‘roq qilinadi. So‘rovda unga 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi tarkibida mavjud bo‘lgan aksilmillatchilik tashkilotida qatnashgani, aksilmillatchilik ruhida shaxsiy tarkibni tarbiyalashda faol ishtirok etib kelganligi, aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lganligi va unda qanaqa faoliyat olib borganligi, Mirsharopov tomonidan aksilmillatchilik tashkilotiga rahbar etib tayinlanganligi, diviziya tarkibidagi boshqa millatlarga mansub bo‘lgan harbiy xizmatchilarning o‘rniga o‘zbek harbiy xizmatchilar bilan to‘ldirish bo‘yicha aksilmillatchilik hamda tashviqot-targ‘ibot ishlarini olib borganlikda, aksiltashkilot a’zolari bilan 1937-yilda uning uyida noqonuniy ravishda yig‘ilib, siyosiy ishlarni izdan chiqarishni amalga oshirishda ishtirok etganlikda va boshqa jiddiy ayblovlar bilan so‘roqqa tutiladi. Mamadali Aliyev esa barcha ayblovlar tuhmat va bo‘hton, yolg‘on ekanini qat’iy ta’kidlaydi va ayblovlarni rad etadi.

Mamadali Aliyevning “jinoiy ishi” yuzasidan olib borilgan tergov jarayonida bir qator shaxslardan, jumladan 1937-yili sentabr oyida J. Dehqonboyeva,
T. Ochilov, B. Qurbonov, X. Zokiryoyevdan yolg‘on ko‘rsatmalar olinadi. Ushbu jinoiy ish bo‘yicha so‘rov qilingan shaxslardan, mart oyida S. Yoqubov, sentabr oyida B.Yoqubov, Y. Narimonov, Sh. Bozorboyev, D. Shomirboyev, X. Shukurov, oktabr oyida B. Yoqubov, dekabr oyida T. Azizov, S. Yoqubov, X. Isomuddinov,
M. Abdurahimov, M. Mirsharopovning so‘roq qilingan bayonnoma ko‘chirmalaridan foydalanishadi.

1938-YIL 5-APREL KUNI Mamadali Aliyev tergov davomida Mirkomil Mirsharopov bilan yuzlashtiriladi. Shunda Mirkomil Mirsharopovga Aliyev bilan yuzlashtirishni tashkil etgan IIXK maxsus bo‘lim vakili “Aliyevni taniysanmi, u bilan shaxsiy adovati bo‘lganmi yoki yo‘qmi, Aliyev aksilinqilobiy va aksilmillatchilik tashkilotlarida a’zomi, kim tomonidan bu tashkilotlarga safarbar etilgani, Markaziy harbiy okrug razvedka bo‘limiga nimaga va kim tomonidan Aliyevning nomzodi berilgani, Aliyev xorijiy xizmat safariga borib vazifani to‘laligicha ado eta olmagani” kabi savollarni o‘rtaga tashlaydi. Mamadali Aliyev barcha savollarga rad javobni berib, barchasi tuhmat ekanini ta’kidlaydi.

1938-yili aprel oyida dastlabki tergov jarayoni tugatilganligi haqida Mamadali Aliyevga ma’lum qilinadi. 1938-yil 25-aprel kuni ayblov bo‘yicha yakuniy xulosa tasdiqlanib, unga ko‘ra Aliyev O‘zSSR JKning 52-, 2- va 67-moddalarida belgilangan “jinoyat ishlari” bilan aybli deb topilib, uning ishi Oliy sudning harbiy hay’atida ko‘rib chiqilishi uchun xulosa qilinadi.

1938-yil 23-may kuni Markaziy harbiy okrug prokurorining o‘rinbosari tomonidan maxsus bo‘lim taqdim etgan tergov ishlari o‘rganib chiqilib, chiqarilgan ayblov xulosasi bilan to‘liq kelishuvini bildiradi va jinoiy ishni ko‘rib chiqish uchun SSSR Oliy sudi harbiy hay’atiga yuborishga qaror qiladi.

Mazkur ayblov qarori SSSR Bosh prokurori yordamchisi tomonidan shu yilning 8-oktabr kuni tasdiqlanadi. Ayblov xulosasida “Aliyev o‘ziga qo‘yilgan ayblarning birortasini tan olmadi. “Diviziyadagi aksilinqilobiy va millatchi isyonchi tashkilot rahbarlari va ishtirokchilari” Mirsharopov, Narimonov, Abdurahimov, Yoqubov, Shukurov va Azizovlarning Aliyevga qarshi ko‘rsatgan “ko‘rsatmalari” Aliyevni bo‘linmadagi tashkilot a’zosi sifatida fosh etdi”, deb keltirilgan, shundan keyin u O‘zSSR JKning 57-2, 64- va 67-moddalarida keltirilgan jinoiy ishlar bilan aybli deb topiladi.

SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining 1938-yil 4-15-oktabr kunlaridagi sayyor majlisida Mamadali Aliyevga yuqorida keltirilgan “jinoiy ish” bo‘yicha ishni qabul qiladi. 1938-yil 9-oktabrda SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining sayyor majlisi kotibi tomonidan Aliyevga dastlabki ayblov qarori va hukm yetkaziladi.

1938-YIL 10-OKTABRDA bo‘lib o‘tgan SSSR Oliy sudi harbiy hay’ati sayyor yig‘ilishida Mamadali Aliyev ishi soat 14. 55 – 15. 15 gacha davom etadi. U o‘zini aybdor sanamasligini hamda o‘zi kabi qamoqqa olingan hamkasblari bergan ko‘rsatmalarini ham rad etishini sud hay’atiga ma’lum qiladi. Shuningdek, u antisovet, millatchilik tashkilotining a’zosi emasligini, u hech qachon burjua-millatchilik tuyg‘ulariga ega bo‘lmaganligi, antisovet yig‘ilishlarida qatnashmaganligini ta’kidlaydi. Sudda Aliyev oxirgi so‘zida “mening tergov ishim hujjatlarini astoydil qayta tekshiruvini o‘tkazish zarur”, deb murojaat qiladi. Ammo uning aytganlarini sud hay’ati inobatga olmasdan Mamadali Aliyevni O‘zSSR JKning 57-2, 64- va 67-moddalari bo‘yicha “aybdor” deb topadi va leytenant harbiy unvonidan mahrum etilib, mol-mulkini musodara qilish bilan otuv jazosiga hukm qilinadi, hukm shu kunning o‘zida ijro etiladi.

1956-yil 19-noyabrda Bosh harbiy prokuror yordamchisi Proshko tomonidan Aliyevning jinoiy ishi qo‘shimcha ravishda tekshiruv asosida RSFR PKning 373- va 377-moddasiga asosan Mamadali Aliyevga 1938-yil 10-oktabrda chiqarilgan hukm bekor qilinishi, jinoiy ish esa tugatilishi haqidagi tayyorlagan xulosani 23-noyabr kuni SSSR Bosh prokurorining o‘rinbosari tomonidan tasdiqlatib, “jinoiy ish”ni rad etish bo‘yicha xulosani SSSR Oliy sudi harbiy hay’atida ko‘rib chiqilishi yuzasidan tavsiya qiladi.

1957-yil 20-iyul kuni SSSR Oliy sudi harbiy hay’ati Mamadali Aliyevning ishini qayta ko‘rib chiqadi va Aliyevga nisbatan 1938-yil 10-oktabrda tasdiqlangan ayblarni bekor qilib, “jinoiy ish” tarkibining yo‘qligi tufayli tugatilganligi haqida qaror qabul qiladi.

1957-YIL 20-IYUL KUNI Aliyevning reabilitatsiya bo‘lganligi haqida uning yaqinlariga xabar berish uchun Turkiston DXK (KGB) maxsus bo‘limiga so‘rovnoma yuboriladi. So‘rovnomaga javoban Aliyevning yaqinlari haqida ma’lumot yo‘qligi tufayli reabilitatsiya va musodara qilingan mol-mulk haqidagi ma’lumotnomani yetkazishning imkoni yo‘qligi ma’lum qilinadi.

Shundan so‘ng 1967-yil 23-may kuni SSSR Oliy sudi harbiy hay’ati O‘zSSR ZAGSga murojaat qilib, Aliyevning o‘limi haqidagi ma’lumotni tasdiqlab, Toshkent shahri, Kirov rayoni (hozirgi Yunusobod), I liniya Kislovodskaya ko‘chasi, 18-uyda istiqomat qilib kelgan turmush o‘rtog‘i Marhabo Axmadjonovaga yetkazilishi so‘raladi. Ma’lumotnoma yuqorida qayd etilgan manzil bo‘yicha Aliyevning turmush o‘rtog‘iga yuboriladi.

 

Polkovnik Akmal ORTIQOV,
Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakulteti boshlig‘i, dotsent

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine