Seshanba, Avgust 19, 2025
HomeyangiliklarDADIL HARAKAT MAQSADGA ELTAR

DADIL HARAKAT MAQSADGA ELTAR

Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar vakillari jangovar ruh, jamoaviy jipslik, akrobatik usullarni namoyish etgan holda ko‘rgazmali qo‘ljangi musobaqasida ishtirok etdi.

Harbiy xizmatchilarning jismoniy imkoniyatlarini yuksaltirish, yurt himoyachilarini sportga keng jalb etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qo‘ljangi bo‘yicha ko‘rgazmali musobaqa muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi.

Nukus garnizonidagi harbiy qism bazasida bo‘lib o‘tgan musobaqaning Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni kubogi uchun turniri kuchli raqobat ostida kechdi.

Uch bosqichda o‘tkaziladigan ushbu musobaqa harbiy jamoalarning jipsligini ta’minlab, hamjihatlikda harakat qilish, jangovar ruhni yuksaltirish, qurol bilan murakkab qo‘ljangi elementlarini namoyish etish hamda ushbu sport turini ommalashtirish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

Maydonda birin-ketin bellashgan o‘ngga yaqin jamoa jamoaviy jipslikni, kuch, shijoat va mahoratni ko‘rgazmali tarzda namoyish eta oldi. Akrobatik usullarda namoyish etilgan ko‘rgazmalar, pichoq jangi va qurol bilan ko‘rsatib berilgan murakkab elementlar, dadil harakatlar hech kimni bee’tibor qoldirmadi. Ayniqsa, muddatli harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari hay’at a’zolari va kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bellashuv ikki yo‘nalishda, ya’ni 20 kishidan iborat jamoa hamda 2 nafardan iborat juftlik tarkibida olib borildi. Jamoaviy tarkibda ishtirokchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, maydonga kirib kelishi, kiyimi, aktyorlik mahorati, qanday yangilik kiritgani, akrobatik usullardan qay tarzda foydalangani hamda oyoq-qo‘l zarbalarining samarasi kabi mezonlar bo‘yicha baholandi.

Juftlik bahslarini baholashda ikki nafar harbiy xizmatchi qurolsiz va qurol bilan ko‘rgazmali chiqishi hamda qo‘ljangi usullarini namoyish etishi, jangga yangilik yoki o‘ziga xoslik kiritgani hamda akrobatik usullarni bajarishi kabi mezonlarga e’tibor qaratildi.

Jamoalarning mashqlarni sinxron tarzda, tez, aniq va to‘xtovsiz bajarganiga qarab, qo‘yilgan ballar yuqorilab bordi.

Yakuniy natijalar bo‘yicha Urganch garnizonidagi harbiy qism vakillari birinchi o‘rinni, Nukus garnizonidagi harbiy qismning ikki jamoasi ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan jamoalar kubok, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa endilikda Mudofaa vazirligi miqyosida bo‘lib o‘tadigan musobaqaning final bosqichida harbiy okrug sharafini himoya qilish uchun yo‘l oladi.

 

Podpolkovnik Timur NARZIYEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

matbuot xizmati boshlig‘i

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine